Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING FUQAROLIK, UY-JOY KODEKSLARIGA OʻZGARTISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh HAMDA “DAVLAT UY-JOY SIYOSATINING ASOSLARI TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINI OʻZ KUChINI YOʻQOTGAN DEB TOPISh HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan
2006-yil 19-mayda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 30-noyabrda maʼqullangan
2006-yil 19-mayda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 30-noyabrda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan 163-I-sonli va 1996-yil 29-avgustda qabul qilingan 256-I-sonli qonunlari bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 2-songa ilova, № 11-12; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 9, 229-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 182-modda; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 154-modda) quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
1) 211-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“211-modda. Koʻp kvartirali uydagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlarining umumiy mol-mulki
Koʻp kvartirali uydagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlariga shu uyning umumiy joylarini, tayanch va toʻsiq konstruksiyalar, kvartiralar oraligʻidagi ihotalangan (oʻralma) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari va boshqa shaxtalar, dahlizlar, texnik qavatlar, yertoʻlalar, cherdaklar va tomlar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylar tashqarisida yoki ichida joylashgan va bittadan ortiq joyga xizmat koʻrsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskunalar va qurilmalarni oʻz ichiga olgan umumiy mol-mulk ulushli mulk huquqi asosida tegishli boʻladi.
Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka egalik huquqidagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlari ulushlarining miqdori hamda mazkur mol-mulkni saqlash va asrash boʻyicha xarajatlarni mulkdorlar oʻrtasida taqsimlash tartibi uy-joy toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk ishtirokchisi oʻz ulushini boshqa shaxsga berishga, undan fuqarolar yoki yuridik shaxslar foydasiga voz kechishga, shuningdek uni oʻziga qarashli turar joyga yoki yashash uchun moʻljallanmagan joyga boʻlgan mulk huquqidan alohida tarzda boshqa shaxsga oʻtishiga sabab boʻluvchi oʻzga xatti-harakatlar sodir etishga haqli emas”;
2) 219-moddaning nomi va birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“219-modda. Ulushli mulkdagi umumiy mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish
Ulushli mulkdagi umumiy mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish uning barcha ishtirokchilari kelishuviga muvofiq amalga oshiriladi. Bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda, ulushli mulkdagi umumiy mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish sud tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 24-dekabrda qabul qilingan 713-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 1, 4-modda; 2001-yil, № 5, 89-modda; 2004-yil, № 5, 90-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 5-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mahalliy davlat hokimiyati organlarining uy-joy munosabatlarini tartibga solish sohasidagi vakolatlariga quyidagilar kiradi:
uy-joy toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ijrosini taʼminlash;
uy-joy fondini va kommunal obyektlarni boshqarishni tashkil etish;
oʻz tasarrufidagi hududda kommunal xizmatlarga oid tarif siyosatini belgilangan tartibda shakllantirish;
uy-joy fondini hisobga olish;
davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va fuqarolarga ijara shartnomasi shartlari asosida berish;
davlat uy-joy fondidagi turar joylarni ulardan belgilangan maqsadda foydalanish uchun yuridik shaxslarga arenda shartnomasi shartlari asosida berish;
uy-joy fondidan foydalanilishi va uning asralishi, aholiga koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar sifati ustidan nazoratni taʼminlash;
aholining ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan va kam taʼminlangan toifalari orasidan uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarni hisobga olish hamda ularni aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan uy-joy bilan taʼminlash;
fuqarolarning ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan va kam taʼminlangan toifalari uchun uy-joy qurish;
uy-joy quruvchilarga uy-joy qurish uchun, shuningdek xususiy uy-joy mulqdorlarining shirkatlariga doimiy foydalanishga belgilangan tartibda yer uchastkalari berish;
uy-joy fondiga xizmat koʻrsatuvchi kommunal xizmat koʻrsatish, ijtimoiy va transport infratuzilmasi obyektlarining lozim darajada saqlanishi hamda rivojlantirilishini taʼminlash;
davlat uy-joy fondining turar joylarini bronlashtirish va almashtirish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish”;
2) ruscha matn 9-moddasining uchinchi qismidagi, 10-moddasining uchinchi xatboshisidagi, 16-moddasining nomi va birinchi, uchinchi, toʻrtinchi qismlaridagi “v mnogokvartirnix jilix domax”, “mnogokvartirnogo jilogo doma” degan soʻzlar tegishincha “v mnogokvartirnix domax”, “mnogokvartirnogo doma” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
3) quyidagi mazmundagi 161-modda bilan toʻldirilsin:
“161-modda. Koʻp kvartirali uydagi yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlari
Koʻp kvartirali uydagi yashash uchun moʻljallanmagan joyga nisbatan mulk huquqiga ega boʻlgan fuqarolar yoki yuridik shaxslar koʻp kvartirali uydagi yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlari boʻlishi mumkin.
Yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlari koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk ishtirokchilaridir.
Koʻp kvartirali uydagi yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlari bunday joylarning asralishini, tegishli texnik va sanitariya holatini taʼminlashi, joylarni oʻz hisobidan joriy va kapital taʼmirlash ishlarini amalga oshirishi, koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni saqlash va taʼmirlash boʻyicha umumiy xarajatlarni oʻz zimmasiga olishi shart.
Yashash uchun moʻljallanmagan joy mulkdorining koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni saqlash va taʼmirlash boʻyicha umumiy xarajatlardagi ishtiroki ulushi uyning umumiy maydonidagi mulkdorga qarashli yashash uchun moʻljallanmagan joy maydoniga mutanosib ravishda belgilanadi.
Koʻp kvartirali uydagi yashash uchun moʻljallanmagan joy mulkdori mahalliy davlat hokimiyati organlaridan tegishli ruxsatnoma olmasdan oʻziga qarashli joyni oʻzboshimchalik bilan qayta qurgan yoki oʻzgartirgan taqdirda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi hamda bu joyni oʻz hisobidan avvalgi holatiga keltirishi shart”;
4) 24-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“24-modda. Uy, kvartira mulkdorining huquq va majburiyatlari
Uy, kvartira mulkdori xususiy uy-joy fondini boshqarishda ishtirok etish, uyning texnik holati masalalarida davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga murojaat etish, uy, kvartiraga xizmat koʻrsatish hamda ularni taʼmirlash usulini tanlash huquqiga egadir.
Uy, kvartira mulkdori uy, kvartiraning asralishini, tegishli texnik va sanitariya holatini taʼminlashi, ularni oʻz hisobidan joriy va kapital taʼmirlash ishlarini amalga oshirishi shart.
Koʻp kvartirali uydagi kvartira mulkdori oʻziga qarashli joyga koʻp kvartirali uyga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar yoki avariya-taʼmirlash xizmatlari vakillari umumiy mol-mulkning holatini nazorat qilish, unga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash maqsadida mulkdorni oldindan xabardor qilgach, uning borligida kirishlarini taʼminlashi shart.
Koʻp kvartirali uydagi kvartira mulkdori avariya holati yuzaga kelgan taqdirda, avariyani bartaraf etish uchun tegishli avariya-taʼmirlash xizmatlari vakillari oʻziga qarashli joyga kirishlarini darhol taʼminlashi shart. Kvartira mulkdori yoʻqligida avariyani bartaraf etish uchun bu joyga kirish ichki ishlar organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillari ishtirokida tegishli avariya-taʼmirlash xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
Koʻp kvartirali uydagi kvartira mulkdori mahalliy davlat hokimiyati organlaridan tegishli ruxsatnoma olmasdan oʻziga qarashli joyni oʻzboshimchalik bilan qayta qurgan yoki oʻzgartirgan taqdirda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi hamda bu joyni oʻz hisobidan avvalgi holatiga keltirishi shart”;
5) 35-moddaning toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Koʻp kvartirali uydagi turar joyni ijaraga oluvchi turar joydan foydalanish bilan bir qatorda shu uyning umumiy foydalanishdagi mol-mulkidan (uyning umumiy joylari, tayanch va toʻsiq konstruksiyalar, kvartiralar oraligʻidagi ihotalangan (oʻralma) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari va boshqa shaxtalar, dahlizlar, texnik qavatlar, yertoʻlalar, cherdaklar va tomlar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylar tashqarisida yoki ichida joylashgan va bittadan ortiq joyga xizmat koʻrsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskunalar va qurilmalar, shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasi, shuningdek koʻp kvartirali uydagi koʻchmas mulkning yagona majmuiga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan boshqa obyektlardan) belgilangan tartibda foydalanish huquqiga egadir”;
6) 49-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ijaraga beruvchi ijaraga berilgan turar joy joylashgan uy lozim darajada saqlanishini amalga oshirishi, ijaraga oluvchiga haq evaziga zarur kommunal xizmatlar koʻrsatishi yoki xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlashi, koʻp kvartirali uyning umumiy foydalanishdagi mol-mulki taʼmirlanishini taʼminlashi shart”;
7) 50-moddaning sakkizinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ijaraga oluvchi, ijaraga oluvchining oila aʼzolari va u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar:
koʻp kvartirali uyning turar joylaridan, umumiy foydalanishdagi mol-mulkidan belgilangan maqsadda, boshqa fuqarolar va yuridik shaxslarning uy-joy huquqi, oʻzga huquqlarini kamsitmagan holda foydalanishi;
turar joylarning asralishini taʼminlashi, shuningdek ularni tegishli texnik hamda sanitariya holatida saqlab turishi;
avariya yuz bergan taqdirda, oʻzlari egallab turgan turar joyga tegishli avariya-taʼmirlash xizmatlari vakillari kirishlarini taʼminlashi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan texnik, sanitariya, ekologik va yongʻinga qarshi talablarni bajarishi;
ijara shartnomasi boʻyicha turar joylar haqini va kommunal xizmatlar haqini oʻz vaqtida toʻlashi shart”;
8) VIII boʻlim quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“VIII Boʻlim. Koʻp kvartirali uydagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlarining umumiy mol-mulki. Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkati
124-modda. Turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlarining koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka boʻlgan huquqi
Koʻp kvartirali uydagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlariga shu uyning umumiy joylarini, tayanch va toʻsiq konstruksiyalar, kvartiralar oraligʻidagi ihotalangan (oʻralma) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari va boshqa shaxtalar, dahlizlar, texnik qavatlar, yertoʻlalar, cherdaklar va tomlar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylar tashqarisida yoki ichida joylashgan va bittadan ortiq joyga xizmat koʻrsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskunalar va qurilmalarni oʻz ichiga olgan umumiy mol-mulk ulushli mulk huquqi asosida tegishli boʻladi.
Koʻp kvartirali uydagi turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joy mulkdorining umumiy mol-mulkdagi ulushi asl holida ajratib berilishi mumkin emas.
Koʻp kvartirali uydagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlari umumiy mol-mulkdan hamda shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasidan foydalanishda teng huquqqa egadir.
Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk ishtirokchilari tayanch va toʻsiq konstruksiyalarni, kvartiralar oraligʻidagi ihotalangan (oʻralma) pillapoyalarni, zinapoyalarni, liftlarni, liftning shaxtalari va boshqa shaxtalarni, dahlizlarni, texnik qavatlarni, yertoʻlalarni, cherdaklar va tomlarni, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalarini, joylar tashqarisida yoki ichida joylashgan va bittadan ortiq joyga xizmat koʻrsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskunalar va qurilmalarni boshqa shaxsga berishi mumkin emas.
Koʻp kvartirali uydagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlarining ulushli mulkida turgan umumiy mol-mulkning ayrim qismlari qonun hujjatlariga muvofiq umumiy ulushli mulkning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qaror asosida boshqa shaxslarga berilishi mumkin.
125-modda. Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka boʻlgan mulk huquqidagi ulushlarni aniqlash
Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk har bir ishtirokchisining ulushi shu uyning umumiy maydonidagi unga qarashli joy maydoni ulushiga mos boʻladi.
Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk ishtirokchisi oʻz ulushini boshqa shaxsga berishga, undan fuqarolar yoki yuridik shaxslar foydasiga voz kechishga, shuningdek uni oʻziga qarashli turar joyga yoki yashash uchun moʻljallanmagan joyga boʻlgan mulk huquqidan alohida tarzda boshqa shaxsga oʻtishiga sabab boʻluvchi oʻzga xatti-harakatlar sodir etishga haqli emas.
Turar joyga yoki yashash uchun moʻljallanmagan joyga boʻlgan mulk huquqi koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka boʻlgan ulushli mulk huquqidan ajralmasdir.
Koʻp kvartirali uydagi turar joyga yoki yashash uchun moʻljallanmagan joyga boʻlgan mulk huquqi yangi mulkdorga oʻtganda u shu uydagi umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk ishtirokchisi boʻladi.
126-modda. Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarda ishtirok etish
Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk ishtirokchisi uni saqlash, shuningdek shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarni uyning umumiy maydonidagi oʻziga qarashli joy maydoniga mutanosib ravishda oʻz zimmasiga oladi.
127-modda. Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka boʻlgan mulk huquqini amalga oshirish
Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka va shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasiga egalik qilish hamda ulardan foydalanish turar joylarning va yashash uchun moʻljallanmagan joylarning barcha mulkdorlari kelishuviga koʻra amalga oshiriladi, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa mulkdorlardan istalgan birining daʼvosi boʻyicha sud tomonidan belgilanadi.
Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni tasarruf etish turar joylarning va yashash uchun moʻljallanmagan joylarning barcha mulkdorlari kelishuviga koʻra amalga oshiriladi.
Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkning ayrim qismlari koʻp kvartirali uydagi turar joylar mulkdorlarining koʻpchiligi tomonidan qabul qilingan qarorga binoan boshqa shaxslarga foydalanishga, arendaga berilishi mumkin.
128-modda. Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkati
Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkati (bundan buyon matnda shirkat deb yuritiladi) koʻp kvartirali bitta yoki yaqin, zich joylashgan, obodonlashtirish elementlari boʻlgan umumiy yer uchastkasi bilan qamrab olingan bir nechta uydagi xususiy turar joylar mulkdorlarining birlashmasidir.
Shirkat xususiy turar joylar mulkdorlarining tashabbusi bilan tashkil etiladi, u notijorat tashkiloti boʻlib, oʻz ustaviga muvofiq oʻzini oʻzi boshqarish asosida faoliyat koʻrsatadi.
Shirkatlarning tashkil etilishi va faoliyati tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi”;
“IX Boʻlim. Turar joylar haqini, uy-joyni saqlash xarajatlarini va kommunal xizmatlar haqini toʻlash
129-modda. Munitsipal, idoraviy uy-joy fondi uylaridagi turar joylar haqini ijaraga berish shartnomasi boʻyicha toʻlash
Munitsipal, idoraviy uy-joy fondi uylaridagi turar joyga toʻlanadigan haq miqdori turar joyni ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchi oʻrtasida tuziladigan ijaraga berish shartnomasida belgilab qoʻyiladi.
Munitsipal, idoraviy uy-joy fondi uylaridagi turar joyni ijaraga berish shartnomasi boʻyicha toʻlanadigan haq miqdori uyni va umumiy foydalanishdagi mol-mulkni saqlash xarajatlarining oʻrnini qoplashni taʼminlaydigan, ijaraga beruvchi tomonidan turar joy umumiy maydonining bir kvadrat metri hisobida belgilangan stavkalardan kelib chiqib belgilanadi.
Munitsipal va idoraviy uy-joy fondini tiklashga ajratmalar hamda ijaraga beruvchining normativ foydasi turar joyning ijara haqiga kiradi”.
“132-modda. Koʻp kvartirali uydagi turar joylarni va umumiy mol-mulkni saqlash xarajatlari
Koʻp kvartirali uydagi turar joy mulkdori oʻziga qarashli turar joyni oʻz hisobidan tegishli texnik va sanitariya holatida saqlaydi, shuningdek koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni va shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi.
Koʻp kvartirali uydagi turar joylar mulkdorlari umumiy xarajatlarni, qoida tariqasida, majburiy badallar shaklida birgalikda zimmalariga oladilar, bu badallar koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni boshqarish, unga xizmat koʻrsatish, uni joriy va kapital taʼmirlash hamda koʻp kvartirali uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash xarajatlarining oʻrnini qoplashi kerak.
Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni va shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash boʻyicha majburiy badallar miqdori mazkur uydagi turar joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi tomonidan belgilanadi.
Shirkat tashkil etilmagan koʻp kvartirali uydagi yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlari koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni va shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarda turar joylar mulkdorlari bilan majburiy tartibda tuziladigan shartnoma asosida ishtirok etadilar. Shartnomaning shakli va uni tuzish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Mulkdorning koʻp kvartirali uydagi oʻziga qarashli turar joydan foydalanmasligi yoxud umumiy mol-mulkdan foydalanishdan voz kechishi uni koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni hamda shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarda ishtirok etishdan toʻliq yoki qisman ozod qilmaydi.
Koʻp kvartirali uydagi turar joy mulkdori oʻzining umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha umumiy xarajatlardagi ishtirokiga doir majburiyatini turar joyni shartnoma boʻyicha ijaraga, arendaga oluvchiga oʻtkazishi mumkin, bunda haqning oʻz vaqtida toʻlanishi masʼuliyati turar joy mulkdorining zimmasida boʻladi.
Koʻp kvartirali uydagi turar joy mulkdori shirkatni, boshqaruvchini (ijrochi direktorni) yoki boshqaruvchi tashkilotni yoxud turar joylar mulkdorlari tomonidan vakil qilingan shaxsni umumiy mol-mulkni va shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarni toʻlashga doir majburiyatlar joyni ijaraga, arendaga oluvchiga oʻtkazilganligi haqida xabardor qilishi shart.
133-modda. Kommunal xizmatlar uchun majburiy toʻlovlar
Kommunal xizmatlar uchun majburiy toʻlovlar sovuq va issiq suv taʼminoti, suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya), elektr taʼminoti, gaz taʼminoti, isitish (issiqlik taʼminoti), qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqish uchun toʻlanadigan toʻlovlardan iboratdir.
Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlari, ijaraga, arendaga oluvchilari oʻzlariga koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar uchun qonun hujjatlariga va kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi korxonalar (ijrochilar) bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq majburiy toʻlovlar toʻlaydi.
Koʻrsatiladigan kommunal xizmatlarning tariflari va mazkur xizmatlar normativlari qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadi.
Kommunal xizmatlar koʻrsatish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
134-modda. Koʻp kvartirali uydagi mol-mulkni saqlash xarajatlarini va kommunal xizmatlar uchun majburiy toʻlovlarni toʻlash muddatlari
Koʻp kvartirali uydagi turar joylar mulkdorlari umumiy mol-mulkni saqlash xarajatlarini oʻtgan oydan keyingi oyning oʻninchi kunidan kechiktirmay toʻlaydi.
Davlat uy-joy fondining koʻp kvartirali uyidagi joylarni ijaraga, arendaga oluvchilar shu uydagi umumiy foydalanishdagi mol-mulkni saqlash haqini ijaraga, arendaga berish shartnomasi shartlariga muvofiq, biroq oʻtgan oydan keyingi oyning oʻninchi kunidan kechiktirmay toʻlaydi.
Davlat va xususiy uy-joy fondlarida koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar uchun majburiy toʻlovlar toʻlash oʻtgan oydan keyingi oyning oʻninchi kunidan kechiktirmay har oyda amalga oshirilishi kerak.
Koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar uchun majburiy toʻlovlar ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan muddatda toʻlanmagan taqdirda, davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlari, ijaraga, arendaga oluvchilari kechiktirilgan har bir kunga yuridik shaxslar uchun 0,4 foiz, jismoniy shaxslar uchun 0,1 foiz miqdorida, biroq kechiktirilgan toʻlov summasining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda penya toʻlaydi.
Agar shirkat, boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot koʻp kvartirali uyning kommunal xizmatlar buyurtmachisi boʻlsa, ularga penya miqdorlari boʻyicha ushbu moddaning toʻrtinchi qismida jismoniy shaxslar uchun belgilangan norma qoʻllaniladi.
Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga, arendaga oluvchilariga kommunal xizmatlar koʻrsatish majburiy toʻlovlar uch oydan ortiq toʻlanmagan taqdirda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻxtatib turiladi.
135-modda. Uy-joyni saqlash va kommunal xizmatlar haqini toʻlash xarajatlarini qoplash
Fuqarolarning ayrim toifalariga uy-joyni saqlash va kommunal xizmatlar haqini toʻlash xarajatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
136-modda. Turar joylar va kommunal xizmatlar haqini toʻlashda aholining ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan va kam taʼminlangan toifalarini qoʻllab-quvvatlash
Turar joylar va kommunal xizmatlar haqini toʻlashda aholining ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan va kam taʼminlangan toifalarini qoʻllab-quvvatlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi”;
10) X boʻlim quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“X boʻlim. Uy-joy fondini saqlash
137-modda. Uy-joy fondini saqlash faoliyati
Uy-joy fondini saqlash faoliyati uylarni boshqarishga, ularga xizmat koʻrsatishga (tegishli texnik va sanitariya holatini saqlab turishga), ularni taʼmirlashga oid faoliyatni hamda ularni saqlashga va ularda yashash hamda koʻp kvartirali uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasidan foydalanish uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan boshqa faoliyatni oʻz ichiga oladi.
Uy-joy fondiga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash belgilangan standartlar, normalar va qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Xususiy uy-joy fondini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish mulkdorlarning mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Munitsipal uy-joy fondini va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Idoraviy uy-joy fondini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish uy-joy fondi oʻz tasarrufida hamda balansida turgan davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Favqulodda vaziyatlar oqibatida vayron boʻlgan uy-joy fondini tiklash xarajatlarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida amalga oshiriladi.
Koʻp kvartirali uylarni joriy va kapital taʼmirlash uchun mablagʻlarni jamlash (yigʻish) tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
138-modda. Uy-joy fondini boshqarish
Uy-joy fondini boshqarish uy-joy fondini, muhandislik uskunalarini, shu uylarga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkalarini lozim darajada saqlashni, ularga xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlashni hamda fuqarolarning yashashi uchun zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan boshqa faoliyatni oʻz ichiga oladi.
Davlat uy-joy fondini boshqarish uy-joy fondining mulkdori bilan boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot oʻrtasida tuziladigan shartnomaga binoan amalga oshirilishi mumkin.
Xususiy uy-joy fondini boshqarish bevosita turar joylar mulkdorlari, shirkat, boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot tomonidan yoxud qonun hujjatlariga muvofiq boshqacha usulda amalga oshirilishi mumkin.
Koʻp kvartirali uyni boshqarish usuli shu uydagi turar joylar mulkdorlari umumiy yigʻilishining qarori bilan belgilanadi. Koʻp kvartirali uydagi turar joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Koʻp kvartirali uy turar joylar mulkdorlari tomonidan bevosita boshqarilganda shu uydagi umumiy mol-mulkni saqlash yoki uni taʼmirlash ishlarini bajarish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish shartnomalari turar joylar mulkdorlari umumiy yigʻilishining qarorlari asosida tuziladi. Bunda uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda turar joylar mulkdorlari nomidan turar joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi tomonidan vakil qilingan turar joylar mulkdorlaridan biri yoki bir nechtasi ish koʻrishga haqlidir.
Shirkat tashkil etilgan koʻp kvartirali uyni boshqarish “Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Shirkat tashkil etilmagan koʻp kvartirali uyni boshqarish boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot tomonidan koʻp kvartirali uydagi turar joylar mulkdorlari umumiy yigʻilishining qarori asosida tuziladigan shartnomaga muvofiq amalga oshirilishi mumkin. Uy-joy fondini boshqarishga doir shartnomalarning namunaviy shakllari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
139-modda. Uy-joy fondini boshqarish, unga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash shartnomalari
Uy-joy fondini boshqarish, unga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash shartnomalari yozma shaklda tuziladi.
Boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot, bir tomondan, va uy-joy fondi mulkdori yoki shirkat, agar shirkat tashkil etilmagan boʻlsa, koʻp kvartirali uydagi turar joylar mulkdorlari, ikkinchi tomondan, uy-joy fondini boshqarish shartnomasining taraflaridir.
Uy-joy fondini boshqarish shartnomasining majburiy shartlari quyidagilardan iborat:
boshqaruv amalga oshiriladigan koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy mol-mulki tarkibi hamda uyning manzili;
koʻp kvartirali uydagi joylar mulqdorlarining umumiy mol-mulkini, shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasi saqlanishini taʼminlash boʻyicha boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilotning majburiyatlari;
boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot xizmatlariga haq toʻlash tartibi va miqdori;
koʻp kvartirali uyning texnik hujjatlarini topshirish shartlari;
shartnoma boʻyicha majburiyatlarning boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi.
Uy-joy fondini boshqarish shartnomasi shartlari koʻp kvartirali uydagi joylarning barcha mulkdorlari uchun bir xil belgilanadi.
Agar uy-joy fondini boshqarish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlariga har yili uy-joy fondini boshqarish shartnomasining oʻtgan yilgi bajarilishi toʻgʻrisida joriy yilning birinchi choragi ichida hisobot taqdim etadi.
Uy-joy fondining mulkdori yoki u vakolat bergan organ, shirkat, boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoxud boshqaruvchi tashkilot uy-joy fondiga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash uchun tegishli xizmat koʻrsatuvchi va taʼmirlovchi tashkilotlar bilan ishlarni bajarishga (xizmatlar koʻrsatishga) doir shartnomalar tuzishga haqlidir”.
3-modda. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrda qabul qilingan “Davlat uy-joy siyosatining asoslari toʻgʻrisida”gi 351-I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 2, 50-modda);
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996-yil 27-dekabrda qabul qilingan “Davlat uy-joy siyosatining asoslari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish tartibi haqida”gi 352-I-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 2, 51-modda);
Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 12-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 220-II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 5, 89-modda) XI boʻlimi.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2007-yil 9-yanvardagi 6 (4159) - sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 8-yanvar,
OʻRQ-77-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 1-2-son, 3-modda)