[
OKOZ:
1.
19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.09.00.00 Xalqaro iqtisodiy hamkorlik / 19.09.01.00 Umumiy masalalar]
[
TSZ:
1.
Tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar / Umumiy masalalar]
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Belarus Respublikasi Hukumati o‘rtasida
Shartnoma
2019 — 2023-yillarga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida
Toshkent, 13-sentabr 2018-yil
(O‘zbekiston Respublikasi uchun 2018-yil 13-sentabrdan kuchga kirgan)
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Belarus Respublikasi Hukumati, keyingi o‘rinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan normalari va prinsiplariga tayangan holda o‘zaro manfaatli sherikchilikni yanada chuqurlashtirishga intilib,
O‘zbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi o‘rtasida savdo va ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va diversifikatsiya qilish zarurligini ta’kidlagan holda,
O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasida mavjud iqtisodiy, ishlab chiqarish, moliyaviy va boshqa imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish zarurligini anglagan holda,
ikki davlatning iqtisodiy va ilmiy-texnik salohiyatidan samarali foydalanishda teng huquqli va o‘zaro manfaatli savdo- iqtisodiy va ishlab chiqarish munosabatlarini ularga uzoq muddatli va barqaror xususiyat baxsh etib, yanada mustahkamlash va rivojlantirishni hisobga olgan holda,
1991-yil 6-noyabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlarning asoslari to‘g‘risidagi Shartnomaga hamda 1993-yil 21-yanvarda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi o‘rtasidagi savdo munosabatlari to‘g‘risidagi
Bitimga
amal qilgan holda,
quyidagilar to‘g‘risida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar mazkur Shartnomaning ajralmas qismi hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Belarus Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2019 — 2023-yillarga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlik Dasturini (keyingi o‘rinlarda — “Dastur”) amalga oshiradilar.
2-modda
Tomonlar Dasturni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqishni O‘zbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma hukumatlararo komissiyaga (keyingi o‘rinlarda — “Komissiya”) topshirishga kelishib oldilar.
Dasturning amalga oshirilishi Komissiya majlislarida yiliga kamida bir marta ko‘rib chiqiladi.
3-modda
Tomonlarning ijtimoiy-iqtisodiy hamkorligi davlatlar suveren tengligi, teng huquqlilik, o‘zaro manfaatdorlik tamoyillariga asoslanadi hamda Tomonlarning milliy manfaatlarini inobatga olgan holda xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida mulkchilik shaklidan qat’iy nazar to‘g‘ridan to‘g‘ri hamjihatlik orqali amalga oshiriladi.
Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratadilar.
Tomonlar tadbirkorlik va boshqa xo‘jalik yuritish faoliyatini amalga oshirish uchun qulay iqtisodiy sharoitlar yaratishda, shuningdek o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan loyihalarni amalga oshirishda ko‘maklashadilar.
Tomonlar o‘z zimmalariga boshqa Tomonning iqtisodiyoti manfaatlariga zarar yetkazmaslik majburiyatini oladilar.
4-modda
Tomonlar o‘z davlatlarining iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va ularni yangi texnologik asosga o‘tkazish sohasidagi milliy ustuvor yo‘nalishlarni hisobga olgan holda ikki tomonlama iqtisodiy, savdo, ilmiy va texnikaviy aloqalarni rivojlantiradilar.
Tomonlar iqtisodiyotning turli sohalarida, birinchi navbatda, sanoat va yoqilg‘i-energetika kompleksida, transport va kommunikatsiya sohalarida, qurilish, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtiradilar.
Tomonlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va ikki davlat bozorlarida targ‘ib qilish, agrar sektordagi ilmiy tashkilotlar o‘rtasida keng qamrovli aloqalarni chuqurlashtirish sohalarida hamkorlikni kengaytiradilar.
Tomonlar amalga oshirayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar sohasida hamkorlik qiladilar, ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish va qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etadilar.
5-modda
Mazkur Shartnoma qoidalarini talqin qilishda yoki qo‘llashda yuzaga keladigan nizolar va kelishmovchiliklar Tomonlar o‘rtasida maslahatlashuvlar va muzokaralar yo‘li bilan hal etiladi.
6-modda
Tomonlarning o‘zaro kelishuviga binoan mazkur Shartnomaga uning ajralmas qismlari hisoblanadigan, alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan hamda mazkur Shartnoma kuchga kirishi uchun ko‘zda tutilgan tartibda kuchga kiradigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
7-modda
Mazkur Shartnoma Tomonlar davlatlari ishtirokchi bo‘lgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan Tomonlarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
8-modda
Mazkur Shartnoma imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va 2023-yil 31-dekabrgacha amal qiladi.
Mazkur Shartnoma amal qilishining tugatilishi Dasturga muvofiq mazkur Shartnomaning amal qilishi davrida boshlangan loyihalarni amalga oshirilishiga daxl qilmaydi.
Toshkent shahrida 2018-yil 13-sentabrda ikki asl nusxada, har biri o‘zbek va rus tillarida tuzildi, mazkur Shartnomaning barcha matnlari bir xil yuridik kuchga ega. Bunda mazkur Shartnomaga Ilova
*
rus tilida tuzildi.
* Ilova
rus tilidagi
matnda berilgan.
(imzolar)