Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZMARKAZIMPEKS”, “OʻZSANOATMASHIMPEKS”, “INNOVATSIYA”, “MARKAZSANOATEKSPORT” DAVLAT-AKSIONERLIK TASHQI SAVDO KOMPANIYALARI, “OʻRTA OSIYO TRANS” DAVLAT-AKSIONERLIK XALQARO AVTOTRANSPORTDA YUK TASHISH KOMPANIYASI VA “OʻZTASHQITRANS” DAVLAT-AKSIONERLIK TRANSPORT-EKSPEDITORLIK KOMPANIYASINING FAOLIYATINI TASHKIL ETISH MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining xoʻjalik hisobidagi boʻlinmalarini davlat hissadorlik kompaniyalariga aylantirish toʻgʻrisida”gi Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi:
“Oʻzmarkazimpeks”, “Oʻzsanoatmashimpeks”, “Innovatsiya”, “Oʻztashqitrans” xoʻjalik hisobidagi davlat tashqi savdo birlashmalari, “Markazsanoateksport” xoʻjalik hisobidagi respublika tashqi savdo firmasi, “Oʻrta Osiyo Trans” xoʻjalik hisobidagi respublika tashqi iqtisodiy transport-ekspeditorlik kompaniyasining binolari, pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkini tashkil etilayotgan davlat-aksionerlik kompaniyalarining ustav sarmoyasi sifatida bersin;
bir oy muddatda davlat-aksionerlik kompaniyalarining Ustavlarini ishlab chiqsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va Moliya vazirligi bilan birgalikda tashkil etilayotgan davlat-aksionerlik kompaniyalarining ustav sarmoyasi qiymatini baholasin va aksiyalar emissiyasi tartibini belgilasin;
bir oy muddatda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining xoʻjalik hisobidagi boʻlinmalari qayta oʻzgartirilishi munosabati bilan vazirlik tuzilmasi va funksiyalaridagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
eksport tovarlarni yetkazib berish muddatlarini qisqartirishni va chet el valyutasidagi tushumlar tushishini tezlashtirishni taʼminlovchi tadbirlarni puxta ishlab chiqsin va bir oy muddatda bu haqdagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Tadbirlar rejasini ishlab chiqishda eksport qilinadigan mahsulotlarni saqlash va sotish uchun konsignatsiya omborlari tashkil etish, eng maqbul yoʻnalishlarni aniqlash va eksport-import yuklarni transportda tashish uchun avtomobil transporti imkoniyatlaridan eng koʻp darajada foydalanish zarurligini nazarda tutsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzmarkazimpeks”, “Oʻzsanoatmashimpeks”, “Innovatsiya”, “Oʻztashqitrans” xoʻjalik hisobidagi davlat tashqi savdo birlashmalari, “Markazsanoateksport” xoʻjalik hisobidagi respublika tashqi savdo firmasi va Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining “Oʻrta Osiyo Trans” xoʻjalik hisobidagi respublika tashqi iqtisodiy transport-ekspeditorlik kompaniyasi toʻliq qayta tashkil etilgunlariga qadar ilgari tuzilgan shartnomalar (kontraktlar)ga muvofiq moliyaviy va boshqa majburiyatlar bajarilishini amalga oshiradilar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 15-avgust,
318-son