Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.10.2024
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekistan Respublikasining 2024-yil 25-oktabrdagi OʻRQ-982-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 29-avgustdagi 524-II-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgarishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga muvofiq yangi tahrirda qabul qilingan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Vazirlar Mahkamasi — Oʻzbekiston Respublikasining Hukumati
Vazirlar Mahkamasi — Oʻzbekiston Respublikasining Hukumati — iqtisodiyot, ijtimoiy va maʼnaviy sohalarning samarali faoliyat koʻrsatishiga, qonunlar ijro etilishiga, Oliy Majlisning boshqa qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari bajarilishiga rahbarlikni taʼminlovchi Oʻzbekiston Respublikasining ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasi davlat boshqaruvi organlari tizimiga va oʻzi tashkil etadigan xoʻjalik boshqaruvi organlariga boshchilik qiladi, ularning hamjihatlik bilan faoliyat koʻrsatishini taʼminlaydi.
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi tasarrufiga oid boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va mazkur Qonunga muvofiq oʻzining vakolatiga kiruvchi davlat va xoʻjalik boshqaruvining barcha masalalarini hal etishga haqlidir.
Vazirlar Mahkamasi qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.
2-modda. Vazirlar Mahkamasi faoliyatining asosiy prinsiplari
Vazirlar Mahkamasi oʻz faoliyatida kollegiallik, demokratiya va qonuniylik, Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi barcha millatlar va elatlarning manfaatlarini hisobga olish prinsiplariga asoslanadi.
3-modda. Vazirlar Mahkamasining jamoat birlashmalari bilan oʻzaro munosabatlari
Vazirlar Mahkamasi oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha jamoat birlashmalari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ularga zarur yordam koʻrsatadi.
II. VAZIRLAR MAHKAMASINING TARKIBI VA UNI TUZISH
4-modda. Vazirlar Mahkamasi tarkibi va uni tuzish tartibi
Vazirlar Mahkamasi tarkibiga Bosh vazir, Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi vazirlari, davlat qoʻmitalarining raislari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi boshqa organlarining rahbarlari kiradilar.
Bosh vazir va uning oʻrinbosarlari, Vazirlar Mahkamasining aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar, keyinchalik bu masala Oliy Majlis tasdigʻiga kiritiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi lavozimi boʻyicha Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiradi.
Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy Majlis oldida oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi.
5-modda. Vazirlar Mahkamasining Raisi
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasining Raisi hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining Raisi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati faoliyatiga rahbarlik qiladi hamda uning oʻz vakolatlarini samarali amalga oshirishi uchun chora-tadbirlar koʻradi.
III. VAZIRLAR MAHKAMASINING OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI VA DAVLAT HOKIMIYATINING BOSHQA ORGANLARI BILAN MUNOSABATLARI
6-modda. Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan munosabatlari
Yangi tuzilgan Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlisga koʻrib chiqish uchun oʻz vakolatlari davridagi faoliyati dasturini taqdim etadi.
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini, Oʻzbekiston Respublikasi budjetining asosiy koʻrsatkichlarini va unga kiritiladigan oʻzgarishlarni ishlab chiqadi hamda Oliy Majlisning tasdigʻiga taqdim etadi.
Vazirlar Mahkamasi oʻz ishi toʻgʻrisida Oliy Majlis oldida hisob berib turadi.
Oliy Majlis Vazirlar Mahkamasi alohida aʼzosining oʻzi rahbarlik qilayotgan davlat yoki xoʻjalik boshqaruvi organi faoliyati masalasi yuzasidan hisobotini eshitishi hamda zarur boʻlganda uning isteʼfoga chiqishi toʻgʻrisida Prezident koʻrib chiqishi uchun taklif kiritishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining aʼzolari Oliy Majlis yigʻilishlarida, uning qoʻmitalari va komissiyalari yigʻilishlarida qatnashish va axborot berish huquqiga egadirlar.
Oliy Majlisning deputatlari Vazirlar Mahkamasi yoki uning alohida aʼzolari faoliyatiga taalluqli masalani qoʻygan taqdirda, Bosh vazir shu masalalar yuzasidan zarur tushuntirish, izohlarni olish va berish huquqiga egadir.
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qoʻmitalari va komissiyalarining Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati faoliyati masalalariga doir tavsiyalari va takliflarini koʻrib chiqadi va ular yuzasidan chora-tadbirlar koʻradi. Tavsiyalar va takliflarni koʻrib chiqish natijalari haqida hamda koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlisning tegishli qoʻmitalari va komissiyalariga ular bilan kelishilgan muddatlarda axborot beradi.
7-modda. Oliy Majlis deputatlari, qoʻmitalari va komissiyalarining soʻrovlariga javoblar
Vazirlar Mahkamasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati aʼzosiga Oliy Majlis majlisida deputatlar, deputatlar guruhi, Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati yoki unga boʻysunuvchi davlat yoki xoʻjalik boshqaruvi organlari faoliyatiga doir soʻrov bilan murojaat qilganlarida, ular Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi majlislarida uch kundan kech boʻlmagan muddatda ogʻzaki yoki yozma javob berishga majburdirlar.
8-modda. Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan munosabatlari
Vazirlar Mahkamasi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan oʻzaro hamkorlik qiladi, uning Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlisning boshqa qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari hamda xoʻjalik va ijtimoiy-madaniy qurilish masalalari boʻyicha boshqa aktlarning qanday bajarilayotganligi haqidagi axborotlarini eshitadi;
Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining takliflarini koʻrib chiqadi;
tarmoqlararo va mintaqaviy eng muhim kompleks dasturlarni amalga oshirishda vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi huquqlariga rioya etilishini taʼminlaydi, bunda kelib chiqadigan nizoli masalalarni hal etadi;
oʻz vakolati doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlariga va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga zid boʻlgan qarorlari va farmoyishlarining ijro etilishini toʻxtatib qoʻyish huquqiga egadir.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasini iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy va milliy rivojlantirishga, uning milliy boyliklaridan oqilona foydalanishga taalluqli masalalar hal etilayotganda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining fikri hisobga olinadi.
Vazirlar Mahkamasi huzurida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Doimiy vakolatxonasi boʻladi.
9-modda. Vazirlar Mahkamasining mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan munosabatlari
Vazirlar Mahkamasi oʻz vakolati doirasida:
hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy rivojlantirishni taʼminlash bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining Vazirlar Mahkamasi tomonidan hal etilishini talab kiladigan masalalar boʻyicha takliflarini koʻrib chiqadi, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarining bajarilishini nazorat qiladi, ularni bajarish yuzasidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarini taklif etish va ularning axborotini tinglashga haqlidir;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan oʻzaro hamkorligini taʼminlaydi, bundan kelib chiqadigan nizoli masalalarni hal etadi;
hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy koʻrsatkichlarini tasdiqlaydi, joylardagi ijro etuvchi hokimiyat apparatining soni va namunaviy tuzilmasini belgilaydi;
viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid boʻlgan qarorlari va farmoyishlarini toʻxtatib qoʻyish va bekor qilishga haqlidir.
IV. VAZIRLAR MAHKAMACINING ASOSIY VAKOLATLARI
10-modda. Vazirlar Mahkamasining iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy rivojlantirish sohasidagi asosiy vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi oʻz vakolatlari doirasida:
iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy jarayonlarni boshqaradi: mulkchilikning barcha shakllarini uygʻunlashtirish va ularning tengligi, iqtisodiyotni monopoliyalashtirishdan chiqarish, bozor iqtisodiyotining huquqiy mexanizmini roʻyobga chiqarish asosida erkin tadbirkorlik uchun shart-sharoitlar yaratadi;
xoʻjalik yuritishning yangi shakllari — konsernlar, konsorsiumlar, tarmoqlararo birlashmalar, turli uyushmalar va boshqa ana shunday tashkilotlarni barpo etishga va mustahkamlashga koʻmaklashadi, xalq xoʻjaligi va aholi talablarini qondirish zaruriyatidan kelib chiqqan holda ular faoliyatini yoʻnaltiradi va muvofiqlashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasida pul va kredit tizimini mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshirishga koʻmaklashadi, yagona narx siyosatini oʻtkazish, mehnatga haq toʻlash miqdorining belgilangan kafolatlarini va ijtimoiy taʼminot darajasini taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
respublika budjetini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish istiqbollarini va eng muhim dasturlarini ishlab chiqishni va ularning ijrosini tashkil etadi;
boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari, idoralari, davlat va xoʻjalik boshqaruvining boshqa organlarini tuzish, qayta tashkil etish va tugatish toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqadi;
fan va texnikani rivojlantirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
fuqarolarni ijtimoiy va huquqiy himoya qilish, ularning mehnat qilish huquqini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻradi, ijtimoiy taʼminot tizimini takomillashtiradi;
sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimini rivojlantirish va takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi, madaniyatni rivojlantirishga koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Respublikasining davlat xavfsizligini va mudofaa qudratini oshirish, davlat chegaralarini qoʻriqlashni taʼminlash, davlat manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquqlari va erkinligini taʼminlash va himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishga koʻmaklashadi;
davlat boshqaruv organlarining tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini birgalikda oʻtkazish hamda respublika va xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan yirik ekologik dasturlarni amalga oshirish borasidagi ishlarni muvofiqlashtiradi, katta avariyalar va falokatlarning, shuningdek, tabiiy ofatlarning oqibatlarini tugatish chora-tadbirlarini koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardagi vakilligini taʼminlaydi, hukumatlararo shartnoma va bitimlar tuzadi, ularni bajarish chora-tadbirlarini koʻradi;
tashqi iqtisodiy faoliyat, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik sohasida rahbarlikni amalga oshiradi.
11-modda. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga rahbarlikning umumiy masalalari
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvining boshqa organlari ishini muvofiqlashtiradi va yoʻnaltiradi.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvining boshqa organlari haqidagi nizomlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda davlat budjetida boʻlgan davlat boshqaruvi boshqa organlarining markaziy apparati xodimlarining sonini va ularga sarflanadigan mablagʻlar miqdorini belgilaydi.
Vazirlar Mahkamasi vazirlarning oʻrinbosarlarini, davlat qoʻmitalari raislarining oʻrinbosarlarini, bosh boshqarmalar hamda davlat boshqaruvi boshqa organlari rahbarlari va ularning oʻrinbosarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi.
Vazirlar Mahkamasi xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarini va vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hayʼatlari aʼzolarini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tashkil etiladigan xoʻjalik boshqaruvi organlari boshqaruvlari aʼzolarini tasdiqlaydi.
Vazirlar Mahkamasi zaruriyat boʻlganda davlat boshqaruvining oʻz vakolatiga kiruvchi ayrim masalalari hal etilishini, agar bu masalalarning hal etilishi qonunchilik bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining mutlaq vakolatiga kiritilmagan boʻlsa, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining oʻziga boʻysunuvchi boshqa organlariga berishi mumkin.
12-modda. Vazirlar Mahkamasining vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvining boshqa organlari faoliyati ustidan nazorati
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi boshqa organlarining faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi boshqa organlarining aktlari amaldagi qonun hujjatlariga zid boʻlgan hollarda ularni bekor qilish huquqiga egadir.
V. VAZIRLAR MAHKAMASI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH VA UNING TARTIBI
13-modda. Faqat Vazirlar Mahkamasi majlislaridagina qaror qabul qilinadigan masalalar
Vazirlar Mahkamasi majlislarida davlat boshqaruvi, xoʻjalik va ijtimoiy-madaniy qurilishning eng muhim masalalari hal etiladi.
Faqat Vazirlar Mahkamasi majlislarida quyidagilar koʻrib chiqiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi budjetini tayyorlash va ijro etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ixtiyoridagi budjetdan tashqari davlat jamgʻarmalarini shakllantirish va ulardan foydalanish masalalari;
boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish masalalari, Oʻzbekiston Respublikasini va uning ayrim mintaqalarini iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy rivojlantirish dasturlari loyihalari;
davlatning qimmatbaho qogʻozlarini chiqarish hajmi hamda Oʻzbekiston Respublikasi davlat ichki va tashqi qarzi koʻlamlari toʻgʻrisidagi takliflar;
soliq va davlat bojlarining stavkalarini belgilash va oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflar;
davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish dasturlarining loyihalari va xususiylashtirishdan olingan mablagʻlardan foydalanishning asosiy yunalishlari toʻgʻrisidagi takliflar;
belgilab qoʻyilgan davlat narxlari qoʻllaniladigan mahsulotlar, tovarlar va xizmatlar roʻyxati;
qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlisga kiritiladigan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari loyihalari;
davlatlararo shartnomalar va bitimlarni imzolash toʻgʻrisida takliflar.
14-modda. Vazirlar Mahkamasining majlislarini oʻtkazish tartibi
Vazirlar Mahkamasining majlislari yilning har choragida kamida bir marta oʻtkaziladi.
Vazirlar Mahkamasining majlislarini Vazirlar Mahkamasining Raisi yoki uning topshirigʻiga binoan Bosh vazir oʻtkazadi.
Vazirlar Mahkamasining majlislarini tayyorlash va oʻtkazish tartibi Vazirlar Mahkamasining Ish tartibi bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun 1999-yil 2-fevraldagi 47-son Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ish tartibi toʻgʻrisida”gi qaroriga qarang.
15-modda. Bosh vazir
Bosh vazir Vazirlar Mahkamasining ishini tashkil etadi.
Bosh vazir:
Bosh Vazirning oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi, keyinchalik bu masala Vazirlar Mahkamasining Raisi tomonidan tasdiqlanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga binoan xalqaro munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan ish koʻradi hamda hukumatlararo shartnomalar va bitimlarni imzolaydi;
Vazirlar Mahkamasining majlisida koʻrib chiqish talab etilmaydigan davlat va xoʻjalik boshqaruvi masalalari boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
Vazirlar Mahkamasi Raisining topshirigʻi boʻyicha boshqa masalalarni ham hal etadi.
Bosh vazir boʻlmagan hollarda uning vazifalarini birinchi oʻrinbosar bajaradi.
16-modda. Bosh vazirning oʻrinbosarlari
Bosh vazirning oʻrinbosarlari vazifalar taqsimotiga muvofiq oʻzlari rahbarlik qiladigan tarmoqlardagi ishlarning ahvoli uchun javob beradilar, ular tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvining boshqa organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni, ularning ishini nazorat qilishni amalga oshiradilar va ularga topshiriq beradilar, Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan takliflarni hamda qaror va farmoyishlar loyihalarini dastlabki tarzda koʻrib chiqadilar.
17-modda. Vazirlar Mahkamasining aʼzolari
Vazirlar Mahkamasining aʼzolari:
oʻzlariga topshirilgan faoliyat sohasi uchun javob beradilar;
Vazirlar Mahkamasi majlislarida masalalarni koʻrib chiqishda ishtirok etadilar;
Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kiruvchi masalalarni koʻrib chiqish haqida takliflar kiritishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlarini ishlab chiqishda tashabbus koʻrsatishlari mumkin;
korxonalarda, muassasalarda va tashkilotlarda boshqa pul toʻlanadigan lavozimni egallash, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga ega emaslar.
18-modda. Vazirlar Mahkamasining Rayosati
Vazirlar Mahkamasining doimiy organi sifatida Bosh vazir va uning oʻrinbosarlaridan iborat tarkibdagi Vazirlar Mahkamasining Rayosati faoliyat koʻrsatadi. Vazirlar Mahkamasi Raisining qaroriga binoan Vazirlar Mahkamasi Rayosatining tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining boshqa aʼzolari ham kiritilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasi Rayosatining hujjatlari qarorlar, farmoyishlar va bayon qarorlar shaklida chiqariladi.
19-modda. Vazirlar Mahkamasining doimiy, vaqtinchalik komissiyalari va boshqa ishchi organlari
Vazirlar Mahkamasi doimiy komissiyalarni tuzadi va ularning vazifalari, vakolatlari hamda faoliyat tartibini belgilaydi.
Davlat va xoʻjalik boshqaruvining alohida masalalari boʻyicha takliflar tayyorlash, Vazirlar Mahkamasining qarori loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining alohida topshiriqlarini bajarish uchun Vazirlar Mahkamasining vaqtinchalik komissiyalari va boshqa ishchi organlari tuzilishi mumkin.
20-modda. Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari
Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
Vazirlar Mahkamasining normativ tusdagi yoki juda muhim ahamiyatga ega boʻlgan hujjatlari Vazirlar Mahkamasining qarorlari shaklida chiqariladi.
Shoshilinch va boshqa joriy masalalar boʻyicha hujjatlar Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari shaklida chiqariladi.
Vazirlar Mahkamasining qarorlari Vazirlar Mahkamasining Raisi yoki uning topshirigʻiga binoan Bosh vazir tomonidan imzolanadi.
Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari Vazirlar Mahkamasining Raisi, Bosh vazir yoki uning birinchi oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, agar ularda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Vazirlar Mahkamasi oʻzi qabul qilgan qarorlarning bajarilishi ustidan bevosita yoki vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari orqali nazoratni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasining normativ tusdagi qarorlari Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplamida eʼlon qilinadi, keng ommaga darhol yetkazish zarur boʻlgan taqdirda esa — ommaviy axborot vositalari orqali maʼlum qilinadi.
21-modda. Vazirlar Mahkamasining apparati
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini tayyorlash, tegishli qarorlar loyihalarini, tahliliy, axborot va boshqa materiallarni tayyorlash, Vazirlar Mahkamasi qarorlarining bajarilishini muntazam ravishda tekshirib borish uchun Vazirlar Mahkamasining apparati faoliyat koʻrsatadi.
Vazirlar Mahkamasining apparati va uning boʻlimlari toʻgʻrisidagi nizom Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining apparati asosiy tarkibiy boʻlinmalarining rahbarlari Bosh vazirning taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasining Raisi tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Tashkent sh.,
1993-yil 6-may ,
818-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 202-modda)