Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 13.04.2006
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
UY-JOY MULKDORLARINING ShIRKATLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 12-apreldagi OʻRQ–32-sonli “Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Uy-joy mulkdorlarining shirkati
Uy-joy mulkdorlarining shirkati — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uy-joy mulkdorlarining uydan foydalanishni, uning saqlanishini birgalikda boshqarish va taʼminlash, umumiy foydalanishdagi obyektlarga egalik qilish va ulardan foydalanish shartlari, tartibini aniqlash, umumiy mulkdagi mol-mulkning lozim darajadagi holatini taʼminlash maqsadidagi birlashmasidir.
Uy-joy mulkdorlarining shirkati (bundan keyin matnda shirkat deb yuritiladi) notijorat tashkilot boʻlib, bitta yoki yaqin, zich joylashgan, umumiy yer uchastkasi va infratuzilma elementlari bir boʻlgan bir nechta uyda yoxud uyning boshqa qismlaridan alohida kirish joyi boʻlgan, kamida bitta blok-seksiya hajmidagi mustaqil qismida turar joy mulkdorlaridan kamida yarmining xohishiga koʻra, taʼsis majlisining qarori bilan tashkil etiladi.
Shirkat yuridik shaxsdir, u oʻz nomi yozilgan muhrga, bank muassasasida hisob-kitob varagʻi va boshqa hisobvaraqlarga ega boʻladi.
Shirkat oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga tegishli barcha mol-mulk bilan javob beradi hamda oʻz aʼzolarining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
2-modda. Shirkatlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Shirkatlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonundan va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida shirkatlar faoliyati Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
3-modda. Shirkatlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Davlat shirkatlarning huquqlariga rioya etilishi va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi, ularning rivojlanishi va mustahkamlanishiga koʻmaklashadi.
Shirkatlar faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiriladi:
uy-joy sohasidagi normativ hujjatlar va standartlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
uy-joy-kommunal xizmatlariga haq toʻlash tizimini takomillashtirish;
umumiy foydalanishdagi obyektlardan foydalanish shartlarini belgilash;
uy-joy-kommunal xizmatlari koʻrsatish boʻyicha tanlovlar oʻtkazish asosida raqobatni rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish;
shirkatlar faoliyatini yuritish uchun qonun hujjatlariga muvofiq beriladigan kompensatsiyalar, imtiyozlar va kreditlarni taʼminlash;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlarni koʻrish.
4-modda. Shirkatning taʼsis majlisi
Shirkatning taʼsis majlisi turar joy mulkdorlarining tashabbuskor guruhi tomonidan chaqiriladi.
Shirkatning taʼsis majlisi:
shirkatni tuzish va uning ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida;
shirkat boshqaruvini va taftish komissiyasini (taftishchisini) saylash toʻgʻrisida;
shirkatning taʼsis majlisi vakolatiga taalluqli boʻlgan boshqa masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi.
Shirkat taʼsis majlisining bayonnomasini majlis raisi imzolaydi.
5-modda. Shirkatning ustavi
Shirkat oʻz ustavi asosida faoliyat koʻrsatadi. Shirkat ustavida quyidagilar boʻlishi kerak:
shirkatning toʻliq nomi, faoliyatining sohasi va maqsadi, joylashgan eri;
shirkat aʼzolarining huquq va majburiyatlari;
uyni qarash va taʼmirlashga ketgan foydalanish xarajatlari hamda kommunal xizmatlar haqi, yaʼni majburiy toʻlovlarni shirkat aʼzolari tomonidan toʻlash tartibi;
shirkat faoliyatini boshqarish tartibi;
shirkat boshqaruv organlarining tarkibi va vakolatlari hamda ularning qarorlar qabul qilish tartibi, shu jumladan oddiy yoki mutlaq koʻpchilik ovoz bilan qaror qabul qilinadigan masalalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Ustavda shirkat faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan, qonun hujjatlariga zid kelmaydigan boshqa qoidalar ham boʻlishi mumkin.
Shirkatning Namunaviy ustavi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Uy-joy mulkdorlari shirkatining namunaviy ustavi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 4-oktabrdagi 454-son qarori bilan tasdiqlangan.
6-modda. Shirkatni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Shirkat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan vaqtdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.
Shirkatni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
taʼsis majlisi raisi imzolagan ariza;
taʼsis majlisining bayonnomasidan koʻchirma;
shirkatning ustavi;
turar joy mulkdorlarining roʻyxati;
uyga egalik qilish pasporti.
7-modda. Shirkatga aʼzolik
Turar joy mulkdorlari — yuridik va jismoniy shaxslar shirkat aʼzolaridir.
Shirkat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan vaqtdan boshlab turar joy mulkdorlarining shirkatga aʼzoligi vujudga keladi.
Turar joyning sotuvchisi — shirkat aʼzosi xaridorni oʻzining shirkat aʼzosi ekanligidan hamda ustavda belgilangan huquqlarga egaligi va zimmasida majburiyatlar borligidan hamda bu huquq va majburiyatlar xaridorga oʻtishidan xabardor qiladi.
Shirkat aʼzolaridan turar joylarni olayotgan shaxslar oʻzlarida turar joyga mulk huquqi yuzaga kelganidan keyingina shirkat aʼzosi boʻladilar.
8-modda. Shirkatdagi umumiy mol-mulk
Uyning bittadan ortiq mulkdorga xizmat koʻrsatuvchi umumiy joylari, kvartiralar oraligʻidagi ihotalangan (oʻralma) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari va boshqa shaxtalar, dahlizlar, texnik qavatlar, tayanch va toʻsiq konstruksiyalar, kvartira tashqarisida yoki ichida joylashgan va bittadan ortiq kvartiraga xizmat koʻrsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika qurilmalari va boshqa qurilmalar, bino atrofidagi koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish elementlarini ham qamrab olgan yer uchastkalari, shuningdek shirkat koʻchmas mulkining yagona kompleksiga xizmat koʻrsatishga va uni saqlashga moʻljallangan boshqa mol-mulk shirkatdagi umumiy mol-mulk hisoblanadi.
9-modda. Umumiy mol-mulkni saqlash va taʼmirlash
Shirkat aʼzosi umumiy mol-mulkni saqlash va taʼmirlash boʻyicha xarajatlarda uyning umumiy maydonidagi oʻziga tegishli boʻlgan kvartira maydoni ulushiga mutanosib tarzda ishtirok etadi.
Mulkdor oʻziga tegishli xonalardan foydalanmaganligi yoxud umumiy mol-mulkka egalik qilishdan, undan foydalanishdan voz kechganligi uni umumiy mol-mulkni saqlash va taʼmirlashga doir umumiy xarajatlarda ishtirok etishdan butunlay yoki qisman ozod etish uchun asos boʻlmaydi.
10-modda. Shirkatning yer uchastkalari
Uylar atrofidagi yer uchastkalari shirkatga doimiy foydalanish huquqi asosida beriladi.
Shirkatning yangi qurilayotgan obyektlariga moʻljallangan yer uchastkalarining oʻlchami mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq belgilanadi.
11-modda. Shirkatdagi umumiy mol-mulkka egalik huquqi
Shirkatdagi umumiy mol-mulk shirkat aʼzolarining umumiy ulushli mulkida boʻladi, yer uchastkalari bundan mustasno.
Shirkatdagi umumiy mol-mulk kvartiraga egalik huquqidan alohida tarzda oʻzga shaxsga oʻtkazilishi mumkin emas.
Shirkatdagi umumiy mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish barcha mulkdorlarning kelishuviga binoan amalga oshiriladi, bunday kelishuv boʻlmaganda esa istagan mulkdorning daʼvosiga binoan sud tomonidan belgilanadi.
Umumiy mol-mulk obyektlari shirkat umumiy majlisining qaroriga binoan foydalanish uchun boshqa shaxslarga berilishi mumkin.
12-modda. Shirkatning yashash uchun moʻljallanmagan joylarning mulkdorlari bilan munosabatlari
Shirkatning koʻp kvartirali uylardagi yashash uchun moʻljallanmagan joylarning mulkdorlari hamda shirkat uylari atrofidagi yer uchastkalarida joylashgan, alohida turgan obyektlarning mulkdorlari bilan munosabatlari qonun hujjatlari bilan hamda ular oʻrtasida tuzilgan bitim bilan tartibga solinadi.
13-modda. Shirkatning huquqlari
Shirkat quyidagi huquqlarga egadir:
taʼmirlash-foydalanish ishlarini mustaqil amalga oshirish;
uy-joy fondiga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash uchun tashkilotni belgilash;
umumiy mol-mulkni boshqarish, unga xizmat koʻrsatish va undan foydalanish, shuningdek kommunal va boshqa xizmatlar koʻrsatish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzish;
banklarning kreditlaridan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda foydalanish;
 LexUZ sharhi
Tijorat banklari tomonidan uy-joy mulkdorlari shirkatlarini milliy valyutada kreditlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qarori bilan tasdiqlangan (roʻyxat raqami 1126, 18.04.2002-y.).
xoʻjalik binolari va boshqa imoratlar qurishda foydalanish uchun belgilangan tartibda yer uchastkalari olish;
asbob-uskunalar, anjomlar va boshqa moddiy boyliklarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olish, sotish, topshirish, ayirboshlash, ijaraga berish, balansdan chegirib tashlash;
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining “Asosiy vositalarni balansdan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq (roʻyxat raqami 1023, 05.04.2001-y.).
ishlarni bajarish va shirkat aʼzolariga xizmatlar koʻrsatish;
qonun hujjatlariga hamda shirkat ustaviga muvofiq xoʻjalik faoliyati bilan shugʻullanish;
shirkat ustavida nazarda tutilgan maqsadlarga sarflanadigan maxsus fondlar tuzish.
Turar joy mulkdori qonun hujjatlarida belgilangan majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda shirkat mulkdorga nisbatan shirkatga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplash talabi bilan daʼvo qoʻzgʻatishga haqlidir.
Shirkat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
14-modda. Shirkatning majburiyatlari
Shirkat:
shartnoma majburiyatlarini bajarishi;
uylar hamda ular atrofidagi hududlar lozim darajadagi sanitariya-texnika holatida saqlanishini taʼminlashi;
uy-joy fondidan texnik foydalanishning yagona qoidalari va normalariga rioya etilgan holda uylarga xizmat koʻrsatishni va ularni taʼmirlashni tashkil etishi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Uy joy fondidan texnik foydalanish qoidalari va meʼyorlari (roʻyxat raqami 616, 01.02.1999-y.).
shirkatning barcha aʼzolari turar joylardan foydalanish, uyni hamda uning atrofidagi hududni saqlash qoidalarini bajarishlarini taʼminlashi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 28-iyundagi 325-son qarori bilan tasdiqlangan Turar joylarni va uy atrofidagi yerlarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalari.
majburiy toʻlovlar oʻz vaqtida kelib tushishini taʼminlashi;
shirkatning yillik daromadlar va xarajatlar smetasini belgilashi;
umumiy mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish shartlari va tartibi belgilanayotganda shirkat barcha aʼzolarining manfaatlariga rioya etilishini taʼminlashi;
uy-joyga oid munosabatlarda, shuningdek shirkat aʼzolarining uchinchi shaxslar bilan boshqa munosabatlarida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda shirkat aʼzolari manfaatlarini ifodalashi shart.
Shirkat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.
15-modda. Shirkatning boshqaruv organlari
Shirkat aʼzolarining umumiy majlisi, shirkat boshqaruvi va taftish komissiyasi (taftishchisi) shirkatning boshqaruv organlaridir.
16-modda. Shirkat aʼzolarining umumiy majlisi
Shirkat aʼzolarining umumiy majlisi shirkatning yuqori boshqaruv organi boʻlib, shirkat ustavida belgilangan tartibda yiliga kamida bir marta chaqiriladi.
Shirkatning umumiy majlisida shirkat aʼzolarining yarmidan koʻpi hozir boʻlgan boʻlsa, u vakolatli hisoblanadi.
Shirkat aʼzolarining yillik umumiy majlisi moliya yili tugaganidan soʻng oltmish kundan kechiktirmay chaqiriladi. Shirkat aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy majlisi boshqaruvning, shirkatda oʻn foizdan ortiq ovozga ega boʻlgan shirkat aʼzolarining tashabbusi bilan, shuningdek taftish komissiyasi (taftishchi) yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining talabiga binoan chaqirilishi mumkin.
Shirkat umumiy majlisining vakolatlariga quyidagilar kiradi:
shirkat ustaviga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish yoki shirkat ustavini yangi tahrirda tasdiqlash;
boshqaruv va taftish komissiyasini (taftishchini) saylash va ularning vakolatlarini muddatidan ilgari toʻxtatish;
yillik daromadlar va xarajatlar smetasini hamda uning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tasdiqlash;
shirkatning maxsus jamgʻarmalarini tuzish;
shirkat aʼzolarining shirkat raisi, boshqaruvi va taftish komissiyasi (taftishchisi) faoliyatiga taalluqli ariza va shikoyatlarini koʻrib chiqish;
shirkat shtatidagi xodimlarning ichki mehnat tartibi qoidalarini, ular mehnatiga haq toʻlash va mukofotlash toʻgʻrisidagi nizomni qabul qilish va oʻzgartirish;
asbob-uskunalar, anjomlar va boshqa moddiy boyliklarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olish, sotish, topshirish, ayirboshlash, ijaraga berish, shuningdek ularni balansdan chegirib tashlash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
ustavda belgilangan vazifalarni bajarish uchun xoʻjalik binolari va boshqa imoratlarni qurish, koʻchmas mulk olish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
qarzga mablagʻ olish, shu jumladan bank kreditlarini olish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
shirkatning xoʻjalik faoliyatidan olingan daromaddan foydalanish yoʻnalishlarini belgilash;
shirkatni qayta tashkil etish va tugatish;
qonun hujjatlarida va shirkat ustavida nazarda tutilgan boshqa masalalarni hal etish.
17-modda. Shirkat aʼzolarining umumiy majlisini olib borish va ovoz berish tartibi
Shirkat aʼzolarining umumiy majlisini shirkat aʼzolari tomonidan koʻpchilik ovoz bilan saylanadigan majlis raisi olib boradi.
Shirkat aʼzolari umumiy majlisining qarori, agar majlisda hozir boʻlganlarning yarmidan koʻprogʻi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan hisoblanadi hamda shirkatning barcha aʼzolari uchun majburiy boʻladi.
Shirkat ustavida turar joy mulkdorlariga tegishli boʻlgan turar joylarga hamda hal etilayotgan masalalarga qarab bunday mulkdorlarning guruhlari boʻyicha alohida-alohida ovoz berish nazarda tutilishi mumkin.
18-modda. Shirkat boshqaruvi
Shirkatning joriy faoliyatiga rahbarlikni uning boshqaruvi amalga oshiradi.
Shirkat boshqaruvi shirkat aʼzolari orasidan shirkat ustavida belgilangan muddatga umumiy majlis tomonidan saylanadi.
Boshqaruv oʻz tarkibidan raisni va uning oʻrinbosarini saylaydi.
Boshqaruv majlisi rais tomonidan oyiga kamida bir marta chaqiriladi.
Boshqaruv majlisi unda boshqaruv aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli deb topiladi.
19-modda. Shirkat boshqaruvining vakolatlari
Shirkat boshqaruvining vakolatlariga quyidagilar kiradi:
umumiy majlisni chaqirish va uning oʻtkazilishini tashkil etish;
yillik daromadlar va xarajatlar smetasi loyihasini hamda uning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish;
uyga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash, shuningdek umumiy foydalanishdagi boshqa obyektlarni saqlash boʻyicha shartnomalar tuzish;
uyni asrash, saqlash, taʼmirlash ustidan hamda unga xizmat koʻrsatish boʻyicha tuzilgan shartnoma majburiyatlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish;
shirkat mablagʻlarini umumiy majlis tasdiqlagan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq tasarruf etish;
shirkat aʼzolarining belgilangan majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlashlari ustidan nazorat qilish;
ish yuritish, buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlar.
Shirkat boshqaruvi xoʻjalik faoliyatini yuritish uchun ijrochi direktorni ishga yollash huquqiga ega, ijrochi direktorlikka nomzod umumiy majlis tomonidan tasdiqlanadi.
20-modda. Shirkat boshqaruvining raisi
Shirkat boshqaruvining raisi shirkat ustavida belgilangan muddatga saylanadi.
Shirkat boshqaruvining raisi shirkat manfaatlarini ifodalaydi, boshqaruv qarorlarining bajarilishini taʼminlaydi, oʻz vakolatlari doirasida koʻrsatmalar va farmoyishlar berish huquqiga ega.
Shirkat boshqaruvining raisi toʻlov hujjatlarini imzolaydi, shuningdek umumiy majlis yoki boshqaruv vakolatiga kirmaydigan bitimlarni amalga oshiradi.
Shirkat boshqaruvining raisi ijrochi direktorlikka nomzodni, shirkat shtatidagi xodimlarning ichki mehnat tartibi qoidalarini, ular mehnatiga haq toʻlash va mukofotlash toʻgʻrisidagi nizomni umumiy majlis tasdigʻiga kiritadi.
21-modda. Shirkat taftish komissiyasi (taftishchisi)
Taftish komissiyasi (taftishchi) shirkatning, boshqaruvning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshiradi va u umumiy majlisga hisobdordir. Taftishchi yoxud tarkibi kamida uch kishidan iborat boʻlgan taftish komissiyasi koʻpi bilan ikki yil muddatga saylanadi.
Shirkat va boshqaruvning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish uchun umumiy majlis belgilangan tartibda auditor yoki auditorlik tashkilotini jalb etishga haqli.
22-modda. Shirkatning mablagʻlari
Shirkatning mablagʻlari quyidagilardan iborat boʻlishi mumkin:
shirkat aʼzolarining ixtiyoriy badallari;
xoʻjalik faoliyatidan tushadigan daromadlar;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tushumlar.
23-modda. Shirkatni qayta tashkil etish va tugatish
Shirkatni qayta tashkil etish va tugatish umumiy majlis qaroriga yoki sud qaroriga binoan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49-57-moddalariga qarang.
Shirkat tugatilgan taqdirda kreditorlarning talablari qondirilganidan keyin qolgan mol-mulk shirkat aʼzolari oʻrtasida ularning umumiy mol-mulkdagi ulushlariga mutanosib tarzda taqsimlanadi.
24-modda. Shirkatlar uyushmalari
Shirkatlar oʻz faoliyatlarini muvofiqlashtirish, umumiy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida uyushmalarga (ittifoqlarga) birlashishga haqlidir. Shirkatlarning uyushmalarini (ittifoqlarini) tuzish va ularning faoliyati qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Uyushma (ittifoq) larning huquqiy maqomi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 77-moddasida belgilangan.
25-modda. Shirkatlarning fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan oʻzaro munosabatlari
Uy-joy mulkdorlarining shirkatlari majburiy toʻlovlar undirilishini taʼminlash, issiqlik va elektr energiyasidan, issiq va sovuq suvdan tejamkorlik bilan foydalanish, obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish va uylarni namunali saqlash ishlarini ixtiyoriylik asosida tashkil etish boʻyicha tadbirlarni fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda oʻtkazadilar.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining “Aholi tomonidan kommunal xizmatlar haqining oʻz vaqtida va toʻla miqdorda toʻlanishini taʼminlash uchun fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari va uy-joy mulkdorlari shirkatlarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1032, 17.05.2001-y.).
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari shirkatlarga uy-joy fondidan foydalanish va uning asralishini taʼminlash borasida yordamlashadilar.
26-modda. Nizolarni hal etish
Shirkatning faoliyati bilan bogʻliq nizolar sud tartibida hal etiladi.
27-modda. Shirkatlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Shirkatlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
15-aprel 1999-y.,
761-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., №5, 113-modda)