Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
VETERINARIYA TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-397-sonli Qonuniga muvofiq yangi tahrirda qabul qilingan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Veterinariya
Veterinariya — hayvonlarni kasalliklardan muhofaza qilish hamda ularni davolash, ishlab chiqarish va aholining yuqori sifatli chorvachilik mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish, odamlarning hayvonga ham, insonga ham xos kasalliklarga chalinishining oldini olish, shuningdek atrof muhitni muhofaza qilishning veterinariya-sanitariya muammolarini hal etishga doir davlat, jamoat, xoʻjalik va maxsus veterinariya tadbirlari majmuidan iboratdir.
2-modda. Veterinariyaning asosiy vazifalari
Quyidagilar veterinariyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
hayvonlarni (chorva mollar, parrandalar, moʻynali va boshqa hayvonlarni, baliqlar, asalarilar, hayvonot bogʻlaridagi, tajribaxonalar va boshqa shu kabilardagi jonivorlarni) kasalliklardan himoya qilish;
aholini odam va hayvonlar uchun umumiy boʻlgan kasalliklardan muhofaza qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududini boshqa davlatlar hududidan hayvonlarning yuqumli kasalliklari olib kirilishidan muhofaza qilish;
yagona davlat veterinariya nazoratini amalga oshirish;
atrof muhitni himoya qilishning veterinariya-sanitariya muammolarini hal etish;
veterinariya xodimlari tayyorlash va ularni malakasini oshirish;
Fan va texnika yutuqlarini veterinariya amaliyotiga tatbiq etish.
3-modda. Veterinariya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Veterinariya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonundan hamda unga muvofiq chiqariladigan boshqa qonun hujjatlaridan iborat boʻladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida veterinariya ishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
4-modda. Veterinariyaning tuzilishi
Oʻzbekiston Respublikasida davlat veterinariyasi, idoraviy va xususiy veterinariyalar amal qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat veterinariya xizmatini Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi, viloyatlar va Toshkent shahrining davlat veterinariya boshqarmalari, tumanlar, viloyat va tuman boʻysunuvidagi shaharlarning davlat veterinariya boʻlimlari, ularning qaramogʻidagi hayvonlar kasalliklariga qarshi kurash stansiyalari (tuman veterinariya stansiyalari), diagnostika markazlari, veterinariya shifoxonalari, laboratoriyalari, ekspeditsiyalari, hayvonlar kasalliklariga qarshi kurash otryadlari, bozorlardagi veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyalari va davlat veterinariya tarmogʻining boshqa tashkilot va muassasalari amalga oshiradilar.
(4-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
Joylardagi davlat va idoraviy veterinariya boʻlinmalarining tuzilishi va miqdori chorvachilikning rivojlanish xususiyatlarini, qushxona va chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarining joylashtirilishini hisobga olgan holda shakllantiriladi hamda bosh davlat veterinariya nozirlari bilan kelishilgan holda mahalliy hokimiyat organlari tomonidan belgilanadi.
Davlat va idoraviy veterinariya xizmati muassasalari qoshida qonunlarga muvofiq shartnoma asosida veterinariya xizmati koʻrsatadigan qoʻshma korxonalar, kooperativlar va boshqa xoʻjalik hisobidagi birlashmalar tuzilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasida hayvonlarning egalariga veterinariya xizmatlari koʻrsatish qoidalari (roʻyxat raqami 358, 17.08.1997-y.)ga qarang.
5-modda. Veterinariya xizmatini boshqarish
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi veterinariya xizmatiga rahbarlikni Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi amalga oshiradi. Davlat veterinariya bosh boshqarmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tayinlaydigan boshliq boshchilik qiladi.
(5-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
Davlat veterinariya bosh boshqarmasi xalqaro veterinariya tashkilotlarida Oʻzbekiston Respublikasi nomidan vakillik qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Viloyatlarda va Toshkent shahrida veterinariya xizmatiga rahbarlikni tegishincha viloyatlar va Toshkent shahrining davlat veterinariya boshqarmalari amalga oshiradilar. Viloyatlar va Toshkent shahrining davlat veterinariya boshqarmalariga tegishli viloyat va Toshkent shahri hokimlari bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tayinlaydigan boshliq boshchilik qiladi.
(5-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
Tuman va shaharlarda veterinariya xizmatiga rahbarlikni tuman va shahar davlat veterinariya boʻlimlari amalga oshiradilar. Tuman va shaharlardagi veterinariya boʻlimlariga tegishli tuman va shahar hokimlari bilan kelishilgan holda viloyat davlat veterinariya boshqarmalari tayinlaydigan boshliq boshchilik qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat chegarasida va transportda veterinariya xizmatiga rahbarlikni davlat chegarasi va transportdagi davlat veterinariya nazorati boshqarmasi amalga oshiradi. Davlat chegarasi va transportdagi davlat veterinariya nazorati boshqarmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tayinlaydigan boshliq boshchilik qiladi.
(5-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
Viloyatlar, shaharlar va tumanlardagi veterinariya xizmatini boshqarish davlat idoralari vakolatlari doirasida tegishli hokimlarga va yuqori idoralarga boʻysunadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
(5-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
II. VETERINARIYA XIZMATI
6-modda. Davlat veterinariya xizmatining vazifalari
Davlat veterinariya xizmati idoralari oʻz vakolatlari doirasida idoraviy mansubligi hamda mulk shaklidan qatʼi nazar, barcha korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning ishi ustidan, shuningdek ayrim shaxslarning faoliyati ustidan veterinariya-sanitariya nazoratini amalga oshiradilar.
Davlat veterinariya xizmati:
epizootik vaziyatni baholaydi va oʻziga berilgan vakolatlar doirasida hayvonlarning egalariga yuqumli kasalliklarning oldini olish va ularni yoʻqotish tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan bajarilishi majburiy koʻrsatmalar beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududini chetdan hayvonlarning yuqumli kasalliklari kirib kelishidan qoʻriqlash, mollar, hayvonotga mansub mahsulotlar va xomashyo, em-xashak, ozuqabop qoʻshimchalar va chorvachilikda qoʻllaniladigan boshqa vositalarni tayyorlash, tashish, xorijga chiqarish va xorijdan keltirish ustidan nazoratni amalga oshiradi;
kasalliklarning kelib chiqishi va hayvonlarning nobud boʻlishining sabablarini tahlil qiladi, bunday hollarning oldini olish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqadi, hayvonlarni davolash ishini tashkil etadi;
hayvonlarning kasalliklarini aniqlash, shuningdek em-xashak va ichimlik suv sifatini baholash maqsadida laboratoriya-klinik hamda boshqa tadqiqotlar oʻtkazadi;
hayvonlarning yuqumli, invazion kasalliklarining oldini olish va bartaraf etish tadbirlarini amalga oshiradi;
sogʻliqni saqlash organlari va boshqa xizmatlar bilan birgalikda odamlar va hayvonlar uchun xavfli boʻlgan yuqumli kasalliklarning manbaiga barham beradi, shuningdek oʻzaro axborotlar ayirboshlaydi;
veterinariya-sanitariya jihatdan yuqori sifatli chorva mahsulotlari va xomashyosi ishlab chiqarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
barcha chorvachilik obyektlari, qushxonalar, goʻsht-sut va boshqa chorva mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalar, bozorlar va xomashyo omborlarining veterinariya-sanitariya holatini nazorat qiladi, bu obyektlarning qurilishi va qayta qurilishini, shuningdek yer qazish ishlarini veterinariya ekspertizasidan oʻtkazadi;
Oʻzbekiston Respublikasining, boshqa davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslaridan yuqumli kasalliklar yoyilib ketishining oldi olinishi va bartaraf etilishini taʼminlash tadbirlari oʻtkazilishini, shuningdek hayvonlarning epizootik holatini aniqlash uchun zarur boʻlgan axborotni taqdim etishni talab qiladi;
yuqumli kasallik aniqlanganda yoki hayvonlarning oʻta xavfli kasalligi mavjudligi haqida shubha paydo boʻlganida yuridik va jismoniy shaxslarga mollarni soʻyish yoki yoʻq qilib tashlash, chorvachilik mahsulotlari va hayvonotga mansub xomashyoni zararsizlantirish, ularni ishlovdan oʻtkazish yoki ulardan foydalanishga doir bajarilishi majburiy talablarni belgilab qoʻyadi;
davlat, idoraviy va xususiy veterinariya mutaxassislarining faoliyatini nazorat etadi va muvofiqlashtiradi;
veterinariya sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtiradi.
7-modda. Davlat veterinariya inspektorlari
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh davlat veterinariya inspektori hisoblanadi, uning oʻrinbosarlari — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat veterinariya inspektorining oʻrinbosarlari, viloyatlar va Toshkent shahrining davlat veterinariya boshqarmalari boshliqlari viloyatlar va Toshkent shahrining Bosh davlat veterinariya inspektorlari, ularning oʻrinbosarlari esa tegishincha viloyatlar va Toshkent shahri Bosh davlat veterinariya inspektorlarining oʻrinbosarlari hisoblanadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining davlat chegarasi va transportdagi davlat veterinariya nazorati boshqarmasi boshligʻi davlat chegarasi va transportdagi Bosh davlat veterinariya inspektori hisoblanadi, uning oʻrinbosarlari esa davlat chegarasi va transportdagi Bosh davlat veterinariya inspektorining oʻrinbosarlari hisoblanadilar.
(7-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
Shaharlar va tumanlar davlat veterinariya xizmatlarining boshliqlari tegishli shahar va tumanning davlat veterinariya inspektori hisoblanadilar.
Chegara va transportdagi veterinariya punktlarining (uchastkalarining) boshliqlari tegishli chegara uchastkasi va transportdagi davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining veterinariya mutaxassislari oʻz vakolatlari doirasida davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadilar.
(7-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh davlat veterinariya inspektori, viloyatlar, Toshkent shahri, davlat chegarasi va transportdagi bosh davlat veterinariya inspektorlari, ularning oʻrinbosarlari va davlat veterinariya inspektorlari oʻz vakolatlari doirasida ushbu Qonunga muvofiq yagona davlat veterinariya nazoratini amalga oshiradilar.
8-modda. Davlat veterinariya inspektorlarining vakolatlari
Bosh davlat veterinariya inspektorlari, ularning oʻrinbosarlari hamda davlat veterinariya inspektorlari oʻz vakolatlari doirasida:
Oldingi tahrirga qarang.
vazirliklar, idoralar, fermer va dehqon xoʻjaliklari, boshqa korxonalar, tashkilotlar va muassasalarga, shuningdek alohida shaxslarga zarur veterinariya-sanitariya tadbirlar va epizootik kasalliklarga qarshi tadbirlar oʻtkazish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy koʻrsatmalar beradilar;
(8-moddaning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-240-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT 2009-y., 52-son, 555-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi veterinariya bosh boshqarmasi belgilaydigan roʻyxatdagi oʻta xavfli yuqumli kasalliklarga chalingan hayvonlar aniqlangan taqdirda bu hayvonlarni soʻyish yoki yoʻq qilib tashlash toʻgʻrisida, shuningdek isteʼmolga yaroqsiz deb topilgan hayvonotga mansub mahsulotlar va xomashyoni yoʻq qilib tashlash, ishlovdan oʻtkazish yoki oʻzga tarzda foydalanish toʻgʻrisida barcha korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va alohida shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradilar;
veterinariya nazorati ostidagi obyektlarga kecha-kunduzning istalgan paytida bemalol, moneʼliksiz kiradilar va veterinariya qonunlarining buzilganligi hollarini bartaraf etish xususida hamma uchun majburiy koʻrsatmalar beradilar;
Oldingi tahrirga qarang.
(8-moddaning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi OʻRQ-352-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2013-y., 18-son, 233-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(8-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi OʻRQ-352-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2013-y., 18-son, 233-modda)
holati veterinariya-sanitariya jihatidan qoniqarsiz yoki mollar sogʻligʻiga, shuningdek mahsulotlar sifatiga zararli taʼsir koʻrsatish xavfi boʻlgan temir yoʻl vagonlari, kemalar, samolyotlar va boshqa transport vositalaridan foydalanishni taqiqlaydilar;
chorvachilik obyektlari, goʻsht va sut sanoati korxonalaridan, hayvonotga mansub mahsulotlar va xomashyoni qayta ishlaydigan hamda saqlaydigan korxonalarning hayvonlarning yuqumli kasalliklari jihatidan nobopligi yoki veterinariya-sanitariya holati qoniqarsizligi aniqlanganda ulardan foydalanishni taqiqlaydilar;
hayvonlar gigiyenasi normalari va veterinariya-sanitariya qoidalarining aniqlangan buzilishlari bartaraf etilgunga qadar chorvachilik fermalarida, hayvonotga mansub mahsulotlar va xomashyoni ishlovdan oʻtkazish hamda saqlash korxonalarida ishlab chiqarish binolari va inshootlari qurilishini, qayta qurilishini, yangi qurilgan, tiklangan va qayta qurilgan obyektlarning foydalanishga topshirilishini toʻxtatib qoʻyadilar;
ushbu Qonunni, hayvonlar karantini qoidalarini, boshqa veterinariya-sanitariya talablarini buzganlik uchun mansabdor va oʻzga shaxslarga belgilangan tartibga muvofiq maʼmuriy jazo beradilar;
hayvonlarning egalari, hayvonotga mansub mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va sotish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar, shuningdek fuqarolar va veterinariya mutaxassislari ushbu Qonun, qonun asosida chiqarilgan hujjatlar va veterinariyaning boshqa talablarini bajarishlari ustidan nazoratni amalga oshiradilar;
chegara joylarda, qoʻshni davlatlarda yuzaga kelgan epizootik vaziyat toʻgʻrisida tegishli tashkilotlar va idoralarni xabardor qiladilar, zarur tavsiyalar beradilar;
veterinariya dori-darmonlari, biologik, kimyoviy va boshqa dorilar ishlab chiqarilishini hamda ulardan chorvachilik va veterinariyada foydalanilishini nazorat qiladilar, ularning hayvonlar sogʻligʻi va hayvonotga mansub mahsulotlarning sifatiga taʼsirini baholaydilar.
9-modda. Davlat veterinariya xizmatini moddiy va moliyaviy taʼminlash
Davlat veterinariya xizmati:
respublika va mahalliy budjet mablagʻlari;
davlatning mollarni sugʻurta qilish mablagʻlaridan ajratmalar;
pulli xizmatlar koʻrsatganlik uchun veterinariya korxonalari, muassasalari va tashkilotlari oladigan mablagʻlar hisobiga taʼminlanadi.
Ushbu Qonun talablarini buzganlik uchun undiriladigan maʼmuriy jarima pullari viloyatlar va Toshkent shahrining epizootik fondlariga tushadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining taqdimiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab qoʻyiladigan hayvonlar yuqumli kasalliklarining oldini olish va bartaraf etish tadbirlari budjet hisobidan amalga oshiriladi.
(9-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
10-modda. Idoraviy veterinariya xizmati
Idoraviy veterinariya xizmati vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning tasarrufida boʻladi.
Idoraviy veterinariya xizmatlarining veterinariya mutaxassislari oʻz vakolatlari doirasida davlat veterinariya idoralarining uslubiy rahbarligi va nazorati ostida hayvonlarga idoraviy veterinariya nazoratini va veterinariya xizmati koʻrsatishni amalga oshiradilar.
11-modda. Idoraviy veterinariya xizmati veterinariya mutaxassislarining huquqlari
Idoraviy veterinariya xizmatining veterinariya mutaxassislari:
idoraga qarashli veterinariya nazorati ostidagi obyektlarga kecha-kunduzning istalgan paytida bemalol, moneʼliksiz kirish va veterinariya toʻgʻrisidagi qonunlarning aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish haqida bajarilishi majburiy koʻrsatmalar berish;
yuridik va jismoniy shaxslardan epizootik kasalliklarning oldini olishni va ular bartaraf etilishini taʼminlaydigan tadbirlar oʻtkazishni, shuningdek idoraga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda hayvonlarning epizootik holatini aniqlash uchun zarur maʼlumotlarni taqdim etishni talab qilish huquqiga egadirlar.
12-modda. Idoraviy veterinariya xizmat veterinariya mutaxassislarining vazifalari
Idoraviy veterinariya xizmatining veterinariya mutaxassislari:
veterinariya toʻgʻrisidagi qonunlarning bajarilishi ustidan oʻz vakolatlari doirasida idoraviy veterinariya nazoratini amalga oshirishlari;
xizmat koʻrsatilayotgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda epizootik kasalliklarga qarshi tadbirlar, davolash va veterinariya-sanitariya tadbirlari oʻtkazishlari;
hayvonlarda yuqumli kasalliklar borligi xususida shubha paydo boʻlganida bu haqda davlat veterinariya xizmati idoralariga zudlik bilan xabar qilish va kasalliklarning tarqalib ketishiga yoʻl qoʻymaslik uchun barcha zarur choralarni koʻrishlari;
epizootik kasalliklarga qarshi tadbirlar, veterinariya-sanitariya va davolash-profilaktika tadbirlari oʻtkazish hamda veterinariya toʻgʻrisidagi qonunlar buzilishida aybdor boʻlgan mansabdor hamda boshqa shaxslarni javobgarlikka tortish yuzasidan mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlariga, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga takliflar kiritishlari;
amalga oshirilgan ishlar haqida davlat veterinariya xizmati oldida belgilangan tartibda hisob berib borishlari shart.
13-modda. Idoraviy veterinariya xizmatini taʼminlash
Idoraviy veterinariya xizmati tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, xoʻjaliklar hisobidan taʼminlanadi.
14-modda. Xususiy veterinariya faoliyati
Xususiy veterinariya faoliyati bilan veterinariya vrachi boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, boshqa davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar shugʻullanishga haqlidirlar. Veterinariya feldsherlari va texniklari veterinariya vrachi nazorati ostida xususiy ish bilan shugʻullanadilar.
Xususiy veterinariya faoliyati bilan shugʻullanayotgan veterinariya mutaxassislari belgilangan tartibda berilgan tegishli ruxsatnomalar (litsenziyalar)ga ega boʻlishlari shart.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 3-noyabrdagi 479-son qarori bilan tasdiqlangan “Veterinariya faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Nizomga qarang.
15-modda. Xususiy veterinariya faoliyati bilan shugʻullanuvchi mutaxassislarning huquqlari
Xususiy veterinariya faoliyati bilan shugʻullanuvchi veterinariya mutaxassislari:
hayvonlarning karantin yoki qonunlarda belgilangan cheklashlar qoʻllanadigan kasalliklarga chalinishi hollarini istisno etganda kasallikni aniqlab tashxis qoʻyish va davolash bilan shugʻullanishga;
hayvonlarni kasallanishdan saqlash maqsadida emlash tadbirlari oʻtkazishga, shuningdek hayvonlarning egalariga maslahat berishga;
hayvonlar sogʻligʻiga doir veterinariya hujjatlari berishga;
mollar va boshqa hayvonlarning yuqumli kasalliklarga chalinishi xavfi paydo boʻlganida hayvonlarni, hayvonotga mansub mahsulotlar va xomashyoni, shuningdek em-xashakni obyektga chetdan olib kirish va obyektdan chetga olib chiqishni taqiqlab qoʻyishga haqlidirlar.
16-modda. Xususiy veterinariya faoliyati bilan shugʻullanuvchi mutaxassislarning vazifalari
Xususiy veterinariya faoliyati bilan shugʻullanuvchi veterinariya mutaxassislari:
hayvonlarda yuqumli kasalliklar borligi xususida shubha paydo boʻlganida bu haqda mahalliy davlat veterinariya xizmatiga zudlik bilan xabar qilishlari va kasalliklarning tarqalib ketishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrishlari;
kasalliklar keng tarqalib ketganida davlat veterinariya xizmati koʻrsatmalariga muvofiq ravishda veterinariya tadbirlarini amalga oshirishlari;
amalga oshirayotgan ishlari haqida davlat veterinariya xizmati oldida belgilangan tartibda hisob berib borishlari shart.
III. HAYVON VA ChORVAChILIK MAHSULOTLARI EGALARINING HUQUQ HAMDA VAZIFALARI
17-modda. Hayvon va chorvachilik mahsulotlari egalarining huquqlari
Hayvon va chorvachilik mahsulotlari egalari:
veterinariya xizmati koʻrsatilishi uchun davlat, idoraviy va xususiy veterinariya xizmatlari bilan shartnomalar tuzish;
veterinariya xizmatidan hayvonlarning kasallikka chalinish darajasi, epizootik vaziyat va hayvonlar hamda chorvachilik mahsulotlarini maxsus tadqiq etish natijalari haqida axborotlar olish;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi belgilagan tartibda hayvonlar va chorvachilik mahsulotlari, em-xashak, veterinariya dori-darmonlari sotib olish va sotish, shu jumladan xorijdan sotib olish va xorijga sotish;
(17-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
mahalliy hokimiyat organlari, davlat, idoraviy veterinariya xizmatlari hamda xususiy veterinariya faoliyati bilan shugʻullanayotgan mutaxassislarning gʻayriqonuniy xatti-harakatlari va koʻrsatmalari ustidan shikoyat qilish huquqiga egadirlar.
18-modda. Hayvon va chorvachilik mahsulotlari egalarining vazifalari
Hayvon va chorvachilik mahsulotlarining egalari:
ushbu Qonun va veterinariya toʻgʻrisidagi boshqa qonun hujjatlarining talablariga rioya etishlari;
oʻz mablagʻlari hisobiga hayvonlar yuqumli kasalliklarga chalinishining oldini olishga qaratilgan tashkiliy-xoʻjalik va veterinariya tadbirlarini amalga oshirishlari, budjetdan moliyaviy taʼminlanadigan tadbirlar bundan mustasno;
kasal hayvonni davolatishlari, zarur boʻlganda veterinariya mutaxassisining koʻrsatmasiga binoan soʻyish yoki yoʻq qilib tashlanishini taʼminlashlari;
isteʼmolchilar sogʻligʻi uchun xavfli boʻlgan moddalar yoki yuqumli kasallik qoʻzgʻatuvchi mikroblar bilan ifloslangan yoxud zararlangan chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarilishi va sotilishini istisno etuvchi xayvonlar gigiyenasi normalarini bajarishlari va veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya etishlari;
hayvon sotib olinganligi va ularning toʻsatdan harom oʻlishi yoki gʻayriodatiy xatti-harakati hollari toʻgʻrisida muayyan hududga xizmat koʻrsatuvchi tegishli veterinariya xizmatiga zudlik bilan xabar qilishlari;
veterinariya xizmatining hayvonlarni yuqumli kasalliklardan muhofaza etish yuzasidan bergan taqdimnomalarini bajarishlari hamda karantinga doir tegishli tadbirlar va boshqa veterinariya tadbirlari oʻtkazilishini taʼminlashlari, shuningdek davolash-profilaktika ishlovlarini toʻliq hajmda oʻtkazishlari;
chorvachilik fermalarini, hayvonlar hamda chorvachilik mahsulotlari saqlanadigan binolar va boshqa inshootlarni, shuningdek yaylovlar, suv havzalari, mol haydab oʻtiladigan yoʻllar, temir yoʻl bekatlari, koʻrgazmalar, yarmarkalar, bozorlar, soʻyish punktlari, maydonchalar, goʻsht kombinatlari, separator boʻlimlari, sut punktlari va zavodlarini lozim boʻlgan veterinariya-sanitariya holatida saqlashlari, ularda dezinfeksiyalash, dezinseksiyalash va deratizatsiyalash ishlarini oʻz vaqtida oʻtkazishlari, shuningdek oʻlgan hayvonlar jasadini yigʻishtirib olishlari va yoʻq qilib tashlashlari;
hayvonlar hamda chorvachilik mahsulotlari va xomashyosi savdo-sotigʻini faqat davlat veterinariya xizmatining ruxsati bilan maxsus ajratilgan joylarda veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya etgan holda amalga oshirishlari;
veterinariya mutaxassislarining talabiga binoan hayvonlarni koʻrikdan, diagnostik tekshiruvdan, ehtiyoti shart yoʻsinida emlashdan va davolash-profilaktika ishlovlaridan oʻtkazish uchun topshirilishini taʼminlashlari, veterinariya xodimlariga koʻrsatilgan veterinariya xizmatlari evaziga haq toʻlagan holda veterinariya tadbirlarini oʻtkazish uchun zarur shart-sharoit yaratib berishlari;
yuqumli kasalliklarning paydo boʻlishi yoki chorva mahsulotlarining yaroqsizligi hayvon egalarining aybi bilan paydo boʻlganligi sud tomonidan isbotlangan hollarda sogʻlomlashtirish tadbirlariga ketgan xarajatlarni davlat veterinariya xizmatiga toʻlashlari;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlanmagan biopreparatlar, dori-darmonlar, ozuqabop qoʻshimchalar, mikroelementlar, biologik kuchaytirgichlar va gormonlarni chorvachilikda qoʻllamasliklari;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan belgilangan veterinariya-sanitariya talablariga hamda hayvonlar, hayvonotga mansub mahsulotlar va xomashyo hamda em-xashakni chet eldan sotib olish va chet elga chiqarish talablariga rioya etishlari shart.
 LexUZ sharhi
Davlat veterinariya nazorati ostidagi yuklarni eksporti, importi hamda tranzitida veterinariya hujjatlarini rasmiylashtirish va ularni tashish qoidalari (roʻyxat raqami 1302, 22.01.2004-y.)ga qarang.
(18-moddaning oʻn ikkinchi va oʻn uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
IV. HAYVONLARNING YuQUMLI KASALLIKLARI TARQALGANIDA KARANTIN BELGILASh VA UNI BEKOR QILISh TARTIBI
19-modda. Hayvonlarning yuqumli kasalliklari tarqalganida karantin yoki cheklashlar
Hayvonlarning yuqumli kasalliklari tarqalgani aniqlangan hollarda tuman (shahar) davlat veterinariya inspektorining taqdimnomasiga binoan mahalliy hokimiyat organlarining qarorlari bilan ayrim podalar, otarlar, uyurlar, qoʻralar, fermalar, xoʻjaliklar, korxonalar, temir yoʻl bekatlari, aeroportlar, daryo portlari, qishloq va qoʻrgʻonlarning hududlari hayvonlarning yuqumli kasalliklari tarqalganligi jihatidan yomon ahvolda deb eʼlon qilinadi hamda ularda karantin yoki zarur cheklashlar oʻrnatiladi.
Tumanlarni, shaharlarni, viloyatlarni hayvonlarning yuqumli kasalliklari tarqalganligi jihatidan yomon ahvolda deb eʼlon qilish hamda ularda karantin yoki boshqa cheklashlar oʻrnatish tegishli bosh davlat inspektorlarining taqdimnomasiga binoan viloyatlar va Toshkent shahri hokimiyatining vakillik organlari yoki viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining qarorlari bilan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat veterinariya inspektorining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshiriladi.
Hayvonlarni yuqumli kasalliklar bilan ogʻrishi batamom toʻxtaganidan keyin karantin yoki cheklashlar oʻrnatilgan hududda zarur veterinariya-sanitariya tadbirlari amalga oshirilgandan (kasalliklarga qarshi kurash qoʻllanmalarida koʻrsatilgan muddat oʻtganidan) soʻng tegishli bosh davlat veterinariya inspektorlarining taqdimnomasiga binoan karantin yoki cheklashlar oʻrnatgan tuman, shahar, viloyat va Toshkent shahri hokimiyatining vakillik organlari yoki hokimlarning qarorlari bilan yohud Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat veterinariya inspektorining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan karantin yoki cheklashlar bekor qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tarqalishi oqibatida karantin yoki cheklashlar belgilanadigan hayvonlarning yuqumli kasalliklari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadi.
(19-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
20-modda. Epizootik kasalliklarga qarshi favqulodda komissiyalar
Hayvonlar yalpi kasallanishi hamda nobud boʻlishining oldini olish va bartaraf etish yuzasidan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va ayrim shaxslar faoliyatiga kundalik rahbarlik qilish hamda bu boradagi ishni muvofiqlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, viloyat, shahar va tuman hokimiyatining vakillik organlari yoki hokimlar tomonidan oʻzining tasdiqlangan Nizomiga muvofiq ish olib boruvchi epizootik kasalliklarga qarshi favqulodda komissiyalar tuziladi.
V. YAKUNIY QOIDALAR
21-modda. Veterinariya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Veterinariya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq intizomiy, moddiy, maʼmuriy va jinoiy javobgar boʻladilar.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 109-moddasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 200-moddasiga qarang.
22-modda. Veterinariya xodimlarining davlat sugʻurtasi
Davlat veterinariya idoralarining xodimlari budjet hisobiga davlat tomonidan majburiy sugʻurta qilinishlari lozim.
23-modda. Xalqaro shartnomalar
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida ushbu Qonundagidan oʻzgacha qoidalar belgilab qoʻyilgan boʻlsa, u holda xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 3-sentabr,
935-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 335-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 6-son, 118-modda; 1997-y., 4-5-son, 126-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami 2009-y., 52-son, 555-modda; 2013-y., 18-son, 233-modda)