LexUZ sharhi
Mazkur tartib O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2019-yil 11-sentabrdagi 01-02/12-51-sonli “Bojxona nazorati zonalarini tashkil etish tartibi, shuningdek unga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 470-4, 20.09.2019-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mazkur Tartib O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga muvofiq ishlab chiqilib, tovarlarni, transport vositalarini, yo‘lovchilarni, ularning qo‘l yuklarini, bagajini, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi hududida alohida olib o‘tilayotgan valyuta va xalqaro pochta jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvi joylarida bojxona nazorati zonasini tashkil etish va uni faoliyati tartibini belgilaydi.
bojxona nazorati zonasi — bojxona nazoratini o‘tkazish maqsadida shaxslar, tovarlar va transport vositalarining harakatlanishi uchun alohida rejimda saqlanishi zarur bo‘lgan, bojxona organi tomonidan tashkil qilinadigan, O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududining maxsus ajratib va belgilab qo‘yilgan qismi;
bojxona nazorati zonasida ishlab chiqarish va boshqa tijorat faoliyati — bojxona organining funksiyalarini bajarishga to‘sqinlik qilmaydigan, bojxona organining ruxsati hamda nazorati ostida bojxona nazorati zonasida amalga oshiriladigan davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyati;
bojxona nazorati zonasi rejimi — bojxona nazorati zonasining chegarasi orqali va uning hududida bojxona organi tomonidan belgilanadigan shaxslar, tovarlar va transport vositalarining harakatlanishi, shuningdek, ishlab chiqarish va boshqa tijorat faoliyatini amalga oshirish tartibi;
o‘tkazish punkti — xalqaro aloqalar uchun ochiq bo‘lgan bojxona chegarasida joylashgan temir yo‘l va avtomobil o‘tish joylari, dengiz va daryo portlari, aeroportlar va aerodromlar hududi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali shaxslar, tovarlar, transport vositalarining bojxona va boshqa nazorat turlari amalga oshiriladigan hamda o‘tkaziladigan maxsus jihozlangan boshqa joy.
Bojxona nazorati zonalari O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi bo‘ylab, bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshiriladigan joylarda, bojxona organlari faoliyati zonasida va bojxona organlari belgilagan boshqa joylarda tashkil etiladi.
Bojxona nazorati zonasi muayyan joylardan tashqarida bojxona rasmiylashtiruvi va nazorat qilish davri uchun belgilanishi mumkin. Mazkur holatlardagi cheklovlarni ushbu jarayonlarni amalga oshirish uchun tayinlangan bojxona organining mansabdor shaxsi tomonidan aniqlanadi.
Bojxona nazorati zonalari mazkur tashkil etilayotgan bojxona nazorati zonasi joylashgan hududdagi Davlat bojxona qo‘mitasining hududiy boshqarmasi (ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi) rahbari yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning buyrug‘iga asosan tashkil etiladi.
bojxona nazorati zonasining chegarasi hamda uni shaxslar, tovarlar va transport vositalari tomonidan kesib o‘tish joylari;
bojxona nazorati zonasi tashkil etiladigan vaqt (vaqtincha bojxona nazorati zonasi tashkil etilganda).
Buyruq ilovasida bojxona nazorati zonasining chegarasi va hududlarining chizma yoki xaritalar ko‘rinishidagi grafik tasviri bo‘lishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 20-noyabrdagi “Bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 523-son qaroriga muvofiq bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyati uchun litsenziya mavjud bo‘lganda, bojxona nazorati zonasini tashkil etish bo‘yicha buyruq talab etilmaydi.
Bunda bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni bir vaqtning o‘zida bojxona rasmiylashtiruvi va bojxona nazorati joyi hisoblanadi.
Bojxona nazorati zonalarining doiralari fizik-geografik va mahalliy sharoitlarni, tashqi iqtisodiy va xo‘jalik faoliyatining xususiyati hamda jadalligini, shuningdek unda belgilangan rejimni saqlab turishga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan boshqa omillarni hisobga olgan holda belgilanadi. Bojxona nazorati zonalari tegishli belgilar bilan qo‘yiladi. Bojxona nazorati zonasining maydoni barcha majburiy bojxona tartib-taomillari to‘liq hajmda bajarilishi uchun yetarli bo‘lishi kerak.
Bojxona nazorati zonalari doiralarida bojxona organlari tomonidan jismoniy shaxslarning, tovarlarning va transport vositalarining harakatlanish yo‘nalishlari belgilanadi. Zarur bo‘lgan hollarda, yo‘nalishlar chegara qo‘shinlarining bo‘linmalari va hududida O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari o‘z vazifalarini bajarayotgan tashkilot ma’muriyati bilan kelishiladi. Yo‘nalishlar o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi bir xil ko‘rinishdagi ko‘rsatkichlar bilan belgilanadi.
Bojxona nazorati zonasining chegarasini kesib o‘tayotgan va uning hududida harakatlanayotgan shaxslar va transport vositalari:
bojxona organlari tomonidan belgilangan joylarda to‘xtashi va faqat ularning ruxsatlari bilan harakatni davom ettirishi;
tovarlarni va transport vositalarini faqat belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha olib o‘tishi, bojxona organi mansabdor shaxslarining ruxsatisiz ushbu yo‘nalishlardan chetga chiqishga yo‘l qo‘ymasligi;
bojxona organi mansabdor shaxslarining talablariga ko‘ra tovarlarni va transport vositalarini, shuningdek bojxona nazorati uchun zarur hujjatlar va ma’lumotlarni taqdim etishi;
Bojxona organining ruxsatisiz shaxslar, tovarlar va transport vositalarining bojxona organlari belgilab bergan yo‘nalishlardan tashqari harakatlanishi, bojxona nazorati zonasi rejimini buzish hisoblanadi.
Bojxona nazorati zonasi rejimini buzganlik uchun aybdor shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 227-moddasiga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
Bojxona organlarining mansabdor shaxslari vakolatli shaxsdan yoki tashuvchidan tovarlarni va transport vositalarini bojxona chegarasidan va bojxona nazorati zonasi doirasidan bojxona nazorati zonasi rejimiga muvofiq olib o‘tishni talab qilish huquqiga ega. Bojxona organi mansabdor shaxslarining vakolatlari doirasidagi farmoyishlari tovarlarni va transport vositalarini bojxona nazorati zonasining chegarasi orqali va uning doirasida olib o‘tayotgan barcha shaxslar uchun majburiydir.
Bojxona nazorati zonasi rejimiga rioya etilishini nazorat qilish bojxona organi tomonidan amalga oshiriladi.
Bojxona rasmiylashtiruvi joylarida bojxona nazorati zonasini va bojxona organlari joylashuvi hamda ularning rejimini belgilash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar, bojxona organlari hisobidan amalga oshiriladi.
Bojxona nazorati zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi buyruqning bekor qilinishi uning tugatilishiga olib keladi.