Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
QISHLOQ JOYLARDA NAMUNAVIY LOYIHALAR ASOSIDA XUSUSIY UY-JOY QURILISHINI KENGAYTIRISHGA OID QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 3-avgustdagi PQ-1167-sonli “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi koʻlamini kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq hamda qishloq aholi punktlarining bosh rejalari va arxitektura-rejalashtirish tashkilotlarining loyihalariga binoan tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha xususiy uy-joy qurilishi koʻlamini yanada kengaytirish maqsadida:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining:
qishloq joylarda xususiy uy-joy qurilishi uchun qishloq xoʻjaligi maqsadlariga va oʻrmon fondi toifasiga kirmaydigan yerlardan har bir imorat quruvchiga 0,06 ga hajmida yer uchastkalarini ajratish;
tasdiqlangan namunaviy loyihalar asosida xususiy uy-joy qurilishi dasturini 2011-2012-yillarda amalga oshirish maqsadida, yildan-yilga uning oʻsishini taʼminlashni koʻzda tutgan holda, respublikaning barcha hududlarida qishloq xoʻjaligi maqsadlariga va oʻrmon fondi toifasiga kirmaydigan qoʻshimcha yer uchastkalarini ajratish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, “Qishloq qurilish loyiha” MChJ loyihalashtirish institutiga bir oy muddatda namunaviy loyihalar asosida qurilgan xususiy uy-joylar va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini tanqidiy baholashni amalga oshirish va ularga imorat quruvchilar uchun qoʻshimcha qulayliklar, zarur shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlash hamda garajlar va hovli qurilmalari uchun joylar ajratilishini nazarda tutgan holda tegishli tuzatishlar kiritish vazifasi topshirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2010-yilning 1-oktabrigacha boʻlgan muddatda qishloq xoʻjaligi maqsadlariga va oʻrmon fondi toifasiga kirmaydigan yer uchastkalarining toʻliq inventarizatsiyasini oʻtkazsin, aniqlangan muhandislik-kommunal infratuzilmaga ulanishi mumkin boʻlgan boʻsh maydonlardan tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha kelgusida xususiy uy-joy qurish maqsadida foydalanishni nazarda tutsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi inventarizatsiya natijalari boʻyicha bir oy muddatda shaharlar va tumanlar bosh rejalarini ishlab chiqish jadvalini, shuningdek, arxitektura-rejalashtirish tashkilotlarining hududlarning 2011 — 2014-yillarga moʻljallangan loyihalarini tasdiqlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-2012-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini shakllantirishda quyidagi maqsadlar uchun zarur boʻlgan markazlashtirilgan manbalarni koʻzda tutsin:
2009-yilda qurila boshlangan 42 turarjoy massivida, shuningdek, 2010-yilda qurilayotgan 213 turarjoy massivida ijtimoiy infratuzilma obyektlarini kompleks tarzda barpo etish;
“Qishloq qurilish bank” OATB orqali tasdiqlangan namunaviy loyihalar asosida xususiy uy-joy qurilishini moʻljallangan hajmlarda qoʻshimcha moliyalash.
Shu munosabat bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari 2010-yil 15-iyulgacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligiga 2009-2010-yillarda barpo etilgan xususiy uy-joy massivlarida xalq taʼlimi va sogʻliqni saqlash sohalarining aniq obyektlarini qurish boʻyicha asoslangan takliflar kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, Moliya vazirligi va Markaziy bank manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar haqida takliflar kiritsin.
5. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 17-iyun,
PQ-1354-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 24-25-son, 193-modda)