Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.11.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimizda 9-may umumxalq bayrami — Xotira va qadrlash kunini keng nishonlash, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan ajdodlarimiz xotirasiga chuqur hurmat bajo keltirib, fashizmga qarshi janglarda, mehnat frontida jonbozlik koʻrsatgan faxriylarimizga alohida eʼtibor va ehtirom kursatish, yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jixatdan tarbiyalashga hissa koʻshayotgan faxriylarni eʼzozlash hamda urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 15 000 000 (oʻn besh million) soʻm miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilansin.
2. Mazkur Farmonni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofotining tantanali va bayramona vaziyatda topshirilishini taʼminlasin.
4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 29-aprel,
PF-127-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2022-y., 06/22/127/0376-son)