Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 30-sentabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 30-sentabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi kreativ iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash, rivojlantirish va ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisidagi qonunchilik
Kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
kreativ industriya — ijodiyot, intellektual qobiliyat, shuningdek intellektual mulk ustuvorligiga asoslangan va iqtisodiy qimmatga ega boʻlgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yaratish, ishlab chiqarish, saqlash, tarqatish va ilgari surish bilan bogʻliq boʻlgan iqtisodiy faoliyat turlarining majmui;
kreativ industriya parki — Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasida eksterritoriallik prinsiplari asosida kreativ industriya sohalarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida faoliyat olib boradigan tashkiliy-huquqiy tuzilma;
kreativ industriya subyektlari — kreativ mahsulotni yaratish, ishlab chiqarish, saqlash, tarqatish va ilgari surish bilan shugʻullanadigan jismoniy va yuridik shaxslar;
kreativ iqtisodiyot — ijodiyot, intellektual qobiliyat, shuningdek innovatsiyalarga hamda texnologiyalarga asoslangan inson salohiyati natijasida iqtisodiy qimmatga ega boʻlgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yaratishga qaratilgan iqtisodiyot tarmogʻi;
kreativ mahsulot — kreativ iqtisodiyot sohasida iqtisodiy qimmatga ega boʻlgan tovarlar (ishlar, xizmatlar), shuningdek boshqa fuqaroviy-huquqiy bitimlar obyektlari.
4-modda. Kreativ iqtisodiyot sohasidagi asosiy prinsiplar
Kreativ iqtisodiyot quyidagi prinsiplarga asoslanadi:
qonuniylik;
ochiqlik va shaffoflik;
ijod erkinligi;
tenglik;
kreativ mahsulotning huquqiy muhofaza qilinishi.
5-modda. Qonuniylik prinsipi
Kreativ iqtisodiyot sohasidagi munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
6-modda. Ochiqlik va shaffoflik prinsipi
Kreativ iqtisodiyot sohasidagi axborot ochiq va shaffof boʻlishi kerak. Bundan davlat sirlarini tashkil etuvchi hamda oshkor etilishi qonun bilan cheklangan axborot mustasno.
Davlat organlari kreativ industriya subyektlari uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi, shuningdek axborotdan foydalanish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan usullarda axborot olish va undan erkin foydalanish sharoitlarini yaratishi shart.
7-modda. Ijod erkinligi prinsipi
Kreativ iqtisodiyot ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligiga asoslanadi.
Barcha shaxslar kreativ industriya sohalarini tanlashda va ularning bir yoki bir nechtasida faoliyat olib borishda, shuningdek kreativ mahsulot yaratishda erkindir.
Ijod erkinligi boshqa shaxslarning shaʼni, qadr-qimmatiga va ishchanlik obroʻsiga zarar yetkazishga, qonunga xilof xatti-harakatlarni amalga oshirishga undashga yoki targʻib qilishga qaratilmasligi hamda ijtimoiy axloqqa zid boʻlmasligi kerak.
8-modda. Tenglik prinsipi
Kreativ industriya subyektlari oʻz faoliyatini amalga oshirishda, shu jumladan davlat tomonidan taqdim etiladigan qoʻllab-quvvatlash choralaridan va infratuzilmadan foydalanishda tengdir.
9-modda. Kreativ mahsulotning huquqiy muhofaza qilinishi prinsipi
Kreativ mahsulot intellektual va ijodiy faoliyat natijasidir hamda u qonunchilikka muvofiq muhofaza qilinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Qonuni, OʻzbekistonRespublikasi Prezidentining 2021-yil 28-yanvardagi PQ-4965-sonli “Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
10-modda. Kreativ industriya sohalari
Ushbu Qonun maqsadlarida kreativ industriya sohalaridagi faoliyat yoʻnalishlari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
adabiy ijodni;
amaliy sanʼat va hunarmandchilikni;
arxitektura, loyihalashtirish va urbanistikani;
audiovizual sanʼatni;
ijrochilik sanʼatini;
konsert-tomosha faoliyatini va ommaviy-madaniy tadbirlarni tashkil etishni;
moda va dizayn sanʼatini;
muzeylar, badiiy galereyalar (koʻrgazmalar), axborot-kutubxona faoliyatini;
nashriyot va matbaa sohasidagi ijodiy faoliyatni;
ommaviy axborot vositalari sohasidagi va Internet jahon axborot tarmogʻi orqali uzatish yoʻli bilan amalga oshiriladigan ijodiy faoliyatni;
prodyuserlik faoliyatini;
raqamli texnologiyalar sohasidagi ijodiy faoliyatni;
reklama sohasidagi ijodiy faoliyatni;
sanʼat ashyolari va madaniy meros obyektlarini asrashga doir faoliyatni;
tasviriy sanʼatni.
2-bob. Kreativ iqtisodiyot sohasidagi davlat siyosati
11-modda. Kreativ iqtisodiyot sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Kreativ iqtisodiyot sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
kreativ industriya sohalarida fuqarolarning oʻz ijodiy va intellektual salohiyatini namoyon etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
kreativ industriyani iqtisodiyotning faol tarmoqlaridan biriga aylantirish orqali kreativ mahsulotlar aylanmasini oshirish;
kreativ industriya subyektlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashda teng imkoniyatlar yaratish;
kreativ industriya sohalarini qoʻllab-quvvatlash orqali kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish;
kreativ iqtisodiyot sohasida ilm-fan va ilmiy faoliyatni qoʻllab-quvvatlash hamda kreativ gʻoyalarni va loyihalarni amalga oshirishda koʻmaklashish;
kreativ industriya subyektlari uchun zarur infratuzilmani yaratish;
kreativ mahsulotlar yaratishda ilm-fan va texnologiya yutuqlaridan va innovatsion yondashuvlardan foydalanilishini taʼminlash;
mazkur sohadagi koʻnikmalarni rivojlantirish maqsadida kreativ industriya sohalarida taʼlim tizimini takomillashtirish, zamonaviy taʼlim dasturlarini joriy etish;
kreativ industriya subyektlarining ijodiy salohiyati va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish boʻyicha cheklovlarni bartaraf etish;
milliy madaniyat va milliy brendlarni xalqaro maydonda keng tanitilishini taʼminlash.
12-modda. Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyalari
Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyalari zamonaviy yutuqlar asosida inson kapitalini, mamlakatni rivojlantirish, kreativ iqtisodiyot sohasida yagona davlat siyosatini olib borish maqsadida ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.
Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyalari yaqin va uzoq muddatli istiqbol uchun qabul qilinishi mumkin.
Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyalari davlat va jamiyat oldida turgan maqsadlar hamda vazifalarni, tegishli davr uchun moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlarni, shuningdek ularni amalga oshirish boʻyicha harakatlar rejalarini belgilaydi.
Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyalarining loyihalari davlat organlarining, ilmiy tashkilotlarning, kreativ industriya subyektlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va ekspertlarning takliflari asosida ishlab chiqiladi.
3-bob. Kreativ iqtisodiyot sohasini tartibga solish
13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kreativ iqtisodiyot sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
kreativ iqtisodiyot sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
kreativ iqtisodiyotni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini va ularni taqdim etish tartibini belgilaydi;
kreativ industriya sohalaridagi iqtisodiy faoliyat turlarini belgilaydi;
kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyalarini va davlat dasturlarini tasdiqlaydi;
kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisidagi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi;
kreativ iqtisodiyot sohasidagi zarur infratuzilmani yaratish choralarini koʻradi;
kreativ industriya parkini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining kreativ iqtisodiyot sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashining faoliyati tartibini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
14-modda. Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi
Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi (bundan buyon matnda Respublika kengashi deb yuritiladi) kreativ industriya sohalarini rivojlantirish boʻyicha jamoatchilik asosida faoliyat olib boradigan maslahat organidir.
Respublika kengashining tarkibi kreativ industriya sohalari boʻyicha tegishli davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, kreativ industriya sohalaridagi yetakchi tadbirkorlar hamda xalqaro va mahalliy ekspertlardan iborat boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Respublika kengashi:
kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish va kreativ industriya sohalarini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
kreativ industriya sohalaridagi iqtisodiy faoliyat turlarini belgilash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
kreativ industriyaning istiqbolli yoʻnalishlari va oʻsish nuqtalarini aniqlaydi;
kreativ industriya parki faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqadi hamda ularning faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni eshitadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Respublika kengashining zimmasiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalar ham yuklatilishi mumkin.
(14-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 7-iyuldagi OʻRQ-1157-sonli Qonuniga asosan toʻrtinchi qismi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2026-y., 03/26/1157/0703-son)
Respublika kengashining ishchi organi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi hisoblanadi.
15-modda. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining kreativ iqtisodiyot sohasidagi vakolatlari
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻz vakolatlari doirasida:
kreativ iqtisodiyot sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijro etilishini taʼminlaydi;
kreativ mahsulotlarni shakllantirish va kreativ iqtisodiyot sohasini moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashda ishtirok etadi;
oʻz tasarrufidagi kreativ industriya subyektlarining kreativ mahsulotlarni yaratish, ishlab chiqarish, saqlash, tarqatish va ilgari surishga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
16-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining kreativ iqtisodiyot sohasidagi vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari kreativ iqtisodiyot sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
(16-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuniga asosan birinchi qismi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻz vakolatlari doirasida :
(16-modda ikkinchi qismning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
hududlarda kreativ iqtisodiyot sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
hududlarda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
kreativ iqtisodiyot sohasidagi hududiy dasturlarning tasdiqlanishi uchun mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga kiritilishini va amalga oshirilishini taʼminlaydi;
(16-modda ikkinchi qismning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
kreativ industriya subyektlari faoliyatiga koʻmaklashadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
17-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlarining kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga doir faoliyatda ishtirok etishi
Nodavlat notijorat tashkilotlari:
kreativ industriya subyektlariga oʻz ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashadi;
kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha tashabbuslar va takliflar ishlab chiqadi;
kreativ iqtisodiyot sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ishtirok etadi.
4-bob. Kreativ iqtisodiyotni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
18-modda. Kreativ iqtisodiyotni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishlari
Davlat kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishni hamda kreativ industriya sohalarida qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhiti yaratilishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi.
Kreativ iqtisodiyotni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash quyidagi choralarni oʻz ichiga oladi:
kreativ industriya subyektlari uchun soliq qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda imtiyozlar berishni;
davlat subsidiyalari, davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari tizimi orqali moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashni;
infratuzilmadan va davlat mulkidan foydalanishda imtiyozlar berishni;
kreativ industriya subyektlarini axborot bilan taʼminlashni;
kreativ industriya subyektlarining mol-mulkini himoya qilishni, intellektual mulk obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazishni, intellektual mulk sohasiga oid tartib-taomillarni soddalashtirishni.
Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
19-modda. Kreativ industriya subyektlariga imtiyozlar va preferensiyalar
Davlat kreativ industriya subyektlariga soliqlar hamda boshqa toʻlovlar va tariflar boʻyicha imtiyozlar va preferensiyalar berishi mumkin.
20-modda. Kreativ iqtisodiyot sohasidagi taʼlimni qoʻllab-quvvatlash
Kreativ iqtisodiyot sohasidagi taʼlimni qoʻllab-quvvatlash quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
kreativ industriya sohalaridagi kadrlarni tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga doir davlat taʼlim standartlarini hamda taʼlim dasturlarini takomillashtirish;
kreativ industriya sohalaridagi taʼlim tashkilotlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash;
kreativ industriya sohalarida dual taʼlimni qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan nazariy bilimlar va amaliy koʻnikmalarning uzviy bogʻliqligini taʼminlash;
yetakchi xalqaro taʼlim tashkilotlari bilan birgalikda sohaga oid ixtisoslashtirilgan qoʻshimcha taʼlim dasturlarini yaratish;
oʻquv-uslubiy, ilmiy va amaliy adabiyotlarni yaratish.
Kreativ iqtisodiyot sohasidagi taʼlimni koʻllab-quvvatlash qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.
21-modda. Kreativ mahsulotlarni yaratishda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni ommalashtirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Davlat milliy va umuminsoniy qadriyatlarni ommalashtirishga, Oʻzbekiston xalqining maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlashga hamda boyitishga, madaniy merosni muhofaza qilishga, shuningdek yoshlarda vatanparvarlik va Vatanga boʻlgan mehr-muhabbat tuygʻularini shakllantirishga qaratilgan kreativ mahsulotlar yaratilishini qoʻllab-quvvatlaydi.
5-bob. Kreativ iqtisodiyot infratuzilmasi
22-modda. Kreativ iqtisodiyot infratuzilmasining tarkibi
Kreativ iqtisodiyot infratuzilmasi sohani qoʻllab-quvvatlashga hamda rivojlantirishga qaratilgan iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va raqamli resurslar majmuasini oʻz ichiga oladi.
Kreativ iqtisodiyot infratuzilmasi kreativ industriya parklari, kreativ industriya klasterlari, kreativ industriya art-rezidensiyalari, markazlari, innovatsion uskunalar va texnologiyalar, raqamli dasturlar va platformalar shaklida hamda boshqa shakllarda boʻlishi mumkin.
23-modda. Kreativ industriya klasterlari
Kreativ industriya klasteri tegishli hududda kreativ mahsulotlarni yaratishda ishtirok etadigan, samarali hamkorlik qilish, quvvatlardan birgalikda foydalanish, bilimlar va koʻnikmalar almashish maqsadida tuziladigan kreativ industriya subyektlarining yigʻindisidan iborat boʻlgan tashkiliy-huquqiy tuzilmadir.
Kreativ industriya klasterlari davlat yoki xususiy investitsiyalar ishtirokida tashkil etilishi mumkin.
Kreativ industriya klasterlari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
ichki va tashqi bozorlarda talab qilingan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yaratish uchun kreativ industriya subyektlarining salohiyatini birlashtirish;
kreativ industriya subyektlari uchun taʼlim, maslahat va axborot xizmatlarini tashkil etish;
kreativ faoliyat natijalarini bozorda birgalikda ilgari surish.
Kreativ industriya klasterlari qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa yoʻnalishlarda ham faoliyat olib borishi mumkin.
24-modda. Kreativ iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari
Kreativ iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari ichki va tashqi bozorlarda kreativ industriya sohalaridagi loyihalarni yaratish, ishlab chiqarish, saqlash, tarqatish va ilgari surish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida tashkil etiladi.
Kreativ iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalarining mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
kreativ iqtisodiyot sohasidagi tadbirlarni amalga oshirish;
kreativ industriya sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirish va tijoratlashtirish;
kreativ industriya subyektlarini moliyaviy jihatdan ragʻbatlantirish, kadrlarning malakasini oshirish va ushbu subyektlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.
Kreativ iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari qaytarish shartlari asosida yoki begʻaraz asosda mablagʻlar ajratishi, shuningdek kreativ industriya subyektlarining majburiyatlari boʻyicha kafil sifatida ish yuritishi mumkin.
Kreativ iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalarini tuzish, qayta tashkil etish va tugatish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49 –– 57-moddalari.
6-bob. Kreativ industriya parki
25-modda. Kreativ industriya parkini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish, monitoring qilish va baholash tartibi
Kreativ industriya parkini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Kreativ industriya parkini boshqarish direksiya tomonidan amalga oshiriladi.
Respublika kengashi kreativ industriya parki faoliyatini monitoring qilish va baholashni amalga oshiradi.
Kreativ industriya parki direksiyasi Respublika kengashiga oʻz faoliyati va uning natijalari toʻgʻrisida yiliga kamida ikki marta axborot taqdim etadi.
26-modda. Kreativ industriya parkining vazifalari
Kreativ industriya parkining vazifalari quyidagilardan iborat:
kreativ industriyani rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
kreativ iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb etish;
kreativ industriya parki rezidentlari uchun zarur resurslar va infratuzilma mavjudligini taʼminlash;
kreativ industriya mahsulotlari aylanmasi va eksportini koʻpaytirish uchun ekotizimni rivojlantirish, shu jumladan elektron platformalar va onlayn-bozorlar yaratish, shuningdek ularni xalqaro platformalarga integratsiya qilish;
kreativ industriya sohalarida ish oʻrinlarini yaratish;
kreativ industriya sohalarida mehnat bozori tahlilini olib borish va mazkur sohada kadrlarni tayyorlashga, ularning malakasini oshirishga, shu jumladan nazariy va amaliy bilimlar hamda koʻnikmalarni uygʻunlashtirishga koʻmaklashish;
kreativ industriya sohalarida innovatsiyalarni va ijodkorlikni ragʻbatlantirish.
27-modda. Kreativ industriya parki rezidentlarining huquq va majburiyatlari
Kreativ industriya parki rezidentlari quyidagi huquqlarga ega:
kreativ industriya parki infratuzilmasidan foydalanish, shu jumladan umumiy ish joylaridan va jihozlardan foydalanish;
tadbirkorlikni rivojlantirish va intellektual mulkni muhofaza qilish boʻyicha konsalting xizmatlarini olish;
taʼlimni va yangi gʻoyalarni takomillashtirish hamda kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish yuzasidan (akseleratsiya) kreativ industriya parki direksiyasi tomonidan tashkil etilgan dasturlarda ishtirok etish.
Kreativ industriya parkining rezidentlari:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga rioya etishi;
kreativ industriya parki resurslaridan oqilona foydalanishi;
kreativ industriya tegishli sohalari boʻyicha mahorat darslarini tashkil etishi shart.
Kreativ industriya parki rezidentlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
28-modda. Kreativ industriya parkining rezidentlari
Kreativ industriya sohasidagi biznes rejasi kreativ industriya parki direksiyasi tomonidan maʼqullangan va jami yillik daromadining kamida sakson foizini kreativ industriya sohasidagi faoliyatidan olingan daromad tashkil etadigan kreativ industriya subyektlari kreativ industriya parkining rezidentlari boʻlishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Yangi tashkil etilgan (roʻyxatdan oʻtkazilgan) kreativ industriya subyektlarini kreativ industriya parkining rezidentligiga qabul qilishda ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan kreativ industriya sohasidagi faoliyatidan olingan daromadning minimal miqdori boʻyicha shartlar inobatga olinmaydi. Bunda ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartlar moliya yilining yakunlariga koʻra bajarilmagan taqdirda, foydalanilgan imtiyozlar summasi soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka asosan qayta hisoblanadi va budjetga undiriladi.
(28-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 7-iyuldagi OʻRQ-1157-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qismi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2026-y., 03/26/1157/0703-son. Mazkur qismdagi qoidalar 2026-yil 1-yanvardan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.)
Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi mavjud boʻlgan yuridik shaxslar kreativ industriya parkining rezidenti boʻlishi mumkin emas.
Kreativ industriya parki rezidentlarining zimmasiga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa talablar ham yuklatilishi mumkin.
29-modda. Kreativ industriya parkining boshqa subyektlar bilan hamkorligi
Kreativ industriya parki taʼlim va ilmiy tashkilotlar, biznes-inkubatorlar va akseleratorlar bilan hamkorlik qilishi mumkin.
Kreativ industriya parki direksiyasi tajriba almashish, investitsiyalarni jalb qilish va boshqa maqsadlarda qonunchilikda belgilangan tartibda mahalliy va xalqaro sheriklar bilan bitimlar tuzishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 9-bobi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
30-modda. Kreativ iqtisodiyot koʻrsatkichlarini shakllantirish va ulardan foydalanish
Statistika organlari kreativ iqtisodiyotning holatini aks ettiruvchi koʻrsatkichlarning hisobini, shu jumladan:
kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushining, shu jumladan kreativ mahsulotlarni ishlab chiqarish, sotish va tashqi savdo aylanmasi hajmining;
kreativ industriya subyektlari sonining;
kreativ industriya sohalaridagi bandlikning;
kreativ startaplar va loyihalarga investitsiyalar hajmining hisobini yuritadi.
Kreativ iqtisodiyot sohasidagi davlat siyosatining samaradorligini baholash kreativ iqtisodiyot koʻrsatkichlari tizimidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
31-modda. Xalqaro hamkorlik
Kreativ iqtisodiyot sohasidagi xalqaro hamkorlik xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni oʻrnatish hamda rivojlantirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
32-modda. Nizolarni hal etish
Kreativ iqtisodiyot sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
33-modda. Kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 312 –– 315-moddalari.
34-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
35-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
36-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 3-oktabr,
OʻRQ-970-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2024-y., 03/24/970/0775-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son; 08.07.2026-y., 03/26/1157/0703-son)