Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 15-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2023-yil 24-noyabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun hamda boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
yerlarni rekultivatsiya qilish — buzilgan tuproq qoplamini tiklash, uni foydalanish uchun yaroqli holga keltirish;
tuproq — yer yuzasining tabiiy yoki antropogen omillar taʼsiri natijasida shakllanadigan, oʻsimliklarning yashashi uchun zarur unumdorlik xususiyatlariga ega bir nechta qatlamdan iborat boʻlgan ustki qismi;
tuproqning buzilishi — foydali qazilmalarni qazib olish, geologiya-qidiruv, geodeziya, qurilish ishlarini va boshqa ishlarni amalga oshirish jarayonida tuproq qoplamining fizik jihatdan buzilishi, qisman yoki toʻliq yoʻq qilinishi;
tuproq degradatsiyasi — tabiiy yoki antropogen omillar taʼsiri natijasida tuproq unumdorligining pasayishiga, tuproqning ekologik-meliorativ holati yomonlashishiga, shuningdek tuproqning miqdor va sifat jihatidan salbiy oʻzgarishlariga olib keladigan jarayonlar majmui;
tuproqning ifloslanishi — tuproqning sifatini yomonlashtiradigan hamda atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatadigan zararli kimyoviy va radioaktiv moddalarning, neftning, neft mahsulotlarining hamda mikroorganizmlarning tuproqqa tushishi va toʻplanishi;
tuproqni muhofaza qilish — tuproqdan oqilona foydalanishga va uni saqlashga, uning ifloslanishi, buzilishi hamda degradatsiyasining oldini olishga, shuningdek tabiiy va texnogen taʼsirlardan himoya qilishga qaratilgan huquqiy, tashkiliy, xoʻjalik tadbirlari va boshqa tadbirlar majmui;
tuproq sifati — tuproq unumdorligini belgilaydigan xususiyatlar;
tuproq sifatini baholash (tuproq bonitirovkasi) — tuproqning sifati va tabiiy unumdorlik qobiliyatini 100 balli shkala boʻyicha qiyosiy baholash;
tuproqni tiklash — tuproqning holatini, sifatini yaxshilashga va unumdorligini oshirishga qaratilgan tadbirlar;
tuproq unumdorligi — tuproqning oʻsimliklarni oziqli moddalar, issiqlik, namlik, havo va boshqa yashash faoliyati omillari bilan taʼminlaydigan xususiyatlari;
tuproqning unumdor qatlami — tuproqning oʻsimliklar oʻsishi uchun qulay xususiyatlarga ega boʻlgan ustki qatlami;
tuproq eroziyasi — tuproqning yogʻingarchiliklar, sugʻorish va shamol taʼsirida yemirilish jarayoni;
tuproqning holati — tuproqning tarkibini, tuzilishini va xususiyatlarini tavsiflovchi koʻrsatkichlar majmui.
4-modda. Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi asosiy prinsiplar
Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
inson sogʻligʻining va atrof-muhit xavfsizligining ustuvorligi;
ochiqlik va shaffoflik;
yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va yer uchastkalari ijarachilari huquqlari hamda qonuniy manfaatlarining ustuvorligi.
5-modda. Tuproqni muhofaza qilish obyekti
Tuproqni muhofaza qilish obyekti yer fondining barcha toifalaridagi tuproqning unumdor va tuproq hosil qiluvchi qatlamlaridan iboratdir.
6-modda. Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish tadbirlari
Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish tadbirlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni amalga oshirish;
ifloslangan, buzilgan yoki boshqacha tarzda degradatsiyaga uchragan tuproqni tiklash;
tuproq monitoringini yuritish;
yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning, yer uchastkalari ijarachilarining tuproq muhofazasini taʼminlashga, undan oqilona foydalanishga hamda tuproq unumdorligini saqlashga doir tegishli majburiyatlarini belgilash;
tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish boʻyicha iqtisodiy tadbirlarni amalga oshirishda manfaatdorlik mexanizmini qoʻllash;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish chogʻida tuproq va suv manbalarining shoʻrlanishini, botqoqlanishi hamda ifloslanishini istisno etadigan usullardan foydalanish;
shoʻrlangan yerlarda meliorativ tadbirlarni amalga oshirish;
yerlarni davriy ravishda tekislash;
ihota daraxtzorlarini barpo etish, qum koʻchishining oldini olish va uni mustahkamlash;
hududiy sharoitlardan kelib chiqqan holda iqtisodiy jihatdan samarali dehqonchilik tizimlaridan foydalanish;
qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanish;
qiyaliklarda suv eroziyasiga qarshi kurashish uchun koʻp yillik oʻtlar, butalar va daraxtlar ekish;
shamol eroziyasiga qarshi tadbirlarni qoʻllash;
kollektor-drenaj va sugʻorish tarmoqlarini, shuningdek suv havzalarini tozalash chogʻida olingan tuproqdan foydalangan holda qumli, qumloq va yengil qumoq tuproqlarning mexanik tarkibini yaxshilash;
sugʻoriladigan yerlarda ilmiy asoslangan tavsiyalarga muvofiq eroziyaga qarshi tadbirlarni qoʻllash, sugʻorish rejimlariga va normalariga rioya etish;
tuproqning texnogen zichlanishining oldini olish;
mineral, organik, organik-mineral, bakterial oʻgʻitlar hamda boshqa oʻgʻitlarni, shuningdek kompost va sideratlarni tuproq-iqlim sharoitlari va oʻsimliklarning ehtiyojlari hisobga olingan holda qoʻllash.
Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish tadbirlari qonunchilikka muvofiq boshqa tadbirlarni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
7-modda. Shaharsozlik faoliyatini yoki qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish chogʻida tuproqni muhofaza qilishga va undan oqilona foydalanishga doir talablar
Shaharsozlik faoliyatini yoki qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish chogʻida tuproqni muhofaza qilishga va undan oqilona foydalanishga qoʻyiladigan talablar quyidagilardan iborat:
obyektlarni joylashtirish va ularni qurish loyihalarida — tuproqqa oid tadqiqotlar natijalarini hisobga olgan holda tabiatni muhofaza qilish hamda sanitariya talablariga rioya etishga va tuproq unumdorligini saqlashga qaratilgan tadbirlarni nazarda tutish;
obyektlarni qurish loyihalarida — yer uchastkalaridagi mavjud tuproqni saqlab qolish ustuvorligini belgilash;
obyektlarni loyihalashtirish chogʻida loyiha hududiga kirmaydigan tutash hududlarda — tuproq ifloslanishining, buzilishining yoki boshqacha tarzdagi degradatsiyasining oldini olish choralarini koʻrish;
obyektlarni loyihalashtirish chogʻida — tuproqning unumdor qatlamini sidirib olish, saqlash va undan foydalanish tadbirlarini belgilash;
loyihalashtirilgan obyektlar qurilishi chogʻida — tuproqni muhofaza qilish talablariga rioya etish.
Shaharsozlik faoliyatini yoki qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish chogʻida tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq boshqa talablar ham belgilanishi mumkin.
8-modda. Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish ishlarini moliyalashtirish
Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish ishlarini moliyalashtirish quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari;
yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning, yer uchastkalari ijarachilarining, shuningdek korxonalar va tashkilotlarning mablagʻlari;
homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
2-bob. Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasini davlat tomonidan tartibga solish
9-modda. Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi faoliyatni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning asosiy yoʻnalishlari
Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi faoliyatni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish boʻyicha investitsiya faoliyatini ragʻbatlantirish;
tuproqqa oid xizmatlar infratuzilmasini rivojlantirish;
tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasida ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-sinov ishlarini tashkil etish;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning sifati yaxshilangan (bonitet balli oshgan) taqdirda soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq yer soligʻini toʻlashga doir imtiyozlar berish.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining XVI boʻlimi.
10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi hamda ularning amalga oshirilishini tashkil etadi, shuningdek ularning bajarilishini nazorat qiladi;
tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz vakolatlari doirasida qabul qiladi;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuproqni muhofaza qilish hamda uning unumdorligini oshirish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish ustidan davlat nazorati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
tuproq monitoringini amalga oshirish tartibini, tuproqning unumdor qatlamini sidirib olish, saqlash va undan foydalanish tartibini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni, strategiyalarni ishlab chiqadi, amalga oshiradi hamda nazorat qiladi;
tuproqni muhofaza qilishga va uning unumdorligini oshirishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi hamda ularni oʻz vakolatlari doirasida qabul qiladi;
tuproqqa oid va agrokimyoviy tadqiqotlar olib boradi, ilmiy jihatdan asoslangan tavsiyalar ishlab chiqadi;
degradatsiyaga uchragan yerlarning hisobini yuritadi va ularni muvofiqlashtiradi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan maqsadli foydalanilishi, almashlab ekishning tashkil etilishi, rivojlantirilishi va olib borilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
tuproqdan oqilona foydalanilishini va uning muhofaza qilinishini iqtisodiy jihatdan ragʻbatlantirishni qonunchilikka muvofiq amalga oshiradi;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga tuproqning buzilishiga yoki yoʻq qilinishiga olib keladigan harakatlar sodir etilgan, shuningdek tuproqni tiklash boʻyicha majburiyatlar bajarilmagan taqdirda choralar koʻrish toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
tuproqqa oid tadqiqotlar asosida oʻsimliklar uchun mineral oʻgʻitlar va boshqa turdagi oʻgʻitlarning maqbul boʻlgan normalarini belgilaydi;
qishloq xoʻjaligi yerlarining rekultivatsiya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi:
yerlarni sugʻorishning suvni tejaydigan, tuproqni himoyalaydigan texnologiyalarini joriy etadi;
sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, barqarorligini taʼminlash va degradatsiyaning oldini olish choralarini koʻradi;
kollektor-drenaj tarmoqlari va inshootlarining ishlash qobiliyatini taʼminlash boʻyicha choralar koʻradi, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini baholaydi va hisobotini yuritadi;
ilmiy-texnika yutuqlarini, shuningdek suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarning innovatsion usullarini hamda ilgʻor tajribani joriy etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi:
tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini, ularning oʻsishini tezlashtiruvchi moddalarni, mineral oʻgʻitlarni, boshqa kimyoviy moddalar va preparatlarni transportda tashish, saqlash hamda qoʻllash chogʻida tuproqni ifloslanishdan muhofaza qilishni amalga oshiradi;
tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirishga oid tadbirlarning yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va yer uchastkalari ijarachilari tomonidan bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
vaqtincha foydalanishga berilgan hamda qurilish, foydali qazilmalarni qazib olish va boshqa taʼsirlar natijasida buzilgan yerlarning tiklanishi, ular foydalanish uchun yaroqli holga keltirilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
choʻllanishning oldini olish, oʻrmonlarni tiklash hamda ihota daraxtzorlarini barpo etish tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
togʻ yonbagʻirlarida, jarliklarda, tashlandiq, yaylov va foydalanishdan chiqarilgan yerlarda eroziyaga qarshi koʻchatzorlar (daraxtzorlar) yaratilishini tashkil etadi;
oʻrmon meliorativ dehqonchilik tizimiga ilmiy yutuqlarni va ilgʻor tajribani joriy etadi;
oʻrmon fondi yerlarining rekultivatsiya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
14-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi vakolatlari
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasida qabul qilingan davlat dasturlarining hamda boshqa dasturlar va strategiyalarning amalga oshirilishini tashkil etadi;
tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi hududiy dasturlarni amalga oshiradi;
shaharsozlik faoliyatini, geologik qidiruvni va foydali qazilmalarni qazib olishni, shuningdek qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish chogʻida tuproqning sidirib olingan unumdor qatlamini saqlash uchun joylarni belgilaydi. Bunda joylar buzilgan va unumdorligi past boʻlgan qishloq xoʻjaligi yerlaridan belgilanadi;
mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan tuproqni muhofaza qilishga va uning unumdorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni belgilaydi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish. Tuproqdan samarali foydalanish
15-modda. Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi davlat nazorati
Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi davlat nazorati quyidagilarga nisbatan amalga oshiriladi:
tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish, tuproq holatining saqlanishi sohasidagi talablar va normalarning bajarilishiga;
tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish, tuproqning holatini yaxshilash, shuningdek tuproq degradatsiyasining, buzilishi va ifloslanishining oldini olishga doir tadbirlarning amalga oshirilishiga;
tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etishga doir choralar koʻrishga;
tuproqning holati toʻgʻrisidagi axborotning ishonchliligiga.
Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
16-modda. Yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning va yer uchastkalari ijarachilarining tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi huquqlari
Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va yer uchastkalarining ijarachilari quyidagi huquqlarga ega:
oʻz mablagʻlari hamda jalb qilinadigan boshqa mablagʻlar hisobidan tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish, tuproqning holatini yaxshilash, uning degradatsiyasi, buzilishi va ifloslanishining oldini olishga doir tadbirlarni mustaqil ravishda amalga oshirish;
tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish chogʻida ilm-fan, texnika va texnologiya yutuqlaridan foydalanish;
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tuproqqa yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini talab qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutidan (bundan buyon matnda Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti deb yuritiladi) oʻziga tegishli yer uchastkasidagi tuproqning sifatini baholash toʻgʻrisida axborot olish;
mexanizatsiyalashtirish, kimyoviy ishlov berish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, shuningdek urugʻlik materialining tuproq holatiga taʼsiri toʻgʻrisida tegishli davlat organlaridan yoki xoʻjalik yurituvchi subyektlardan maʼlumotlar olish.
Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va yer uchastkalarining ijarachilari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
17-modda. Yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning va yer uchastkalari ijarachilarining tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi majburiyatlari
Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va yer uchastkalarining ijarachilari oʻziga tegishli yer uchastkasida:
yerlardan foydalanish chogʻida tuproqni muhofaza qilishni, uning unumdorligini saqlash, tiklash hamda oshirishni taʼminlashi, shuningdek tuproqning ifloslanishiga va unumdorligi pasayishiga olib keladigan harakatlarga (harakatsizlikka) yoʻl qoʻymasligi;
tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda dehqonchilikning ilmiy jihatdan asoslangan agrotexnik tadbirlariga rioya etishi;
tuproqning zichlanishiga olib keladigan texnika va texnologiyalardan foydalanmasligi;
tuproqqa oid tadqiqotlarni oʻtkazishda hamkorlik qilishi;
tuproqning ifloslanishiga yoʻl qoʻymasligi;
tuproqning shoʻrlanishiga qarshi agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishi;
sugʻoriladigan, haydaladigan yerlarning davriy ravishda tekislanishini amalga oshirishi;
sugʻorish rejimiga va normalariga rioya etishi;
tuproq-iqlim sharoitlarini va oʻsimliklar ehtiyojlarini hisobga olgan holda mineral oʻgʻitlardan tabaqalashtirilgan tarzda foydalanishi;
tuproq degradatsiyasiga qarshi tadbirlarni amalga oshirishi, tuproq degradatsiyasi hollari toʻgʻrisida tegishli davlat organlarini xabardor qilishi;
shaharsozlik faoliyatini, geologik qidiruvni va foydali qazilmalarni qazib olishni, shuningdek qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish chogʻida tuproqning mavjud unumdor qatlamini sidirib olishi va saqlashi shart.
Yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning va yer uchastkalari ijarachilarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
18-modda. Tuproqning unumdor qatlamini saqlash va yerlarni rekultivatsiya qilish
Shaharsozlik faoliyatini, geologik qidiruvni va foydali qazilmalarni qazib olishni, shuningdek qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish chogʻida mazkur faoliyat turlarini amalga oshiruvchi subyektlar tomonidan tuproqning unumdor qatlami sidirib olinadi va saqlanadi.
Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish chogʻida sidirib olingan tuproqning unumdor qatlamini qurilish tashkilotlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan belgilangan joylarga saqlash uchun olib chiqadi.
Shaharsozlik faoliyati, geologik qidiruv va foydali qazilmalarni qazib olish, shuningdek qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan boshqa faoliyat uchun yerlarni ajratish loyihalarini ishlab chiqish chogʻida tuproqning unumdor qatlami Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti tomonidan loyiha ijrochilarining buyurtmasiga asosan aniqlanadi.
Shaharsozlik faoliyatini, geologik qidiruvni va foydali qazilmalarni qazib olishni, shuningdek qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish chogʻida tuproqning unumdor qatlami sidirib olinmaganligi va saqlanmaganligi fakti aniqlangan taqdirda, yetkazilgan zararning oʻrni belgilangan tartibda mahalliy budjetga qoplanadi. Mazkur pul mablagʻlaridan qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan sugʻoriladigan yerlarni foydalanishga kiritish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun foydalaniladi.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarda hamda oʻrmon fondi yerlarida geologik qidiruvni va foydali qazilmalarni qazib olishni, shuningdek qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshiruvchi subyektlar mazkur yerlarni oʻz mablagʻlari hisobidan rekultivatsiya qilishi shart.
19-modda. Tuproqning holatini va sifatini baholash normalari
Tuproqning holatini va sifatini baholash normalari Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti tomonidan ishlab chiqiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan tegishli vazirliklar bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
20-modda. Tuproqni oʻrganish
Tuproqni oʻrganish tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish maqsadida tuproqning holatini oʻrganish, uning sifatini baholash hamda tuproq degradatsiyasi darajasini aniqlash orqali amalga oshiriladi.
Tuproqni oʻrganish Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining, Suv xoʻjaligi vazirligining, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining vakolatli tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va yer uchastkalarining ijarachilari oʻziga tegishli yer uchastkalarida tuproqni oʻrganishni amalga oshirishi mumkin.
Oʻrganish davomida tanlab olingan tuproq namunalarini tahlil qilish akkreditatsiya qilingan laboratoriyalarda amalga oshiriladi.
Tuproqni oʻrganish natijalari toʻgʻrisidagi hisobotlar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan belgilangan tegishli shakllar boʻyicha rasmiylashtiriladi.
21-modda. Tuproq xaritalari
Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining, shuningdek tumanlarning (shaharlarning) tuproq xaritalarida tuproqning turlari boʻyicha geografik joylashuvi, mexanik tarkibi, shoʻrlanish, eroziya darajasi, oʻzlashtirilish davri va tuproq hosil qiluvchi jinslar aks ettiriladi.
Tuproq xaritasi tuproq qoplamini oʻrganishga, tuproq monitoringiga oid maʼlumotlardan va tuproq toʻgʻrisidagi boshqa axborotdan foydalanish asosida tuziladi.
Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining, shuningdek tumanlarning (shaharlarning) tuproq xaritalarini tuzadi hamda ular asosida Oʻzbekiston Respublikasining tuproq xaritasini tuzishni va yangilashni tashkil etadi.
Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti tomonidan tuproqni oʻrganish natijalari asosida tuproq sifatini baholash (bonitirovka), shoʻrlanish, eroziya xaritalari, agrokimyoviy, ekologik va boshqa tematik tuproq xaritalari tuziladi.
Tuproq xaritalarini tuzish va yangilash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
22-modda. Tuproqqa oid maʼlumotlar fondi
Tuproqni oʻrganish va tuproq monitoringi natijasida olingan tuproqning holati va sifati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (materiallar) tuproqqa oid maʼlumotlar fondini tashkil etadi.
Tuproqqa oid maʼlumotlar fondi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining, shuningdek tumanlarning (shaharlarning) tuproq xaritalari;
tuproqning sifatini baholash (bonitirovka), shoʻrlanish, eroziya xaritalari, agrokimyoviy, ekologik va boshqa tematik tuproq xaritalari;
tuproqni oʻrganishga oid maʼlumotlar;
tuproq monitoringi maʼlumotlari.
Tuproqqa oid maʼlumotlar fondi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti tasarrufida boʻladi.
Tuproqqa oid maʼlumotlar fondini hisobga olish, saqlash va undan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan belgilanadi.
23-modda. Tuproq monitoringi
Tuproq monitoringi tuproqdagi oʻzgarishlarni davriy kuzatib borish tizimi boʻlib, u yerlar monitoringining tarkibiy qismidir.
Tabiiy va antropogen omillar taʼsirida tuproqning kimyoviy, biologik, fizikaviy hamda boshqa xususiyatlari oʻzgarishini aniqlash tuproq monitoringi obyektidir.
Tuproq monitoringi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti tomonidan amalga oshiriladi.
Tuproq monitoringi natijalariga koʻra tuproqning holatidagi salbiy jarayonlarni prognoz qilish, ularning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqiladi. Tuproq monitoringi natijalari va tavsiyalar tegishli davlat organlariga taqdim etiladi.
24-modda. Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar
Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, tegishli sohaga oid ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy taʼlim tashkilotlari, shuningdek boshqa ilmiy tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasida quyidagi ilmiy tadqiqotlar amalga oshiriladi:
tuproqning ekologik, meliorativ holatini va biologik faolligini yaxshilash;
tuproqning holatini va sifatini baholash;
agrotexnik, agrokimyoviy, meliorativ va eroziyaga qarshi texnologiyalarni ishlab chiqish;
tuproq degradatsiyasining oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish;
tuproqning holatini masofadan turib zondlashni, zamonaviy geoaxborot tizimlarini va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
25-modda. Nizolarni hal etish
Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
26-modda. Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 65-moddasi.
27-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
28-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
29-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 2-fevral,
OʻRQ-903-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2024-y., 03/24/903/0088-son)