[
OKOZ:
1.
18.00.00.00 Prokuratura. Advokatura. Notariat. Yuridik xizmat. Adliya organlari. FHDY organlari / 18.01.00.00 Prokuratura / 18.01.01.00 Umumiy qoidalar]
[
TSZ:
1.
Davlat va jamiyat qurilishi / Referendumlar. Saylovlar. Saylov tizimi. Deputat]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Navoiy viloyati prokuraturasi faoliyatini yanada rivojlantirish uchun infratuzilma obyektlarini qurish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021 — 2023-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 28-dekabrdagi PQ-4936-son
qarori
ijrosini ta’minlash maqsadida “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonunga asosan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Navoiy viloyati hokimligining Navoiy viloyati prokuraturasi ma’muriy binosini (keyingi o‘rinlarda — ma’muriy bino) davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish va jihozlash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Ma’muriy binoni davlat-xususiy sheriklik asosida qurish va jihozlash uchun xususiy sherikni tanlash bo‘yicha Bosh prokuratura, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Navoiy viloyati hokimligi va Navoiy viloyati prokuraturasi vakillaridan iborat ishchi guruh (keyingi o‘rinlarda — ishchi guruh) tashkil etilsin.
3. Bosh prokuraturaga ishchi guruh xulosasi asosida ma’muriy binoni qurish va jihozlash uchun tender o‘tkazmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish orqali xususiy sherik bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimni tuzishga ruxsat berilsin.
4. Davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish doirasida Navoiy viloyati prokuraturasiga tegishli Navoiy viloyati, Navoiy shahri, “Yoshlik” MFY hududidagi 3,5 gektar yer uchastkasining:
1 gektarida xususiy sherik tomonidan ma’muriy bino quriladi (jihozlanadi) va davlat sherigi — Bosh prokuraturaga davlat mulki sifatida bepul topshiriladi;
2,5 gektari ma’muriy bino qurilib (jihozlanib), belgilangan tartibda topshirilgandan so‘ng xususiy sherikka doimiy foydalanish huquqi bilan bepul ajratib beriladi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Navoiy viloyati hokimligi va Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida loyiha konsepsiyasi va davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim loyihasini bir oy muddatda ishlab chiqsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi ma’muriy binoning loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazilishi va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi yuzasidan davlat nazoratini o‘rnatsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov hamda Navoiy viloyati hokimi Q.B. Tursunov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 8-may,
292-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.05.2021-y., 09/21/292/0442-son)