|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.09.2024
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni kelgusida bartaraf etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-yilda g‘o‘zani navlar bo‘yicha joylashtirish va paxta yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-fevraldagi PQ-2756-son qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida 184 ta paxtachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaligi tomonidan 6087 gektar yer maydoniga chigit ekilib, davlatga paxta sotish bo‘yicha shartnomaviy rejasi 12020 tonna miqdorida belgilangan.
Biroq, tumanning sektor rahbarlari tomonidan yetarli darajada nazorat o‘rnatilmaganligi, mutasaddi idoralar rahbarlarining o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi oqibatida bir qator fermer xo‘jaliklari jami 538 tonna paxta xomashyosini kam topshirib, 333,3 mln so‘m daromad olinmay qolgan.
Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning sabablari o‘rganilganda ma’lum bo‘ldiki, aksariyat hollarda nazorat va tashkilotchilikning talab doirasida yo‘lga qo‘yilmaganligi, natijasida:
birinchidan, g‘o‘zani ball boniteti past, suv bilan yetarli darajada ta’minlanmagan, meliorativ holati yomon va kam hosilli 151 gektar yer maydoniga joylashtirilishiga yo‘l qo‘yilib, 372,9 tonna paxta hosili yo‘qotilgan;
ikkinchidan, tumanning Do‘stlik, Oqoltin va Amudaryo muqobil mashina-traktor parklari hududlaridagi g‘o‘za maydonlarida agrotexnika tadbirlarining o‘tkazilishiga yetarlicha e’tibor berilmaganligi, fermer xo‘jaliklarining yer uchastkalarini ko‘p yillik begona o‘tlar bosganligi, me’yor bo‘yicha texnika etishmasligi, g‘o‘za maydonlarida sug‘orish ishlari o‘z vaqtida o‘tkazilmaganligi oqibatida paxta hosili yo‘qotilishiga yo‘l qo‘yilgan;
uchinchidan, tumanda 2 ta yuqori unumli haydov va 15 ta chopiq traktorlari, 10 ta kultivator yetishmasligi oqibatida 315 gektar maydonda shudgorlash, g‘o‘za qator oralariga ishlov berish, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish ishlari muddatidan kechiktirib sifatsiz o‘tkazilishi rejadagi hosilning yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan.
Yuqoridagi kabi kamchilikalardan to‘g‘ri xulosa chiqarish va 2018-yilda fermer xo‘jaliklarining yer uchastkalaridan samarali foydalanishda sektorlar rahbarlari, ta’minotchi va xizmat ko‘rsatuvchi va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlarining mas’uliyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida:
paxta hosilini yetishtirish va uni yig‘ib-terib olishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi, g‘o‘za parvarishida agrotexnika tadbirlari belgilangan muddatda sifatli o‘tkazilmaganligi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tuman hokimi D. Kaipov ogohlantirilsin;
paxta hosilini yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari bilan tayyorlovchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasida debitor-kreditor qarzdorliklarning o‘sishiga yo‘l qo‘yganligi uchun tuman hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari P. Allamuratov ogohlantirilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasiga tegishli ravishda bir oy muddatda tuman prokurori, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘iga nisbatan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rish tavsiya etilsin.
3. Paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari bilan tayyorlovchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasida mavjud bo‘lgan debitor va kreditor qarzdorliklarni undirish bo‘yicha 4 ta sektor rahbarlari o‘rnatilgan tartibda zarur choralarni ko‘rsinlar.
4. Quyidagilar:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirish va shartnoma majburiyatlarini bajarishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi fermer xo‘jaliklariga qishloq xo‘jaligi texnikasi va mexanizmlari yetkazib berishning 2018-2019-yillarga mo‘ljallangan prognoz ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi barcha toifadagi fermer xo‘jaliklarining xizmat ko‘rsatuvchi va ta’minotchi tashkilotlar oldidagi kreditor qarzdorliklarini undirishning reja-jadvali 3-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida 2018-yilda fermer xo‘jaliklari tomonidan ekin maydonlaridan tashqarida qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlarda yengil konstruksiyali va kam xarajatli dala shiyponlar va issiqxonalar qurish, parranda, sog‘in sigir hamda asalari boqishni tashkil etishning prognoz ko‘rsatkichlari 4-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida 2018-yilda fermer xo‘jaliklari tomonidan paxta va g‘alla ekinlari ekiladigan yer maydonlari atroflaridagi dala chetlarining hisob-kitobi 5-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida 2018-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari ekilgan va chigit ekiladigan maydonlar atroflaridagi dala chetlariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish hamda mahsulot yetishtirishning prognoz ko‘rsatkichlari 6 va 6a-ilovalarga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida 2018-yilda kuzgi boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy ekinlarni joylashtirishning prognoz ko‘rsatkichlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasiga mavjud qarzdorliklarni belgilangan tartibda undirish tavsiya etilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda 2018-yilning 15 maritga qadar Xo‘jayli tumanida 2018-yil uchun ekiladigan ekinlarning tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda oqilona joylashtirilishini ta’minlasinlar.
7. O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda 2018-yilda fermer xo‘jaliklarida rejalashtirilgan ekinlarni parvarishlash, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish hamda agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan 2018-yilning mart oyida tumanlarda fermer xo‘jaliklari uchun ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazilishini va mavsum davomida amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’minlasin.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi mazkur qaror ijrosi bo‘yicha har chorakda Xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida tumandagi 4 ta sektor rahbarlarining hisobotlarini eshitib borsin hamda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T. Mirzayevga axborot bersin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T. Mirzayev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.R. Sariyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 2-mart,
161-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.06.2020-y., 09/20/161/0818-son)