O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni taftish tartibida ko‘rib chiqishning ayrim masalalari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganligi munosabati bilan, shuningdek, qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasiga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni taftish tartibida ko‘rib chiqish sud protsessi ishtirokchilarining birinchi instansiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan qarorlari, shuningdek, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasining qarorlari ustidan shikoyat berishga bo‘lgan huquqini kafolatlovchi muhim huquqiy institut hisoblanadi.
2. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi (bundan buyon matnda MJtK deb yuritiladi) 32424, 32425-moddalariga muvofiq, birinchi instansiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha qarorlari, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasining ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha chiqargan qarorlari ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) huquqi quyidagilarga tegishli:
ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha o‘ziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxsga, uning qonuniy vakiliga, advokatiga;
jabrlanuvchiga, uning qonuniy vakiliga, advokatiga;
ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzgan organga;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosarlariga.
Shu munosabat bilan apellyatsiya yoki kassatsiya instansiya sudlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha chiqarilgan qarorning ko‘chirma nusxasi uch kun mobaynida o‘ziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxsga, ma’muriy huquqbuzarlik haqida bayonnoma tuzgan organga, shuningdek, o‘zining iltimosiga ko‘ra, jabrlanuvchiga, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida protest keltirgan prokurorga topshiriladi yoki yuboriladi (MJtKning 32411-moddasi, 32419-moddasining o‘n uchinchi qismi).
3. Qonunga ko‘ra, taftish tartibidagi shikoyat (protest) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga topshiriladi yoki jo‘natiladi (MJtKning 32423-moddasi).
Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarining, hududiy harbiy sudlarning apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan qarorlari, shuningdek, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasining qarorlari ustidan keltirilgan taftish tartibidagi shikoyat (protest) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rib chiqiladi.
4. Fuqarolik, iqtisodiy ishlarni ko‘rib chiqish paytida shaxsni ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risida chiqarilgan sud qarori ustidan taftish shikoyati (protesti) tegishlicha, Fuqarolik, Iqtisodiy protsessual kodekslarida belgilangan tartib va muddatlarda beriladi (MJtKning 315-moddasi).
MJtKning 32426-moddasiga muvofiq, taftish shikoyati (protest) apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarori chiqarilgan kundan e’tiboran olti oy ichida berilishi mumkin.
5. Uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan shikoyat (protest) berishning olti oylik muddati shikoyat (protest) beruvchi shaxsning iltimosnomasiga binoan taftish instansiyasi tomonidan tiklanishi mumkin.
Quyidagi holatlar uzrli deb topilishi mumkin:
protsessual harakatni amalga oshirishga obyektiv to‘sqinlik qiluvchi holatlar (masalan, favqulodda holatlar, suv toshqinlari, epidemiyalar, pandemiya, karantin).
shaxsning kasalligi, oilaviy ahvoli (oila a’zolarining o‘limi yoki og‘ir kasalligi), shaxsning qilmishida jinoyat alomatlari aniqlanganligi, taraflardan birining O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketganligi, shuningdek, boshqa holatlar, agar ular qonunda belgilangan muddatda taftish tartibida shikoyat berishni istisno etgan yoxud jiddiy tarzda qiyinlashtirgan bo‘lsa.
Taftish tartibida shikoyat (protest) berish muddatini tiklash to‘g‘risidagi iltimosnoma sud majlisida sudya tomonidan taraflarning ishtirokida, sud majlisi haqida tegishli tartibda ogohlantirilgan taraflar kelmagan hollarda esa ularning ishtirokisiz ko‘rib chiqiladi.
Iltimosnomani qanoatlantirish yoki rad qilish to‘g‘risida ajrim chiqariladi. Shikoyat (protest) keltirish muddatini tiklash to‘g‘risidagi ajrimda muddatni o‘tkazib yuborishning sud tomonidan uzrli deb topilgan sabablari ko‘rsatilishi kerak.
6. MJtKning 32427-moddasida taftish tartibidagi shikoyatning (protestning) mazmuni yuzasidan muayyan talablar belgilanganligi tufayli, taftish instansiyasi sudi shikoyat, protest beruvchi shaxs tomonidan ushbu talablarga rioya etilganligini tekshirishi shart.
Taftish shikoyati (protest) qayd etilgan talablarga javob bermasa, sudya MJtKning 32430-moddasiga muvofiq uni bergan shaxsga ko‘rib chiqmasdan xat bilan qaytaradi.
Qonunga ko‘ra, taftish tartibidagi shikoyat (protest) quyidagi holatlarda ham ko‘rib chiqilmasdan, xat bilan qaytarilishi mumkin (MJtKning 32430-moddasi):
shikoyat (protest) MJtKning 32424 va 32425-moddalarida ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan berilmagan bo‘lsa;
shikoyat (protest) shikoyat keltirish muddatini o‘tkazib berilgan va uni tiklash to‘g‘risida iltimosnoma bo‘lmasa;
taftish tartibida berilgan shikoyatni (protestni) qaytarib olish to‘g‘risida ariza kelib tushgan bo‘lsa;
ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish taftish tartibida ko‘rilishi mumkin bo‘lmasa.
MJtKning 32424, 32425 va 32427-moddalarida ko‘rsatilgan holatlar bartaraf etilganidan so‘ng shaxs takroran umumiy tartibda shikoyat (protest) bilan murojaat qilishga haqli.
7. MJtKning 32429-moddasiga muvofiq, taftish tartibida shikoyat (protest) bergan shaxs o‘z shikoyati (protesti)ni qaytarib olishga haqli. Shu bilan birga o‘ziga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sudning qarori chiqarilgan shaxs o‘z advokatining taftish tartibida berilgan shikoyatini qaytarib olishga haqli.
Ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxsning advokati, qonuniy vakili o‘z shikoyatini faqat ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxsning roziligi bilan qaytarib olishga haqli.
Taftish tartibida berilgan shikoyat(protest)ni qaytarib olishga taftish instansiyasi sudi alohida xonaga kirguniga qadar yo‘l qo‘yiladi.
Taftish tartibida berilgan shikoyat (protest) sud muhokamasi boshlanguniga qadar qaytarib olinganda, sud uni bergan shaxsga xat bilan qaytaradi. Shikoyat (protest) sud muhokamasi boshlanganidan so‘ng berilgan bo‘lsa, sud MJtK 32438-moddasining 6-bandiga muvofiq taftish tartibida ish yuritishni tugatish to‘g‘risida qaror chiqaradi. Agar ish bo‘yicha boshqa protsess ishtirokchilari tomonidan ham taftish tartibida shikoyat (protest) berilgan bo‘lsa, sud faqat shikoyat (protest)ni qaytarib olgan shaxsga nisbatan taftish tartibida ish yuritishni tugatadi va boshqa shaxslarga nisbatan ish yuritishni davom ettiradi.
Shuni inobatga olish lozimki, shikoyat (protest) qaytarib olinishi munosabati bilan taftish tartibida ish yuritishning tugatilishi MJtKning 32426-moddasida belgilangan muddatlarda shikoyat (protest) bilan qayta murojaat qilinishiga to‘sqinlik qilmaydi.
8. Oliy sud sudyasi tomonidan tuman (shahar) sudlarining, hududiy harbiy sudlarning apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan qarorlari ustidan taftish instansiyasiga kelib tushgan shikoyat va unga ilova qilingan materiallar, zarur bo‘lgan hollarda esa ish hujjatlari ham talab qilib olingan holda o‘rganiladi. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish zarur bo‘lgan hollarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi va uning o‘rinbosari tomonidan ham talab qilib olinishini mumkin.
Shikoyatni o‘rganib chiqishda shunga e’tibor qaratish lozimki, unda bayon etilgan vajlar sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi yuzasidan shubha uyg‘otgan har bir holatda ish chaqirtirib olinishi shart.
Shuningdek, quyidagi holatlar yuzasidan shubha tug‘ilganda ish talab qilib olinishi kerak:
sud xulosalarini ishning haqiqiy holatlariga muvofiqligiga;
MJtKning normalariga rioya qilinganligiga;
tayinlangan jazoning adolatliligiga.
Bundan tashqari, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish MJtKning 271-moddasiga asosan tugatilishi lozim bo‘lgan hollarda ham talab qilib olinishi lozim.
Elektron shaklda shakllantirilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni o‘rganish axborot tizimi orqali amalga oshiriladi (MJtKning 2691-moddasi).
Tushuntirilsinki, taftish tartibida berilgan shikoyat (protest) bir oygacha bo‘lgan muddatda, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish talab qilib olingan taqdirda esa, ikki oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqilishi kerak. Bunda muddat taftish tartibidagi shikoyat (protest) sudyaning ish yurituviga kelib tushgan paytdan, ish talab qilib olinganida esa, ish kelib tushgan paytdan hisoblanadi.
9. MJtK 32431-moddasining mazmuniga ko‘ra, sud qarorini taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi to‘g‘risidagi ajrim faqatgina taftish tartibidagi shikoyatni o‘rganib chiqish natijasi bo‘yicha chiqarilishi mumkin.
Taftish tartibidagi protestni qaytarish uchun asoslar mavjud bo‘lmasa (MJtKning 32430-moddasi), sudya ishni ko‘rib chiqish uchun tayinlaydi va Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazadi, bu haqda ajrim chiqaradi.
Shikoyatni Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazish to‘g‘risidagi ajrimda sud majlisiga taraflarni va boshqa ishtirokchilarni chaqirish ko‘rsatilishi, shuningdek, MJtKning 32433-moddasida belgilangan boshqa masalalar hal qilinishi kerak.
10. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, MJtK 32434-moddasi talablarining bajarilishi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ishtirokchilarining huquqlari ta’minlanishi uchun muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha o‘ziga nisbatan sud qarori chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzgan organ ish taftish tartibida ko‘rib chiqish uchun Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga kiritilganligi, shikoyat (protest)ning ko‘chirma nusxasi yoxud qaror chiqargan sudning internet-resursi orqali uning elektron nusxasi bilan tanishish mumkinligi to‘g‘risida uch sutka ichida xabardor qilinishi lozim.
Taraflarga ularning taftish tartibida berilgan shikoyatga (protestga) doir o‘z e’tirozlarini yozma shaklda yoxud elektron hujjat tarzida taqdim etish huquqi e’tirozlarni taqdim etish muddati ko‘rsatilgan holda tushuntiriladi. Kelib tushgan e’tirozlar ishga qo‘shib qo‘yiladi.
Belgilangan muddatda tarafning shikoyatga (protestga) nisbatan e’tirozlari sudga kelib tushmaganligi ishni ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi.
11. MJtKning 32435-moddasiga muvofiq, sud qarori chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzgan organ ishni ko‘rib chiqish boshlanishidan kamida uch sutka oldin xabardor qilinishi kerak. Chaqiruv qog‘ozi pochta orqali jo‘natilishi yoki chopar orqali topshirilishi, telefonogramma, telegramma, telefaks yoki boshqa har qanday aloqa vositasi orqali ham yuborilishi mumkin. Tegishli tartibda xabardor qilinganlik haqidagi ma’lumotlar ish materiallariga qo‘shib qo‘yilishi kerak.
Taftish instansiyasi sudi majlisi vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor etilgan shaxslarning kelmaganligi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
Tushuntirilsinki, prokuror tomonidan taftish tartibida protest kiritilgan ishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, uning o‘rinbosari yoki ular tomonidan vakolat berilgan prokuror ishtirok etishi shart.
12. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarga taftish tartibidagi shikoyat (protest) bo‘yicha kelib tushgan e’tirozlar va ishdagi boshqa hujjatlar bilan tanishish imkoniyati berilishi shart.
13. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud sudyasi tomonidan taftish tartibida yakka tartibda ko‘riladi.
14. Sudya ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ishni taftish tartibida ish yuritish xususiyatlarini inobatga olgan holda birinchi instansiya sudida ko‘rish qoidalari bo‘yicha ko‘rib chiqadi (MJtKning 32437-moddasi).
15. Taftish instansiyasi sudi taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ko‘rib chiqishda undagi vajlar bilan chegaralanmasdan, ishda mavjud, shuningdek, sudga taqdim etilgan (sud tomonidan talab qilib olingan) yangi dalillar bilan birga ishni to‘liq hajmda tekshiradi.
Taftish instansiyasi sudida ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan kiritilgan iltimosnomalarni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha sud ajrim chiqaradi. Sudyani rad qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa organlarga ijro etish uchun yuboriladigan ajrimlar, ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilishi sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi taqdimnoma alohida xonada chiqarilib, alohida hujjat shaklida rasmiylashtiriladi va sudya tomonidan imzolanadi.
16. Taftish instansiyasi sudi taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ko‘rishda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qabul qilingan sud qarorlarining qonuniyligi, asoslantirilganligi va adolatliligini tekshiradi.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sud qarori, basharti u moddiy va protsessual qonunning barcha talablariga rioya etilgan holda chiqarilgan bo‘lsa, qonuniy deb topiladi.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sud tomonidan har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshirilgan dalillar asosida chiqarilgan qaror asoslantirilgan deb topiladi.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha chiqarilgan qaror, basharti tayinlangan ma’muriy jazo chorasi sodir etilgan huquqbuzarlik xususiyati va huquqbuzarning shaxsiga oid ma’lumotlar inobatga olingan holda tayinlangan bo‘lsa, adolatli hisoblanadi.
17. MJtKning 321-moddasida vakolatli organ (mansabdor shaxs) tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha chiqarilgan qarorni bekor qilish va o‘zgartirishning umumiy asoslari belgilangan.
Taftish instansiyasi sudi ishning muayyan holatlaridan kelib chiqqan holda, bu asoslarni qarorni o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun qo‘llashi mumkin.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan sud chiqargan qarorni bekor qilish yoki o‘zgartirish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
sud tomonidan ishni to‘liq bo‘lmagan holda yoki bir tomonlama ko‘rib chiqilishi;
qaror va sud tomonidan qo‘llanilgan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonun normalari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning ish bo‘yicha faktik holatlarga mos kelmasligi;
ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni yuritish qoidalarining jiddiy buzilishi;
qo‘llanilgan ma’muriy jazoning adolatsizligi.
18. Shikoyat (protest)ni taftish tartibida ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha sud quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarorini o‘zgarishsiz, taftish tartibida berilgan shikoyatni (protestni) esa, qanoatlantirmasdan qoldirish to‘g‘risida;
apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarorini bekor qilish va birinchi instansiya sudining qarorini o‘zgarishsiz qoldirish haqida;
ish bo‘yicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilish va ish yuritishni tugatish to‘g‘risida;
birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarorini o‘zgartirish yoxud bekor qilish va yangi qaror qabul qilish haqida;
jazo chorasini kuchaytirmagan holda uni ma’muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatida nazarda tutilgan doirada o‘zgartirish haqida;
taftish tartibida berilgan shikoyat (protest) qaytarib olingan taqdirda, taftish tartibida ish yuritishni tugatish to‘g‘risida.
Shuningdek, taftish tartibida quyidagi qarorlar ham qabul qilinishi mumkin:
birinchi, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudlarining vakolatli organning ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qaroriga nisbatan shikoyat berish muddatini tiklashni rad qilish to‘g‘risidagi ajrimlari ustidan berilgan xususiy shikoyatni (protestni) qanoatlantirish yoki rad qilish to‘g‘risida;
Oldingi tahrirga qarang.
sudning qarori ustidan apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklashni rad qilish to‘g‘risidagi ajrim ustidan berilgan xususiy shikoyatni (protestni) qanoatlantirish yoki rad qilish to‘g‘risida (MJtKning 316-moddasi, 3243-moddasining 3-qismi, 32414-moddasining to‘rtinchi qismi).
(18-bandning o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Taftish instansiyasi sudi qarori chiqarilgach darhol o‘qib eshittiriladi.
19. Taftish instansiyasi sudi ish holatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshirilganligini, MJtK normalarining buzilishiga yo‘l qo‘yilmaganligini, huquqbuzarlikni kvalifikatsiya qilishda moddiy qonun normalarining to‘g‘ri qo‘llanilganligini, tayinlangan ma’muriy jazo chorasi MJtK 30-moddasining talablariga muvofiqligini aniqlasa, birinchi, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudlari qarorlarini o‘zgarishsiz qoldiradi.
20. Taftish instansiyasi sudi birinchi, apellyatsiya yoki kassatsiya sudlari qarorlarini o‘zgartirishda quyidagilarga haqli:
ma’muriy huquqbuzarlik kvalifikatsiyasini ma’muriy jazo chorasini o‘zgartirmagan holda o‘zgartirishga;
ma’muriy huquqbuzarlik kvalifikatsiyasini ma’muriy jazo chorasini yengillashtirgan holda o‘zgartirishga;
ma’muriy jazo chorasini MJtK maxsus qismi tegishli moddasining sanksiyasi doirasida o‘zgartirishga;
bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llash haqidagi MJtK 34-moddasining talablari buzilgan holatlarda qonunga muvofiqlashtirib o‘zgartirishga;
MJtK maxsus qismining muayyan moddasini yoki huquqbuzarlik epizodlarini chiqarishga;
moddiy zarar miqdorini ko‘paytirish yoki kamaytirishga, shuningdek, huquqbuzarlik ashyolari to‘g‘risidagi masalani hal qilishga.
Taftish instansiyasi sudi MJtKning 33-moddasiga muvofiq, bunday qaror qabul qilinishi sabab va asoslarini ko‘rsatgan holda, MJtK tegishli moddasining sanksiyasida nazarda tutilgan eng kam jazodan ham kamroq jazoni yoki mazkur moddada nazarda tutilmagan boshqa jazoni qo‘llashga haqli.
21. MJtKning 278-moddasiga muvofiq, agar ishni ko‘rib chiqish paytida taftish instansiyasi sudi huquqbuzarning harakatlarida jinoyat alomatlari bor degan xulosaga kelsa, birinchi, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudlari qarorlarini bekor qiladi va ish hujjatlarini asoslantirilgan qaror bilan birga prokurorga yuboradi.
Tergov yoki surishtiruv organi ish hujjatlarini o‘rganib chiqish va tekshirish natijasi bo‘yicha huquqbuzarning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘q degan xulosaga kelsa, ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishni jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qaror bilan birga birinchi instansiya sudiga yuboradi.
Bunday holatda ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish birinchi instansiya sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
22. Taftish instansiyasi sudi, agar jabrlanuvchining, uning vakilining yoki ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzgan organning shikoyatini yoxud prokuror protestini ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, jazo chorasini og‘irlashtirish yoki qilmishni MJtK maxsus qismining og‘irroq javobgarlikni nazarda tutuvchi moddasiga qayta kvalifikatsiya qilish zarurati bor, degan xulosaga kelsa, birinchi, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudlari qarorlarini bekor qiladi va yangi qaror chiqaradi.
23. Sudlarga tushuntirilsinki, agar taftish tartibidagi shikoyat (protest)ni ko‘rib chiqish paytida MJtKning 271-moddasida (10, 101-bandlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno) nazarda tutilgan ma’muriy javobgarlikni istisno qiluvchi holatlardan biri aniqlansa, sud qarorlari bekor qilinishi, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish esa, tugatilishi lozim.
MJtK 324-moddasining birinchi qismiga muvofiq, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rishni tugatish orqali qarorni bekor qilish undirib olingan pul summalarini, haqi to‘lab olib qo‘yilgan yoki musodara qilingan narsalarni qaytarib berishga, shuningdek, ilgari qabul qilingan qaror bilan bog‘liq cheklashlarni bekor qilishga asos bo‘ladi. Narsani qaytarib berish mumkin bo‘lmagan hollarda uning qiymati, basharti bu narsalar tadbirkorlik uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, boy berilgan foydasi ham qoplanadi. Mazkur qoida MJtK 271-moddasining 5, 7, 9-bandlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Fuqaroni g‘ayriqonuniy ravishda ma’muriy qamoqqa olish natijasida unga yetkazilgan zarar qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi.
24. Taftish instansiyasi sudi ish bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilishi sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni aniqlaganda, bu sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rish uchun korxona, muassasa, tashkilot rahbari nomiga taqdimnoma kiritishi lozim.
Taftish instansiyasi sudi tomonidan bunday taqdimnoma ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ish yuritish uchun mas’ul organ (mansabdor shaxs) tomonidan qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan hollarda ham kiritilishi kerak.
25. Taftish instansiyasi sudi qarori o‘qib eshittirilgan paytdan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi va uzil-kesil hisoblanib, uning ustidan shikoyat (protest) bildirishga yo‘l qo‘yilmaydi (yangi ochilgan holatlar bundan mustasno).
26. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, taftish instansiyasining qarori ish bilan birga birinchi instansiya sudiga yoki boshqa sudga uch kunlik muddatda yuborilishi lozim. Qaror chiqarilgan shaxsga uning ko‘chirma nusxasi uch kunlik muddatda yuboriladi yoki topshiriladi, shuningdek, jabrlanuvchiga uning so‘roviga binoan beriladi.
Shuni nazarda tutish kerakki, ma’muriy qamoqqa olish yoki ma’muriy tartibda chiqarib yuborish tariqasidagi ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgan ish bo‘yicha chiqarilgan qarorning ko‘chirma nusxasi qarorni ijro etuvchi organga, shuningdek, ishda ishtirok etuvchi shaxslarga qaror qabul qilingan kunning o‘zidayoq yuboriladi (topshiriladi).
27. Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri hal etilishini ta’minlash maqsadida ishlarni taftish tartibida ko‘rish bo‘yicha sud amaliyotini umumlashtirib borish tavsiya etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi B. ISLAMOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi N. XAKIMOVA
Toshkent sh.,
2024-yil 25-iyun,
19-son