O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati o‘rtasida
anglashuv Memorandumi
O‘zbekiston Respublikasining chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirg‘iziston Respublikasi Hukumatining chegaraoldi viloyatlardagi vakolatli vakillari Kengashini tashkil etish to‘g‘risida
Bishkek, 6-sentabr 2017-yil
(O‘zbekiston Respublikasi uchun 2017-yil 6-sentabrdan kuchga kirgan)
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati, keyingi o‘rinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1996-yil 24-dekabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida abadiy do‘stlik to‘g‘risida Shartnomaga amal qilgan holda,
ikki davlat chegaraoldi viloyatlar o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida,
quyidagilar to‘g‘risida o‘zaro anglashuvga erishdilar:
1. Ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor masalalarini samarali hal qilish hamda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi bosh vazirlari boshchiligida O‘zbekiston Respublikasining chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirg‘iziston Respublikasi Hukumatining chegaraoldi viloyatlardagi vakolatli vakillari Kengashini (keyingi o‘rinlarda “Kengash” deb yuritiladi) tashkil etadilar.
2. Kengash tarkibiga O‘zbekiston tomonidan Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari hokimlari, Qirg‘iziston tomonidan Qirg‘iziston Respublikasi Hukumatining Batken, Jalolobod va O‘sh viloyatlaridagi vakolatli vakillari kiradi.
Kengash tarkibiga, shuningdek Tomonlar davlatlarining manfaatdor idoralari va jamoat tashkilotlari vakillari ham kiradi.
3. Kengash majlislarida taklif qilingan shaxslar (kelishuv asosida) ishtirok etishlari mumkin.
4. Kengash zaruriyatga ko‘ra doimiy yoki vaqtinchalik asosda ishchi guruhlar tuzishi mumkin.
5. Kengash majlislari bir yilda kamida ikki marotaba va navbat bilan Tomonlar davlatlari hududida o‘tkaziladi.
Kengash doirasida ko‘rib chiqish taklif etilayotgan hujjatlar loyihalari va materiallar majlisdan kamida bir oy avval yuborilishi lozim.
Viloyatlar rahbarlari Kengash majlisida bevosita ularning vakillari hisoblanadilar.
6. Majlis faoliyatiga hududida Kengashning navbatdagi uchrashuvi o‘tkazilayotgan davlatning Bosh vaziri raislik qiladi, basharti Kengash boshqacha tarzda qaror qabul qilmasa.
7. Ortga qoldirib bo‘lmaydigan masalalarni ko‘rib chiqish uchun Tomonlardan birining tashabbusiga muvofiq navbatdan tashqari Kengash majlislari chaqirilishi mumkin.
Kengashning navbatdan tashqari majlislari tashabbus ko‘rsatgan davlat hududida yoki Tomonlar kelishuviga muvofiq o‘tkaziladi.
8. Kengash quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
muntazam ravishda uch yillik muddatga qabul qilinadigan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi chegaraoldi viloyatlari o‘rtasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish bo‘yicha Qo‘shma tadbirlar rejasining amalga oshirilishini monitoring qilish;
chegaraoldi viloyatlar o‘rtasida barcha sohalardagi ikki tomonlama munosabatlar holatini doimiy monitoring va tahlil qilish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan takliflar ishlab chiqish;
chegaraoldi viloyatlarning har tomonlama hamkorligini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish yuzasidan tavsiyalar tayyorlash;
savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish;
innovatsiya, fan, madaniyat, ta’lim sohalarida, shu jumladan tilni rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, sport, turizm va boshqa o‘zaro manfaatli bo‘lgan sohalarda qo‘shma loyihalar hamda mintaqalararo dasturlarni amalga oshirishga ko‘mak ko‘rsatish;
mintaqa boshqaruvi va hududlarni strategik rivojlantirish sohalarida mutaxassislar bilan almashinuv;
yuzaga kelayotgan masalalarning o‘z vaqtida hal etilishi yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish.
9. Kengash qarorlari konsensus asosida qabul qilinadi va ikki nusxada tuziladigan Bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.
Kengashning qabul qilingan qarorlarini bajarish maqsadida manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tomonidan ularning ijrosi yuzasidan rejalar va dasturlar qabul qilinadi.
10. Qabul qiluvchi davlat Kengash majlisini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplaydi, Kengash majlisining o‘tkazilishi uchun zarur axborot, moddiy-texnik, transport va boshqa tashkiliy sharoitlarni yaratadi.
Yuboruvchi Tomon, basharti Tomonlar o‘rtasida boshqa ahdlashuv bo‘lmasa, Kengash majlisida ishtirok etish uchun Kengashning milliy a’zolari qismini yuborish bo‘yicha xarajatlarni qoplaydi.
11. Majlis davomidagi va ular oralig‘idagi davrda Kengash faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari tomonidan amalga oshiriladi.
12. Kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi ishtirokchi hisoblangan va o‘rnatilgan tartibda kuchga kirgan xalqaro shartnomalar hamda mazkur Memorandumga amal qiladi.
13. Kengashning ishchi tili rus tili hisoblanadi.
14. Tomonlarning o‘zaro roziligi asosida mazkur Memorandumga uning ajralmas qismi hisoblangan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
15. Mazkur Memorandum nomuayyan muddatga tuziladi va imzolangan sanadan kuchga kiradi.
Bishkek shahrida 2017-yil 6-sentabrda ikki asl nusxada o‘zbek, qirg‘iz va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Mazkur Memorandumni talqin qilishda rus tilidagi matn qo‘llaniladi.
(imzolar)