Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 21.02.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi plenumining
QarorI
iqtisodiy sudlar tomonidan Davlat boji toʻgʻrisidagi Qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Sud amaliyotida ayrim muammolar vujudga kelayotganligi munosabati bilan va iqtisodiy sudlar tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
1. Iqtisodiy sudlarning eʼtibori davlat boji yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun olinadigan majburiy toʻlov ekanligiga qaratilsin.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Davlat boji Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi (bundan buyon matnda SK deb yuritiladi), Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) va davlat boji toʻgʻrisidagi boshqa qonun hujjatlariga asosan undiriladi.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
2. SK 328-moddasining 2-bandiga muvofiq iqtisodiy sudlar tomonidan davlat boji quyidagilardan undiriladi: daʼvo arizalaridan; tashkilotlarni va fuqarolarni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizalardan; nizo predmeti yuzasidan mustaqil talablarni bildirgan uchinchi shaxs sifatida ishga kirishish toʻgʻrisidagi arizalardan; yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi arizalardan; iqtisodiy sudning qarorlari, ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan berilgan, daʼvoni koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi, sud jarimalarini solish toʻgʻrisidagi ajrimlari ustidan berilgan apellatsiya va kassatsiya shikoyatlaridan; hakamlik sudining qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisidagi, hakamlik sudining qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizalardan; iqtisodiy sudning hakamlik sudi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisidagi, shuningdek hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi va ijro varaqasini berishni rad etish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha ajrimlari ustidan apellatsiya va kassatsiya shikoyatlaridan.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
IPK 311-moddasining beshinchi qismiga koʻra, nazorat shikoyatiga belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji hamda pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar ham ilova qilinishi kerak;
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Shuningdek, davlat boji daʼvo miqdorini koʻpaytirish, sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizalardan va iqtisodiy sudlar tomonidan hujjatlarning nusxalarini berganlik uchun ham undiriladi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
3. Oʻzlarining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari yoxud qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilishni soʻrab iqtisodiy sudlarga murojaat qilayotgan yuridik va jismoniy shaxslar (fuqarolar, chet ellik fuqarolar, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar) davlat bojini toʻlovchilardir, agar ular uni toʻlashdan ozod etilgan boʻlmasa.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
4. IPK 149-moddasi ikkinchi qismining 3-bandiga muvofiq, agar daʼvo baholanishi lozim boʻlsa, daʼvo arizasida daʼvoning bahosi koʻrsatilishi kerak. Daʼvo bahosining koʻrsatilishi davlat boji toʻgʻri toʻlanganligini tekshirish uchun zarur, chunki belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji toʻlanmaganda, iqtisodiy sud IPK 155-moddasi birinchi qismining 6-bandiga muvofiq daʼvo arizasini qaytaradi, davlat bojini toʻlashni kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash uchun ruxsat berish toʻgʻrisidagi iltimosnoma qanoatlantirilgan hollar bundan mustasno.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
4.1. Nazarda tutish kerakki, pul mablagʻlarini undirish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha daʼvoning bahosi talab qilinayotgan summadan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Mulk huquqini tan olish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha (masalan, mulkka egalik huquqi toʻgʻrisida, mulkdagi ulushga boʻlgan huquqni tan olish toʻgʻrisida, umumiy mulkdan ulushni ajratish toʻgʻrisida) davlat boji ushbu mulk yoki uning ulushi bahosidan kelib chiqqan holda toʻlanadi.
Shartnomalarni tuzishdan oldin kelib chiqqan nizolar boʻyicha, shartnomalarni oʻzgartirish va bekor qilish toʻgʻrisida, shartnomani (bitimni) haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida, shuningdek binoni boʻshatish toʻgʻrisida (koʻchirish toʻgʻrisida)gi daʼvolar baholanmaydi. Bunday daʼvolar boʻyicha davlat boji nomulkiy xususiyatdagi daʼvo arizalari uchun belgilangan miqdorlarda toʻlanadi.
(4.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2015-yil 19-iyundagi 284-sonli qarori tahririda)
4.2. Mol-mulkni talab qilib olish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha daʼvo bahosi mol-mulkning qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Biroq hisobga olish kerakki, daʼvo taqdim etilgan paytda talab qilib olinayotgan mol-mulkning bahosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, qoida tariqasida, taxminiy xaraktyerga ega, chunki daʼvogarda mol-mulkning haqiqiy bahosini aniqlash majburiyati yoʻq. Sudning talab qilinayotgan mol-mulk bahosining kamaytirilishi munosabati bilan arizachi tomonidan davlat boji kam miqdorda toʻlanganligi toʻgʻrisidagi taxmini, daʼvo arizasini qaytarish uchun asos boʻlmaydi. Iqtisodiy sud talab qilinayotgan mol-mulkning bahosi kamaytirilgan deb topgan hollarda va ishni koʻrish davomida mol-mulkning haqiqiy bahosini aniqlaganda, davlat bojining yetishmayotgan qismi ishni koʻrish natijalari boʻyicha undirilishi kerak.
(4.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
4.3. IPK 149-moddasining beshinchi qismiga koʻra, daʼvogar oʻzaro bogʻliq boʻlgan bir necha talabni bitta daʼvo arizasida birlashtirishga haqli. Bunday hollarda daʼvo bahosi barcha talablarning summasiga qarab aniqlanadi. SK 337-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq bir yoki bir nechta birlashgan daʼvo talablari alohida ish yuritish uchun ajratilgan taqdirda, daʼvo taqdim etilganda toʻlangan davlat boji qayta hisoblab chiqilmaydi va qaytarilmaydi. Alohida ish yuritishga ajratganlik yuzasidan davlat boji ikkinchi bor toʻlanmaydi.
(4.3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Ish IPKning 39-moddasiga asosan boshqa iqtisodiy sudga koʻrish uchun oʻtkazilganda, sud tomonidan avval toʻlangan davlat boji (pochta xarajatlari) inobatga olinishi kerak.
(4.3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
4.4. IPK 114-moddasining ikkinchi qismiga koʻra daʼvoning bahosiga daʼvo arizasida koʻrsatilgan neustoyka (jarima, penya) summalari ham kiritiladi. Sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, agar daʼvo arizasida Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 327-moddasiga asosan boshqa shaxslarning pul mablagʻlaridan foydalanganlik uchun foizlarni undirish toʻgʻrisidagi talablar mavjud boʻlsa, daʼvo bahosiga ushbu foizlar ham kiritiladi.
(4.4-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
4.5. Bir necha daʼvogarlar tomonidan bir necha javobgarlarga nisbatan IPK 44-moddasining birinchi qismi tartibida daʼvo taqdim etilganda, davlat boji daʼvoning umumiy summasidan kelib chiqqan holda hisoblanadi va daʼvogarlar tomonidan ular qoʻygan talablar ulushiga mutanosib tarzda toʻlanadi.
(4.5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
4.6. Agar apellatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyatlari berilganda sud hujjatining faqat undirish yoki undirishni rad etish qismi shikoyat qilinayotgan boʻlsa, davlat boji nizolashilayotgan summadan kelib chiqib hisoblanadi.
Sud hujjatining faqatgina davlat bojiga oid qismi shikoyat qilingan taqdirda, davlat boji toʻlanmaydi. Bunda sudlarning eʼtibori apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyatini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha nizolashilayotgan sud hujjatining davlat bojidan tashqari qismi oʻzgartirilgan yoki bekor qilinganda, davlat bojini undirish masalasi IPKda nazarda tutilgan umumiy tartibda hal qilinishiga qaratilsin.
(4.6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
4.7. IPKning 139-moddasiga koʻra sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza uchun sudga daʼvo bilan umumiy tartibda murojaat qilganda nizolashilayotgan summa asosida hisoblab chiqilgan stavkaning ellik foizi miqdorida davlat boji toʻlanadi.
(4.7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Sudlarga tushuntirilsinki, sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza boʻyicha toʻlanadigan (undiriladigan) davlat boji miqdori eng kam ish haqining 50 foizidan kam boʻlmasligi lozim, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilgan holda esa toʻlanadigan davlat bojining miqdori eng kam ish haqining 25 foizidan kam boʻlmasligi lozim.
(4.7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2015-yil 19-iyundagi 284-sonli qarori tahririda)
(4.7-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2013-yil 5-dekabrdagi 255-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
5. SK 337-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq sud dastlabki daʼvogarni uning roziligi bilan boshqa shaxs bilan almashtirganda, bu shaxs davlat bojini umumiy asoslarda toʻlashi kerak. Iqtisodiy sudlar nazarda tutishlari kerakki, ushbu holda dastlabki daʼvogar tomonidan toʻlangan davlat boji unga qaytarilmaydi.
(5.1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Daʼvo arizasi daʼvogar tomonidan davlat boji toʻlanmasdan taqdim etilganda va u huquqiy voris bilan almashtirilganda, davlat boji huquqiy vorisdan undiriladi.
Uchinchi shaxslarning ishga mustaqil daʼvo talablari bilan kirish toʻgʻrisidagi arizalardan davlat boji umumiy asoslarda undiriladi.
6. SK 336-moddasining birinchi qismiga koʻra davlat boji, agar SKning XVII boʻlimida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, iqtisodiy sudga murojaat qilingunga qadar toʻlanadi. Bunda daʼvogar daʼvo taqdim qilganda, javobgar qarshi daʼvo taqdim qilganda (IPKning 160-moddasi), daʼvo predmeti yuzasidan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs ariza taqdim qilganda davlat boji toʻlaydi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
7. Qonunda belgilangan hollarda va asoslarda iqtisodiy sud daʼvogarning arizasiga koʻra, uning mulkiy ahvoliga qarab, davlat bojini toʻlashni kechiktirishga yoki boʻlib-boʻlib toʻlash uchun ruxsat berishga haqli. Jumladan, SK 337-moddasining yigirma oltinchi qismiga koʻra, pul mablagʻlari mavjud boʻlmagan, bu xizmat koʻrsatuvchi bank tomonidan tasdiqlangan taqdirda, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarga sudning ajrimiga koʻra, davlat bojini kechiktirib toʻlashga ruxsat berilishi mumkin. Shuni nazarda tutish kerakki, iqtisodiy sud ushbu shaxslar apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyati bilan murojaat qilganda ham davlat bojini toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash uchun ruxsat berishga haqli.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
7.1. Davlat boji toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash uchun ruxsat berish manfaatdor tarafning yozma iltimosnomasi boʻyicha amalga oshiriladi. Iltimosnoma daʼvo arizasida (arizada), apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyatida yoxud alohida arizada bayon etilishi mumkin.
Daʼvo arizasi (ariza), apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyati bilan murojaat qilingunga qadar davlat boji toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma iqtisodiy sud tomonidan qabul qilinmaydi.
Iltimosnomada daʼvo arizasi (ariza), apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyatini berishda manfaatdor tarafning mulkiy ahvoli davlat bojini belgilangan tartibda toʻlash imkoniyatini bermasligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda davlat boji toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash asoslari keltirilishi lozim.
(7.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
7.2. Davlat boji toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma faqat obyektiv asoslar boʻlganda va taqdim etilgan hujjatlar davlat boji toʻlash uchun zarur boʻlgan miqdordagi pul mablagʻlari bank hisob raqamlarida mavjud emasligini tasdiqlagan hollarda qanoatlantirilishi mumkin. Bunday hujjatlar boʻlmaganida iltimosnomani qanoatlantirish rad qilinadi.
7.3. Iltimosnomani qanoatlantirish haqida daʼvo arizasi (ariza), apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyatini qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda, iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqida daʼvo arizasi (ariza), apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyatini qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrsatiladi. Ajrimda iltimosnomani qanoatlantirish yoxud uni qanoatlantirishni rad etish asoslari koʻrsatilishi kerak.
Iltimosnomani qanoatlantirish rad etilishi munosabati bilan daʼvo arizasi (ariza), apellatsiya yoki kassatsiya shikoyatini qaytarish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan umumiy asoslarda shikoyat qilinishi mumkin. Bunday shikoyatlar uchun davlat boji toʻlanmaydi.
(7.3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
7.4. Agar sud majlisi kuniga qadar davlat boji toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash uchun ruxsat berilgan boʻlib, taraf ushbu muddatda uning toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa, iqtisodiy sud tomonidan davlat bojini tegishli tarafdan undirish masalasi hal qiluv qarori, ajrim, qaror qabul qilinganda hal etiladi. Agar xoʻjalik sudi daʼvo talablarini (shikoyatni) qanoatlantirsa, davlat boji ikkinchi tarafdan bevosita budjet daromadiga undiriladi. Daʼvo talablarini (shikoyatni) qanoatlantirish rad etilganda davlat boji uni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash uchun ruxsat berilgan shaxsdan budjetga undiriladi.
(7.4-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
7.5. SK 337-moddasining yigirma yettinchi qismiga koʻra aksiyadorlar aksiyadorlik jamiyatining faoliyatidan kelib chiqadigan nizolar boʻyicha oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisidagi daʼvo bilan iqtisodiy sudga murojaat qilgan taqdirda aksiyadorlarga davlat bojini toʻlash muddati kechiktirilib, bu boj keyinchalik aybdor tarafdan undirib olinadi.
(7.5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
8. SK 336-moddasining birinchi qismiga koʻra davlat boji naqd pulli yoki naqd pulsiz shaklda toʻlanadi.
Davlat boji naqd pulsiz shaklda toʻlanganligi xizmat koʻrsatuvchi bankning belgisi boʻlgan toʻlov topshiriqnomalari hamda pul qabul qilinganligi va davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi kvitansiyalar (asli) daʼvo arizalari (arizalar), apellatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyatlariga ilova qilinadi hamda ish hujjatlariga qoʻshib qoʻyiladi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Shuni hisobga olish kerakki, mulkiy nizo boʻyicha iqtisodiy sudga daʼvo arizasi berilganda, agar daʼvo qiymati, shartnoma summasi chet el valyutasida belgilangan boʻlsa, davlat boji, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda chet el valyutasida undirilishi mumkin.
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
9. SKning 327-moddasiga muvofiq yuridik ahamiyatga molik harakatlar amalga oshirilishi va (yoki) hujjatlar berilishi xususida vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslarga murojaat qilayotgan yuridik va jismoniy shaxslar davlat bojini toʻlovchilardir. Shundan kelib chiqib, sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, davlat boji ishda ishtirok etmayotgan shaxs tomonidan toʻlanishi mumkin emas. Agar davlat boji daʼvogar (arizachi), apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyati beruvchi shaxs oʻrniga boshqa shaxs tomonidan toʻlangan boʻlsa (korxona uchun uning rahbari yoki taʼsischisi tomonidan davlat boji toʻlangan hollar bundan mustasno), davlat boji haqiqatda toʻlanmaganligidan kelib chiqqan holda, daʼvo arizasi (ariza), apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyati tegishincha IPK 155-moddasi birinchi qismining 6-bandi, 269-moddasi birinchi qismining 3-bandi, 292-moddasi birinchi qismining 4-bandi va 313-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan qaytarilishi lozim.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
10. Mulkiy xususiyatdagi daʼvo arizalari (arizalar) bilan murojaat qilinganda davlat boji miqdori undiriladigan summadan kelib chiqib aniqlanadi. Nomulkiy xususiyatdagi daʼvo arizalaridan (arizalardan), bankrotlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi arizalardan, shartnomani tuzish, oʻzgartirish yoki bekor qilishdan kelib chiqadigan nizo boʻyicha davlat boji eng kam oylik ish haqining miqdoridan kelib chiqqan holda toʻlanadi.
Bir vaqtning oʻzida mulkiy va nomulkiy xususiyatga ega boʻlgan daʼvo arizalari (arizalar) uchun mulkiy xususiyatdagi daʼvo arizalari uchun belgilangan stavkalar boʻyicha va nomulkiy xususiyatdagi daʼvo arizalari uchun belgilangan stavkalarga koʻra har bir talab boʻyicha alohida-alohida davlat boji toʻlanadi.
11. Nomulkiy xususiyatdagi daʼvo arizalaridan (arizalardan), bankrotlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza, shartnomani tuzish, oʻzgartirish yoki bekor qilishdan kelib chiqadigan nizo boʻyicha davlat boji uni berish kunida amalda boʻlgan eng kam oylik ish haqining miqdoridan kelib chiqqan holda toʻlanadi.
Ushbu toifadagi ishlar boʻyicha apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyatlari bilan murojaat qilinganda davlat boji daʼvo arizasi (ariza) berilgan kunda amalda boʻlgan eng kam oylik ish haqining miqdoridan kelib chiqqan holda toʻlanadi.
(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Iqtisodiy sud tomonidan sud hujjatlarining dublikatlarini va ishdan boshqa hujjatlarning nusxalarini berish uchun davlat boji uni toʻlash kunida amalda boʻlgan eng kam oylik ish haqining miqdoridan kelib chiqqan holda toʻlanadi.
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
12. Davlat bojining stavkalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
12.1. Daʼvo arizalari soʻmlarda berilganda davlat bojining toʻlovi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi “Davlat boji stavkalari haqida”gi 533-sonli qarori bilan tasdiqlangan davlat boji stavkalariga muvofiq amalga oshiriladi.
12.2. Chet el tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan chet ellik fuqarolar, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar daʼvo arizalarini (arizalar), apellatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyatlarini berganda, agar xalqaro shartnomalarda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, davlat bojini umumiy asoslarda toʻlaydi.
(12.2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlgan 1993-yil 24-dekabrda Ashxobod shahrida “Turli davlatlarning xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasidagi xoʻjalik nizolarini hal etishda davlat bojlari miqdori va uni undirib olish tartibi toʻgʻrisida”gi Bitimni imzolagan MDH davlatlar-ishtirokchilarining birini hududida joylashgan xoʻjalik yurituvchi subyekti boshqa davlatning sudiga daʼvo bilan murojaat qilganida, davlat boji ushbu Bitimda belgilangan tartibda va stavkalarda hisoblab chiqiladi hamda toʻlanadi.
12.3. Iqtisodiy sudlarga davlat bojini toʻlashdan ozod qilish yoki uning miqdorini kamaytirish huquqi berilmagan. Davlat bojini undirish masalalarini hal qilishda iqtisodiy sudlar SK va davlat boji toʻgʻrisidagi boshqa qonun hujjatlariga amal qilishlari zarur.
(12.3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
13. Davlat bojini qaytarish asoslari va tartibi SKning 342 moddasida va IPKning 115-moddasida nazarda tutilgan boʻlib, ularga koʻra davlat boji quyidagi hollarda toʻliq yoki qisman qaytarilishi kerak: qonun hujjatlarida talab qilinganidan ortiqcha miqdorda davlat boji toʻlanganida; arizani (shikoyatni) qabul qilish rad etilganda; ariza (shikoyat) daʼvogarga qaytarilganda; agar ish sudga taalluqli boʻlmasa, ishni yuritish tugatilganda; ishda qatnashgan shaxs vafot etganida, agar nizoli huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yoʻl qoʻymasa; daʼvogar nizoni sudga qadar hal etish (pretenziya bildirish) tartibiga rioya etmaganida, agar bu hol qonunda ushbu toifadagi nizolar uchun yoki taraflarning shartnomasida nazarda tutilgan hamda bunday hal etish imkoniyati boy berilgan boʻlsa; agar ishda qatnashayotgan yuridik shaxs tugatilgan boʻlsa; sud buyrugʻi chiqarish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilish rad etilganda.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
14. Shuni inobatga olish kerakki, umumiy qoida boʻyicha ishni koʻrish ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrim chiqarish bilan yakunlanganida davlat boji qaytarilmaydi, toʻlanmagan davlat boji esa daʼvogardan undiriladi, agar u davlat boji toʻlashdan ozod qilinmagan boʻlsa. Shu bilan birga, SK 342-moddasi birinchi qismining 4, 6, 7 va 9-bandlariga muvofiq davlat boji quyidagi hollarda qaytarilishi kerak:
ish sudga taalluqli boʻlmaganligi munosabati bilan ish yuritish tugatilganda;
ishda qatnashgan shaxs vafot etganida, agar nizoli huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yoʻl qoʻymasa;
daʼvogar nizoni sudga qadar hal etish (pretenziya bildirish) tartibiga rioya etmaganida, agar bu hol qonunda ushbu toifadagi nizolar uchun yoki taraflarning shartnomasida nazarda tutilgan hamda bunday hal etish imkoniyati boy berilganda;
ishda ishtirok etuvchi shaxs boʻlmish tashkilot tugatilgan hollarda.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
15. Iqtisodiy sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, ishni koʻrish daʼvoni (arizani) koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi ajrimni chiqarish bilan yakunlanganida davlat boji qaytarilmaydi, toʻlanmagan davlat boji esa daʼvogardan undiriladi, agar u davlat boji toʻlashdan ozod qilinmagan boʻlsa.
Dastlabki daʼvo (ariza) koʻrmasdan qoldirilgandan keyin daʼvo arizasi (ariza) bilan iqtisodiy sudga qaytadan murojaat qilinganda davlat boji umumiy asoslarda yangidan toʻlanadi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
16. Apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyatlari qaytarilganda hamda ularni qabul qilish rad etilganda toʻlangan davlat boji qaytariladi. Apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyatidan voz kechilgan va shikoyatdan voz kechish sud tomonidan qabul qilingan holda, tegishli sud instansiyasi shikoyat boʻyicha ish yuritishni tugatadi va toʻlangan davlat boji qaytarilmaydi, toʻlanmagan davlat boji esa shikoyat bergan shaxsdan undiriladi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
17. Daʼvo bahosi kamaytirilganda toʻlangan davlat boji qaytarilmaydi.
Neustoyka miqdori iqtisodiy sud tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga asosan kamaytirilganda, daʼvogarning davlat boji boʻyicha xarajatlari, neustoykani kamaytirmasdan undirilishi lozim boʻlgan summadan kelib chiqqan holda javobgar tomonidan qoplanadi, agar daʼvogar davlat bojini toʻlashdan ozod etilgan boʻlsa, davlat boji javobgardan (agar u davlat bojini toʻlashdan ozod etilmagan boʻlsa) davlat daromadiga undiriladi.
(17-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
18. SK 337-moddasining toʻqqizinchi qismiga koʻra, daʼvo summasi koʻpaytirilgan taqdirda, davlat bojining yetishmayotgan summasi daʼvoning koʻpaytirilgan summasiga muvofiq undiriladi. Shu bois, daʼvo summasini koʻpaytirish toʻgʻrisidagi arizaga belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi. Ushbu qoida davlat boji toʻlashdan ozod qilingan davlat organi hamda boshqa tashkilotlar tomonidan manfaatida taqdim etilgan daʼvogar tomonidan daʼvo talabining miqdori koʻpaytirilganda ham qoʻllaniladi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
19. Sudning hal qiluv qarori, ajrimi va qarorida davlat bojini toʻliq yoki qisman qaytarish uchun asos boʻlgan holatlar koʻrsatiladi.
20. IPK 115-moddasining uchinchi qismiga koʻra, davlat boji toʻlangan, lekin iqtisodiy sudga kelib tushmagan yoki u qaytargan yoxud qabul qilish rad etilgan arizalar, apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyatlari boʻyicha hamda bojini toʻliq yoki qisman qaytarishni nazarda tutuvchi sud hujjatlari boʻyicha uni qaytarish sud tomonidan berilgan maʼlumotnoma asosida amalga oshiriladi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
21. XPK 95-moddasining birinchi qismiga koʻra davlat boji ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda yuklanadi.
21.1. Agar hal qiluv qarori daʼvogar foydasiga qabul qilingan boʻlsa, u holda toʻlangan davlat boji unga javobgardan undiriladi. Agar hal qiluv qarori javobgar foydasiga qabul qilingan boʻlsa, u holda toʻlangan davlat boji daʼvogarga qaytarilmaydi.
Daʼvo qisman qanoatlantirilganda davlat boji boʻyicha sud xarajatlari xoʻjalik sudi tomonidan daʼvogarga qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda hamda javobgarga daʼvogarga daʼvo talablari rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undiriladi.
21.2. Davlat bojini toʻlashdan ozod etilgan bitta yoki bir nechta daʼvogarlarning bir nechta javobgarlarga taqdim etilgan daʼvo (toʻliq yoki qisman) qanoatlantirilganda, iqtisodiy sudning hal qiluv qarori boʻyicha undirilgan summadan kelib chiqqan holda davlat bojini undirish har bir javobgardan alohida amalga oshiriladi. Agar bunday daʼvo bir nechta daʼvogarlar tomonidan bitta javobgarga taqdim etilgan boʻlsa, davlat boji umumiy undirilgan summaga qarab javobgardan undiriladi.
(21.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
21.3. XPK 95-moddasining uchinchi qismida agar ish ishda ishtirok etuvchi shaxs tomonidan shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibini buzish (talabnomani javobsiz qoldirish, talab qilingan hujjatlarni joʻnatmaslik) oqibatida kelib chiqqan boʻlsa, xoʻjalik sudi ishning natijasidan qatʼi nazar, davlat boji boʻyicha sud xarajatlarini shu shaxsga yuklashga haqliligi nazarda tutilgan.
Oldingi tahrirga qarang.
(21.3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2015-yil 19-iyundagi 284-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
21.4. Iqtisodiy sudga murojaat etilgandan keyin javobgar tomonidan daʼvogarning talabi ixtiyoriy qanoatlantirilganda, davlat boji javobgarga yuklanadi.
(21.4-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
22. XPK 138-moddasining toʻqqizinchi qismiga muvofiq hal qiluv qarorining xulosa qismida ishda ishtirok etuvchi shaxslar oʻrtasida davlat boji boʻyicha sud xarajatlarining qanday taqsimlanishi haqida koʻrsatiladi. Ushbu qoida ishni koʻrish ish yuritishni tugatish va daʼvoni koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi ajrimni chiqarish bilan yakunlangan hollarga ham tatbiq etiladi.
Ishni apellatsiya, kassatsiya instansiyalari sudlarida yoki nazorat tartibida koʻrishda sud hujjatlari oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan holda, iqtisodiy sud qarorda ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan oldindan toʻlangan davlat boji boʻyicha xarajatlarni hisobga olib qayta taqsimlash masalasini koʻrib chiqishi lozim.
(22-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Sud hujjati bekor qilingan va ish yangidan koʻrish uchun sud hujjati bekor qilingan xoʻjalik sudi instansiyasiga yuborilganda, davlat boji boʻyicha sud xarajatlarini taqsimlash masalasi ishni yangidan koʻrayotgan iqtisodiy sud tomonidan toʻlangan davlat boji va daʼvo talablarining qanoatlantirilgan miqdori hisobga olingan holda hal etiladi.
(22-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
23. Daʼvogar davlat bojini toʻlashdan belgilangan tartibda ozod etilgan boʻlib, javobgar davlat boji toʻlashdan ozod etilmagan boʻlsa, davlat boji javobgardan budjet foydasiga qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi. Agar ikkala taraf ozod etilgan boʻlsa, unda davlat boji undirilmaydi.
24. Agar ishda ishtirok etuvchi shaxslar kelishuv bitimi tuzgan boʻlib, unda qonun hujjatlariga xilof boʻlmagan yoki boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmaydigan davlat boji boʻyicha sud xarajatlarini taqsimlash haqidagi shart mavjud boʻlsa, iqtisodiy sud davlat bojini ushbu kelishuvga muvofiq taqsimlaydi.
(24-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Agar kelishuv bitimida davlat boji boʻyicha sud xarajatlarini taqsimlash haqidagi shart boʻlmasa, iqtisodiy sud ushbu masalani IPKda belgilangan umumiy tartibda kelishuv bitimini tasdiqlash paytida hal qiladi.
(24-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Sudlar shuni inobatga olishi lozimki, kelishuv bitimini tasdiqlashda davlat boji daʼvo arizasida koʻrsatilgan talablardan kelib chiqib hisoblanadi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 17-iyundagi 299-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
25. Daʼvo arizasi (ariza) berilganda iqtisodiy sudlarda davlat bojini toʻlashdan davlat organlari, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek SKning 330-moddasida nazarda tutilgan boshqa tashkilotlar ozod qilinadilar.
Shuni nazarda tutish kerakki, davlat boji toʻlashdan ozod etilgan davlat organlari iqtisodiy sudlarga sud hujjatlari ustidan apellatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyatlari bilan murojaat qilganda ham ular davlat boji toʻlashdan ozod qilinadilar. Ushbu qoida ular sud protsessida javobgarlar sifatida ishtirok etgan hollarga ham tatbiq etiladi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
26. Davlat bojini toʻlashdan ozod qilish asoslari SKning 330-moddasi va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilangan. Bunda shuni nazarda tutish kerakki, davlat bojini toʻlashdan ozod qilish deganda toʻliq ozod qilish yoxud iqtisodiy sudga daʼvo arizasi (ariza) berganda davlat bojini toʻlashdan ozod qilish tushuniladi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tadbirkorlik faoliyati doirasida sudga murojaat qilishda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalari 2-bandining “a” — “g” va “e” kichik bandlarida belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji toʻlaydi. Bunda kichik biznes subyektlarining maqomi daʼvo arizasiga ilova qilinadigan iqtisodiy sudga murojaat qilingan sanadan koʻpi bilan oʻttiz kun oldingi sana qayd etilgan statistika organining yoki davlat soliq xizmati organining maʼlumotnomasi bilan tasdiqlanishi lozim, yakka tartibdagi tadbirkorlar bundan mustasno.
Agar iqtisodiy sudga murojaat qilishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti tomonidan belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji toʻlangan boʻlib, daʼvo talablari qanoatlantirilganda ishni koʻrish natijasi boʻyicha javobgardan undiriladigan davlat bojining miqdori daʼvogar tomonidan toʻlab chiqilgan summa bilan chegaralanadi. Daʼvo rad etilgan taqdirda, davlat boji daʼvogardan qoʻshimcha ravishda undirilmaydi.
Agar iqtisodiy sud murojaat qilishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektiga davlat boji toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash huquqi berilgan boʻlsa, davlat boji ishni koʻrish natijasi boʻyicha tegishli tarafdan belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida IPK 118-moddasining birinchi qismida belgilangan tartibda undiriladi.
Ushbu ishlar boʻyicha apellatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyatlari uchun birinchi instansiya sudiga toʻlangan (undirilgan) davlat bojining 50 foizi miqdorida boj toʻlanadi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(26.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(26.3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(26.5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
26.6. SK 330-moddasining 32-bandiga koʻra, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi aksiyadorlik jamiyatlari ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha iqtisodiy sudlarida davlat bojidan ozod qilinadi.
(26.6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Sudlarga tushuntirilsinki, bunday daʼvoni qanoatlantirish rad etilganda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi aksiyadorlik jamiyatidan davlat boji undirilmaydi, daʼvo qanoatlantirilganda esa SK 337-moddasining oʻninchi qismiga muvofiq davlat boji javobgardan (agar u davlat bojini toʻlashdan ozod etilmagan boʻlsa) davlat daromadiga undiriladi.
(26.6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 23-dekabrdagi 307-sonli qaroriga asosan kirtilgan)
27. “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 13-moddasining birinchi qismiga va SK 330-moddasining 6-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari davlat boji toʻlamasdan sudga Palata aʼzolari manfaatlarini koʻzlab daʼvo taqdim etish, shuningdek davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish huquqiga ega, bunda ushbu huquqlar u tomonidan tashkil etilgan korxona va tashkilotlarga oʻtkazilishi mumkin emas.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2011-yil 1-dekabrdagi 235-sonli qarori tahririda)
28. SK 330-moddasining 21-bandiga koʻra iqtisodiy sudlarda daʼvogarlar va javobgarlar sifatida qatnashayotgan davlat soliq xizmati organlari, moliya hamda bojxona organlari davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan. Ammo, shuni nazarda tutish kerakki, davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan javobgarga berilgan daʼvo talablari qanoatlantirilganda, daʼvogarga davlat boji boʻyicha qilingan xarajatlari qoplanadi. Shu munosabat bilan iqtisodiy sud javobgar — davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan davlat organidan davlat bojini toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarni daʼvogar foydasiga undirish boʻyicha choralarni koʻradi.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
29. Davlat boji toʻlashdan ozod qilingan davlat organlari hamda boshqa shaxslar tomonidan yuridik shaxslar va fuqarolarning manfaatlarini koʻzlab taqdim etilgan daʼvo talablarini qanoatlantirish rad etilgan yoki ular qisman qanoatlantirilgan taqdirda, agar ushbu shaxs davlat boji toʻlovidan ozod etilmagan boʻlsa, davlat boji manfaatlari koʻzlanib daʼvo taqdim etilgan shaxslardan daʼvo talablarining qanoatlantirish rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undiriladi.
(29-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan davlat organi va boshqa organ tomonidan berilgan daʼvoni qanoatlantirish rad etilganda davlat boji undirilmaydi. Daʼvo arizasini (ariza) berishda tegishli qonun hujjati bilan davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan davlat organi va boshqa organ tomonidan berilgan daʼvoni qanoatlantirish rad etilganda esa davlat boji daʼvogardan undiriladi.
Davlat bojidan ozod qilingan daʼvogarning daʼvo talablarini qanoatlantirish toʻgʻrisidagi sudning hal qiluv qarori javobgarning (belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji toʻlanganda) apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyati boʻyicha bekor qilinib, daʼvo asossizligi sababli rad etilgan taqdirda, javobgar tomonidan toʻlangan sud xarajatlari daʼvogardan javobgar foydasiga undiriladi.
(29-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Toshkent sh.,
2008-yil 18-aprel,
180-son