O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati o‘rtasida
Memorandum
Ammiakli selitra tranziti to‘g‘risida
Toshkent, 23-aprel 2018-yil
(O‘zbekiston Respublikasi uchun 2018-yil 23-apreldan kuchga kirgan)
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati, keyingi o‘rinlarda Tomonlar deb ataluvchilar,
2017-yil 6-martda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risida Shartnoma va 2015-yil 8-oktabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlikning asosiy prinsiplari to‘g‘risida Memorandum qoidalariga amal qilib,
savdo-iqtisodiy hamkorlikni keng qamrovli rivojlantirish zaruriyatini tan olib,
ikki mamlakat o‘rtasida transport va yuklar tranziti sohasida hamkorlikni o‘zaro manfaatli asosda rivojlantirish va mustahkamlash maqsadlarida,
quyidagi anglashuvga erishdilar:
1-modda
Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi korxonalari ishlab chiqaradigan va uchinchi mamlakatlarga eksport uchun mo‘ljallangan ammiakli selitrani Turkmaniston hududi orqali tranzitiga ruxsatnoma berish protseduralarini yengillashtirishga kelishdilar.
2-modda
Quyidagilar mazkur Memorandumni amalga oshirish bo‘yicha Tomonlarning vakolatli organlari hisoblanadilar:
Turkmaniston tomonidan — Turkmaniston temir yo‘l transporti vazirligi, “Turkmenximiya” Davlat konserni, Turkmaniston mudofaa vazirligi, Turkmaniston Davlat bojxona xizmati;
O‘zbekiston tomonidan — “O‘zkimyosanoat” AJ va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ.
Mazkur Memorandumni amalga oshirish bo‘yicha vakolatlar Tomonlar davlatlarining boshqa organlariga berilgan yoki ularning nomlari o‘zgargan taqdirda Tomonlar bu to‘g‘risida bir-birlarini diplomatik kanallar orqali xabardor qiladilar.
3-modda
1. Mazkur Memorandumni amalga oshirish maqsadlarida Turkmanistonning vakolatli organlari:
O‘zbekiston Respublikasi korxonalari ishlab chiqaradigan va uchinchi mamlakatlarga eksport uchun mo‘ljallangan ammiakli selitrani Turkmaniston hududi orqali tranzitini tashkillashtirishga ko‘maklashadilar;
tranzit tashishlarning kechiktirilishi va cheklovlarini bartaraf etish uchun zarur choralarni ko‘radi, fors-major holatlar bundan mustasno.
2. O‘zbekistonning vakolatli organlari O‘zbekiston Respublikasi korxonalari ishlab chiqaradigan va uchinchi mamlakatlarga eksport uchun mo‘ljallangan ammiakli selitra tranzitiga ruxsatnomani olish uchun Turkmaniston qonunchiligi asosida barcha zarur hujjatlarning taqdim etilishini ta’minlaydilar.
4-modda
Mazkur Memorandum qoidalarini talqin qilish va qo‘llashda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday nizo va kelishmovchiliklar muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal etiladi.
5-modda
Tomonlarning o‘zaro kelishuvga muvofiq mazkur Memorandumga uning ajralmas qismi hisoblanadigan hamda alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
6-modda
Mazkur Memorandum imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Memorandum 5 (besh) yil muddatga tuziladi, basharti Tomonlardan biri tegishli besh yillik muddat tugashidan 6 (olti) oy avval mazkur Memorandumning amal qilishini tugatish niyati to‘g‘risida boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amal qilishi o‘z-o‘zidan keyingi besh yillik muddatlarga uzayaveradi.
Toshkent shahrida 2018-yil 23-aprelda har biri o‘zbek, turkman va rus tillarida bo‘lgan ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Matnlar o‘rtasida tafovutlar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)