LexUZ sharhi
Mazkur qaror Xorazm viloyati Xazorasp tumani hokimining 2014-yil 4-martdagi 255-q-sonli “Tumandagi transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq transport vositalarining 2013-yilda majburiy texnik ko‘rigini tashkil qilish maqsadida qaror qilaman:
1. Hazorasp tuman ichki ishlar bo‘limi yo‘l harakati xavfsizligi guruhi (S. Abduraxmonov), Pitnak shahar Militsiya bo‘limi yo‘l harakati xavfsizligi guruhi (E. Sapayev) zarur shart-sharoitlarga (texnik diagnostika uskunalariga, ko‘tarish moslamalariga yoki qarab chiqish uchun chuqurchalarga, nazorat-o‘lchash asboblariga, asfalt yoki beton qoplangan bir tekis gorizontal maydonchaga) va malakali mutaxassislarga ega bo‘lgan tashkilotlarda va texnika xizmati ko‘rsatish stansiyalarida, tumandagi yuridik va jismoniy shaxslarga, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan transport vositalarining majburiy texnik ko‘rikdan (keyingi o‘rinlarda matnda “texnik ko‘rik” deb yuritiladi) o‘tkazilishini ta’minlasin.
2. Tumandagi yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan transport vositalarining texnik ko‘rigi 1 yilda 1 marotaba (22-martdan 30-iyungacha);
tijorat asosida yo‘lovchi tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar va o‘tiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq bo‘lgan (haydovchining o‘rnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, og‘ir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar bir yilda ikki marotaba (22-martdan 30-iyungacha va 1-sentabrdan 31-oktabrgacha);
jismoniy shaxslarga qarashli bo‘lgan transport vositalarining texnik ko‘rigi 1-martdan 31-avgustgacha o‘tkazilsin;
ishlab chiqarilganligiga besh yildan ko‘p bo‘lmagan transport vositalari ikki yilda bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkazilsin (ushbu bandning ikkinchi xatboshisida qayd etilgan bir yilda ikki marta texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan transport vositalari bundan mustasno);
tuman ichki ishlar bo‘limi yo‘l harakati xavfsizligi guruhi ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan boshlab ulardan foydalanishning birinchi yili mobaynida transport vositalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilmaydi (mazkur bandning ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilganlardan tashqari).
3. Transport vositalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi uchun (mototransport, tirkamalar va yarim tirkamalardan tashqari) eng kam oylik ish haqining o‘ndan bir qismi miqdorida yig‘im undiriladi.
Ushbu qarorning 2-bandi ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan transport vositalari ikkinchi marta texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.
Mototransport, tirkamalar, yarimtirkamalar texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi uchun eng kam oylik ish haqining yigirmadan biri miqdorida yig‘im undiriladi.
Birinchi (oldingi) texnik ko‘rikda nosoz deb topilgan transport vositalari takroriy texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi uchun belgilangan miqdorlarda yig‘im undiriladi.
4. Tumandagi transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun tuzilgan komissiya tarkibi 1-ilovaga* muvofiq, yuridik shaxslarga qarashli transport vositalarining 2013-yilgi majburiy texnik ko‘rigini o‘tkazish jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
5. Transport vositalarini texnik ko‘rikka jalb qilishda Yo‘l harakati xavfsizligi guruhiga tuman mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, fuqarolar yig‘ini raislari, tuman IIB, Pitnak shahar MB xodimlari va jamoatchilik asosida amaliy yordam ko‘rsatsin.
6. Tuman ichki ishlar bo‘limi yo‘l harakati xavfsizligi guruhi, transport vositalarining texnik ko‘rigi natijalari bo‘yicha tuman hokimligiga 2013-yil 10-noyabrgacha yozma axborot berish vazifasi topshirilsin.
7. Qaror rasmiy nashrda e’lon qilinsin va davlat hisobiga olish uchun adliya boshqarmasiga taqdim etilsin.