Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.09.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent viloyati Bekobod tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va ularni kelgusida bartaraf etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-yilda gʻoʻzani navlar boʻyicha joylashtirish va paxta yetishtirishning prognoz hajmlari toʻgʻrisida”gi 2017-yil 3-fevraldagi PQ-2756-sonli qaroriga asosan 2017-yilda Toshkent viloyati Bekobod tumanida 625 ta paxtachilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaliklarining 1777 ta konturidagi 14700 gektar maydonlariga chigit ekilib, davlatga paxta sotish shartnomaviy rejasi 36100 tonna miqdorida belgilangan.
Biroq, tumanning 4 ta sektor rahbarlari tomonidan nazorat oʻrnatilmaganligi, mutasaddi idoralar rahbarlarining oʻz vazifalarini zarur darajada bajarmaganligi natijasida shartnomaviy reja 74,1 foizga bajarilgan yoki 9357,7 tonna paxta xom ashyosi kam topshirilishi sababli 17,8 mlrd.soʻm daromad olinmay qolgan.
Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarning sabablari oʻrganilganda maʼlum boʻldiki, aksariyat hollarda nazorat va tashkilotchilikning talab darajasida yoʻlga qoʻyilmaganligi natijasida:
birinchidan, 350 gektar ekin yer maydonlarini suv bilan taʼminlaydigan Navbahor nasos stansiyasi orqali suv chiqariladigan “Mashkanal”ning 3,6 km qismi qoʻshni Tojikiston Respublikasi hududida qolib ketganligi sababli suv taʼminoti ogʻirligi, shuningdek SIU balansidagi 64 ta nasos agregatlari bosimli quvurlari yaroqsiz holga kelganligi, kerakli ehtiyot qismlar boʻlmaganligi hisobiga 36 ta fermer xoʻjaliklarining 650 gektar maydoni suv bilan yaxshi taʼminlanmaganligi sababli 568 tonna hosil yetishtirilmagan;
ikkinchidan, tumandagi yuqori unumli haydov traktorlaridan 30 donasi eskirganligi sababli chigit ekiladigan maydonlarni shudgorlash ishlari muddatidan kechiktirib, sifatsiz va sayoz oʻtkazilganligi, 83 dona chopiq traktorlari va 83 dona kultivatorlar yetishmasligi natijasida gʻoʻza qator oralariga ishlov berishda kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi, chigit ekishga yer tayyorlashda 26 dona yer tekislagichlar va 7 dona chigit ekish seyalkalari yetishmasligi oqibatida 1446,9 tonna paxta hosili yoʻqotilgan.
uchinchidan, tumandagi 130 nafar fermer xoʻjaliklari moliyaviy va iqtisodiy holati nochor boʻlganligi, moddiy-texnika bazasining yoʻqligi sababli 2998,6 gektar maydonda 4736,8 tonna (13,1%) paxta hosili yetishtirilmagan.
toʻrtinchidan, joriy yilning iyul va avgust oylarida ob-havoning keskin isib, havo haroratining 45-46 daraja va undan yuqori koʻtarilishi, Dalvarzin kanalining 36 km qismi koʻshni Tojikiston Respublikasi hududidan oʻtadigan chegara ortida joylashganligi, ushbu hududlarni oʻz vaqtida suv bilan taʼminlashda muammolar yuzaga kelganligi sababli aksariyat maydonlarda gʻoʻzaning hosil elementlari toʻkilishi kuzatilib, 1475 gektar paxta maydonida 1372 tonna kam hosil olingan.
Yuqoridagi kabi qoʻpol agrotexnik xatoliklardan toʻgʻri xulosa chiqarish va 2018-yilda yerlardan samarali foydalanishda sektor rahbarlari, mutasaddilar, taʼminotchi va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar hamda fermer xoʻjaliklari rahbarlarining masʼuliyati va javobgarligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent viloyati Bekobod tumanida:
paxta yetishtirish va uni yigʻib-terib olishda jiddiy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi, goʻza parvarishida agrotexnik tadbirlarning belgilangan muddatda sifatli oʻtkazilmaganligi uchun Toshkent viloyati Bekobod tumani hokimi O. Israilov ogohlantirilsin;
paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari bilan tayyorlovchi va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasida debitor va kreditor qarzdorliklarning oʻsishiga yoʻl qoʻyganligi uchun tuman hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari B. Hakimov ogohlantirilsin.
2. Oʻzbekistan Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasiga tegishli ravishda bir oy muddatda tuman prokurori, tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi, tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshligʻiga yoʻl qoʻygan kamchiliklari uchun belgilangan tartibda tegishli choralar koʻrish tavsiya etilsin.
3. Mavjud qarzdorliklarning 2018-yilning 1-apreliga qadar undirilishini taʼminlamagan taqdirda 4 ta sektor rahbarlariga nisbatan vazifasidan ozod qilishgacha boʻlgan intizomiy jazo choralari koʻrilishi toʻgʻrisida ogoxlantirilsin.
4. Quyidagilar:
Toshkent viloyati Bekobod tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirish va shartnoma majburiyatlarini bajarishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va ularni kelgusida bartaraf etish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi fermer xoʻjaliklariga yangi qishloq xoʻjaligi texnikalari va mexanizmlarini yetkazib berishning 2018-yilga moʻljallangan prognoz rejalari 2, 2a va 2b-ilovalarga muvofiq;
Toshkent viloyati Bekobod tumanida barcha toifadagi paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining xizmat koʻrsatuvchi va taʼminotchi tashkilotlar oldidagi debitor va kreditor qarzdorliklarini undirish jadvali 3-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyati Bekobod tumanida 2018-yilda fermer xoʻjaliklari tomonidan ekin maydonlaridan tashqaridagi qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yerlarda yengil konstruksiyali va kam xarajatli dala shiyponlari, issiqxonalar qurish, parranda, sogʻin sigir hamda asalari boqishni tashkil etish prognoz rejasi 4-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyati Bekobod tumanida 2018-yilda fermer xoʻjaliklari tomonidan paxta va galla ekinlari ekiladigan yer maydonlari konturlarining dala chetlari hisob-kitobi 5-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyati Bekobod tumanida 2018-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari ekilgan va chigit ekiladigan maydonlar atroflaridagi dala chetlariga qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish hamda mahsulot yetishtirishning prognoz rejasi 6 va 6a-ilovalarga muvofiq;
Toshkent viloyati Bekobod tumanida 2018-yil boshoqli don ekinlaridan boʻshaydigan maydonlarga takroriy ekinlarni joylashtirishning prognoz rejasi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasiga fermer xoʻjaliklarining xizmat koʻrsatuvchi va taʼminotchi tashkilotlar oldidagi debitor va kreditor qarzdorliklarini belgilangan tartibda undirish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda 15 kun muddatda Bekobod tumanida 2018-yil uchun ekiladigan ekinlarni tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda samarali joylashtirilishini taʼminl asinl ar.
7. Oʻzbekistan Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda fermer xoʻjaliklari rahbarlari uchun 2018-yilda fermer xoʻjaliklarida rejalashtirilgan ekinlarni parvarishlash, zararkunandalarga qarshi kurashish va agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirish yuzasidan joriy yilning mart oyida joylarda seminarlar oʻtkazilishini va mavsum davomida amaliy yordam koʻrsatilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qaror ijrosi boʻyicha har chorakda Xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida 4 ta sektor rahbarlarining hisobotlari tinglanishi hamda Toshkent viloyati hokimligi amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Uzbekistan Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayevga axborot berib borishi belgilab koʻyilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev hamda Toshkent viloyati hokimi Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 6-mart,
177-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2018-y., 09/20/177/0827-son)