|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 02.04.2003
|
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
2002-YILNING 1-AVGUSTIDAN BOSHLAB ISH HAQI, PENSIYALAR, STIPENDIYALAR VA IJTIMOIY NAFAQALAR MIQDORINI OSHIRISH TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 2-apreldagi PF-3231-sonli “2003-yilning 1 mayidan boshlab ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublika aholisining turmush darajasini yanada oshirish va fuqarolarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish maqsadida:
1. 2002-yilning 1-avgustidan boshlab budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, barcha turdagi pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar, oliy o‘quv yurtlari talabalarining, o‘rta maxsus, kasb-hunar bilim yurtlari o‘quvchilarining stipendiyalari 1,15 baravar oshirilsin.
2. 2002-yilning 1-avgustidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida eng kam:
ish haqi — oyiga 4535 so‘m;
yoshga doir pensiyalar — oyiga 8970 so‘m;
yagona tarif setkasi bo‘yicha boshlang‘ich (nulinchi) razryad — oyiga 4535 so‘m;
bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 8970 so‘m;
zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi hamda mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 5435 so‘m miqdorida belgilansin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, ish haqiga qo‘shiladigan ustama va qo‘shimcha haqlarning barcha turlari, shuningdek pensiyalar, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan onalarga, bolalik oilalarga beriladigan nafaqalar hamda eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan boshqa to‘lovlar 2002-yil 1-avgustidan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, budjetdan moliyalanadigan tashkilot va muassasalar bilan birgalikda mazkur Farmon qoidalaridan kelib chiqqan holda pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar hamda budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining mansab maoshlari miqdorini o‘z vaqtida qayta hisoblab chiqishni ta’minlasinlar.
5. Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqa va stipendiyalarning oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar respublika Davlat budjeti va budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hisobidan amalga oshirilsin.
6. Xo‘jalik hisobidagi korxona va tashkilotlar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda mehnat sarfini kamaytirish hisobidan belgilangan tartibda 2002-yil 1-avgustidan boshlab ish haqi miqdorini mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoriga muvofiq oshirsinlar.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 26-martdagi PF-3045-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
8. Ushbu Farmon matbuotda e’lon qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 1-iyul,
PF-3101-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 6-7-son, 117-modda)