O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Misr Arab Respublikasi Hukumati o‘rtasida
Bitim
MADANIY HAMKORLIK TO‘G‘RISIDA
2003-yil 6-noyabr, Qohira
(2006-yil 10-fevraldan kuchga kirgan)
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Misr Arab Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish va mustahkamlash zaruriyatini e’tirof etib,
ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar va keng hamkorlikning muhimligini anglab,
ikkala davlat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik do‘stona aloqalar va o‘zaro hamjihatlikni rag‘batlantirishi va chuqurlashtirishiga ishongan holda,
quyidagilar to‘g‘risida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar, o‘zaro tenglik va hamjihatlik asosida o‘z mamlakatlarining tegishli qonuniy hujjatlari va xalqaro huquq qoidalariga rioya qilgan holda, ikkala mamlakatning tegishli muassasalari o‘rtasida madaniyat sohasida almashuv va hamkorlikni rag‘batlantiradilar va qo‘llab-quvvatlaydilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar o‘z mamlakatlari madaniy hayoti, shuningdek ikkala mamlakatda uyushtiriladigan xalqaro tadbirlar bo‘yicha axborot almashadilar va mazkur tadbirlarda o‘z vakillarining ishtirokini rag‘batlantiradilar.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala mamlakatning milliy kutubxonalari va muzeylari o‘rtasidagi hamkorlikni, shuningdek o‘zlarining umumiy manfaatlari doirasida nashrlar va mutaxassislar almashuvini rag‘batlantiradilar.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar arxeologiya, madaniy merosni muhofaza qilish va saqlash, o‘rganish va tiklash sohalaridagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydilar hamda tegishli sohalarda nashrlar va mutaxassislar almashuvini rag‘batlantiradilar.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar opera va balet, musiqa va teatr sohalarida hamkorlikning rivojlanishini rag‘batlantiradilar, shuningdek artistlar, artistlar guruhlari, ijrochilar o‘rtasidagi o‘zaro almashuvni qo‘llab-quvvatlaydilar.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar hamkorlikning boshqa qirralarini kitoblar, madaniyat va san’at sohalariga oid davriy va boshqa nashrlar bilan almashish yo‘li orqali rivojlantiradilar, hamda tegishli mamlakat hududida uning qonunchiligiga muvofiq o‘tkaziladigan xalqaro kitob yarmarkalarida o‘zaro ishtirok etishni rag‘batlantiradilar.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar tasviriy va amaliy-bezak san’ati, shuningdek an’anaviy va folklor san’ati ko‘rgazmalarini o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqadilar.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar kinematografiya sohasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydilar hamda ikkala mamlakatda bo‘lib o‘tadigan film festivallarida filmlar va delegatsiyalar almashuviga ko‘maklashadilar.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar madaniyat sohasidagi hamkorlikni YUNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda rivojlantiradilar.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimni bajarish bo‘yicha ishchi dasturlar ishlab chiqilishi va madaniy ayirboshlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar Ahdlashuvchi Tomonlarning o‘zaro maslahatlashuvlari orqali belgilanishi yuzasidan kelishib oldilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimga muvofiq Ahdlashuvchi Tomonlarning mutasaddi tashkilotlari har bir mamlakatdagi o‘z sheriklari bilan tegishli sohalarda alohida dasturlar va shartnomalar ishlab chiqish huquqiga ega ekanliklari haqida kelishib oldilar.
11-modda
Mazkur Bitimning alohida moddalarini talqin qilish yoki amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha kelishmovchiliklar Ahdlashuvchi Tomonlar o‘rtasida muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal etiladi.
12-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimga o‘zaro kelishuv asosida mazkur Bitimning ajralmas qismi bo‘lgan alohida bayonnomalar shaklida rasmiylashtiriladigan zarur qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishlari mumkin.
13-modda
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar o‘rtasida tuzilgan boshqa xalqaro bitimlardan kelib chiqadigan Ahdlashuvchi Tomonlarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
14-modda
Ushbu Bitimning maqsadlari uchun mutasaddi idoralar quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan — O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi;
Misr Arab Respublikasi tomonidan — Misr Arab Respublikasi Madaniyat va ta’lim vazirligi.
15-modda
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlardan biri uning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan barcha ichki protseduralar bajarilganligi to‘g‘risida so‘nggi yozma xabarnomani olgandan keyin kuchga kiradi va 5 yil muddatga tuziladi, so‘ng Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonni Bitimning amal qilishini to‘xtatish sanasidan olti oy ilgari yozma xabardor etmasa, keyingi besh yillik muddatlarga o‘z-o‘zidan uzaytiriladi.
Mazkur moddaga muvofiq ushbu Bitimning amal qilishi to‘xtatilgan holda, ushbu Bitim asosida imzolangan barcha dastur va loyihalar to‘liq bajarilmaguniga qadar amal qiladi.
Qohira shahrida 2003-yil 6-noyabrda ikki asl nusxada o‘zbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha nusxalar bir xil kuchga ega.
Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matn asosiy hisoblanadi.
(imzolar)
(O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari to‘plami, 2006-y., 1-2-son)