|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 24.03.2000
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
PUL MUOMALASINI BARQARORLAShTIRIShGA OID QO‘ShIMChA ChORALAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 24-martdagi 104-son “Bank tizimini isloh qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
SSSR Davlat banki va Rossiya bankining 1961—1992-yillarda chiqarilgan qog‘oz pullari sobiq SSSRning ko‘pchilik mamlakatlari hududida muomalada bo‘lishi to‘xtatilganligi munosabati bilan hamda respublikaning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va pul muomalasini barqarorlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Bundan buyon, 1993-yilning 9-noyabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining alohida farmoyishi chiqqunga qadar SSSR davlat banki va Rossiya bankining 1961—1992-yillar nusxasidagi naqd rubl qog‘oz pullarini aholi tomonidan omonatlarga qo‘yishda quyidagi tartib o‘rnatilsin:
— doimiy propiskaga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mavjud omonatlarini bir yo‘la 200 ming rubldan oshmaydigan mikdorda to‘ldirishga, qo‘yilgan omonatlari bo‘lmagan taqdirda esa shuncha miqdorda yangi omonatni qo‘yishga haqlidirlar. Ish haqi, pensiyalar, alimentlar, stipendiyalar va nafaqalarniig tushumlari bo‘yicha naqd pulsiz o‘tkazilgan mablag‘lar ularda hisobga olinmaydi. Jamg‘arma bankining muassasalari omonatchining pasportiga kiritilgan omonat to‘g‘risida belgi qo‘yadi, bu esa xodimning imzosi va muhr bilan tasdiqlanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning uchinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-maydagi 236-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-maydagi 236-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
3. Jamg‘arma banki mahalliy muassasalarining O‘zbekiston hududida propiskada turmagan va O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari bo‘lmagan shaxslardan omonatlarni qabul qilib olishi taqiqlansin.
4. Respublika Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qo‘shimcha ko‘rsatmalarini olgunga qadar yangi tashkil etilayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni ro‘yxatga olish hamda bank muassasalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga yangi schyotlar ochish to‘xtatib turilsin.
5. Ko‘zda tutilayotgan tadbirlar munosabati bilan banklarga va xo‘jalik yurituvchi subyektlarga chakana savdoda va pulli xizmatlar sohasida naqd pulsiz hisob-kitoblarning barcha shakllaridan kengroq foydalanish tavsiya etilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ushbu qaror qat’iy ijro etilishi ustidan ta’sirchan nazoratni ta’minlasinlar.
7. Mazkur qaror bilan respublika aholisini keng ko‘lamda tanishtirish uchun u ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinib, banklarning barcha muassasalarida osib qo‘yilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 6-noyabr,
533-son