[
OKOZ:
1.
19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.03.00.00 Ijtimoiy-madaniy masalalar bo‘yicha hamkorlik / 19.03.07.00 Turizm va sport sohasidagi xalqaro hamkorlik]
[
TSZ:
1.
Tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar / Umumiy masalalar]
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan Misr Arab Respublikasi Yoshlar va sport vazirligi o‘rtasida
Sport sohasida hamkorlik to‘g‘risida
Anglashuv memorandumi
Toshkent, 5-sentabr 2018-yil
(O‘zbekiston Respublikasi uchun 2018-yil 5-sentabrdan kuchga kirgan)
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Misr Arab Respublikasi Yoshlar va sport vazirligi, keyingi o‘rinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar davlatlari o‘rtasidagi mavjud do‘stona va birodarlik munosabatlarini e’tirof etib,
sport sohasidagi hamkorlik orqali xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamjihatlikni qo‘llab-quvvatlashni istab,
har ikki davlatda sportni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar bilan almashish orqali do‘stona munosabatlarni rag‘batlantirish va rivojlantirish maqsadida,
quyidagilar to‘g‘risida anglashuvga erishdilar:
1-modda
Tomonlar sport sohasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydilar va ushbu maqsadga erishish uchun ikki davlatning manfaatdor idoralariga barcha zarur bo‘lgan yordamni beradilar.
2-modda
Tomonlar quyidagilar orqali sport ta’limi sohasidagi hamkorlikni rag‘batlantiradilar va qo‘llab-quvvatlaydilar:
ikki davlat o‘rtasida sport turlari bo‘yicha murabbiy va hakamlar bilan almashish;
ikki davlat o‘rtasida sport turlari bo‘yicha zamonaviy o‘qitish uslublari sohasida tajriba almashish;
nogironlar uchun sport sohasida tajriba almashish.
3-modda
Tomonlar quyidagilar orqali sport tadbirlarini tashkillashtirish va sport faoliyatini amalga oshirish sohasida hamkorlikni rag‘batlantiradilar va qo‘llab-quvvatlaydilar:
tegishli federatsiyalar va olimpiya qo‘mitalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik qilish orqali ikki davlatda o‘quv- mashg‘ulotlar yig‘inlarini o‘tkazish uchun sport jamoalarini qabul qilish;
tegishli sport federatsiyalari o‘rtasida bevosita muvofiqlashtirish orqali milliy terma jamoalar o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvlarni o‘tkazish;
sport dasturlarida ishtirok etish uchun delegatsiyalar bilan almashish;
sport tadbirlari xavfsizligini ta’minlash, ommaviy tartibsizliklarni oldini olish, sport inqirozini boshqarish sohalarida tajriba almashish.
4-modda
Tomonlar quyidagilar orqali sport inshootlari sohasida hamkorlikni rag‘batlantiradilar va qo‘llab-quvvatlaydilar:
ikki davlatda sport inshootlarini barpo etishda tajriba almashish;
texnik xizmat ko‘rsatish va boshqarishning zamonaviy usullari bilan tanishish uchun ikki davlatdagi sport inshootlariga tashriflarni tashkillashtirish.
5-modda
Tomonlar quyidagilar orqali sport tibbiyoti sohasida hamkorlikni rag‘batlantiradilar va qo‘llab-quvvatlaydilar:
ikki davlatda sport tibbiyoti va antidoping sohalarida amaliy tajriba almashish;
ikki davlatdagi shifoxona va sport tibbiyoti markazlariga tashriflarni tashkillashtirish.
6-modda
Tomonlar quyidagilar orqali sport investitsiyasi sohasidagi hamkorlikni rag‘batlantiradilar va qo‘llab-quvvatlaydilar:
sport anjomlari va sport mashg‘ulotlari bilan bog‘liq mahsulotlar ishlab chiqarishda hamkorlik qilish;
ikki davlatda turizmni ko‘llab-quvvatlaydigan sport tadbirlarini tashkil etish orqali sport turizmini rivojlantirishda hamkorlik qilish.
7-modda
Tomonlar tarmoqlarni boshqarish va sport axborot texnologiyalari sohasida tajriba almashish orqali sport axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni rag‘batlantiradilar va qo‘llab-quvvatlaydilar.
8-modda
Tomonlar quyidagilar orqali sport yetakchilarini tayyorlash sohasidagi hamkorlikni rag‘batlantiradilar va qo‘llab- quvvatlaydilar:
sport sohasidagi zamonaviy ilmiy boshqaruv metodlari bilan tanishish va ularni sport sohasida qo‘llash maqsadida sport yetakchilari uchun tashriflarni tashkillashtirish;
ikki davlatdagi sportni rivojlantirishga qaratilgan sport dasturlari va loyihalari bilan tanishish uchun sport sohasidagi mutaxassislar bilan almashish;
ikki davlatda sportni rivojlantirish uchun sport sohasidagi qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, axborot, nashrlar va ilmiy adabiyotlar bilan almashish;
ikki davlatda sportni rivojlantirish sohasida tadqiqot tanlovlari va qo‘shma ilmiy anjumanlar tashkil etish.
9-modda
Mazkur Memorandumni talqin qilish yoki qo‘llash bilan bog‘liq har qanday nizolar Tomonlar o‘rtasida diplomatik kanallar orqali do‘stona maslahatlashuvlar yo‘li bilan hal etiladi.
10-modda
Tomonlar sport delegatsiyalari bilan almashishni quyidagi moliyaviy shartlarga muvofiq rag‘batlantiradilar:
tashrif buyuradigan Tomon borish va qaytish yo‘l xarajatlarini qoplaydi;
qabul qiluvchi Tomon turarjoy, ichki transport va favqulodda vaziyatlarda tibbiy yordam xarajatlarini qoplaydi.
11-modda
Mazkur Memorandum imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va to‘rt (4) yil davomida amal qiladi. Basharti Tomonlardan biri mazkur Memorandumning amal qilishini tugatish niyati to‘g‘risida yozma ravishda boshqa Tomonni xabardor qilmasa, uning amal qilish muddati o‘z-o‘zidan keyingi tegishli muddatlarga uzayaveradi.
Toshkent shahrida 2018-yil 5-sentabrda har biri o‘zbek, arab va ingliz tillarida bo‘lgan ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Talqin etishda tafovutlar yuzaga kelganda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)