09.08.2012 yildagi JSH-99-12-son
Jinoyat kodeksining 50-moddasi 6-qismida ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotgan ayollarga hamda oltmish yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan tayinlanayotgan jazo muddati ushbu kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum etish eng ko‘p muddatining to‘rtdan uch qismidan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi ko‘rsatilgan.
Oliy sud Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 28-bandida sudlarga Jinoyat kodeksining 50-moddasi 6-qismiga muvofiq, ayollarga hamda oltmish yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo muddati ushbu kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum etish jazosining eng ko‘p muddatining to‘rtdan uch qismidan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi, jinoyatlar yoki hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanayotgan hollar ham bundan mustasno emasligi haqida tushuntirish berilgan.
Jinoyat kodeksining 50-moddasiga muvofiq, ozodlikdan mahrum qilish jazosi olti oydan yigirma yilgacha muddatga belgilanishi, uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi ayollarga nisbatan tayinlanishi mumkin emasligini e’tiborga olib, qonun mazmuniga ko‘ra, ayollarga nisbatan tayinlanadigan jazo muddati 15 yildan ortmasligi lozim bo‘lsa-da, sud B.ga 16 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlab, qonun hamda Oliy sud Plenumi qarori talablarini buzgan.