Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Iqtisodiyot tarmoqlarida birja mexanizmlaridan foydalanishni kengaytirish hamda birja savdolarini tartibga solish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida
Birja savdo operatsiyalarini yanada kengaytirish, tovar-xom ashyo birjalari va ularning professional ishtirokchilari faoliyatini tartibga solishni takomillashtirish, tovar derivativlari, shu jumladan fyuchers savdolarini tashkil etishning zamonaviy mexanizmlarini amaliyotga keng joriy etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Belgilansinki:
tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishda ularni bir vaqtning oʻzida birja tizimida akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi joriy etiladi;
xorijiy yetkazib beruvchilar tomonidan davlat xaridlari tizimida ishtirok etish uchun majburiy tartibda elektron raqamli imzo olish talabi bekor qilinadi;
tadbirkorlik subyektlarining yuqori likvidli va monopol boʻlmagan mahsulotlarini birja savdolari orqali sotish uchun istiqbolli tovarlar seksiyasi tashkil etiladi;
tadbirkorlik subyektlariga, oʻz xohishiga koʻra, birjadan tashqari toʻgʻridan-toʻgʻri tuzilgan shartnomalar boʻyicha birjaning hisob-kitob-kliring tizimi orqali kafolatli hisob-kitob xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratiladi;
mahsulotlarni “forvard” bitimlari asosida sotish tartibi birja savdolari orqali tuziladigan eksport-import shartnomalariga nisbatan ham qoʻllaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2022-yil 1-dekabrdan 2028-yil 1-yanvarga qadar quyidagi tovarlar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinadi:
(2-bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-269-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/269/1253-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
a) monopol korxonalar va (yoki) ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar, ustav fondi (kapitali)ning 50 foizi va undan ortigʻi ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxsga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar (keyingi oʻrinlarda — monopol va davlat ishtirokidagi tashkilotlar) tomonidan ishlab chiqarilgan poʻlat shar, metall list prokati, suyuq uglerod oksidi, texnik kislorod, kaustik soda, neft koksi, sintetik nafta, barda — ishlab chiqarish hajmining 100 foizi;
b) monopol boʻlmagan va (yoki) ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foizdan kam boʻlgan yoki davlat ulushi mavjud boʻlmagan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan:
metall list prokati va sement — ishlab chiqarish hajmining kamida 50 foizi;
paxtadan olingan chigit, paxta moyi (shu jumladan, ekstraksiya paxta moyi), qayta ishlangan chigit chiqindilari (shrot, sheluxa) va isteʼmol etil spirti — ishlab chiqarish hajmining 100 foizi.
Bunda, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan ushbu bandda nazarda tutilgan tovarlarning oʻz ehtiyojlari uchun foydalaniladigan hajmlardan ortgan qismi birja savdolariga qoʻyiladi.
3. Ichki bozorda narxlar keskin oshib ketishining va sunʼiy tanqislik vujudga kelishining oldini olish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi tizim joriy etilsin:
monopoliyaga qarshi organ narxlar keskin tebranishi davrida birja savdolariga majburiy qoʻyilishi kerak boʻlgan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni birja savdolariga qoʻyish jadvallarining xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan ishlab chiqarish hajmlari, mavjud imkoniyat va zaxiralaridan kelib chiqqan holda tasdiqlanishi ustidan nazorat olib boradi;
davlat soliq xizmati organlari birja savdolariga majburiy qoʻyilishi kerak boʻlgan yuqori likvidli va monopol mahsulotlar toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida realizatsiya qilingan taqdirda, oʻsha kundagi birja savdolari yakunlariga koʻra bir xil turdagi mahsulot boʻyicha oʻrtacha hisoblangan birja kotirovkasi (narx) va toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomada koʻrsatilgan narx oʻrtasidagi farq summasiga belgilangan stavkada qoʻshilgan qiymat soligʻi va foyda soligʻini hisoblaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi oʻzlarining axborot tizimlarini tovar-xom ashyo birjalarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilib, tovarlarning haqiqiy bozor narxlarini kuzatish, kelishib qilingan harakatlar va til biriktirish, manipulyatsiyalar va boshqa qonunchilik buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash mexanizmlarini joriy qiladi.
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
Bunda, birja operatsiyalari boʻyicha axborot konfidensialligini kafolatlash va birja maʼlumotlaridan maqsadli foydalanish uchun javobgarlik axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan davlat organlarining tegishli mansabdor shaxslari zimmasiga yuklanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan birja savdolari natijalariga taʼsir etuvchi, shu jumladan, tovar bozori ishtirokchilari hamda ular tomonidan beriladigan narxlarga cheklovlar oʻrnatish yuzasidan qarorlar qabul qilinishi yoki koʻrsatmalar berilishi taqiqlanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining tegishli qarorlariga muvofiq bozor tamoyillari asosida monopolist korxonalar va (yoki) ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar yoki ustav fondining (kapitalining) 50 foizi va undan ortigʻi 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan birja savdolari orqali sotilishi belgilangan yuqori likvidli, monopol va talab yuqori boʻlgan mahsulot turlari, xom ashyo va materiallar faqat “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ orqali realizatsiya qilinadi.
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/108/0579-son)
Oldingi tahrirga qarang.
41. Vazirlik va idoralar oʻzlariga tegishli axborot tizimlarining “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJning soʻrovlariga muvofiq ularning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.
(41-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-108-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/108/0579-son)
5. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi 2023-yil 1-martga qadar xorijiy ekspertlar va konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqsin. Bunda:
jahonning yirik birjalarida keng qoʻllaniladigan savdo mexanizmlari va tovar derivativlarini amaliyotga joriy qilish hamda sohada axborot texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish;
milliy va hududiy iqtisodiyot miqyosida talab yuqori boʻlgan tovarlar boʻyicha takliflar va narxlarni, ular boʻyicha yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarni hamda mavjud imkoniyatlarni kompleks baholash tizimini yaratish;
tadbirkorlik subyektlari vakillarida birja savdolari va davlat xaridlari elektron tizimlaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan oʻquv-metodik qoʻllanmalar hamda ilgʻor simulyatsion dasturiy taʼminotlarni joriy etish;
2022-yil yakunlari boʻyicha moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (IFRS) asosida buxgalteriya hisobi yuritilishini yoʻlga qoʻyish va xalqaro kredit reytingini olish;
2022-yil yakunlari boʻyicha katta toʻrtlik (“big four”) auditorlik tashkilotlaridan birini jalb qilgan holda birjaning moliyaviy hisobotlarini xalqaro audit standartlari asosida mustaqil auditdan oʻtkazish nazarda tutilsin.
6. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda:
tovar-xom ashyo birjalarida tovar derivativlari, shu jumladan fyuchers savdolari bilan shugʻullanadigan brokerlik idoralarini akkreditatsiyadan oʻtkazish hamda birja aʼzolariga qoʻyiladigan malakaviy talablarni belgilash;
birja savdolarida narxlar manipulyatsiyasi, ichki (insayderlik) maʼlumotlardan foydalanish va asossiz daromad olishning boshqa raqobatga zid usullaridan foydalanishning oldini olish;
tovar-xom ashyo birjalarining elektron savdo tizimlariga qoʻyiladigan umumiy talablarni nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilsin.
7. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi Sh.Sh. Sharaxmetov belgilansin.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
Qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 24-noyabr,
PQ-430-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.11.2022-y., 07/22/430/1037-son; 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son; 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son; 20.01.2025-y., 06/25/7/0051-son; 30.12.2025-y., 06/25/269/1253-son; 10.06.2026-y., 06/26/108/0579-son)