|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.07.2022
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TARIXIY ShAXSLAR NOMIDAGI VA BOShQA MUKOFOTLARNI TA’SIS ETIShNI TARTIBGA SOLISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Keyingi yillarda ulug‘ ajdodlarimizning tarixiy merosini o‘rganish, buyuk allomalar nomini abadiylashtirish borasida ko‘pgina ishlar amalga oshirildi. Xususan, xalqimizning shonu shavkatini jahonga tanitgan va milliy g‘ururimiz timsoli bo‘lgan Abu Rayxon Beruniy, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Abdulla Qodiriy, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotlari ta’sis etilib, respublika fani, madaniyati, san’ati va adabiyotiga salmoqli hissa qo‘shayotgan ijodkorlar mazkur mukofotlar bilan taqdirlanib kelmoqda.
Biroq so‘nggi vaqtlarda hokimliklar, ayrim idora va tashkilotlar tomonidan bu ezgu maqsadning ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy-ma’rifiy mohiyatini yetarli darajada anglab yetmasdan, chuqur o‘ylamasdan, mas’uliyatsizlik bilan tarixiy shaxslar nomida va boshqa turli mukofotlar ta’sis etish hollari ro‘y bermoqda. Ulug‘ ajdodlarimizning mo‘tabar nomlarini, ularning tarixiy va milliy ahamiyatini muayyan bir hudud doirasida cheklashdek noxush ko‘rinishlarga yo‘l qo‘yilmoqda. Ba’zi bir o‘rinsiz tashabbuskorlik asosida amaldagi qonunlarga nomuvofiq tarzda joylarda qabul qilinayotgan bu boradagi qarorlar mukofotlarning rag‘batlantiruvchi mohiyatining buzilishiga, maydalashib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu kabi holatlarni hisobga olib, tarixiy shaxslar nomidagi va boshqa mukofotlar ta’sis etishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Hokimlik, idora va tashkilotlarning tarixiy shaxslar nomidagi va boshqa mukofotlarni ta’sis etish bo‘yicha faoliyati qaytadan ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi Qonuniga hamda amaldagi qonunchilik hujjatlariga moslashtirilsin.
2. Hokimlik, idora va tashkilotlar tomonidan tarixiy shaxslar nomidagi va boshqa mukofotlarni ta’sis etishga oid masalalarni Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy majmua bilan kelishilgan holda hal qilish tartibi joriy etilsin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari H. Karomatov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 14-mart,
94-son