[
OKOZ:
1.
13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.04.06 Xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallari / 13.01.61.00 Ta’lim muassasalari]
[
TSZ:
1.
Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Urganch shahrida xalqaro “Binary” universiteti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
Oliy ta’lim sohasida zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarga asoslangan nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatilishini yanada rivojlantirish, oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlashda davlat tashkilotlari va nodavlat tashkilotlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, yetakchi xalqaro ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi bilan “Binary” universiteti (Malayziya) o‘rtasida 2020-yil 8-mayda Urganch shahrida xalqaro “Binary” universitetini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlarning asosiy prinsiplari to‘g‘risida kelishuv (keyingi o‘rinlarda — Kelishuv) imzolanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Xorazm viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda “Binary” universitetining (Malayziya) (keyingi o‘rinlarda — Universitet) Urganch shahrida xalqaro “Binary” universitetini (keyingi o‘rinlarda — Filial) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin:
hududda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishi istiqbollari va ustuvor vazifalarini, zamonaviy tadbirkorlikning rivojlanishi tendensiyalarini inobatga olgan holda tadbirkorlik va boshqaruv, ijtimoiy-iqtisodiy hamda iqtisodiyotning ehtiyoj yuqori bo‘lgan boshqa sohalari bo‘yicha malakali oliy ma’lumotli kadrlarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta’minlash;
o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirishda, shuningdek, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalaridagi dolzarb muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishda respublika va xorijiy yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilish;
Filialda yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ta’lim dasturlarini joriy etish;
xorijning ilg‘or oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik asosida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish;
ta’lim dasturlariga zamonaviy fanlarni kiritib borish, innovatsion hamda ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tatbiq qilish;
ta’lim jarayoniga yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining malakali professor-o‘qituvchilari, olim va mutaxassislarini keng jalb qilish orqali zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish;
professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shu jumladan, ularning stajirovkasini nufuzli xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etish;
respublika iqtisodiyoti tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy qilishni rag‘batlantirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish imkoniyatlarini kengaytirish;
ta’lim va ilm-fanning uzluksizligi va izchilligi tamoyili, shuningdek, jahon ta’limi va ilmiy hamjamiyatga uyg‘un integratsiyalashuvi asosida mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
Filial nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi;
Filialda o‘qitish O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlari talablari inobatga olingan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishgan holda Universitet tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va fan dasturlariga muvofiq ingliz, rus va o‘zbek tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
Filialda bakalavriatning kunduzgi va sirtqi ta’lim shakllari hamda magistratura bo‘yicha kadrlar tayyorlash amalga oshiriladi;
Filialga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish Universitet hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishgan holda Filial tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;
Filial bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasi va Malayziyada oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi;
Filialga Universitet tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ijrochi direktor rahbarlik qiladi;
Filialda talabalar o‘qishi uchun to‘lov-kontrakt mablag‘lari miqdori Universitet tomonidan belgilanadi;
Filialga belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan litsenziya olingandan so‘ng ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etiladi.
5. Quyidagilar:
a) Filial faoliyatini moliyalashtirish, moddiy-texnik va o‘quv-metodik bazasini shakllantirish Filialning o‘z mablag‘lari, o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, shu jumladan, to‘lov-kontrakt bo‘yicha o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, xo‘jalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan olinadigan daromadlar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, grantlar va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshirilishi;
b) Universitet Kelishuvga asosan quyidagilarni ta’minlash majburiyatini o‘ziga olishi:
Filial bitiruvchilariga Universitetning belgilangan namunadagi diplomini berish;
Universitetning yagona elektron bazasiga Filialda tahsil olayotgan talabalar haqida ma’lumotlar hamda talabalarga beriladigan diplomlarning qayd raqamlarini kiritish;
ta’lim jarayoniga innovatsion ta’lim metodlarini, ilg‘or tajribalarni, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini hamda fanning so‘nggi yutuqlarini joriy etish;
pedagoglar va mutaxassislarning malakasini oshirish, Filialning professor-o‘qituvchilari tarkibini qayta tayyorlash;
Filialning kutubxona fondini shakllantirish va uni zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik hamda ilmiy adabiyotlar bilan to‘ldirish;
Filialning o‘quv-laboratoriya bazasini shakllantirish, shuningdek, maxsus fanlarni o‘qitish uchun zamonaviy o‘quv vositalari bilan jihozlash;
Filialni joylashtirish uchun ajratilgan bino va inshootlarni jihozlash;
Filialning har yilgi qabul parametrlarining 5 foizidan kam bo‘lmagan qismini ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli, iqtidorli hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan farzandlari orasidan tanlov asosida abituriyentlarni bepul (Filial granti asosida) o‘qishga qabul qilish uchun ajratish;
Filialda ta’lim jarayonini tashkil etishda mutaxassislik fanlaridan dars berish uchun professor-o‘qituvchilar tarkibining 40 foizidan kam bo‘lmagan qismini malakali xorijiy professor-o‘qituvchilar bilan to‘ldirish;
Filial o‘z faoliyatini tugatgan taqdirda, Filialda tahsil olayotgan talabalarga o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha Universitetda o‘quv jarayonini davom ettirib, Universitetning belgilangan namunadagi diplomini olishga imkoniyat yaratish;
Filialda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari hamda Kelishuv shartlariga muvofiq to‘laqonli ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish;
v) Xorazm viloyati hokimligi Filialni joylashtirish uchun ajratilgan bino va inshootlarni o‘z mablag‘lari hisobiga rekonstruksiya qilish majburiyatini olishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
6. Filial Xorazm viloyati, Urganch shahar, A. Bahodirxon ko‘chasi, 195-uy manzilidagi Urganch davlat universitetining bino va inshootlarida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
Bunda mazkur bino va inshootlar hamda unga tegishli hududni saqlash bilan bog‘liq barcha xarajatlar, jumladan, kommunal to‘lovlar Filial mablag‘lari hisobiga qoplanadi.
7. Xorazm viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Universitetga:
Filial ustavini tasdiqlash hamda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda;
Filialni tanlov asosida malakali professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan ta’minlashda zarur yordam ko‘rsatsin.
8. Filialga o‘quv va ilmiy-tadqiqot ishlariga taklif qilinadigan xorijiy professor-o‘qituvchilarning yashash hamda transport xarajatlarini tuziladigan shartnomalar asosida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflarda to‘lashga ruxsat berilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Filialda ta’lim sifatini ta’minlash hamda qonunchilikka rioya etilishini belgilangan tartibda nazorat qilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.A. Musayev, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov, Xorazm viloyati hokimi F.O‘. Ermanov hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i U.N. Tashkenbayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 17-sentabr,
558-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.09.2020-y., 09/20/558/1293-son)