Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Koʻchma savdo faoliyatiga axborot texnologiyalarini joriy etish va savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda koʻchma savdo va savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyatini tartibga solish, bunday faoliyat turlariga tadbirkorlarni keng jalb qilish, shuningdek, koʻchma savdo faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish orqali aholiga zarur tovarlarni xarid qilishda qulayliklar yaratish maqsadida:
1. 2021-yil 1-dekabrdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
koʻchma savdo faoliyati tadbirkorlik subyektlari tomonidan koʻchma savdo obyektlarini elektron tarzda “K — SAVDO” avtomatlashtirilgan axborot tizimida (keyingi oʻrinlarda — “K — SAVDO” AAT) roʻyxatdan oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Bunda, tadbirkorlik subyektlaridan roʻyxatdan oʻtkazish uchun yigʻim undirilmaydi;
koʻchma savdo joyi (xususiy mulkdorlarga tegishli joylardan tashqari) koʻchma savdo obyektlarining joylashish sxemalari boʻyicha “K — SAVDO” AAT orqali elektron auksionda sotiladi.
2. Belgilansinki:
auksionning boshlangʻich narxi tegishli tuman (shahar)dagi yer uchastkasining yer soligʻi miqdorida belgilanadi. Bunda, auksion orqali sotishdan kelib tushgan pul mablagʻlarining 80 foizi tegishli tuman (shahar) mahalliy budjetlariga, 20 foizi Davlat soliq qoʻmitasining maxsus hisob raqamiga yoʻnaltiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
auksion gʻolibi tomonidan koʻchma savdo joyining qiymati toʻliq toʻlanganidan soʻng unga “K — SAVDO” AAT orqali avtomatik ravishda QR-kod qoʻyilgan guvohnoma beriladi hamda u mazkur joydan 36 oy muddatga, Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa 60 oy muddatga foydalanish huquqiga ega boʻladi. Bunda koʻchma savdo joyidan foydalanish boʻyicha shartnoma tuzish talab etilmaydi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF-95-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2026-y., 06/26/95/0508-son)
3. Tadbirkorlik subyektlari yoki fuqarolarning “K — SAVDO” AATda roʻyxatdan oʻtmasdan koʻchma savdo faoliyati bilan shugʻullanayotganligi birinchi marta aniqlangan taqdirda, davlat soliq xizmati organlari xodimlari ularga chakana savdo faoliyatini “K — SAVDO” AAT roʻyxatdan oʻtgan holda amalga oshirish boʻyicha zarur tushuntirish ishlarini olib borsin hamda roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatsin.
4. Savdo avtomatlari orqali tovarlarni sotish va (yoki) xizmatlarni koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
savdo avtomatlariga nisbatan nazorat-kassa texnikalaridan majburiy foydalanish talabi tatbiq etilmasligi;
sotadigan tovarlari va (yoki) koʻrsatadigan xizmatlari turidan qatʼi nazar bunday faoliyat bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar chakana savdo sohasidagi soliq toʻlovchi deb eʼtirof etilishi belgilansin.
5. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda koʻchma savdo, shu jumladan savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilovchi Hukumat qarorini qabul qilsin.
6. Davlat soliq qoʻmitasi manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sh.D. Kudbiyev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 4-iyun,
PQ-5136-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2021-y., 07/21/5136/0526-son; 20.05.2026-y., 06/26/95/0508-son)