|
Hujjat 10.02.2006 00 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish |
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oliy taʼlim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq, oliy taʼlim muassasalariga tegishli maʼlumotga, kasbiy tayyorgarlikka va yuksak axloqiy fazilatlarga ega boʻlgan shaxslarni tanlab olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oliy taʼlim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 10-fevral,
20-son
Oliy taʼlim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq, oliy taʼlim muassasalariga pedagog xodimlarni (professor-oʻqituvchilar tarkibini) tanlov asosida ishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Chuqur kasbiy bilimlarga va ilmiy yutuqlarga, ijodiy, ilmiy salohiyatga, yuksak intellektual qobiliyatlar va axloqiy fazilatlarga ega boʻlgan, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablari darajasida mutaxassislar tayyorlash bilan shugʻullanishga munosib boʻlgan eng malakali pedagog kadrlarni tanlash uchun raqobat muhitini yaratish va taʼminlash tanlovning maqsadi hisoblanadi.
II. Lavozimlari tanlov boʻyicha egallanadigan pedagog xodimlar va tanlov qatnashchilariga qoʻyiladigan malaka talablari
2. Pedagog xodimlar (professor-pedagoglar tarkibi) toifasiga kafedra mudiri, professor, dotsent, katta oʻqituvchi, oʻqituvchi (assistent) lavozimini egallab turgan shaxslar kiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oliy taʼlim muassasasining kafedra mudiri, professori, dotsenti, katta oʻqituvchisi, oʻqituvchisi (assistenti) lavozimi besh yil muddatga tanlov boʻyicha egallanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Besh yillik muddat tamom boʻlgandan keyin koʻrsatib oʻtilgan lavozimlar mazkur Nizomga muvofiq tanlov asosida egallanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ikki va undan ortiq teng lavozimlarga bir vaqtda tanlov oʻtkazilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Kafedra mudiri lavozimini egallash uchun tanlovda fan doktori, fan nomzodi ilmiy darajasiga, shuningdek professor yoki dotsent ilmiy unvoniga ega boʻlgan shaxslar qatnashishi mumkin.
Dotsent (fan nomzodi) kafedra mudiri lavozimini egallashga bir besh yillik muddatga qoʻyiladi.
Bir muddat tamom boʻlgandan keyin kafedra mudiri lavozimini egallab turgan va fan doktori ilmiy darajasini olmagan dotsent (fan nomzodi) oliy taʼlim muassasasi rektorining taqdimnomasiga koʻra va boʻysunishiga koʻra tegishli vazirlik yoki idoraning ruxsati bilan kafedra mudiri lavozimini egallashga faqat favqulodda hollarda tanlovda yana qatnashishi mumkin.
Fan nomzodi ilmiy darajasiga yoki dotsent ilmiy unvoniga ega boʻlgan aynan bir shaxsning kafedra mudiri lavozimiga tanlovda ketma-ket uchinchi muddatga qatnashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tillar, jismoniy tarbiya va sport, grafika va chizmachilik, madaniyat va sanʼat yoʻnalishlari kafedra mudirlari lavozimini egallash uchun tanlovda dotsent ilmiy unvoniga (fan nomzodi ilmiy darajasiga) ega boʻlmagan, biroq kamida 5 yillik metodik, ilmiy-pedagogik, ijodiy va tashkiliy faoliyat tajribasiga ega boʻlgan shaxs qatnashishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Professor lavozimini egallash uchun tanlovda, qoidaga koʻra, professor ilmiy unvoniga yoki fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgan shaxs qatnashishi mumkin.
Professor lavozimini egallash uchun tanlovda, shuningdek kamida 5 yillik ilmiy-pedagogik ish stajiga ega boʻlgan, mazkur kafedraning taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari muallifi boʻlgan fan nomzodi ilmiy darajasiga yoki dotsent ilmiy unvoniga ega boʻlgan shaxs bir muddatga qatnashishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Dotsent lavozimini egallash uchun tanlovda, qoidaga koʻra, tegishli mutaxassislik boʻyicha dotsent, katta ilmiy xodim ilmiy unvoniga yoki fan doktori (nomzodi) ilmiy darajasiga ega boʻlgan shaxs qatnashishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Bir muddatga dotsent lavozimini egallash uchun tanlovda, shuningdek tegishli ilmiy unvonga va ilmiy darajaga ega boʻlmagan, biroq ushbu mutaxassislik boʻyicha kamida 3 yillik amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan, mazkur kafedraning taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari muallifi boʻlgan yuqori malakali mutaxassis ham qatnashishi mumkin.
7. Katta oʻqituvchi lavozimini egallash uchun tanlovda oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxs (magistr, diplomli mutaxassis), shuningdek ilmiy daraja va ilmiy unvonga ega boʻlgan hamda bunday daraja va unvonga ega boʻlmagan, biroq oʻqituvchilik, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish ishlari tajribasiga ega boʻlgan shaxslar ham qatnashishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oʻqituvchi (assistent) lavozimini egallash uchun tanlovda tegishli mutaxassislik boʻyicha oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxs (magistr, diplomli mutaxassis) qatnashishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Homilador ayollar, shuningdek uch yoshgacha bolalari boʻlgan ayollar egallab turgan lavozimlarga tanlov eʼlon qilinmaydi.
10. Oliy taʼlim muassasalariga oʻqituvchi lavozimiga soatbay haq toʻlash shartlarida ishga kirayotgan shaxslar tanlovsiz, rektor buyrugʻi bilan, belgilangan tartibda qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Aspiranturani bitiruvchi tugatish yilida, shuningdek oliy taʼlim muassasasini bitirgan mutaxassis taqsimot boʻyicha oʻqituvchi lavozimiga tanlovdan tashqari, 3 yil muddatga tayinlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Tanlovlarni oʻtkazish tartibi
12. Oliy taʼlim muassasasi saylanish muddati mazkur oʻquv yilida tugaydigan kafedra mudirlari, professorlar, dotsentlar, katta oʻqituvchilar, oʻqituvchilar va assistentlar lavozimlarini egallash uchun, shuningdek boʻsh lavozimlarga tanlov eʼlon qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Tanlov boʻyicha saylov oliy taʼlim muassasalarining ilmiy kengashlarida yoki fakultetlarning ilmiy kengashlarida oʻtkaziladi. Oliy taʼlim muassasasining ilmiy kengashida yoki fakultetning ilmiy kengashida saylanadigan lavozimlarni belgilash huquqi oliy taʼlim muassasasining rektoriga tegishli boʻladi.
Kafedra mudirlari va professorlar oliy taʼlim muassasalarining ilmiy kengashlarida tanlov boʻyicha oʻtadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Tanlovlar vaqtli matbuotda yoki boshqa ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan oliy taʼlim muassasasining koʻp nusxali gazetasida eʼlon qilinadi. Tanlovda qatnashish uchun arizalar eʼlon chiqqan kundan boshlab bir oydan kechikmay berilishi kerak.
15. Tanlovda qatnashishni xohlovchilar oliy taʼlim muassasasi rektori nomiga ariza beradilar, arizaga kadrlarni hisobga olish boʻyicha shaxsiy varaqa va oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomlar nusxasi ilova qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Qatnashuvchilarda ilmiy daraja, ilmiy unvon, shuningdek ilmiy ishlar va ixtirolar mavjud boʻlgan taqdirda ular tegishli diplomlar, attestatlar nusxalarini va ilmiy ishlar roʻyxatini, malaka oshirish toʻgʻrisidagi guvohnomalarni taqdim etishlari kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Tanlovga tushgan barcha hujjatlar oldindan kafedra majlisida koʻrib chiqiladi. Ilgari kafedrada ishlamagan shaxslarning hujjatlarini koʻrib chiqishdan oldin ular tomonidan sinov leksiyalari (mazkur oliy taʼlim muassasasi oʻqituvchilari uchun — ochiq mashgʻulotlar) oʻtkaziladi. Sinov leksiyalari va ochiq mashgʻulotlar mavzulari kafedra predmetlari boʻyicha oʻquv dasturi talablariga muvofiq boʻlishi kerak. Tanlov qatnashchilarini test sinovlaridan oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi. Kafedra mudiri lavozimiga nomzodlarni muhokama qilish boʻyicha majlisni fakultet dekani (oliy taʼlim muassasalari umumiy kafedralarida – prorektor oʻtkazadi).
Ilgari oʻzi egallab kelgan lavozim uchun tanlovda qatnashuvchi shaxslar kafedra majlisida tanlovdan oldingi davrdagi ilmiy-pedagogik, metodik, tarbiyaviy va boshqa ishlari toʻgʻrisida hisobot beradi.
Kafedra ilgari egallab kelgan lavozimi uchun tanlovda qatnashuvchi har qaysi nomzod boʻyicha materiallarni koʻrib chiqish natijalariga koʻra, ochiq yoki yashirin ovoz bergan holda, kafedraning shtatdagi oʻqituvchilarining (shu jumladan oʻrindoshlik tartibida ishlayotgan oʻqituvchilarining) va ilmiy xodimlarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan tavsiyanoma qabul qiladi va uni oʻqituvchining hisoboti bilan birga oliy taʼlim muassasasi (fakultet) ilmiy kengashiga joʻnatadi.
Fakultetning kafedra aʼzosi hisoblanmaydigan dekani (prorektor) kafedra mudiri lavozimiga nomzodlar boʻyicha tavsiyanomalar qabul qilishda ovoz berishda qatnashmaydi. Egallash uchun tanlov eʼlon qilingan lavozimni egallab turgan shaxs materiallarni koʻrib chiqish chogʻida ovoz berishda qatnashmaydi.
17. Har qaysi nomzod boʻyicha ilmiy kengash majlisida yashirin ovoz berishni oʻtkazishdan oldin kafedraning tavsiyanomasi oʻqib eshittiriladi.
18. Mazkur lavozim uchun tanlovda qatnashuvchi barcha shaxslarning familiyasi yashirin ovoz berish uchun bitta byulletenga kiritiladi.
Ovoz berish byulletenda ovoz berilayotgan nomzodning familiyasi roʻparasiga tegishli belgi qoʻyish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Faqat bitta nomzod uchun ovoz berishga yoʻl qoʻyiladi.
Agar byulletenda ovoz berish uchun birorta ham belgi qoʻyilmagan boʻlsa yoxud belgi ikki yoki undan koʻp familiyalar roʻparasiga qoʻyilgan boʻlsa, u holda bunday byulleten buzilgan hisoblanadi va ovozlarni hisoblashda hisobga olinmaydi.
19. Ovozlarni hisoblash uchun ilmiy kengash ovoz berish boshlanishidan oldin tarkibida ilmiy kengashning kamida uch nafar aʼzosi boʻlgan sanoq komissiyasini saylaydi. Sanoq komissiyasi har qaysi nomzod boʻyicha ovoz berish natijalarini eʼlon qiladi.
Sanoq komissiyasi protokoli ilmiy kengash tomonidan tasdiqlanadi va tanlov materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.
20. Tanlovni oʻtkazishda ilmiy kengash qarori, agar ovoz berishda ilmiy kengashning tasdiqlangan (roʻyxatdagi) tarkibidagi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashgan boʻlsa vakolatli hisoblanadi. Ilmiy kengashning ovoz berishda qatnashgan aʼzolarining koʻpchilik ovozini, biroq kamida 50 foiz ovozini olgan nomzod tanlovdan oʻtgan hisoblanadi.
Birortasi ham talab qilingan miqdorda ovoz ololmagan ikki nafardan koʻp nomzodlar qatnashgan taqdirda ilmiy kengashning aynan shu majlisida dastlabki ikki talabgor oʻrtasida takroriy ovoz berish oʻtkaziladi. Agar ikki nomzod qatnashgan tanlovni oʻtkazishda ovozlar soni teng boʻlib qolsa raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Ilmiy kengash qarori oliy taʼlim muassasasi rektorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Tanlovda qatnashish uchun arizalar mavjud boʻlmagan taqdirda, shuningdek muayyan lavozim uchun faqat bitta nomzoddan ariza tushganda tanlov oʻtkazilmagan hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Lavozimlarni egallash uchun oʻqituvchilarni tanlash boʻyicha kafedra va ilmiy kengash majlislari ochiq tartibda oʻtadi. Tanlovda qatnashuvchilarga ularning nomzodlari muhokama qilinadigan kafedra va ilmiy kengash majlislarida qatnashish yoki ularning xohishiga koʻra kafedra yoki ilmiy kengash qarori bilan tanishish huquqi beriladi.
22. Ilmiy kengash kotibi tanlov natijalari toʻgʻrisida oʻn kun muddatda unda qatnashgan shaxslarni yozma ravishda xabardor qiladi.
23. Oliy taʼlim muassasasi (fakultet) ilmiy kengashining qarori, agar u ushbu Nizom talablariga rioya etilgan holda qabul qilingan boʻlsa, uzil-kesil hisoblanadi.
IV. Mehnat shartnomasi (kontrakt)ni tuzish, oʻzgartirish va toʻxtatish
24. Ushbu oliy taʼlim muassasasida ishlamaydigan va professor-oʻqituvchilar tarkibidagi lavozimga tanlovdan oʻtgan shaxslar bilan belgilangan tartibda mehnat shartnomalari tuziladi, mehnat shartnomalari asosida ularni 5 yil muddatga ishga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq chiqariladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Mehnat shartnomalarida ish beruvchi tomonidan har 5 yilda xodim egallab kelgan lavozim uchun tanlov oʻtkazilishi belgilab qoʻyiladi, xodim esa tanlovda qatnashishga haqlidir.
Xodim mehnat shartnomasi tuzilgandan keyin ishga kirishishi shart boʻlgan muddat tomonlarning kelishuviga koʻra belgilanadi, biroq ushbu muddat uch oydan oshishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Mazkur oliy taʼlim muassasasida ishlaydigan va tanlov boʻyicha saylangan shaxslarning mehnat shartnomalariga quyidagilar yozib qoʻyiladi:
a) ular ilgari egallab kelgan lavozim uchun — mehnat munosabatlarini yangi muddatga uzaytirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yoziladi va tegishli buyruq chiqariladi;
b) boshqa lavozimlar uchun — tanlovdan oʻtganlik toʻgʻrisida ilmiy kengash protokoli qayd etilgan holda tegishli oʻzgartirishlar yoziladi va boshqa lavozimga oʻtkazish toʻgʻrisida buyruq chiqariladi.
Davlat boshqaruvi organi qaroriga koʻra professor-oʻqituvchilar tarkibi attestatsiyadan oʻtkazilgan taqdirda attestatsiya yakunlariga koʻra ish beruvchi va xodimlar oʻrtasidagi mehnat munosabatlari masalalari, shaxsning tanlov boʻyicha egallanadigan lavozimda boʻlish muddatidan qatʼi nazar, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Ilgari egallab kelgan lavozimi uchun tanlovdan oʻtmagan, shuningdek tanlovda qatnashish uchun ariza bermagan shaxslar bilan mehnat shartnomasi yangi muddatga tanlovdan oʻtmaganligi yoxud tanlovda qatnashishni rad etganligi sababli oʻquv yili tugagandan keyin mehnat qonunchiligiga muvofiq toʻxtatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Kafedralar birlashtirilganda yoki kafedra boʻlinganda professor-oʻqituvchilar tarkibi boʻyicha muddatidan oldin tanlovlar oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Kafedralar birlashtirilgan taqdirda yangidan tashkil etilgan kafedra mudiri lavozimini egallash toʻgʻrisidagi masalani oliy taʼlim muassasasining ilmiy kengashi oldindan tanlov eʼlon qilmasdan, yashirin ovoz berish yoʻli bilan hal qiladi.
Kafedra boʻlingan taqdirda uning mudiri saylangan muddati oʻtgungacha, rektor buyrugʻi bilan yangidan tashkil etilgan kafedralardan birining mudiri lavozimiga tayinlanadi. Boshqa kafedraning mudiri lavozimiga tanlov boʻyicha mudir tayinlanadi.
28. Oliy taʼlim muassasasi rektoriga tanlov oʻtkazilgungacha kafedraning yetakchi oʻqituvchilaridan bittasiga yoki dekanga boʻsh kafedra mudiri lavozimi boʻyicha vazifalarni bajarishni yuklashga ruxsat etiladi.
Vakillik organlarida saylab qoʻyiladigan lavozimga saylanishi natijasida uning bilan mehnat shartnomasi toʻxtatilgan oʻqituvchi uning saylov boʻyicha vakolatlari tugagandan keyin tanlov natijalariga koʻra saylangan muddati tugagungacha mazkur oliy taʼlim muassasasining ilgari egallab kelgan yoki unga teng boʻlgan professor-oʻqituvchilar tarkibidagi lavozimga tayinlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Oliy taʼlim muassasasi rektoriga oliy taʼlim muassasasi (fakultet) ilmiy kengashida koʻrib chiqish uchun pedagog xodimlarning egallab turgan lavozimlariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalani kiritish huquqi beriladi.
Oliy taʼlim muassasasi (fakultet) ilmiy kengashida pedagog xodimning egallab turgan lavozimiga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishdan oldin uning ishlari rektor tasdiqlaydigan komissiya tomonidan tekshirilishi kerak. Ilmiy kengash qarori asosida pedagog xodimni egallab turgan lavozimiga nomuvofiqligi boʻyicha vazifasidan ozod qilishga uning malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli ilmiy-metodik va tarbiyaviy ishlar, shuningdek leksiyalar va seminar mashgʻulotlari oʻtkazish darajasi past boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar ilmiy kengash qaroriga koʻra kafedra mudiri, professor, dotsent, katta oʻqituvchi, oʻqituvchi (assistent) egallab turgan lavozimiga nomuvofiq deb eʼtirof etilsa, u holda uning bilan tuzilgan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda toʻxtatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Kafedra mudiri bilan tuzilgan mehnat shartnomasi, shuningdek kafedraga rahbarlik qilish boʻyicha oʻz funksional vazifalarini bajarmaganligi yoki zarur darajada bajarmaganligi sababli ilmiy kengash qaroriga binoan toʻxtatilishi mumkin.
30. Oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilar tarkibidagi shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini toʻxtatish masalalariga doir mehnat nizolari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 6-7-son, 36-modda; 2015-y., 34-son, 455-modda; 2017-y., 23-son, 472-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/898/0234-son; 28.02.2019-y., 09/19/181/2689-son; 10.06.2019-y., 09/19/473/3258-son; 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son; 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son; 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)