OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
Qarori
XALQ TAʼLIMI XODIMLARI MEHNATIGA HAQ TOʻLASh TIZIMINI TAKOMILLAShTIRISh VA UNI MODDIY RAGʻBATLANTIRIShNI KUChAYTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki kunlaridan boshlab oʻqituvchilik kasbining ahamiyati va nufuzini yuqori koʻtarish boʻyicha aniq maqsadga qaratilgan ishlar izchillik bilan roʻyobga chiqarilmoqda, pedagoglarning moddiy turmush sharoitlarini yaxshilashga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Oʻqituvchilarning masʼuliyatli mehnati va ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatish hamisha davlatning diqqat markazida turadi. Keyingi yillarda xalq taʼlimi tizimi xodimlarining ish haqi miqdorlari bir necha marta oshirildi. Oʻqituvchilarga alohida ustama haqlar joriy etilishi va taʼlim standartlari talablariga muvofiq pedagoglarning ish yuklamalari maqbullashtirilgani xalq taʼlimi sohasiga yosh mutaxassislar kelib qoʻshilishiga imkoniyat yaratdi.
Shu bilan birga, oʻqituvchilar mehnatini ragʻbatlantirishning amaldagi tizimi maktab taʼlimining zaif boʻgʻini boʻlib qolmoqdaki, bunda pedagoglarning isteʼdodi, kasb mahorati hamon ular mehnatiga haq toʻlashning eng muhim belgilovchi koʻrsatkichi boʻlib qolgani yoʻq. Amaldagi tarif stavkalari darajasi pastligi, ustama haqlarni belgilashning aniq va oshkora mexanizmi yoʻqligi oʻqituvchilarning shaxsiy xissasi namoyon boʻlmasligiga va maktablarning pedagogik salohiyatini pasaytirishga olib kelmoqda.
Oʻqituvchilar mehnatiga haq toʻlash tizimini yanada takomillashtirish, isteʼdodli, oʻz kasbiga sodiq umumtaʼlim muassasalari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va mehnatiga haq toʻlashning sifat jihatidan yangi mexanizmini joriy etish, oʻsib kelayotgan avlodni uygʻun kamol toptirish jarayonida ularning masʼuliyatini kuchaytirish va shaxsiy hissasini oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar pedagog xodimlar mehnatiga haq toʻlash takomillashtirilgan tizimining bosh vazifalari etib belgilansin:
oʻz kasbiga sadoqat va tashabbuskorlik, yuksak kasb mahoratini namoyon etayotgan, taʼlim-tarbiya jarayoniga katta shaxsiy hissa qoʻshayotgan talantli pedagoglar ragʻbatlantirilishini nazarda tutuvchi xalq taʼlimi oʻqituvchilari va boshqa xodimlarining hissasi munosib baholanishini taʼminlash;
amaldagi ish haqi darajasini saqlab qolishgagina emas, balki eng muhimi — uning oʻsishini taʼminlashni hisobga olgan holda mehnatga haq toʻlashning xolis va oshkora mexanizmini joriy etish, amaldagi ustamalar va qoʻshimcha haqni unifikatsiyalash;
umumtaʼlim muassasalari pedagog xodimlarining kasb faoliyatiga talab oshganligidan kelib chiqib, ular mehnatini moddiy ragʻbatlantirishni tabaqalashtirish;
maktablarning mustaqilligini yanada oshirish hamda direktorlar va oʻqituvchilar jamoasining oʻqituvchilar mehnatini xolisona baholash va ragʻbatlantirish bilan bogʻliq ishlarda qatnashish huquqlarini kengaytirish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Moliya vazirligining:
2006-yil 1-yanvardan boshlab xalq taʼlimi muassasalari xodimlarining malaka toifalari va lavozimlari boʻyicha bazaviy tarif stavkalarini belgilagan holda xalq taʼlimi muassasalari pedagoglari va rahbar xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish;
oʻqituvchilarga tarbiyaviy va sinfdan tashqari ishlarni bajarganlik, kasb mahorati va oʻquv jarayoniga qoʻshgan aniq hissasi, yuqori natijalar va taʼlim sifati uchun bazaviy stavkalarga ustama haq, shuningdek ushbu muassasalarning xodimlariga bir marta beriladigan mukofotlar va moddiy yordam berish uchun Umumtaʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini ragʻbatlantirishning direktor jamgʻarmasini tashkil etish;
qonun hujjatlarida belgilangan ustamalarni, shuningdek mukofotlar va moddiy yordam berish uchun umumtaʼlim muassasalaridan tashqari Maktabgacha, maktabdan tashqari va xalq taʼlimi boshqa muassasalari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasini saqlab qolish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining umumtaʼlim muassasalari xodimlarining mehnat haqini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarini amalga oshirish hisobidan ularning ish haqi kelgusi yilda barcha haq toʻlash manbalari hisobiga (har yilgi indeksatsiyalar bu hisobga kirmaydi) oʻrta hisobda 1,3 baravar oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Belgilansinki, Umumtaʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini ragʻbatlantirishning direktor jamgʻarmasi mablagʻlarini tasarruf etish har bir umumtaʼlim muassasasi — maktabda, tegishli muassasa rahbari boshchiligida hamda pedagoglar va ota-onalar jamoatchiligi vakillari ishtirokida tashkil etiladigan maxsus komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.
4. 2006-yil 1-yanvardan boshlab umumtaʼlim muassasalari direktorlari hamda direktorlarning oʻquv va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlarining ish haqi miqdori oʻrtacha 1,4 baravar koʻpaytirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2006-yilgi Davlat budjeti doirasida xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish hamda umumtaʼlim muassasalari direktorlari va direktor oʻrinbosarlarining ish haqini koʻpaytirish bilan bogʻliq xarajatlar oʻz vaqtida va toʻliq moliyalashtirilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu qarorda belgilangan vazifalarning amalga oshirish muhimligini nazarda tutgan holda:
oʻz majlisida xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini, Xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlash, Umumtaʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini ragʻbatlantirishning direktor jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlasin;
xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirish bilan bogʻliq chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan qatiy monitoring oʻrnatsin va uning natijalarini har chorakda oʻz majlislarida muhokama qilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 25-noyabr,
PQ–227-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 47-48-son, 353-modda)