O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi rais o‘rinbosari B. Mirboboyev, sudyalar U. Bozorov, G. Pirjanov va F. Xusanovadan iborat tarkibda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 109-moddasi birinchi qismining 3-bandiga va “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 1-moddasiga amal qilgan holda “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 21-moddasi birinchi qismining 2-bandini sharhlash haqidagi ishni ochiq sud majlisida ko‘rib chiqdi.
“O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 21-moddasi birinchi qismining 2-bandida agar chet elda doimiy yashovchi shaxs besh yil davomida uzrli sabablarsiz konsullik hisobiga turmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi yo‘qotilishi belgilangan.
Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2011-yil 5-yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqib, xorijga doimiy yashashga chiqish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma rasmiylashtirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari xorijda doimiy yashaydigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lib hisoblanadi.
Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Konstitutsiyaviy suddan “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 21-moddasi birinchi qismining 2-bandini sharhlashni so‘rab, unda doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqarishni, doimiy yashash uchun chet elga chiqishga ruxsatni tegishli ravishda rasmiylashtirmasdan va besh yil davomida uzrli sabablarsiz konsullik hisobiga turmasdan chet elda doimiy yashayotgan shaxslarga nisbatan mazkur normaning qo‘llanilishi mumkinligi masalasini hal qilib berishni so‘ragan.
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 21-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolik o‘rnatiladi. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi, unga qanday asoslarda ega bo‘lganlikdan qat’i nazar, hamma uchun tengdir. Fuqarolikka ega bo‘lish va uni yo‘qotish asoslari hamda tartibi qonun bilan belgilanadi.
2. “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 1-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi shaxs bilan davlatning doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilaydi, bu aloqa ularning o‘zaro huquqlari va burchlarida ifodalanadi. O‘zbekiston Respublikasida har bir kishi fuqaro bo‘lish huquqiga egadir. Hech kim fuqarolikdan yoki fuqarolikni o‘zgartirish huquqidan mahrum qilinishi mumkin emas. O‘zbekiston Respublikasi o‘z idoralari va mansabdor shaxslari orqali O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari oldida mas’uldir, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi esa davlat oldida mas’uldir. O‘zbekiston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida o‘z fuqarolarining huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qiladi.
3. “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 1-moddasining normalari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 15-moddasiga to‘liq mos keladi. Ushbu moddaga muvofiq har bir kishi fuqaro bo‘lish huquqiga egadir. Hech kim fuqarolikdan yoki fuqarolikni o‘zgartirish huquqidan asossiz mahrum qilinishi mumkin emas.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2011-yil 5-yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq xorijda doimiy yashaydigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari — O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqib, xorijga doimiy yashashga chiqish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma rasmiylashtirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari; xorijda vaqtincha bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari — O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan, xorijga chiqib, vaqtincha u yerda bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari; doimiy konsullik ro‘yxati — doimiy yashash uchun xorijga chiqish ruxsatnomasi belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasasi konsullik okrugi hududida doimiy yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini qayddan o‘tkazish; vaqtincha konsullik ro‘yxati — O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan, xorijda vaqtincha bo‘ladigan, xorijga vaqtincha chiqish ruxsatnomasini belgilangan tartibda rasmiylashtirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijdagi O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasalari tomonidan qayddan o‘tkazish.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 1992-yil 20-noyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning IV bo‘limi 2-bandiga muvofiq agar xorijda doimiy yashayotgan shaxs uzrli sabablarsiz besh yil davomida konsullik hisobiga turmasa, konsullik muassasasi materiallarni Tashqi ishlar vazirligiga yuboradi. Tashqi ishlar vazirligi ish materiallarini o‘z xulosasi bilan birga ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik ishlari bo‘yicha komissiyaga yuboradi. Komissiya taqdim etilgan materiallarni ko‘rib chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bir qarorga kelinishi uchun taklif kiritadi.
6. “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasiga muvofiq normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy sharhlash normativ-huquqiy hujjatda noaniqliklar topilgan, u amaliyotda noto‘g‘ri yoki ziddiyatli tarzda qo‘llanilgan taqdirda amalga oshiriladi. Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy sharhlash jarayonida ularga normalarni aniqlashtirishga qaratilgan tuzatishlar, o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ko‘rsatilgan normalarini hamda ish bo‘yicha boshqa materiallarni tahlil qilish asosida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, birinchidan, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi hamma uchun tengdir hamda shaxs bilan davlatning doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilaydi, bu aloqa ularning o‘zaro huquqlari va burchlarida ifodalanadi va ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi Nizomda tushunchalarga mazkur Nizom normalarini qo‘llash maqsadida ta’rif berilgan deb hisoblaydi.