|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“MAHALLIY SANOAT” KORPORATSIYASINING “FONON” ISHLAB CHIQARISH BIRLASHMASI TARKIBIDA “NUR” DAVLAT BADIIY ZARGARLIK MARKAZINI TASHKIL ETISH TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublika mahalliy sanoat korxonalarida zargarlik buyumlari ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish vazifalarini bajarish, qimmatbaho va yarim qimmatbaho metallar va toshlar ishlatilib tayyorlanadigan xalq hunarmandchiligi buyumlari turlarini yanada yaxshilash masalalarini hal etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Mahalliy sanoat” korporatsiyasining “Fonon” ishlab chiqarish birlashmasi tarkibida “Nur” Davlat badiiy zargarlik markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilansinki, quyidagilar zargarlik markazi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi:
zargar ustalar milliy uslubini shakllantirish, zargarlik buyumlarining, qimmatbaho metall va toshlardan, olmos va brilliantdan tayyorlanadigan buyumlarning yangi turlarini ishlab chiqish;
zargarlik buyumlarida milliy mavzu, usullarni ishlab chiqish va tiklash, ularni ishlab chiqarish uchun yangi texnologiya va uskunalar yaratish, jahon bozorida raqobatga qobil toshlar, teri, gazmol, suyak metall, yog‘ochlardan qimmatbaho metallar, tabiiy va sun’iy kristallar, marvarid qo‘shib yasaladigan noyob va kamyob badiiy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish. Ularni ko‘plab ishlab chiqarishda korxonalarga yordam berish;
noyob va misli yo‘q zargarlik san’ati asarlarining davlat kolleksiyasini yaratishga ko‘maklashish.
2. Belgilab qo‘yilsinki, Davlat badiiy zargarlik markazi yuridik shaxs hisoblanadi, idoraviy bo‘ysunishidan va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning tegishli mavzu bo‘yicha ishlarini bajaradi, ularga xizmat ko‘rsatadi.
O‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga, boshqa normativ hujjatlarga amal qiladi.
3. “Nur” Davlat badiiy zargarlik markaziga quyidagi huquqlar berilsin:
yuridik va jismoniy shaxslarning buyurtmalariga binoan zargarlik buyumlarining haqiqiyligini, badiiy va tarixiy qiymatini ekspertiza qilish (Davlat proba nazorati va Davlat xazinasi o‘tkazadigan maxsus funksiyalardan tashqari);
materiallarga (zargarlikda ishlatiladigan qimmatbaho toshlardan tashqari) ishlov berish bo‘yicha ijodiy guruhlar, ustaxonalar tashkil etish, zargarlik buyumlari uchun alohida qutichalar yasash;
zargarlik buyumlarini tayyorlashda ishlatiladigan teri, gazmol, suyak, tosh, yog‘och va boshqa xom ashyo resurslaridan tayyorlangan materiallar va yarim fabrikatlar, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarni yarim fabrikat sifatida sotib olish va almashtirish (tugallanmagan zargarlik buyumlari va ularning qismlarini sotish va almashtirish huquqisiz);
badiiy zargarlik buyumlarini, texnologiyalarni, uskunalarni belgilangan tartibda sotish, shu jumladan, ham ichki bozorda, ham xalqaro bozorda auksionlarda sotish.
4. “Mahalliy sanoat” korporatsiyasi:
bir oy muddatda “Nur” Davlat badiiy zargarlik markazi ustavini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
“Nur” Davlat badiiy zargarlik markazini joylashtirish masalasini hal etsin.
5. Vazirliklar, idoralar, tashkilotlar “Nur” zargarlik markaziga ushbu qarorni amalga oshirishda yordam ko‘rsatsinlar.
6. Qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosari o‘rtoq A.N. Voznenko zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 11-fevral,
73-son