O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Uchinchi shaxslarga soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish chora-tadbirlari haqida
Tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, biznesni qonuniy, shaffof va qulay yuritish uchun maqbul shart-sharoitlar yaratish, davlat soliq xizmati organlariga soliq to‘lovchilar tomonidan taqdim etilgan soliq sirini tashkil etmaydigan ma’lumotlarni raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalangan holda moneliksiz olish mexanizmlarini joriy qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
davlat-xususiy sheriklik asosida Internet jahon axborot tarmog‘ida real vaqt rejimida ishlovchi “Ishonchli hamkor” avtomatlashtirilgan axborot tizimini (keyingi o‘rinlarda — “Ishonchli hamkor” AAT) ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish loyihasini amalga oshirish;
“Ishonchli hamkor” AAT orqali soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi soliq sirini tashkil etmaydigan ma’lumotlar va hisob ma’lumotlar, hisobvaraq-fakturalar va cheklarda ko‘rsatilgan mahsulotlarning (tovar va xizmatlarning) yagona elektron milliy katalogi bo‘yicha identifikatsiya kodlarini, shuningdek, majburiy markirovkalangan mahsulotlar bo‘yicha tahliliy va qayta ishlangan ma’lumotlarni (keyingi o‘rinlarda — jamlangan ma’lumotlarni) yuridik va jismoniy shaxslarga (keyingi o‘rinlarda — uchinchi shaxslarga) taqdim etish.
2. “Ishonchli hamkor” AATini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishda quyidagilar tavsiya etilsin:
uchinchi shaxslarning so‘rovlariga asosan “Ishonchli hamkor” AATda mavjud bo‘lgan jamlangan ma’lumotlarni taqdim etish hamda ularga “Soliq to‘lovchi” va “Mahsulot va xizmatlar” profillaridan foydalanish imkoniyatini yaratish;
moliyaviy hisobotlarida aks ettirilgan ma’lumotlar asosida tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy ko‘rsatkichlarini hisoblash va taqdim etish hamda bank hisobvarag‘i holati (ochiq/yopiq) bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etish;
iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha umumlashtirilgan (yig‘ma) tahliliy ko‘rsatkichlarni va soliq yukini hisoblash va taqdim etish;
soliq to‘lovchilarning moliyaviy holati va hisob ma’lumotlarini tahlil qilish asosida tadbirkorlik subyektlarining faoliyati samaradorligini baholash (skoring) tizimini joriy qilish;
soliq to‘lovchilarning roziligi bilan ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga, shu jumladan, tijorat banklariga taqdim etishning texnik imkoniyatini yaratish va soliq to‘lovchilar haqidagi ma’lumotlarni ularning roziligi bilan taqdim etish;
mahsulotlarning ulgurji va chakana savdosi hamda ishlab chiqarish hajmlari, shu jumladan, import qilinadigan tovarlar bo‘yicha asosiy ishlab chiqaruvchilar va xaridorlar, iste’molning geografik xaritasi, shuningdek, bozor konyunkturasi va xizmatlarning rivojlanish holati to‘g‘risidagi tahliliy ma’lumotlarni shakllantirish;
affillangan shaxslar o‘rtasidagi aloqalarni hamda soliq xavfi darajasi mezonlarining maxfiy axborot sifatida qayd etilmagan mezonlari asosida soliq to‘lovchilarning soliq xavfi darajasini aniqlash va taqdim etish;
matritsali shtrix kodni (QR-kod) skanerlash orqali savdo cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazgan xaridorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ularning roziligi asosida mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarga taqdim etishning texnik imkoniyatini yaratish;
“Ishonchli hamkor” AATda mavjud bo‘lgan jamlangan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan matritsali shtrix kodga (QR-kod) ega bo‘lgan ma’lumotnoma taqdim etish.
Bunda “Ishonchli hamkor” AAT orqali yuklab olingan ma’lumotnoma shu kuni haqqoniy hisoblanadi va onlayn repozitoriyda saqlanadi.
3. Belgilansinki:
a) O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi “Ishonchli hamkor” AATni ishlab chiqish, joriy etish va uning faoliyatini yuritish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirishda davlat sherigi hisoblanadi va loyihani amalga oshirish maqsadida xususiy sherikni to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar asosida tanlab oladi;
b) xususiy sherikni to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar asosida tanlab olish haqidagi e’lon ommaviy axborot vositalarida, Internet jahon axborot tarmog‘i, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligining rasmiy veb-saytlarida keng yoritib boriladi;
v) “Ishonchli hamkor” AAT “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasida joylashtiriladi;
g) “Ishonchli hamkor” AATni ishlab chiqish, joriy etish va uning faoliyatini yuritish sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim quyidagi tamoyillar asosida amalga oshiriladi:
davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim tomonlarning kelishuvi asosida har 5 yilda qayta ko‘rib chiqish sharti bilan tuziladi;
xususiy sherik “Ishonchli hamkor” AATning operatori (keyingi o‘rinlarda — operator) etib belgilanadi;
operator “Ishonchli hamkor” AATda mavjud bo‘lgan tahliliy va qayta ishlangan ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga shartnoma yoki ommaviy oferta asosida taqdim etadi;
ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga taqdim etish xizmatlarini ko‘rsatishdan olinadigan daromadlar davlat sherigi va xususiy sherik o‘rtasida kelishuv asosida taqsimlanadi;
davlat-xususiy sheriklik loyihasini tayyorlashda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi konsalting tashkilotlarni jalb qiladi va ushbu maqsadlar uchun sarflanadigan (moliyalashtiriladigan) xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi;
d) operator quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
2022-yil 1-martga qadar o‘z mablag‘lari hisobidan “Ishonchli hamkor” AATni ishlab chiqib joriy etadi va keyinchalik uning faoliyatini yuritadi hamda “Ishonchli hamkor” AATni O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining serverlariga joylashtiradi;
axborot xavfsizligi talablariga rioya qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining ma’lumotlar bazasiga elektron so‘rovni amalga oshirish orqali ma’lumotlarni tahlil qilib va qayta ishlangan holda uchinchi shaxslarga taqdim etadi;
davlat sherigi bilan kelishilgan holda, davlat organlari va tashkilotlariga “Ishonchli hamkor” AAT orqali ma’lumotlardan beg‘araz foydalanish imkoniyatini yaratadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi:
“Ishonchli hamkor” AAT amaliyotga joriy qilingandan so‘ng soliq to‘lovchilarga o‘zlarining shaxsiy kabineti orqali “Ishonchli hamkor” AATga kirish imkoniyatini yaratsin;
“Ishonchli hamkor” AATni ishlab chiqish, joriy etish va uning faoliyatini yuritish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimni tuzishga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida uch oy muddatda konsepsiya va loyihani baholash hujjatlarini ishlab chiqsin;
2021-yil 1-oktabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy veb-saytida tadbirkorlik subyektlariga o‘z kontragentlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 29-moddasi talablariga muvofiq soliq sirini tashkil etmaydigan va soliq to‘lovchining roziligisiz taqdim etiladigan ma’lumotlarni soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami asosida olish imkonini beruvchi axborot platformasini yaratsin;
Moliya vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 15-yanvarga qadar katalogning identifikatsiya kodlarini Davlat xaridlari sohasida foydalaniladigan tovarlarning (xizmatlarning) yagona milliy klassifikatori bilan muvofiqlashtirish choralarini ko‘rsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda soliq siri toifalariga kirmaydigan soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi hisob ma’lumotlari ro‘yxatini doimiy kengaytirish ishlarini tashkil etsin.
5. Davlat organlari va tashkilotlari, xo‘jalik birlashmalariga davlat xaridlarini amalga oshirishda hamkorlarni tanlash, subsidiyalar ajratish, xo‘jalik yurituvchi subyektlar bilan shartnomalar tuzishda ehtiyot choralarini ko‘rish maqsadida ushbu korxonalar bo‘yicha “Ishonchli hamkor” AAT orqali tadbirkorlik subyektlarining faoliyati samaradorligini baholash (skoring) natijalarini tahlil qilish tavsiya etilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi uch oy muddatda davlat organlari tomonidan o‘zlarining ma’lumotlar bazalarida mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni pulli asosda uchinchi shaxslarga taqdim etish tartibini joriy etish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rgangan holda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 19-avgust,
529-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.08.2021-y., 09/21/529/0806-son)