|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.04.2021
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Plastik kartochkalar asosida naqd pulsiz hisob-kitob tizimini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Naqd pulsiz hisob-kitob tizimini kengaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida respublikada 3 mln.dan ortiq plastik kartochkalar muomalaga chiqarilgan, savdo tashkilotlari va xizmat koʻrsatish sohasida 12 mingga yaqin terminallar oʻrnatilgan yoki 2004-yilgi darajaga nisbatan 8 barobardan ziyod oshgan.
Qaysi bank xizmat koʻrsatishidan qatʼi nazar, barcha savdo shoxobchalarida plastik kartochkalarini qoʻllagan holda yagona tartibda bank operatsiyalarini oʻtkazishga imkon yaratuvchi Yagona umumrespublika protsessing markazi tashkil etildi. Respublikaning 18 ta tijorat banklarini oʻz ichiga olgan plastik kartochkalar boʻyicha naqd pulsiz hisob-kitob amalga oshiriladigan Banklararo toʻlov tizimi yaratildi. Plastik kartochkalarni qoʻllash orqali naqd (pulsiz hisob-kitob olib borish uchun zarur qonunchilik va normativ-huquqiy baza shakllantirildi. Qator mahalliy korxonalar tomonidan bank mikroprotsessor plastik kartochkalar va toʻlov terminallarini ishlab chiqarish oʻzlashtirildi.
Shu bilan birga, naqd pulsiz hisob-kitob tizimi chakana savdo va aholiga xizmat koʻrsatish sohasida hamon yetarli darajada rivojlanmagan. Aholiga servis xizmati koʻrsatishning jahon standartlariga mos keladigan mijozlarni jalb etish, mahsulot sotish va koʻrsatilgan xizmatlar hajmini oshirish uchun shart-sharoit yaratadigan plastik kartochkalardan foydalanishni ragʻbatlantirish boʻyicha turli xil diskont, bonus va sovrinli loyihalarni joriy etish borasida yetarlicha ish olib borilmayapti.
Plastik kartochkalar asosida naqd pulsiz hisob-kitob tizimini yanada rivojlantirish, naqd pul mablagʻlarining bankdan tashqari aylanmasini qisqartirish, respublikada bank mikroprotsessor plastik kartochkalari va toʻlov terminallari ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Belgilansinki, bank mikroprotsessor plastik kartochkalari va toʻlov terminallarini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslar 2020-yilning 1-yanvarigacha bank mikroprotsessor plastik kartochkalari, toʻlov terminallari, bankomatlar, infokioskalar va plastik kartochkalar yordamida hisob-kitob qilish uchun foydalaniladigan boshqa uskunalarni ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan xomashyo, sarflanuvchi va butlovchi materiallar, dasturiy taʼminot va litsenziyalar import qilinganida bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etiladi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-fevraldagi PQ-2751-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 6-son, 72-modda)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Yagona umumrespublika protsessing markaziga bank plastik kartochkalarining tegishli sifati va uni qalbakilashtirishga imkon bermaydigan yuqori darajadagi himoyasini taʼminlash sharti bilan ishlab chiqarish va sotishni tashkil etishga ruxsat berilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki “Oʻzbekneftgaz” MXK hamda bank mikroprotsessor plastik kartochkalari va toʻlov terminallarini ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan birgalikda bir oy muddatda mahalliy xomashyo va materiallar asosida plastik kartochkalar va terminallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflar kiritsin.
4. Oʻzbekiston banklar uyushmasi tijorat banklari bilan birgalikda Bank-moliya akademiyasi va Mintaqaviy bank oʻquv markazida kartochka texnologiyalari va elektron toʻlovlar boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etsin, shuningdek muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari orqali aholi uchun plastik kartochkalarning jozibadorligini oshirishga qaratilgan tushuntirish va reklama ishlarini olib borsin.
5. Tijorat banklariga manfaatdor tashkilotlar va korxonalar bilan birgalikda 2006-2007-yillar davomida avtomatlashtirilgan tartibda plastik kartochkalardan foydalangan holda toʻlovlarni uzluksiz amalga oshirish imkonini beruvchi ommaviy oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatuvchi keng tarmoqli elektron toʻlov-maʼlumot terminallari (infokioskalar)ni tashkil qilish tavsiya etilsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, Oʻzbekiston banklar uyushmasi va tijorat banklari bilan birgalikda:
savdo-xizmat koʻrsatish korxonalariga turli xil ragʻbatlantiruvchi diskont va bonus loyihalarini tadbiq etish, plastik kartochkalardan toʻlovlarni qabul qiluvchi terminallar bilan jihozlangan obyektlar sonini koʻpaytirish borasida qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilsin;
plastik kartochkalardan toʻlovlarni qabul qilish terminallari oʻrnatilgan barcha savdo-xizmat koʻrsatish korxonalarida “UZKART” Banklararo toʻlov tizimining logotipi mavjudligi ustidan doimiy monitoringni amalga oshirsin va bunda terminallar yaxshi ishlashiga hamda plastik kartochkalardan toʻlovlar betoʻxtov qabul qilinishiga alohida eʼtibor qaratsin.
7. Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasiga Oʻzbekiston banklar uyushmasi, Yagona umumrespublika protsessing markazi va tijorat banklarining buyurtmanomalariga koʻra plastik kartochkalardan foydalangan holda hisob-kitoblarni amalga oshirishda aholiga xizmat koʻrsatishni tashkil etish uchun tegishli kanallar va fizik aloqa tarmoqlari berilishi, shuningdek telekommunikatsiya xizmatlari koʻrsatilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 30-oktabrdagi PF-4578-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 584-modda)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda normativ hujjatlarning ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 3-avgust,
PQ-433-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 31-32-son, 309-modda; 2009-y., 10-11-son, 107-modda; 2010-y., 16-son, 124-modda; 2011-y., 52-son, 561-modda; 2013-y., 45-son, 584-modda; 2015-y., 52-son, 646-modda; 2017-y., 2-son, 25-modda, 6-son, 72-modda)