Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.12.2023
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
GIDROTEXNIKA INShOOTLARINING XAVFSIZLIGI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi 2023-yil 30-avgustdagi OʻRQ-865-sonli “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2023-yil 1-dekabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi gidrotexnika inshootlarini loyihalashtirish, qurish, foydalanishga topshirish, ulardan foydalanish, ularni rekonstruksiya qilish, tiklash, konservatsiyalash va tugatiщda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha faoliyatni amalga oshirishda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishdir.
2-modda. Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iborat.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida gidrotexnika inshootlari xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunchiligi bilan ham amalga oshiriladi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining 2018-yil 7-iyundagi 342-sonli “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga qarang.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
gidrotexnika inshootlari — toʻgʻonlar (plotinalar), gidroelektr stansiyalar binolari, suv tashlash, suv boʻshatish, suv oʻtkazish va suv chiqarish inshootlari, tunnellar, kanallar, nasos stansiyalari, suv omborlari qirgʻoqlarini, daryolar va kanallar oʻzanlarining qirgʻoqlari va tubini toshqin hamda yemirilishlardan muhofaza qilish uchun moʻljallangan inshootlar, sanoat va qishloq xoʻjaligi tashkilotlarining suyuq chiqindilar saqlanadigan joylarini oʻrab turuvchi inshootlar (koʻtarmalar);
foydalanuvchi tashkilot — tasarrufida (balansida) gidrotexnika inshooti boʻlgan korxona, muassasa va tashkilot;
favqulodda vaziyat — muayyan hududdagi avariyaga olib kelishi mumkin boʻlgan, shuningdek gidrotexnika inshootining avariyasi natijasida vujudga kelgan boʻlib, odamlar qurbon boʻlishiga, odamlar sogʻligʻiga yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetkazilishiga, jiddiy moddiy talafotlarga va odamlarning hayot faoliyati sharoitlari buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoki olib kelgan vaziyat;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi — gidrotexnika inshootlarining odamlar hayoti, sogʻligʻi va qonuniy manfaatlarini, atrof tabiiy muhit va xoʻjalik obyektlarini muhofaza qilishni taʼminlash imkonini beruvchi holati;
gidrotexnika inshootining xavfsizligi deklaratsiyasi — gidrotexnika inshootining xavfsizligi asoslab beriladigan hujjat;
gidrotexnika inshootining xavfsizligi mezonlari — gidrotexnika inshooti holatining va undan foydalanish shartlarining gidrotexnika inshooti avariyasi xavfining yoʻl qoʻyiladigan darajasiga muvofiq miqdor va sifat koʻrsatkichlarining cheklangan qiymatlari;
gidrotexnika inshooti avariyasi xavfining yoʻl qoʻyiladigan darajasi — gidrotexnika inshooti avariyasi xavfining normativ hujjatlar bilan belgilangan qiymati.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
davlat mulkida boʻlgan gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini, shuningdek respublika va mintaqaviy energetika tizimiga kiruvchi korxonalar gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlaydi;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlash davlat dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi ustidan davlat nazoratini tashkil etadi;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlash boʻyicha xalqaro hamkorlikni tashkil etadi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(4-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
5-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlash sohasidagi davlat dasturlarini amalga oshirishda qatnashadilar;
suv resurslaridan foydalanishda va tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishda gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlaydilar;
gidrotexnika inshootlarini joylashtirish toʻgʻrisida, shuningdek gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilgan hollarda ulardan foydalanishni cheklab qoʻyish haqida qonunchilikda belgilangan tartibda qarorlar qabul qiladilar;
(5-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
gidrotexnika inshootlarining avariyalari oqibatlarini tugatishda qatnashadilar;
gidrotexnika inshootlarining favqulodda vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan avariyalari xavfi borligi toʻgʻrisida aholini xabardor qiladilar;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
(5-moddaning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
6-modda. Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi ustidan davlat nazorati
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli organ hisoblanadi, u:
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi qoidalari va mezonlarini ishlab chiqadi;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda gidrotexnika inshootlari texnik holatining puxtaligini va ular ishining xavfsizligini ekspertizadan oʻtkazadi;
gidrotexnika inshootlarini joylashtirish, gidrotexnika inshootlarini loyihalashtirish topshiriqlarini, ularni qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarini kelishib olishda, gidrotexnika inshootlarining qurilishi sifatini nazorat qilishda, ularni foydalanishga qabul qilishda, shuningdek gidrotexnika inshootlaridan foydalanish qoidalarini kelishib olishda qatnashadi;
gidrotexnika inshootlarining holatini hamda ular holatining gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi deklaratsiyalariga muvofiqligini tekshirishni tashkil etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida koʻrsatmalar beradi, shuningdek gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi normalari va qoidalari qoʻpol ravishda buzilgan hollarda xavflilik darajasi yuqori boʻlgan obyektlar jumlasiga kiruvchi gidrotexnika inshootlarini loyihalash, qurish va ulardan foydalanish faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyalarning amal qilishini toʻxtatib turish va tugatish haqida takliflar kiritadi
(6-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
gidrotexnika inshootlari hududlaridan, daryolar oʻzanlari va toʻgʻonning ularga tutash boʻlgan quyi hamda yuqori hududlaridan xoʻjalik faoliyati yoki boshqa faoliyatni amalga oshirish uchun foydalanishga (suvni muhofaza qilish zonalarida yer uchastkalari berish bundan mustasno) rozilik beradi;
Oldingi tahrirga qarang.
daryolarning oʻzanlarida va toʻgʻonning ularga tutash quyi va yuqori hududlarida suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanishni amalga oshiruvchi yoxud xoʻjalik faoliyati yoki boshqa faoliyat yurituvchi tashkilotlarning faoliyatini, agar bunday faoliyat gidrotexnika inshootlarining xavfsizligiga yomon taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa, taqiqlaydi yoki cheklab qoʻyadi. Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini taqiqlash va cheklash sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va salomatligi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda faoliyatni oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklash hollari mustasno;
(6-modda birinchi qismining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi OʻRQ-59-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 41-son, 405-modda)
gidrotexnika inshootlarining muhofaza qilinishini tashkil etish ustidan nazoratni amalga oshiradi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(6-moddaning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Maxsus vakolatli organning gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisidagi koʻrsatmalari foydalanuvchi tashkilotlar ijro etishi uchun majburiydir.
7-modda. Gidrotexnika inshootlarining kadastri
Gidrotexnika inshootlari Oʻzbekiston Respublikasi Gidrotexnika inshootlarining kadastriga (bundan buyon matnda Kadastr deb yuritiladi) kiritiladi.
Kadastrni yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
8-modda. Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlashga qoʻyiladigan asosiy talablar
Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlash quyidagi asosiy talablarga binoan amalga oshiriladi:
gidrotexnika inshootlari xavfining yoʻl qoʻyiladigan darajasini taʼminlash;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi deklaratsiyalarini taqdim etish;
Oldingi tahrirga qarang.
gidrotexnika inshootlarini loyihalashtirish, qurish va ulardan foydalanish boʻyicha faoliyatni litsenziyalash xavflilik darajasi yuqori boʻlgan obyektlar jumlasiga kiruvchi;
(8-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
gidrotexnika inshootlaridan foydalanishning uzluksizligi;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan ularning xavfsizligi mezonlarini belgilash, gidrotexnika inshootlarining holatini doimiy nazorat qilish maqsadida ularni texnika vositalari bilan jihozlash, gidrotexnika inshootlariga zarur malakaga ega boʻlgan xodimlar xizmat koʻrsatishini taʼminlash;
gidrotexnika inshootlarida favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelish xavfini eng koʻp darajada kamaytirish boʻyicha tadbirlar majmuini oldindan oʻtkazish.
9-modda. Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlash yuzasidan foydalanuvchi tashkilotning majburiyatlari
Gidrotexnika inshootidan foydalanuvchi tashkilot quyidagilarga majburdir:
gidrotexnika inshootlarini qurish, foydalanishga topshirish, ulardan foydalanish, ularni taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, konservatsiyalash, foydalanishdan chiqarish va tugatishda gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi normalari va qoidalariga rioya etilishini taʼminlashga;
gidrotexnika inshootining holati, unga tabiiy va texnogen taʼsirlar ustidan nazoratni (monitoringni) taʼminlashga, gidrotexnika inshooti kaskadda ishlashini, xoʻjalik va boshqa faoliyat natijasida unga boʻladigan zararli taʼsirlarni, obyektlar daryo oʻzanida hamda gidrotexnika inshootidan quyidagi va yuqoridagi unga tutash hududlarda joylashtirilganligini hisobga olgan holda gidrotexnika inshootining xavfsizligini baholashga;
gidrotexnika inshootining xavfsizligi mezonlarini ishlab chiqishni va oʻz vaqtida aniqlashni taʼminlashga;
gidrotexnika inshootining holatini nazorat qilish tizimini rivojlantirishga;
gidrotexnika inshooti xavfsizligining pasayishi sabablarini muntazam tahlil qilib borish va gidrotexnika inshootining texnik jihatdan soz holatda boʻlishini va uning xavfsizligini taʼminlashga, shuningdek gidrotexnika inshooti avariyasining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishni va bajarishni oʻz vaqtida amalga oshirishga;
gidrotexnika inshootining muntazam tekshirib turilishini taʼminlashga;
gidrotexnika inshootining avariyasini tugatish uchun moʻljallangan moddiy zaxiralarni yaratishga;
gidrotexnika inshootidan foydalanishni tashkil etish va xodimlarning malakasi normalarga va qoidalarga muvofiq boʻlishini taʼminlashga;
gidrotexnika inshootlaridagi favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisida xabar berish mahalliy tizimlarini doimiy shay holatda saqlashga;
mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda aholini gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi masalalari toʻgʻrisida xabardor qilishga;
gidrotexnika inshooti avariyalarining oldini olish masalalari boʻyicha favqulodda vaziyatlar organi bilan hamkorlik qilishga;
gidrotexnika inshootining avariyasi xavfi borligi haqida maxsus vakolatli organni, boshqa manfaatdor davlat organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini va suvning (toʻgʻonning) tiyib turish bosimi yorib oʻtishining bevosita xavfi boʻlgan taqdirda suv ostida qolish ehtimoli boʻlgan zonadagi aholini, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni darhol xabardor qilishga;
maxsus vakolatli organga oʻz vakolatlarini amalga oshirishda koʻmaklashishga;
gidrotexnika inshootidan foydalanish, uning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tadbirlarni, shuningdek gidrotexnika inshooti avariyalarining oldini olish va ularning oqibatlarini tugatish ishlarini moliyalashga.
10-modda. Gidrotexnika inshootining xavfsizligi deklaratsiyasi
Gidrotexnika inshootini loyihalashtirish, qurish, foydalanishga topshirish, undan foydalanish, uni foydalanishdan chiqarish bosqichlarida, shuningdek uni rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, tiklash yoxud konservatsiyalashdan keyin foydalanuvchi tashkilot gidrotexnika inshootining xavfsizligi deklaratsiyasini tuzadi. Deklaratsiyani tuzish tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
Foydalanuvchi tashkilot gidrotexnika inshootining xavfsizligi deklaratsiyasini maxsus vakolatli organga taqdim etadi. Deklaratsiyaning maxsus vakolatli organ tomonidan tasdiqlanishi gidrotexnika inshootini Kadastrga kiritish va gidrotexnika inshootini qurishga ruxsat olish, foydalanishga topshirish, undan foydalanish yoki uni foydalanishdan chiqarish yoxud rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, tiklash yoki konservatsiyalash uchun asos boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining 2018-yil 7-iyundagi 342-sonli “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga qarang.
11-modda. Gidrotexnika inshootlari xavfsizligi deklaratsiyalarining davlat ekspertizasi
Gidrotexnika inshootlari xavfsizligi deklaratsiyalarining davlat ekspertizasi, shu jumladan loyihalashtirish bosqichidagi davlat ekspertizasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda oʻtkaziladi.
Gidrotexnika inshootlari xavfsizligi deklaratsiyalarining davlat ekspertizasi gidrotexnika inshootlaridan foydalanuvchi tashkilotlar tashabbusi bilan, shu jumladan ular rozilik bermagan taqdirda ham, maxsus vakolatli organning koʻrsatmalariga binoan oʻtkaziladi.
Maxsus vakolatli organ tomonidan davlat ekspertizasi xulosasi asosida gidrotexnika inshootining xavfsizligi deklaratsiyasini tasdiqlash haqida, tegishli ruxsatnoma berish toʻgʻrisida yoki ruxsatnoma berishni rad etish haqida qarorlar qabul qilinishi mumkin.
Foydalanuvchi tashkilot maxsus vakolatli organning qaroriga rozi boʻlmagan taqdirda, qaror yuzasidan sud tartibida shikoyat qilish mumkin.
(12-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuniga asosan chiqarilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
13-modda. Gidrotexnika inshootlarini tekshirish
Gidrotexnika inshootlarini tekshirish chogʻida gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi normalari va qoidalariga rioya etilishini baholash maqsadida foydalanuvchi tashkilotlarning, shuningdek gidrotexnika inshootlaridan foydalanishda, ularni qurishda, rekonstruksiya qilishda, kapital taʼmirlashda, tiklashda yoki konservatsiya qilishda pudrat tashkilotlarining faoliyati ustidan nazorat amalga oshiriladi.
14-modda. Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan avariya moddiy-texnika zaxiralarini yaratish va ulardan foydalanish
Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan avariya moddiy-texnika zaxiralari favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda zarur moddiy resurslarni oshigʻich tarzda jalb qilish maqsadida oldindan yaratiladi. Bu zaxiralarni yaratish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
15-modda. Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(15-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 76-moddasiga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 20-avgust,
826-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 223-modda; 2003-y., 1-son, 8-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 41-son, 405-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)