Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
TIJORAT BANKLARIDA AHOLI OMONATLARI ShARTLARINI LIBERALLAShTIRISh HAMDA KAFOLATLARINI TAʼMINLAShGA DOIR QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Aholining bank tizimiga ishonchini mustahkamlash, naqd pul mablagʻlarining bankdan tashqari aylanmasini qisqartirish, mamlakat iqtisodiyotini jadal rivojlantirish va aholining turmush darajasini oshirish uchun investitsiya resurslarining gʻoyat muhim manbai sifatida aholining erkin pul mablagʻlarini tijorat banklari omonatlariga jalb etishni yanada ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2008-yil 1-aprel — 2009-yil 1-aprel oraligʻidagi davrda banklar Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari — jismoniy shaxslardan depozit hisobvaraqlarga, jumladan, taqdim etuvchining depozitlariga naqd pul shaklida qoʻyilgan yoki oʻzlarining xorijiy banklardagi shaxsiy hisobvaraqlaridan oʻtkazilgan milliy va xorijiy valyutadagi pul mablagʻlarini omonatlarning miqdorini cheklamagan va ularning kelib chiqish manbalarini tasdiqlaydigan hujjatlarni talab etmagan holda qabul qilishga majburdirlar.
2. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari — jismoniy shaxslar tomonidan banklardagi depozit hisobvaraqlarga qoʻyiladigan mablagʻlar manbalari deklaratsiya qilinmaydi;
2008-yil 1-aprel — 2009-yil 1-aprel oraligʻidagi davrda jismoniy shaxslar tomonidan banklardagi depozit hisobvaraqlarga qoʻyiladigan pul mablagʻlari soliqlardan va boshqa majburiy toʻlovlardan ozod etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 12-oktabrdagi PF-4148-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
4. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, qonun hujjatlariga muvofiq:
pul qoʻyuvchi jismoniy shaxslar banklardagi depozit hisobvaraqlariga qoʻyilgan pul mablagʻlarini oʻzlarining xohishlariga koʻra va cheklovlarsiz tasarruf etishlari mumkin;
banklar jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari va pul qoʻyilmalari borasida, shuningdek, ular boʻyicha amalga oshiriladigan operatsiyalar xususida bank siri saqlanishini kafolatlashlari shart;
bank siri hisoblangan maʼlumotlarni noqonuniy oshkor etgani yoki uchinchi shaxslarga bergani uchun aybdor boʻlgan mansabdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka, hatto jinoiy javobgarlikka ham tortiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1793-moddasi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mahalliy hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qilish, soliq va boshqa nazorat organlari, banklar, mansabdor shaxslar tomonidan bank siri toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga soʻzsiz rioya etilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 20-fevral,
PF-3968-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 8-9-son, 35-modda)