O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida
Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘lamini kengaytirish, koronavirus pandemiyasi davrida fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va ehtiyojmand oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, ularning daromadlarini izchil oshirib borish maqsadida:
1. 2021-yilning 1-sentabridan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori 1,1 barobarga oshirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-maydagi PF-138-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.05.2022-y., 06/22/138/0441-son)
3. Budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqlari, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalarning oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar Davlat budjeti va Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplansin.
Ish beruvchilarga ish haqi miqdorlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan holda to‘lashni ta’minlab, ish haqi miqdorlarini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga muvofiq oshirish tavsiya etilsin.
4. Moliya vazirligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ushbu Farmonning maqsadi, vazifalari va undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2021-yil 1-sentabrdan ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
6. Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari D.A. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga 2021-yil 1-noyabrga qadar axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 17-avgust,
PF-6279-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-avgustdagi PF-6279-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan
o‘zgartirishlar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyuldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6038-son Farmonining 2-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-maydagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining moddiy ta’minotini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6224-son Farmonining 1-bandida:
a) “10-maydan” so‘zlari “1-sentabrdan” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) “2,5 million” so‘zlari “2,75 million” so‘zlari bilan almashtirilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-iyundagi “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6241-son Farmonining 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligining eng kam pensiya va nafaqa miqdorlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflarini inobatga olib, 2021-yilning 1-iyulidan boshlab:
a) belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdorida va undan kam pensiya oluvchi shaxslarga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov (keyingi o‘rinlarda — qo‘shimcha to‘lov) joriy etilsin;
b) boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun qo‘shimcha to‘lov joriy etilsin”.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “2021-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4938-son qarorining 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. 2021-yil 1-fevraldan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam miqdorlari — 434 000 so‘mdan 1 085 000 so‘mgacha etib belgilansin”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.08.2021-y., 09/21/6279/0802-son, 30.04.2022-y., 06/22/128/0369-son, 21.05.2022-y., 06/22/138/0441-son; 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)