|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.09.2024
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent viloyati Chinoz tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni kelgusida bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-yilda g‘o‘zani navlar bo‘yicha joylashtirish va paxta yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida”gi 2017-yil 3-fevraldagi PQ-2756-sonli qaroriga asosan Chinoz tumanida 268 ta paxtachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklarining 1236 ta konturidagi 7075 gektar maydoniga chigit ekilib, davlatga paxta sotish shartnomaviy rejasi 19200 tonna miqdorida belgilangan.
Biroq, tumanning 4 ta sektor rahbarlari tomonidan nazorat o‘rnatilmaganligi, mutasaddi idoralar rahbarlarining o‘z vazifalarini zarur darajada bajarmaganligi natijasida shartnomaviy reja 76,3 foizga bajarilgan yoki 4542,9 tonna paxta xom-ashyosi kam topshirilishi natijasida 8,6 mlrd. so‘m daromad olinmay qolgan.
Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning sabablari o‘rganilganda ma’lum bo‘ldiki, aksariyat hollarda nazorat va tashkilotchilikning talab darajasida yo‘lga qo‘yilmaganligi natijasida:
birinchidan, g‘o‘zani ball boniteti past (32 — 43), suv bilan yetarli ta’minlanmagan va kam hosilli (20 — 25 ts/ga) erga joylashtirish oqibatida 1121 gektar maydonlardan bor yo‘g‘i 16,5 sentner hosil olingan va har gektaridan o‘rtacha 1,1 mln.so‘m zarar ko‘rilgan;
ikkinchidan, joriy yilda tumandagi 26 ta fermer xo‘jaliklarining 187 gektar maydonida o‘rgimchak kana, 18 ta fermer xo‘jaliklarining 289 gektar g‘o‘za maydonlarida ko‘sak qurti tarqalib, tizimli kurash choralarini qo‘llashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilganligi oqibatida jami 1569,9 tonna paxta hosili yo‘qotilgan;
uchinchidan, Suv iste’molchilari uyushmasi va fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi nasos stansiyalari orqali sug‘oriladigan 56 ta fermer xo‘jaliklarining 14 tasi vegetatsiya davrida me’yordagi suv bilan ta’minlanmaganligi oqibatida 654 tonna, yaroqsiz holga kelgan 3200 metr uzunlikdagi lotoklarning kerakli miqdordagi suvni o‘tkaza olmaganligi hisobidan 336 gektar g‘o‘za maydoni mavsumda yetarli suv bilan ta’minlanmadi, natijada 11 ta fermer xo‘jaligida 212 tonna, jami 866 tonna rejadagi hosil yetishtirilmagan;
to‘rtinchidan, tumandagi mavjud 227 ta qishloq xo‘jaligi texnikalarining 67 tasi ta’mirtalab, shuningdek, 25 ta haydov va 43 ta chopiq traktorlari, 43 ta kultivatorlar, jami 111 ta texnikalar yetishmaydi. Xususan, 40 ta haydov traktorlarining 10 tasi eskirganligi sababli shudgorlash sifatsiz va sayoz o‘tkazilgan, 27 ta fermer xo‘jaliklarida kultivatorlarning yetishmasligi agrotexnik tadbirlarni kechikishiga olib kelgan.
Yuqoridagi kabi qo‘pol agrotexnik xatoliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarish va 2018-yilda erdan samarali foydalanishda sektor rahbarlari, mutasaddilar, ta’minotchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlarining mas’uliyati va javobgarligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent viloyati Chinoz tumanida:
paxta yetishtirish va uni yig‘ib-terib olishdagi jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi, g‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda sifatli o‘tkazilmaganligi uchun Toshkent viloyati Chinoz tumani hokimi A. Madiyevga “hayfsan” e’lon qilinsin;
paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari bilan tayyorlovchi va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar o‘rtasida debitor va kreditor qarzdorliklarning o‘sishiga yo‘l qo‘yganligi uchun tuman hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Sh. Mamajonov ogohlantirilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasiga tegishli ravishda bir oy muddatda tuman prokurori, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘iga yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rish tavsiya etilsin.
3. Mavjud qarzdorliklarning 2018-yilning 1-apreliga qadar undirilishini ta’minlamagan taqdirda 4 ta sektor rahbarlariga nisbatan vazifasidan ozod qilishgacha bo‘lgan intizomiy jazo choralari ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirilsin.
4. Quyidagilar:
Toshkent viloyati Chinoz tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirish va shartnoma majburiyatlarini bajarishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni kelgusida bartaraf etish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi fermer xo‘jaliklariga yangi qishloq xo‘jaligi texnikalari va mexanizmlarini yetkazib berishning 2018-yilga mo‘ljallangan prognoz rejalari 2-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyati Chinoz tumanida barcha toifadagi paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining xizmat ko‘rsatuvchi va ta’minotchi tashkilotlar oldidagi debitor va kreditor qarzdorliklarini undirish jadvali 3-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyati Chinoz tumanida 2018-yilda fermer xo‘jaliklari tomonidan ekin maydonlaridan tashqaridagi qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlarda yengil konstruksiyali va kam xarajatli dala shiyponlari, issiqxonalar qurish, parranda, sog‘in sigir hamda asalari boqishni tashkil etish prognoz rejasi 4-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyati Chinoz tumanida 2018-yilda fermer xo‘jaliklari tomonidan paxta va g‘alla ekinlari ekiladigan yer maydonlari konturlarining dala chetlari hisob-kitobi 5-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyati Chinoz tumanida 2018-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari ekilgan va chigit ekiladigan maydonlar atroflaridagi dala chetlariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish hamda mahsulot yetishtirishning prognoz rejasi 6 va 6a-ilovalarga muvofiq;
Toshkent viloyati Chinoz tumanida 2018-yil boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy ekinlarni joylashtirishning prognoz rejasi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasiga fermer xo‘jaliklarining xizmat ko‘rsatuvchi va ta’minotchi tashkilotlar oldidagi debitor va kreditor qarzdorliklarini belgilangan tartibda undirish tavsiya etilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda 15 kun muddatda Chinoz tumanida 2018-yil uchun ekiladigan ekinlarni tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda samarali joylashtirilishini ta’minlasinlar.
7. O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda fermer xo‘jaliklari rahbarlari uchun 2018-yilda fermer xo‘jaliklarida rejalashtirilgan ekinlarni parvarishlash, zararkunandalarga qarshi kurashish va agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan joriy yilning mart oyida joylarda seminarlar o‘tkazilishini va mavsum davomida amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’minlasin.
8. Mazkur qaror ijrosi bo‘yicha har chorakda Xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida 4 ta sektor rahbarlarining hisobotlari tinglanishi hamda Toshkent viloyati hokimligi amalga oshirilgan ishlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T. Mirzayevga axborot berib borishi belgilab qo‘yilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T. Mirzayev hamda Toshkent viloyati hokimi G‘.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 6-mart,
175-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.06.2020-y., 09/20/175/0824-son)