Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 09.11.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Jizzax viloyatida quvvati 450 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-noyabrdagi PQ-361-sonli ““Jizzax viloyatida quvvati 550 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Elektr energetika tarmogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish hamda iqtisodiyot tarmoqlari va aholini energiya resurslari bilan barqaror va sifatli taʼminlash maqsadida:
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-apreldagi 213-son “2022 — 2026-yillarda Jizzax viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi “CENGIZ ENERJI SAN. VE TIC A.Ş.” (Turkiya Respublikasi) (keyingi oʻrinlarda — Investor) va “Cenergo” MChJ (keyingi oʻrinlarda — Loyiha kompaniyasi) bilan “Jizzax viloyatida quvvati 450 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasi (keyingi oʻrinlarda — Investitsiya loyihasi) amalga oshirilishi rejalashtirilganligi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Investor va Loyiha kompaniyasi oʻrtasida 2023-yil 1-iyunda Investitsiya shartnomasi imzolanganligi hamda unga muvofiq Investor va Loyiha kompaniyasi:
Jizzax viloyatida quvvati 450 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasini loyihalashtirishi, moliyalashtirishi, qurishi hamda ekspluatatsiya qilishi;
yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarni oʻz zimmasiga olgan holda, dastlabki baholash boʻyicha jami 337,5 mln AQSh dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishi;
v) “Oʻzbekiston milliy elektrtarmoqlari” AJ va Loyiha kompaniyasi oʻrtasida 2023-yil 1-iyunda Investitsiya loyihasi doirasida Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim imzolanganligi hamda ushbu bitimga muvofiq:
Loyiha kompaniyasi qurilish davridagi oʻz majburiyatlari lozim darajada bajarilishining taʼminoti sifatida 2,0 mln AQSh dollari miqdorida birinchi darajali xorijiy bank kafolatini taqdim etishi;

Loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga kafolatlangan tarzda sotish majburiyatini olishi;

“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ 25 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish majburiyatini olishi va elektr energiyasi uchun toʻlovni milliy valyutada amalga oshirishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Loyiha kompaniyasi hamda Investor oʻrtasida imzolangan Investitsiya shartnomasi tasdiqlansin;
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Loyiha kompaniyasi oʻrtasida tuzilgan Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim maʼqullansin.

3. Investitsiya shartnomasi va Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq ularning amal qilish muddati davomida elektr energiyasini sotib olish uchun toʻlovlar chet el valyutasida denominatsiyalangan va milliy valyutada toʻlanadigan qatʼiy tarif boʻyicha amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.

4. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Energetika vazirligi hamda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga Loyiha kompaniyasi tomonidan Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida imzolangan bitimlar boʻyicha majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, Loyiha kompaniyasi va Investor huquqini Investitsiya loyihasini moliyalashtirishda ishtirok etadigan boshqa kreditorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazish yuzasidan bitimlar tuzish huquqi berilsin.
5. “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga:
Loyiha kompaniyasi bilan birgalikda Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan tartib-taomillarga muvofiq Investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun xalqaro mustaqil injiniring kompaniyasini va boshqa maslahatchilarni majburiy ekspertiza oʻtkazmagan holda tanlab olishga hamda ular bilan shartnomalar tuzishga;

Investitsiya loyihasi maqsadlari uchun tabiiy gaz yetkazib beruvchi sifatida ishtirok etishga;

Loyiha kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini uch oy mobaynida sotib olish majburiyati bajarilishining taʼminoti sifatida Loyiha kompaniyasi foydasiga chet el bankining chet el valyutasida tasdiqlangan va tiklanadigan akkreditivini ochishga ruxsat berilsin.

6. Suv xoʻjaligi vazirligi va “UzGasTrade” AJ “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimda koʻzda tutilgan hajmlarga va parametrlarga muvofiq, Loyiha kompaniyasiga tabiiy gaz va texnik suv yetkazib berish boʻyicha shartnomalar imzolanishini taʼminlasin.

Bunda, Suv xoʻjaligi vazirligi va “UzGasTrade” AJning shartnomalar shartlariga muvofiq tabiiy gaz va texnik suv yetkazib bermasligi natijasida “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Loyiha kompaniyasiga yetkazilgan zararlar, shu jumladan barcha turdagi jarima va boy berilgan foyda summalarini toʻlab berish majburiyati yuzasidan, agar shartnomada boshqa qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, tabiiy gaz va texnik suv yetkazib beruvchilar “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ oldida qonunchilikka muvofiq regress tartibida javobgar boʻlishi belgilab qoʻyilsin.
7. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Loyiha kompaniyasiga, barcha soliqlar va yigʻimlar toʻlangan holda, Investitsiya loyihasini moliyalashtirish doirasida quyidagi huquqlar berilsin:
kredit olish, chet el valyutasida pul mablagʻlari olish va ulardan foydalanish (shu jumladan chet el valyutasida kredit tushumlari) uchun chet ellardagi xorijiy banklarda bank hisobvaraqlari ochish;
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlgan xorijiy pudrat tashkilotlari, yetkazib beruvchilar yoki xorijiy kreditorlarga toʻlovlarni Oʻzbekiston Respublikasidagi bank hisobvaraqlari orqali oʻtkazmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirish.
8. Investitsiya loyihasi doirasida bugʻ-gaz elektr stansiyasini qurish bilan bogʻliq qurilish va yer ishlarini bajarish, bino va inshootlar poydevorlarini loyihalashtirish normalari va qoidalari Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim qoidalariga muvofiq xalqaro standartlar bilan tartibga solinishi belgilab qoʻyilsin.
9. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Jizzax viloyati hokimligining Investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun ajratiladigan Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hududidagi ilovaga muvofiq 9,54 gektar yer uchastkasini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
10. Jizzax viloyati hokimligi bir oy muddatda Investitsiya shartnomasi va Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimda koʻrsatilgan shartlarga mos keladigan bugʻ-gaz elektr stansiyasini qurish uchun zarur boʻlgan yer uchastkalarini Energetika vazirligiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilishini taʼminlasin.
Bunda:
a) Energetika vazirligi mazkur bandga asosan oʻziga ajratilgan tegishli yer uchastkasi:
bugʻ-gaz elektr stansiyasini qurish uchun Investitsiya loyihasini amalga oshirish muddatiga teng davrga Loyiha kompaniyasiga;
havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish uchun “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga ijaraga berilishini taʼminlasin;
b) Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:

Loyiha kompaniyasi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanganlik uchun qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi oʻrnini qoplashdan (kompensatsiya toʻlovlaridan) ozod qilinsin;

Loyiha kompaniyasi tomonidan yer uchastkalari uchun toʻlanadigan ijara toʻlovi miqdori yer soligʻi miqdoriga tenglashtirilsin.
11. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida qurilish ishlarining sifati ustidan belgilangan tartibda davlat arxitektura-qurilish nazoratini amalga oshirsin.
12. Loyiha kompaniyasining buyurtmanomasiga binoan:

Tashqi ishlar vazirligi — Loyihani amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar uchun kirish vizalari, zarur hollarda, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini;

Ichki ishlar vazirligi — Loyiha kompaniyasi va Investitsiya loyihasi doirasida jalb qilingan pudrat tashkilotlarining xorijiy mutaxassislari hamda ularning oila aʼzolariga koʻp martalik viza muddatlari uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinishi va uning muddati uzaytirilishini;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi — xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.

13. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Investitsiya loyihasi amalga oshirilishi, shuningdek, tomonlarning Investitsiya shartnomasi va Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim doirasidagi majburiyatlarini bajarishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.

14. Adliya vazirligi Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Investitsiya shartnomasi hamda uning qoidalariga muvofiq imzolangan bitimlar yuzasidan yuridik xulosalar bersin.
15. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi loyiha hujjatlari belgilangan tartibda ekologik ekspertizadan oʻtkazilishini va Investitsiya loyihasini amalga oshirishda tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini taʼminlasin.
16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 7-avgust,
PQ-267-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-avgustdagi PQ-267-son qaroriga

ILOVA

“Jizzax viloyatida quvvati 450 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilayotgan yer uchastkalari koordinatalari
ROʻYXATI

Hudud nomi

Yerdan foydalanuvchi nomi

Kontur raqami

Jami yer maydoni

(gektar)

Shundan

yaylov va pichanzorlar

(gektar)

boshqa yerlar

(gektar)

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani

“Donabek Samo” fermer xoʻjaligi

2q

0,10

0,10

3q

0,10

0,10

4q

1,20

1,20

5q

1,80

1,80

6

1,20

1,20

12q

5,14

5,14

Jami

9,54

7,14

2,40

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.08.2023-y., 07/23/267/0580-son)