O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Rais B. Eshonov, sudyalar B. Mirboboyev, U. Bozorov, G. Pirjanov va S. Hakimovadan iborat tarkibda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 3-bandi va “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Qonunining 1-moddasiga amal qilib ochiq majlisda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 59-moddasini sharhlash to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqdi.
Ishni ko‘rib chiqishga “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasiga muvofiq, Soliq kodeksining 59-moddasining qoidalarini tushunishda mavjud bo‘lgan noaniqliklar va huquqni tatbiq qiluvchi organlar tomonidan ushbu qoidalarni qo‘llashdan kelib chiqqan kamchiliklarni aniqlagan sudyalar U. Bozorov, G. Pirjanov, S. Hakimovaning tashabbuslari asos bo‘ldi.
Fuqaro S. Murodxo‘jayevning Soliq kodeksining 59-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq imtiyozga bo‘lgan Konstitutsiyaviy huquqining buzilganligi haqidagi murojaati mazkur masalani ko‘rib chiqishga sabab bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga fuqaro S. Murodxo‘jayev o‘zining O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi 59-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan imtiyozlarga bo‘lgan huquqining buzilganligi haqida murojaat qilgan. S. Murodxo‘jayev aksiyador sifatida respublikaning “O‘zuyjoyjamg‘armabank”, “Aviabank” ATB, “Aloqabank” ATB, “XIFBank” XATB va boshqa banklaridan dividendlar olgan.
Soliq kodeksining 59-moddasi 2 “b”-bandiga muvofiq S. Murodxo‘jayev jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliq bo‘yicha har bir to‘liq oy uchun eng kam ish haqining to‘rt baravari miqdorida imtiyoz huquqiga ega.
Xuddi shu mazmundagi, ya’ni Soliq kodeksi 59-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan imtiyozlar dividend va foizlarga tatbiq qilinishi haqidagi tushuntirish O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi tomonidan 2001-yil 19-yanvarda 15/1-398-sonli xat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yuborilgan.
“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasiga muvofiq, ushbu Qonunda belgilangan shaklda qabul qilingan, umummajburiy davlat ko‘rsatmalari sifatida qonun hujjatlari normalarini belgilash, o‘zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjat normativ-huquqiy hujjat deb hisoblanadi. Shu Qonunning 5-moddasida normativ-huquqiy hujjat hisoblanuvchi hujjatlarning turlari sanab o‘tilgan.
Soliq kodeksining 59-moddasi normalarini noto‘g‘ri tushunilishi va qo‘llanishi nafaqat S. Murodxo‘jayev, balki tegishli imtiyozlarga haqli bo‘lgan boshqa aksiyadorlar uchun ham ma’lum huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarganligi sababli Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining shu moddasiga sharh berish zarur degan xulosaga keldi.
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq “Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart”.
Konstitutsiyaning 51-moddasiga muvofiq “Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lashga majburdirlar”.
2. Soliq kodeksining 11-moddasi 2-bandiga muvofiq, “soliq to‘lovchilar ushbu Kodeksda va boshqa qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan tartibda va asoslarda soliq imtiyozlaridan foydalanish huquqiga egadirlar”.
3. Soliq kodeksining 50-moddasida jismoniy shaxslarning mulkiy daromadiga foizlar, dividendlar bo‘yicha olingan daromadlar va mol-mulkni ijaraga berishdan keladigan daromadlar kirishi belgilangan. Mazkur Kodeksning 56-moddasiga muvofiq “jismoniy shaxslarga to‘lanadigan dividendlar va foizlarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan stavkalar bo‘yicha to‘lov manbaida soliq solinadi”. Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 31-dekabrdagi 541-sonli qarorining 6-sonli ilovasiga muvofiq, jismoniy shaxslarning dividendlari bo‘yicha daromadiga 15 % miqdorda soliq solinadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 59-moddasida jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliqdan ozod qilish tartibi belgilangan. Shu moddaning ikkinchi bandiga muvofiq, jismoniy shaxslar daromadiga solinadigan soliqni to‘lashdan qisman, har bir to‘liq oy uchun eng kam ish haqining to‘rt baravari miqdorida ozod qilinadilar.
Soliq kodeksining 63-moddasida jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliqni to‘lov manbaida ushlab qolish tartibi nazarda tutilgan. Shu moddaning birinchi qismiga muvofiq jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliqni to‘lov manbaida ushlab qolishni to‘lovlarni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar amalga oshirishi shart.
Soliq kodeksi asosida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan “Jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliqlarni hisoblab chiqarish va budjetga to‘lanishi tartibi to‘g‘risida yo‘riqnoma” ishlab chiqilgan va u O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 1998-yilning 11-iyunda 444-son bilan ro‘yxatga olingan (444-1, 444-2, 444-3-sonli o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan). Lekin mazkur yo‘riqnomada Soliq kodeksining 59-moddasi ikkinchi qismida belgilangan imtiyozlardan foydalanadigan soliq to‘lovchiga dividend va foizlarni to‘lash manbaida soliqni qanday ushlab qolish kerak degan savolga javob yo‘q, ya’ni imtiyozlardan foydalanuvchi aksionerlar uchun soliq solishning aniq mexanizmi ishlab chiqilmagan.
Yuqorida bayon qilinganlarga asoslanib va “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 1, 19, 25, 26 va 27-moddalarini qo‘llab, tahlil qilinayotgan normalarni tushunish va tatbiq qilishning bir xilda emasligini qayd qilib, Soliq kodeksining 59-moddasiga sharh berilishi munosabati bilan Konstitutsiyaviy sud qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 59-moddasida nazarda tutilgan imtiyozlar dividendlar va foizlar bo‘yicha olinadigan daromadlarga ham tatbiq qilinadi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 59-moddasini tatbiq qilish bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zlarining idoraviy hujjatlarini mazkur to‘xtamga moslashtirsinlar.