O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari faoliyati samaradorligini baholash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida 2024-yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga o‘z vaqtida, to‘laqonli va sifatli erishilishini ta’minlash, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlarining bu boradagi mas’uliyati va shaxsiy javobgarligini oshirish hamda faoliyati samaradorligini baholash tizimini takomillashtirish maqsadida:
1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) (keyingi o‘rinlarda — samaradorlik ko‘rsatkichlari), ularga erishish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” hamda ular tomonidan hududlarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorlik ko‘rsatkichlari hamda hududlar kesimidagi chora-tadbirlar dasturi asosida ishlab chiqiladigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosarlarining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorlik ko‘rsatkichlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan va ularga erishish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan tasdiqlanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida tuman (shahar) hokimlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorlik ko‘rsatkichlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.
(1-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-dekabrdagi PF-243-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 06/25/243/1128-son)
Bunda, samaradorlik ko‘rsatkichlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari va topshiriqlarida belgilangan ko‘rsatkichlardan past bo‘lmagan darajada choraklar kesimida belgilanadi.
2. Samaradorlik ko‘rsatkichlariga o‘z vaqtida va sifatli erishilishini ta’minlash va ularning bajarilishini monitoring qilish tizimini raqamlashtirish maqsadida belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumot har chorakda Boshqaruv samaradorligi agentligining “samaradorlik.uz” elektron platformasiga (keyingi o‘rinlarda — platforma) kiritiladi hamda unda rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorligi reytingi shakllanadi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy statistika qo‘mitasi va boshqa davlat tashkilotlarining axborot tizimlarida elektron hisoboti yuritiladigan samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish natijalari ushbu axborot tizimlarini platformaga integratsiya qilish orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi;
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)
samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilganligi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tashkilotlar yoki Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari tomonidan tasdiqlanadi, bundan natijasi avtomatik tarzda shakllantiriladigan samaradorlik ko‘rsatkichlari mustasno;
har bir samaradorlik ko‘rsatkichiga belgilanadigan salmoq o‘lchovi yig‘indisidan kelib chiqib, samaradorlik ko‘rsatkichlari ular bajarilishi 70 foizdan kam bo‘lganda — “qoniqarsiz”, 70 foizdan 85 foizgacha — “qoniqarli”, 85 foizdan 100 foizgacha — “yaxshi” hamda 100 foiz va undan yuqori bo‘lganda “a’lo” deb baholanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
samaradorlik ko‘rsatkichlarining bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumot platformaga o‘z vaqtida va sifatli kiritilishi hamda tasdiqlanishi tanlanma tartibda Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan monitoring qilinadi.
(2-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
3. Samaradorlik ko‘rsatkichlarining bajarilishida rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish maqsadida o‘rnatilsinki:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlarini rag‘batlantirish to‘lovlari miqdori ularning samaradorlik ko‘rsatkichlarini baholash natijalaridan kelib chiqib belgilanadi;
chorak yakuni bo‘yicha samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish natijalari “qoniqarsiz” deb baholangan rahbarlar va ularning o‘rinbosarlariga rag‘batlantirish to‘lovlari kelgusi uch oy uchun to‘xtatiladi va ularga nisbatan intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqiladi, bundan Vazirlar Mahkamasi Rayosatida samaradorlik ko‘rsatkichlari asoslantirilgan sabablarga ko‘ra bajarilmaganligi tasdiqlangan hollar mustasno;
yil yakuni bo‘yicha samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish natijalari “qoniqarsiz” deb baholangan rahbarlar va ularning o‘rinbosarlariga nisbatan ularning egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasi ko‘rib chiqiladi.
4. Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va o‘rinbosarlarining samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi yuzasidan har bir tashkilot bo‘yicha hisobotlarni har yili eshitib borish tavsiya etilsin.
5. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorligini baholashda platformada shakllantirilgan samaradorlik ko‘rsatkichlari birlamchi manba hisoblanadi;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-dekabrdagi PF-243-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 06/25/243/1128-son)
faoliyati samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholanadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlarining ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;
Vazirlar Mahkamasi qarori asosida tasdiqlanadigan samaradorlik ko‘rsatkichlari, ularga belgilanadigan salmoq o‘lchovi va boshqa ko‘rsatkichlar Vazirlar Mahkamasi Rayosati qarori bilan o‘zgartirilishi mumkin.
6. Vazirlar Mahkamasi:
a) bir hafta muddatda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorlik ko‘rsatkichlari, ularga erishish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” hamda ular tomonidan hududlarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturini;
Oldingi tahrirga qarang.
b) uch oy muddatda:
(6-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-75-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 06/24/75/0335-son)
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari o‘rinbosarlarining samaradorlik ko‘rsatkichlarini baholash natijalaridan kelib chiqib amalga oshiriladigan rag‘batlantirish to‘lovlari turlari va ularni hisoblash tartibini;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosarlarining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari o‘rinbosarlarining samaradorlik ko‘rsatkichlarini tasdiqlasin.
7. Raqamli texnologiyalar vazirligi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu Farmon talablaridan kelib chiqib, Davlat xizmatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan platformani takomillashtirsin va tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Raqamli texnologiyalar vazirligi Milliy statistika qo‘mitasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda elektron hisoboti yuritilmaydigan samaradorlik ko‘rsatkichlarini 2025-yil yakuniga qadar bosqichma-bosqich raqamlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)
8. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi:
bir oy muddatda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalarining rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyati samaradorligini baholash asoslari bo‘yicha Davlat boshqaruvi akademiyasida qisqa muddatli o‘quv kurslarni tashkil etsin;
ikki oy muddatda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlarining faoliyatini samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida platforma orqali baholash tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ikki oy muddatda davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan yirik xo‘jalik jamiyatlari ustavlariga mazkur Farmondan kelib chiqib, tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishini ta’minlasin.
10. Quyidagilarga:
Bosh vazir o‘rinbosarlari A. Ramatov, J. Qo‘chqorov, J. Xodjayev, Z. Maxkamovaga — tegishliligi bo‘yicha respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalarining rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari uchun samaradorlik ko‘rsatkichlari o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi, ularga erishilishini ta’minlash yuzasidan;
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga — o‘zlarining o‘rinbosarlari uchun samaradorlik ko‘rsatkichlari o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi, ularga erishilishini ta’minlash, shuningdek, tuman (shahar) hokimlari va ularning o‘rinbosarlari uchun samaradorlik ko‘rsatkichlarini tasdiqlash yuzasidan;
(10-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-dekabrdagi PF-243-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 06/25/243/1128-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Boshqaruv samaradorligi agentligi direktorining birinchi o‘rinbosariga — respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatini samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash ishlarini uslubiy jihatdan muvofiqlashtirish, samaradorlik ko‘rsatkichlari natijalari bo‘yicha tahliliy ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritish yuzasidan;
(10-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat ishtirokidagi yirik korxonalar rahbarlariga — o‘zlari mas’ul bo‘lgan tarmoq va sohalar bo‘yicha belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishilishi hamda ma’lumotlarning to‘g‘ri va o‘z vaqtida platformaga kiritilishi yuzasidan shaxsiy mas’uliyat yuklansin.
11. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 13-mart,
PF-49-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.03.2024-y., 06/24/49/0205-son; 10.05.2024-y., 06/24/75/0335-son; 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son; 09.12.2025-y., 06/25/243/1128-son)