|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.02.2021
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QIShLOQ XO‘JALIGI MAHSULOTLARI YETIShTIRUVChILARNI DAVLAT TOMONIDAN QO‘LLAB-QUVVATLAShNI KUChAYTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishini davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1996-yil 3-apreldagi PF—1416-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Pul-kredit siyosati bo‘yicha respublika komissiyasi 1996-yilda avans berish uchun qorako‘lchilik mahsulotlariga — 150 mln so‘m, pilla yetishtirishga — 200 mln. so‘m va urug‘lik kartoshka sotib olishga — 1,2 mlrd. so‘m miqdorida maqsadli kredit ajratish masalasini bir oy muddatda ko‘rib chiqsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
yangi tashkil etilayotgan mashina-traktor parklariga 1996-yilda 560 mln. so‘m miqdorida aylanma mablag‘lar bersin;
1997-yilgi budjetni tuzishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga zarur bo‘lgan qishloq xo‘jaligi texnikasi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni hamda yetkazib berishni tashkil etish yuzasidan “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” kompaniyasi bilan buyurtmalarni rasmiylashtirish uchun “O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish” davlat-kooperativ qo‘mitasiga imtiyozli maqsadli kredit ajratishni nazarda tutsin.
3. Markaziy bank, “Paxta-bank” va “Mevasabzavotbank”ka belgilangan tartibda:
zarar ko‘rib ishlayotgan qishloq xo‘jaligi korxonalaridan ularning kreditdan foydalanganlik uchun to‘laydigan 131,5 mln. so‘m miqdoridagi ustama foizlarni chegirib tashlash va bank ssudalari bo‘yicha to‘lov muddati o‘tib ketgan hamda ilgari to‘lov muddati kechiktirilgan 250,5 mln. so‘m miqdoridagi qarzlarni to‘lash muddatini 2000-yilgacha kechiktirish;
past rentabelli qishloq xo‘jaligi korxonalariga 769,5 mln. so‘m miqdoridagi to‘lov muddati o‘tib ketgan va ilgari to‘lov muddati kechiktirilgan (to‘lov muddati 1996-yilning 25-apreligacha bo‘lgan) kreditlar bo‘yicha hamda ular bo‘yicha ustama foizlarni to‘lash muddatini 2000-yilgacha kechiktirish tavsiya etilsin.
3-bandning to‘lov muddati uzaytirilgan qarzlarni to‘lashga oid qismi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 15-yanvardagi 24-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
4. “Mevasabzavotbank” va “O‘zsanoatqurilishbank” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 31-oktabrdagi 421-f-son farmoyishiga muvofiq Polshadan kartoshka sotib olish uchun “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasiga ilgari berilgan 146,1 mln. so‘m miqdoridagi kredit bo‘yicha to‘lovlarni 1997-yilning 1-yanvarigacha kechiktirsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, “O‘zdavpaxtasanoatsotish” va “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” uyushmalari, “O‘zdonmahsulot” davlat-aksionerlik korporatsiyasi tijorat banklari bilan birgalikda 1996-yil hosilidan sholi va meva-sabzavotlar uchun — shu yil 15-aprelgacha va paxta xomashyosi uchun — 1-maygacha qishloq xo‘jaligi korxonalariga avans to‘lash yuzasidan ular bilan to‘liq hisob-kitoblarni amalga oshirsinlar.
6. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi, “O‘zgeodezkadastr” 1996-yil 1-avgustgacha yerlarni bonitet ballari asosida mintaqa va tumanlar bo‘yicha baholashni tugallasinlar hamda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsinlar.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasdiqlangan bonitet ballari asosida aniqlangan qishloq xo‘jaligi mintaqalari bo‘yicha yer solig‘ining tabaqalashtirilgan stavkalarini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida 1996-yil 1-oktabrgacha takliflar kiritsinlar.
7. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi, “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasi, Mehnat vazirligi, “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda 1996-yil 1-noyabrgacha ekinlar turlari hamda qishloq xo‘jaligi mintaqalari bo‘yicha 1 gektar ekinzor hisobiga xodimlarning cheklangan soni va moddiy-xomashyo xarajatlari normativlarini ishlab chiqsinlar va ularni Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagandan keyin qishloq xo‘jaligi korxonalariga yetkazsinlar.
8. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zgeodezkadastr”, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi:
davlat yer kadastrini yuritish tartibi va mexanizmi to‘g‘risidagi Nizomni, uni viloyatlar va tumanlar bo‘yicha joriy etish jadvalini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va ko‘rib chiqish uchun taqdim etsinlar;
1996—1997-yillarda qishloq xo‘jaligi yerlarini va shahar hududlarini bonitet ballari bo‘yicha kadastrli baholashni amalga oshirsinlar.
Moliya vazirligi yer kadastrini tuzish va joriy etish bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “O‘zgeodezkadastr” hisob-kitoblariga binoan zarur mablag‘lar ajratishni nazarda tutsin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zgeodezkadastr” Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi, Davlat o‘rmon qo‘mitasi, “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, Melioratsiya va suv xo‘jaligi vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar va tashkilotlar ishtirokida Sanoat rivojlanishi bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti (YuNIDO) bilan birgalikda respublikada yer kadastri va ularni ro‘yxatdan o‘tkazishning elektron tizimini ishlab chiqish va joriy etish ishlarini davom ettirsinlar.
9. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” va “O‘zgo‘shtsutsanoat” uyushmalari, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, “Paxta-bank” va “Mevasabzavotbank” qishloq xo‘jaligi korxonalarining bo‘linmas fondini tashkil etish tartibini hamda uni to‘ldirish uchun foydadan ajratmalar normativlarini ishlab chiqsinlar, ushbu fond mablag‘larini hisobga olish uchun banklarda maxsus schyotlar ochsinlar.
10. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasi “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, Davlat mulki qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, barcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari uchun majburiy bo‘lgan qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun biznes-reja shaklini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
Biznes-rejada ekin maydoni yoki yetishtiriladigan mahsulot birligi hisobiga ishlovchilar cheklangan sonining va moddiy-xomashyo xarajatlarining tasdiqlangan normativlari belgilanishi nazarda tutilsin.
Davlat matbuot qo‘mitasi biznes-rejalar blanklarini nashr etishda ko‘maklashsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasi, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi Moliya vazirligi va “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi bilan birgalikda dastlabki hisobga olish va hisobot tizimini tashkil etishda qat’iy tartib o‘rnatsinlar, xarajatlarni hisobga olish va o‘zaro hisob-kitoblarning chek shaklini hamma joyda joriy etsinlar, qishloq xo‘jaligi korxonalari huzurida, har bir tarkibiy bo‘linmaga subschetlar ochgan holda, moliya-hisob-kitob markazlari tashkil qilish ishlarini davom ettirsinlar.
12. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, vazirlikning agrar siyosatni amalga oshirish masalalarini hal etishdagi mas’uliyatini kuchaytirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirishni muvofiqlashtirib borishni ta’minlash vazifalaridan kelib chiqqan holda, bir oy muddatda vazirlikning nizomini va tuzilmasini qayta ko‘rib chiqsin hamda tasdiqlash uchun kiritsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, tijorat banklari banklar va xo‘jaliklar huzurida qishloq xo‘jaligi texnikasi, mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallari va boshqa mahsulotlar sotib olish yuzasidan kontraktatsiya shartnomalari hamda kontraktlar tuzishda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yuridik konsalting xizmatlari tashkil etsinlar.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari R.A. Giniyatullin zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 12-aprel,
146-son