LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Energetika sohasida bozor islohotlarini chuqurlashtirish, energetika tarmoqlari korxonalarini boshqarishni takomillashtirish va ularning ish samaradorligini oshirish hamda shu asosda mamlakat energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash, iqtisodiyot va aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida:
1. Quyidagilar energetika sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari deb hisoblansin:
energetika tarmoqlarini monopoliyadan chiqarish tadbirlarini izchil amalga oshirish, davlat tomonidan tartibga solish darajasini pasaytirish, elektr energiyasini sotish sohasida raqobat muhitini yaratish, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning elektr uzatish liniyalariga bog‘lanishlari uchun teng imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratish;
energetika tarmog‘ining yirik korxonalari — issiqlik elektr stansiyalari, markazlashtirilgan issiqlik-elektr qurilmalari, elektr tarmoqlari korxonalari va boshqalarni bosqichma-bosqich aksiyalashtirish;
ijtimoiy infratuzilma obyektlarini, loyihalash, qurilish-montaj va tuzatish ishlarini olib boruvchi korxonalar va tashkilotlarni jadal sur’atlarda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, ular negizida mulkchilikning nodavlat shakllaridagi korxonalar, shu jumladan xususiy korxonalar tashkil etish;
energetika korxonalarini aksiyalashtirish, ishlab chiqaruvchi quvvatlar va elektr tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, texnika bilan qayta jihozlash va yanada rivojlantirish jarayonlariga chet el investitsiyalarini keng jalb qilish;
elektr ishlab chiqarish, uni uzatish va sotish bo‘yicha boshqaruv tizimiga va xo‘jalik aloqalariga bozor tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish;
2. Energetika korxonalarini monopoliyadan va davlat tasarrufidan chiqarish hamda aksiyalashtirish masalalari bo‘yicha maxsus komissiyaning:
O‘zbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligini tugatish va uning tarkibiy bo‘linmalari negizida ochiq aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi (“O‘zbekenergo DAK”ni tashkil etib, uning tarkibiga mustaqil yuridik shaxs huquqlari bilan “Ko‘mir” aksiyadorlik birlashmasini kiritish;
“O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tuzilmasida elektr energiyasi uzatish bo‘yicha yuqori kuchlanishli tarmoqlar shu’ba korxonasi (“O‘zelektrtarmoq”) tashkil etish;
“O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining elektr energiyasini taqsimlash va sotish bo‘yicha mintaqaviy shu’ba korxonalarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
3. Quyidagilar “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin:
respublika iqtisodiyoti va aholisini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash, respublika energetika tizimi ish rejimlarini boshqarish va muvofiqlashtirish;
elektr energetikasi va ko‘mir sanoatini rivojlantirishning qisqa muddatli va uzoq muddatli prognozlarini hamda maqsadli dasturlarini ishlab chiqish, elektr energiyasi va ko‘mir ishlab chiqarish va iste’mol qilish balanslarini shakllantirish;
ishlab chiqaruvchi quvvatlar va elektr tarmoqlarini, ko‘mir sanoati korxonalarini zamonaviy asbob-uskunalar va ilg‘or texnologiyalar asosida, shu jumladan xorijiy investitsiyalar hisobiga rekonstruksiya qilish, zamonaviylashtirish, texnika bilan qayta jihozlash va yanada rivojlantirish;
ko‘mir qazib olish bo‘yicha geologiya-razvedka ishlarini muvofiqlashtirish, ko‘mir konlarini ochish va ko‘mir qazib olishning samarali tizimlari va usullarini joriy etish, uni ishlab chiqarishni kengaytirish hamda elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarishda undan ustun darajada foydalanish, energiyaning qayta tiklanadigan, shu jumladan noan’anaviy manbalarini rivojlantirish va joriy etish;
respublika korxonalari va tashkilotlari bilan birgalikda elektr energiyasi va ko‘mirni tejash, ulardan oqilona foydalanish va nobudgarchilikni kamaytirish chora-tadbirlari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etish.
“O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi energetika va elektrlashtirish vazirligi tomonidan tuzilgan shartnomalar va majburiyatlar bo‘yicha uning huquqiy vorisi hisoblanadi;
issiqliq elektr stansiyalari, issiqlik elektr markazlari, elektr tarmoqlarining viloyat korxonalari bosqichma-bosqich aksiyalarning nazorat paketini “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasida saqlagan holda aksiyadorlik jamiyatlariga aylanib boradilar.
5. Mustaqil Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat agentligi (“O‘zdavenergonazorat” agentligi) tashkil etilsin.
Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zdavenergonazorat” agentligi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
6. Quyidagilar Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat agentligining asosiy vazifalari etib belgilansin:
elektr energiyasi va ko‘mir ishlab chiqarish, tashish va iste’mol qilish sohasidagi normativ hujjatlar va qoidalarni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda ularning bajarilishini nazorat qilish;
elektr energiyasi va ko‘mir ishlab chiqarish, tashishda xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va ularning amalga oshirilishini tashkil etish;
loyihalarni ekspertizadan o‘tkazishda hamda elektr energiyasi ishlab chiqarish, tashish va iste’mol qilish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangidan qurilgan obyektlarni qabul qilish ishlarida qatnashish;
yagona elektr tizimiga ulanadigan doimiy elektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarishni belgilangan tartibda litsenziyalash ishini tashkil etish.
Keyingi tahrirga qarang.
7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Davlat mulki qo‘mitasi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartishlar va qo‘shimchalar to‘g‘risida bir oy muddatda takliflar kiritsinlar.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston SSR Energetika va elektrlashtirish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida” 1990-yil 28-sentabrdagi PF-57-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mazkur Farmonni amalga oshirish yuzasidan o‘n kun muddatda qaror qabul qilsin.
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 24-fevraldagi 93-son “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2001-yil 24-fevraldagi 94-son “Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat agentligi (“O‘zdavenergonazorat” agentligi) faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlariga qarang.