Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 02.03.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QURILISh SOHASIDAGI QONUN BUZIShLAR UChUN MOLIYAVIY SANKSIYALAR TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 2-martdagi 106-sonli “Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalarni undirish tartibini tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Loyihalash va qurilish-montaj ishlarining bajarilishi, qurilish materiallari, konstruksiyalari va mahsulotlari ishlab chiqarish sifati ustidan davlat nazoratining samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qurilish sohasidagi qonun buzishlar uchun moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari bir oy muddatda idoraviy normativ hujjatlarga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlarni kiritsinlar.
3. Belgilab qoʻyilsinki, moliyaviy sanksiyalarni qoʻllashdan tushadigan mablagʻlarning 50 foizi – respublika davlat budjetiga, 30 foizi – mahalliy budjetga, 20 foizi – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasiga “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi va davlat arxitektura-qurilish nazorati organlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish uchun yoʻnaltiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi bir oy muddatda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi kodeksining qurilish sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqarolarni ular mazkur sohadagi qonunlarni buzganliklari uchun javobgarlikka tortish qismiga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar tayyorlasin va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1995-yil 25-noyabr,
443-son
Vazirlar Mahkamasining
1995-yil 25-noyabrdagi 443-son qaroriga
ILOVA
Qurilish sohasidagi qonun buzishlar uchun moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Mazkur Nizom “Standartlashtirish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 26-yanvardagi 19-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining Davlat arxitektura-qurilish nazorati boshqarmasi (“Davarxitektqurilishnazorat”) toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq ishlab chiqilgan va qurilish faoliyati sohasidagi qonun buzishlar uchun moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash tartibini belgilaydi.
2. Loyihalash, qurilish-montaj ishlarini bajaruvchi, binokorlik materiallari, konstruksiyalari va mahsulotlari ishlab chiqaruvchi, qurilishda buyurtmachilar yoki buyurtmachi, pudratchi va loyihalash tashkiloti funksiyasini birga olib boruvchilar hisoblanadigan korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga nisbatan quyidagi qonun buzishlar uchun maʼmuriy tartibda moliyaviy sanksiyalar qoʻllanadi:
a) Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 19-apreldagi 215-son qarorida faoliyat turlari roʻyxati boʻyicha belgilangan tartibda litsenziya olmasdan obyektni loyihalanganlik va qurganlik uchun – eng kam ish haqi miqdorining ellik baravari miqdorida;
b) binokorlik sohasida loyihalash, qurilish-montaj ishlarini bajarishda, ishlab chiqarilayotgan binokorlik materiallari, konstruksiyalari va mahsulotlarining pishiqlik parametrlarini va ularning ekologik tozaligini pasaytirishga, binolar, imoratlar, inshootlar, ularning qismlari yoki alohida konstruktiv elementlarining mustahkamligi, chidamliligi, ishonchliligi pasayishi va yoʻqolishiga olib keluvchi binokorlik materiallari, konstruksiyalari va mahsulotlari ishlab chiqarishda normativ hujjatlarning majburiy talablari buzilganligi uchun:
agar buzilish mustahkamlikning, pishiqlikning yoʻqolishiga olib kelsa, eng kam ish haqi miqdorining ellik baravari miqdorida;
agar buzilish mustahkamlikning, pishiqlikning pasayishiga olib kelsa, eng kam ish haqi miqdorining qirq baravari miqdorida;
agar buzilish ishonchlilikning pasayishiga olib kelsa, eng kam ish haqi miqdorining oʻttiz baravari miqdorida;
v) imoratlar qurish loyihalarini amalga oshirish qoidalari, imoratlar qurish va turar joy rayonlarini, mikrorayonlarini va shaharlar sanoat zonalarini, qishloq aholi yashash joylarini obodonlashtirish, tumanlarni va tarixiy imoratlarni qayta barpo etish, arxitektura yechimlarini bajarish sifatining buzilganligi uchun — eng kam ish haqi miqdorining yetmish baravari miqdorida;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura-qurilish nazorati organlari tomonidan berilgan yozma koʻrsatmalarni bajarishdan bosh tortganlik yoki ularning oʻz vaqtida bajarmaganlik uchun — eng kam ish haqi miqdorining besh baravari miqdorida.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi – Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat inspektori va uning oʻrinbosarlari – Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat inspektorining oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura-qurilish nazorati boshligʻi va uning oʻrinbosarlari, arxitektura va shaharsozlik bosh boshqarmalarining boshliqlari – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar bosh davlat inspektorlari va ularning oʻrinbosarlari – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, viloyatga boʻysunuvchi shaharlar Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyalarining boshliqlari qurilish faoliyati sohasidagi qonun buzishlar toʻgʻrisida ishlarni koʻrib chiqadilar va moliyaviy sanksiyalarni belgilaydilar.
Koʻrsatib oʻtilgan mansabdor shaxslar boshqa davlat nazorat organlari rahbarlarining taqdimnomalariga koʻra mazkur Nizomda nazarda tutilgan qurilish sohasidagi qonun buzishlar toʻgʻrisidagi ishlarni ham koʻrib chiqadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat inspektori va uning oʻrinbosarlari notoʻgʻri solingan jarimalarni bekor qilish huquqiga egadirlar.
4. Yil davomida bir xildagi qonun buzishlar takrorlanganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi loyihalash yoki qurilish ishlarini amalga oshirishga berilgan litsenziyaning amalda boʻlishini uch oygacha muddatga toʻxtatib qoʻyadi.
5. Moliyaviy sanksiyalar belgilash aybdorlarni oʻzlari yoʻl qoʻyishgan buzilishlarni bartaraf etish va koʻrilgan zararni qoplash majburiyatidan ozod qilmaydi.
6. Belgilanadigan moliyaviy sanksiyalarning aniq miqdorlari, qonun buzishning tusi va turiga, roʻy bergan yoki roʻy berishi mumkin boʻlgan oqibatlariga qarab, qonun buzishlar toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiquvchi mansabdor shaxslar tomonidan belgilanadi.
7. Moliyaviy sanksiyalar belgilash toʻgʻrisidagi qaror yuzasidan qaror chiqarilgan kundan boshlab oʻn kun mobaynida yuqori mansabdor shaxsga shikoyat qilinishi mumkin. Shikoyatlar ular kelib tushgan vaqtdan boshlab 15 kun muddatdan kechikmay koʻrib chiqiladi va ular yuzasidan qarorlar qabul qilinadi. Shikoyatlar boʻyicha qabul qilingan qarorlar yuzasidan bir oy mudddatda xoʻjalik sudiga shikoyat qilinishi mumkin.
8. Korxona tomonidan shikoyat tushgan taqdirda moliyaviy sanksiyalar belgilash haqidagi qarorni bajarish yuqori organning mansabdor shaxsi tomonidan shikoyatni koʻrib chiqish uchun ajratilgan muddatga toʻxtatib qoʻyiladi.
9. Davlat arxitektura-qurilish nazorati organlari mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy ishlari tufayli korxona, muassasa va tashkilotga zarar yetkazilgan hollarda ular koʻrilgan zararni undirish toʻgʻrisida daʼvo bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilishga haqlidirlar.
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1995-y., 11-son, 46-modda)