1.06.00.00.00 Ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy sugʻurta toʻgʻrisidagi qonunchilik. Ijtimoiy himoya / 06.03.00.00 Ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy sugʻurtani moliyalashtirish / 06.03.05.00 Jamgʻarib boriladigan pensiya hisob raqami (shuningdek, 06.06.12.00ga qarang);
2.06.00.00.00 Ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy sugʻurta toʻgʻrisidagi qonunchilik. Ijtimoiy himoya / 06.06.00.00 Pensiyalar / 06.06.12.00 Jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti (shuningdek, 06.03.05.00ga qarang)]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ijtimoiy sugʻurta, ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy himoya]
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVINING
Qarori
Ish beruvchilar tomonidan fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy badallarni qoʻshish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2005-yil 6-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1515]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2024-yil 17-oktabrdagi 184-son, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasining 2024-yil 10-oktabrdagi 2024-21-son, Markaziy banki boshqaruvining 2024-yil 8-oktabrdagi 364-B-sonli “Ish beruvchilar tomonidan fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy jamgʻarib boriladigan pensiya badallarini hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3577, 20.11.2024-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 51-son, 512-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 28-iyundagi PQ–110-sonli “Jamgʻarib boriladigan pensiya tizimini takomillashtirish va texnika bilan jihozlash borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-yil, 25-26-son, 179-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 21-dekabrdagi 595-sonli “Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga muvofiq (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 51-son, 516-modda) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladilar:
1. Ilova qilinayotgan Ish beruvchilar tomonidan fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy badallarni qoʻshish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach amalga kiritilsin.
Moliya vaziri S. RAHIMOV
Toshkent sh.
29-avgust 2005-y.,
76-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.
29-avgust 2005-y.,
2005-47-son
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.
29-avgust 2005-y.,
267-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Markaziy banki Boshqaruvining 2005-yil 29-avgustdagi 76, 2005-47, 267-V-sonli qarori bilan
TASDIQLANGAN
Ish beruvchilar tomonidan fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy badallarni qoʻshish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonun (Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 51-son, 512-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 28-iyundagi “Jamgʻarib boriladigan pensiya tizimini takomillashtirish va texnika bilan jihozlash borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PQ-110-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-yil, 25-26-son, 179-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 21-dekabrdagi “Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 595-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 51-son, 516-modda) muvofiq ishlab chiqilgan va ish beruvchilar tomonidan fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga (bundan keyin matnda SHJBPH deb yuritiladi) majburiy badallarni hisoblab yozish va toʻlash tartibini belgilaydi.
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mehnat faoliyatini mehnat shartnomalari boʻyicha amalga oshirayotgan fuqarolar (ular jumlasiga ishlovchi pensionerlar, oʻrindoshlar ham kiradi), shuningdek fuqarolik-huquqiy shartnomalar boʻyicha ishlarni bajaradigan fuqarolar, agar ushbu xodimlardan qonunga muvofiq jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi ushlansa, jamgʻarib boriladigan pensiya toʻlovlarini oluvchilar sifatida jamgʻarib boriladigan pensiya tizimining majburiy ishtirokchilari hisoblanadilar.
Qonunga muvofiq jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlashdan toʻliq ozod etilgan boshqa fuqarolar, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar, yuridik shaxsni tashkil etmagan dehqon xoʻjaliklarining aʼzolari jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida ixtiyoriy asosda ishtirok etadilar.
2. Fuqarolarning SHJBPHga majburiy badallari budjetga toʻlanadigan soliqlar va majburiy toʻlovlarga tenglashtiriladi.
3. Fuqarolarning SHJBPHga majburiy badallari xodimning hisoblab yozilgan ish haqi (daromadi) soliq solinadigan summasining qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda hisoblab yoziladi, ushbu summa jismoniy shaxslarning daromadiga qonunga muvofiq hisoblab yozilgan soliq summasidan tegishincha chegiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 17-yanvardagi 6, 2019-02, 267-V-1-sonli qarori (roʻyxat raqami 1515-1, 21.01.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.01.2019-y., 10/19/1515-1/2513-son)
4. Ish beruvchi yuridik shaxslar oʻz xodimlarining SHJBPHiga, mazkur yuridik shaxs xodim uchun asosiy ish joyi hisoblanishi yoki u oʻrindoshlik yoxud fuqarolik-huquqiy shartnoma boʻyicha ishlashidan qatʼi nazar, majburiy badallar kiritishga majburdir.
Jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida shaxsiy hisobda turgan (SHJBPH va jamgʻarib boriladigan pensiya daftarchasiga ega boʻlgan) fuqarolar ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini tuzish chogʻida, bunga oʻrindoshlik yoki fuqarolik-huquqiy shartnomasi shartlarida tuzishlar ham kiradi, ish beruvchiga oʻz SHJBPHlari toʻgʻrisida maʼlumotlarni taqdim etadilar.
5. Daromadlari qonunga muvofiq har bir toʻliq oy uchun eng kam ish haqining toʻrt baravari miqdorida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻiga tortilmaydigan fuqarolar jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida umumiy asoslarda ishtirok etadilar, yaʼni ish beruvchi xodim ish haqi soliq solinadigan qismidan qonun hujjatlarida belgilangan miqdordagi badalni SHJBPHga oʻtkazadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 17-yanvardagi 6, 2019-02, 267-V-1-sonli qarori (roʻyxat raqami 1515-1, 21.01.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.01.2019-y., 10/19/1515-1/2513-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimo yashaydigan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, agar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari va xalqaro shartnomalarida boshqa narsa nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng holatda jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminotiga boʻlgan huquqdan foydalanadilar.
II. USHLANGAN MAJBURIY BADALLARNI SHAXSIY JAMGʻARIB BORILADIGAN PENSIYA HISOBVARAQLARIGA OʻTKAZISH
7. Ish beruvchilar fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy badallarni budjetga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlash bilan birgalikda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlash uchun belgilangan shakl va muddatlarda ajratadilar. Bunda majburiy jamgʻarib boriladigan pensiya badallarini oʻtkazish toʻlov topshiriqnomasi vositasida amalga oshiriladi, unda omonatchining rekvizitlari, oʻtkazish maqsadi, oʻtkazilayotgan jamgʻarib boriladigan pensiya badallarining summasi, ish beruvchi joylashgan yerdagi Xalq banki filialiga yuborilgan reyestrning raqami va sanasi koʻrsatiladi.
Belgilangan tartibda naturada toʻlaydigan yoki mahsulot sotilishi, ishlar bajarilishi yoki xizmatlar koʻrsatilishidan olingan tushumdan toʻlovni amalga oshiradigan ish beruvchi toʻlov amalga oshirilgan oy tugaganidan keyin besh kun mobaynida badallar summasini oʻtkazishi shart.
8. Majburiy jamgʻarib boriladigan pensiya badallarini kiritishni ish beruvchi pul mablagʻlarini, keyin ushbu mablagʻlarni fuqarolarning SHJBPHiga qayd etish uchun, Xalq banki filialidagi maxsus tranzit hisobvaraqqa oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiradi.
III. SHAXSIY JAMGʻARIB BORILADIGAN PENSIYA HISOBVARAQLARIGA KIRITILGAN MAJBURIY BADALLAR BOʻYICHA HISOB-KITOB VA HISOBOT
9. Jamgʻarib boriladigan pensiya badallarining omonatchisi boʻlmish ish beruvchi oʻzi joylashgan joydagi Xalq banki filiallari bilan SHJBPHga majburiy badallar boʻyicha hisob-kitoblar hisobini yuritadi.
10. Ish beruvchi har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 15-kuniga qadar oʻzi joylashgan joydagi Xalq banki filialiga jamgʻarib boriladigan pensiya badallari oʻtkazilganligi toʻgʻrisida toʻlov hujjatining koʻchirma nusxasini, belgilangan tartibda SHJBPH raqamlari, har bir xodimning familiyasi, hisoblab yozilgan ish haqi va jamgʻarib boriladigan pensiya badallari summasi koʻrsatilgan holda xodimlar reyestrini (bundan keyin matnda reyestr deb yuritiladi) taqdim etadi.
11. Yuridik shaxs — xoʻjalik yurituvchi subyekt quyidagi buxgalteriya yozuvlarini qayd etadi:
a) qonunga binoan hisoblab yozilgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ushbu summani tegishincha chegirgan holda xodimning hisoblab yozilgan ish haqidan SHJBPHga ushlangan majburiy badallar summalari buxgalteriya hisobida ochilayotgan 6530-“Shaxsiy jamgʻarib boriladigan hisobvaraqlarga toʻlovlar” hisobvaragʻi krediti boʻyicha budjetga toʻlovlar boʻyicha qarzni hisobga olish (turlari boʻyicha) hisobvaragʻi (6400) bilan korrespondensiyada aks ettiriladi;
b) ushlangan majburiy badallar summalarini xodim SHJBPHiga oʻtkazish buxgalteriya hisobida 6530-“Shaxsiy jamgʻarib boriladigan hisobvaraqlarga toʻlovlar” hisobvaragʻi debeti va pul mablagʻlarini hisobga olish hisobvaraqlari krediti boʻyicha aks ettiriladi.
Yuridik shaxslar — xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan yuqorida aytilgan operatsiyalarni buxgalteriya hisobida aks ettirishga misol:
a) 50000 soʻm miqdorida xodimga hisoblab yozilgan ish haqi summasiga:
Xarajatlarni hisobga olish hisobvaragʻi (2000; 2300; 2500; 9400) debeti;
Xodimlar bilan mehnatga haq toʻlash boʻyicha hisob-kitoblarni hisobga olish hisobvaragʻi (6700) krediti;
b) 7888 soʻm miqdorida jismoniy shaxslardan ushlangan daromad soligʻi summasiga:
Xodimlar bilan mehnatga haq toʻlash boʻyicha hisob-kitoblarni hisobga olish hisobvaragʻi (6700) debeti;
Budjetga toʻlovlar boʻyicha qarzni hisobga olish (turlari boʻyicha) hisobvaragʻi (6400) krediti;
v) 500 soʻm miqdorida xodimning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻining ushlanadigan majburiy badal summasiga:
Budjetga toʻlovlar boʻyicha qarzni hisobga olish (turlari boʻyicha) hisobvaragʻi (6400) debeti;
Pul mablagʻlarini hisobga olish hisobvaragʻi krediti.
12. SHJBPHga oʻtkaziladigan ushlangan majburiy badallar summalarini buxgalteriya hisobida transparent aks ettirish uchun davlat budjetidan moliyalanadigan ish beruvchilar uchun 190-“Shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy badallar boʻyicha xodimlar bilan hisob-kitoblar” ilova hisobvaragʻi joriy etiladi.
13. Jismoniy shaxslardan ushlangan daromad soligʻining umumiy summasini budjet tashkilotining buxgalteriyasi quyidagi buxgalteriya provodkalari bilan aks ettiradi:
180-“Ishchilar va xizmatchilar bilan hisob-kitoblar” ilova hisobvaragʻi debeti;
173-“Budjet bilan hisob-kitoblar” ilova hisobvaragʻi krediti.
Qonunga muvofiq jismoniy shaxslar daromadidan hisoblab yozilgan soliq summasini tegishincha kamaytirish hisobiga jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga ushlangan majburiy badallar summasiga quyidagicha buxgalteriya provodkasi beriladi:
173-“Budjet bilan hisob-kitoblar” ilova hisobvaragʻi debeti;
190-“Shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy badallar boʻyicha xodimlar bilan hisob-kitoblar” ilova hisobvaragʻi krediti.
Jismoniy shaxslar daromadidan ushlangan soliq summasi oʻtkazilayotganida (shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga ushlangan majburiy badallar chegirilgan holda) quyidagi buxgalteriya provodkasi beriladi:
173-“Budjet bilan hisob-kitoblar” ilova hisobvaragʻi debeti;
090, 100-“Tashkilotning talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi” ilova hisobvaragʻi krediti.
SHJBPHga ushlangan majburiy badallar summasi budjet tashkiloti tomonidan alohida toʻlov topshiriqnomasi bilan oʻtkaziladi va buxgalteriyada quyidagi buxgalteriya provodkasi bilan aks ettiriladi:
190-“Shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy badallar boʻyicha xodimlar bilan hisob-kitoblar” ilova hisobvaragʻi debeti;
100 (090)-“Tashkilotning talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi” ilova hisobvaragʻi krediti.
Budjet tashkilotining buxgalteriya hisobida yuqorida koʻrsatilgan provodkalarni aks ettirishga misol:
Budjet tashkiloti 2005-yil yanvari uchun xodimga 50000 soʻm miqdorida ish haqi summasini hisoblab yozgan.
Hisoblab yozilgan ish haqi summasiga buxgalteriyada quyidagi buxgalteriya provodkasi beriladi:
200-ilova hisobvaraq debeti va 180-ilova hisobvaraq krediti — 50000 soʻm.
2005-yil yanvar uchun jismoniy shaxslar daromadidan hisob-kitobga koʻra soliq ushlandi (eng kam ish haqi miqdorining 5 baravariga qadar stavka 13% (6530 x 5 = 32650 x 13% = 4244,50 soʻm; eng kam ish haqi miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha summada 21%lik stavka qoʻllanadi (50000 — 32650 = 17350 x 21% = 3643,50), 2005-yil yanvar uchun ushlangan soliq summasi (4244,50 + 3643.50 = 7888 soʻm)ni tashkil etdi.
Ushlangan soliq summasiga buxgalteriya provodkasi beriladi:
180-ilova hisobvaraq debeti va 173-ilova hisobvaraq krediti — 7888 soʻm.
Mazkur misolda soliq solinadigan baza 50000 soʻmni tashkil etganligi sababli 2005-yil yanvar uchun xodimning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga oʻtkaziladigan majburiy badallar summasi (50000 x 1% = 500 soʻm) aniqlanadi va buxgalteriya provodkasi bilan aks ettiriladi:
173-ilova hisobvaraq debeti va 190-ilova hisobvaraq krediti — 500 soʻm.
Jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliq summasi oʻtkaziladi (shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga ushlangan majburiy badallar chegirilgan holda, 7888 soʻm — 500 soʻm = 7388 soʻm) va quyidagi buxgalteriya provodkasi beriladi:
Ushlangan majburiy badal summasi (500 soʻm) alohida toʻlov topshiriqnomasi bilan shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga oʻtkaziladi va budjet tashkilotining buxgalteriyasida quyidagi buxgalteriya provodkasi bilan aks ettiriladi:
14. Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga SHJBPHga majburiy badallar summalarini ushlash va oʻtkazish tartibi budjet tashkilotlarining budjet mablagʻlari uchun belgilangan tartibga oʻxshaydi, bunda 090 va 100-ilova hisobvaraqlar oʻrniga 110 — 115-ilova hisobvaraqlar qoʻllanadi.
15. Toʻlov topshiriqnomasiga asosan budjet tashkilotlarida fuqarolarning SHJBPHlariga oʻtkazilgan majburiy badallar summalari kassa xarajatlari hisoblanadi va oylik hamda choraklik hisobotlarda “kassa xarajatlari” ustunida aks ettiriladi (Davlat budjeti xarajatlarini iqtisodiy tasniflash xarajatlarining 01-turi, 1-obyekti, 00-kichik obyekti, birinchi guruhi boʻyicha).
IV. XALQ BANKI FILIALI TOMONIDAN DAVLAT SOLIQ XIZMATI ORGANLARIGA AXBOROT TAQDIM ETILISHI
16. Xalq banki filiali har kuni oʻzi joylashgan joydagi davlat soliq inspeksiyasiga tranzit hisobvaraqqa kelib tushgan summalar toʻgʻrisida koʻchirma taqdim etib, unda yuridik shaxsning STIRi, nomi va SHJBPHga kiritilgan badallar summasini koʻrsatadi.
17. Xalq banki filiali har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 20-kuniga qadar, davlat soliq xizmatining tegishli hududiy organiga, mazkur Nizomga ilovaga koʻra shaklda fuqarolarning SHJBPHiga badallar kiritgan yuridik shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlarni taqdim etadi. Bunda maʼlumotlar qogʻozli va elektron shakllarda taqdim etiladi.
18. Maʼlumotlar Xalq banki filialining rahbari va bosh buxgalteri tomonidan imzolanadi va muhr bilan tasdiqlanadi.
V. SHAXSIY JAMGʻARIB BORILADIGAN PENSIYA HISOBVARAQLARIGA MABLAGʻLAR KELIB TUSHISHI USTIDAN NAZORAT
19. Ish beruvchi tomonidan SHJBPHga majburiy jam-gʻarib boriladigan pensiya badallarining toʻgʻri va toʻliq hisoblanishi hamda oʻz vaqtida kiritilishi ustidan nazoratni davlat soliq xizmati organlari amalga oshiradi.
VI. JAVOBGARLIK
20. Jamgʻarib boriladigan pensiya badallarining omonatchisi boʻlmish ish beruvchi amaldagi qonunlarga muvofiq Xalq banki filialiga taqdim etiladigan, SHJBPHga hisobga qoʻyish uchun zarur maʼlumotlarning, shuningdek fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlari bilan bogʻliq barcha oʻzgarishlar (mehnat shartnomasini tuzish yoki bekor qilish, pasport maʼlumotlarini va shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlarini yuritish uchun zarur boshqa maʼlumotlar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning toʻgʻriligi va SHJBPHga badallarni oʻz vaqtida kiritish hamda ularning talablariga koʻra fuqarolarga hisoblab yozilgan va kiritilgan jamgʻarib boriladigan pensiya badallari toʻgʻrisida maʼlumotlarning taqdim etilishi uchun javobgardir.
21. Xalq banki amaldagi qonunlarga muvofiq fuqarolarning SHJBPHlarini ochish va yuritish, fuqarolarni ushbu hisobvaraqlarning holati toʻgʻrisida xabardor qilish, jamgʻarib boriladigan pensiya toʻlovlarini tayinlash va berish tartibini buzganlik uchun, shuningdek mazkur Nizomning 16 va 17-bandlarida nazarda tutilgan maʼlumotlarni oʻz vaqtida va toʻgʻri taqdim etish uchun javobgar boʻladi.
VII. YAKUNIY QOIDA
22. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Xalq banki bilan kelishilgan.
Xalq banki Boshqaruvi raisi M. JUMAGALDIYEV
26-avgust 2005-y.
Ish beruvchilar tomonidan fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy badallarni qoʻshish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Davlat soliq inspeksiyasiga _________________________________ Bank nomi _________________________ Bank rekvizitlari___________________ Manzil ___________________________ STIR № __________________________
______________________ Xalq banki filiali shtampi
20 __ yil “____” _________ dagi holat boʻyicha shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga badallar kiritgan yuridik shaxslar toʻgʻrisida __-son MAʼLUMOTLAR
(soʻmlarda)
T/r
Yuridik shaxslar
Yuridik shaxs STIRi
Ularga jamgʻarib boriladigan badallar oʻtkaziladigan xodimlar soni
Jismoniy shaxslarning daromad soligʻiga tortiladigan jami daromad summasi
SHJBPHga qayd etilgan majburiy badallar summasi
SHJBPHga qayd etilgan ixtiyoriy badallar summasi
Kiritilgan badallar umumiy summasi (6-ust. + 7-ust.)
1
2
3
4
5
6
7
8
REYESTR BOʻYICHA JAMI:
Xalq banki filiali rahbari
______________ (imzo)
______________________________ (imzo)
Bosh buxgalter
______________ (imzo)
______________________________ (imzo)
M.Oʻ.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 40-son, 313-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.01.2019-y., 10/19/1515-1/2513-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)