|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.07.2022
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISINING XIV SESSIYASI MATERIALLARINI TAʼLIM MUASSASALARINING OʻQUV DASTURLARIGA KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
XXI asrning dastlabki yillarida Oʻzbekistonning maʼnaviy rivojlanishi, davlat va jamiyat qurilishi, siyosiy va iqtisodiy sohasidagi strategiyasi va asosiy ustuvor yoʻnalishlarini mamlakatimiz oʻquvchi yoshlari tomonidan chuqur oʻrganilishini taʼminlash, ularda yuksak fuqarolik masʼuliyatini shakllantirish va mustahkamlash, oʻz bilimlarini chuqurlashtirishga hamda tanlangan kasbi boʻyicha yuqori malaka orttirishga ongli intilishni tarbiyalash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir hafta muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis XIV sessiyasidagi maʼruzasi asosida “Oʻzbekiston XXI asrga intilmoqda” maxsus oʻquv kursini taʼlim muassasalarining barcha turlari uchun ishlab chiqsin va tasdiqlasinlar.
“Oʻzbekiston XXI asrga intilmoqda” kursini ishlab chiqishda quyidagi ustuvor yoʻnalishlarning jamiyatning rivoji uchun progressiv ahamiyatini atroflicha ifodalashga alohida eʼtibor berilsin:
mamlakat siyosiy, iqtisodiy hayotini, davlat va jamiyat qurilishini yanada erkinlashtirish;
jamiyat maʼnaviyatini yanada yuksaltirish;
kadrlar tayyorlash;
xalq turmush darajasining izchil va barqaror oʻsishi, aholini yanada kuchli ijtimoiy himoya qilish;
iqtisodiyotda strukturaviy oʻzgarishlar;
jamiyatdagi barqarorlik, tinchlik, millatlar va fuqarolararo totuvlikni, sarhadlarimiz daxlsizligini, mamlakatimiz hududiy yaxlitligini taʼminlash.
Kursning hajmi va mazmuni hamda qoʻshimcha adabiyotlar roʻyxati taʼlim muassasalarining turlari va taʼlim oluvchilarning yoshiga xos psixologik xususiyatlariga muvofiq boʻlishi taʼminlansin.
2. Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi taʼlim muassasalariga ega boʻlgan boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda:
ikki hafta muddat ichida “Oʻzbekiston XXI asrga intilmoqda” kursi boʻyicha dars beruvchi professor-oʻqituvchilar tarkibini tayyorlasinlar;
1999-yil 1-maydan maktablarning yuqori sinflarida, oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalarining barcha kurslarida “Oʻzbekiston XXI asrga intilmoqda” kursini oʻrganishga kirishilsin;
kurs mazmunining sifatli oʻzlashtirilishini taʼminlash maqsadida uning yakuni boʻyicha, joriy oʻquv yilining oxirida, oʻquvchi va talabalar orasida kollokvium oʻtkazsinlar;
uzluksiz taʼlim tizimining ijtimoiy-gumanitar yoʻnalishlaridagi davlat taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari, darsliklar va oʻquv-metodik qoʻllanmalarni tayyorlash jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis XIV sessiyasidagi maʼruzasida bayon etilgan asosiy tamoyillar mohiyatini aks ettirsinlar.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S.Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 20-aprel,
184-son