O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Ma’muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud amaliyoti haqida
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi qabul qilinishi, shuningdek, sudlar tomonidan ma’muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanishini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi (bundan buyon matnda MSIYUtK deb yuritiladi) 4-moddasiga muvofiq, manfaatdor shaxs, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, prokuror, shuningdek, boshqa shaxslar huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga vakolatli ayrim fuqarolar va davlat organlari ma’muriy organ qarorini haqiqiy emas va uning mansabdor shaxsi harakatini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi ariza (shikoyat) bilan, basharti bu qaror, harakat (harakatsizlik) tufayli uning:
(1-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilgan;
huquqlari, erkinliklarini amalga oshirish va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishda to‘sqinlik yaratilgan;
zimmasiga qonunga xilof ravishda biror-bir majburiyat yuklatilgan;
u yoki bu sohadagi faoliyatini amalga oshirish uchun boshqa to‘sqinlik yaratilgan deb hisoblasa, sudga murojaat qilishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Ma’muriy organlar deganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi PF-269-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan respublika davlat boshqaruvi organlari (vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar, inspeksiyalar) va ularning hududiy organlari, mahalliy davlat hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek, ma’muriy-boshqaruv vakolati berilgan boshqa organlar, tashkilotlar va maxsus tashkil etilgan komissiyalar tushuniladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
3. Ma’muriy organlar mansabdor shaxslari deganda, hokimiyat vakili vazifasini bajaradigan yoxud mazkur organlarda ma’muriy-boshqaruv (tashkiliy-farmoyish berish) vazifasini amalga oshiradigan va yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etishga vakolat berilgan shaxslar tushuniladi.
4. Manfaatdor shaxs deganda, ma’muriy organning qarori yoki uning mansabdor shaxsi harakati (harakatsizligi) qaratilgan fuqaro yoki yuridik shaxs yoxud bunday qaror, harakat (harakatsizlik) huquq va qonuniy manfaatlariga daxl etgan boshqa shaxs tushuniladi.
5. Qaror deganda, ma’muriy organ yoki uning mansabdor shaxsi tomonidan yakka yoki kollegial tarzda qabul qilingan va muayyan huquqiy oqibat tug‘diruvchi hujjat tushuniladi.
Bunda shuni nazarda tutish lozimki, qarorlar belgilangan shaklda (masalan, joylardagi ijro hokimiyati organlari qarorlari) yoki erkin tarzda (masalan, fuqaroning murojaatini qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risidagi yozma xabar) qabul qilinishi mumkin.
6. Ma’muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining harakatlari deganda, qaror shaklida ifodalanmagan bo‘lsa ham, biroq manfaatdor shaxslar huquqlari va erkinliklarini buzilishiga olib kelgan yoki ularning huquqlari va erkinliklari amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilgan yuridik ahamiyatga ega farmoyishlar tushuniladi.
Harakatsizlik deganda, ma’muriy organ yoki uning mansabdor shaxsi zimmasiga normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar (lavozim yo‘riqnomalari, nizomlar, reglamentlar, buyruqlar) bilan yuklatilgan majburiyatni bajarmaslik tushuniladi.
7. Sudlarga tushuntirilsinki, qonun hujjatlariga ko‘ra tekshirilishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining mutlaq vakolatiga kiradigan davlat organlari qarorlari, shuningdek, qonun hujjatlarida ustidan sudga shikoyat berishning boshqacha tartibi nazarda tutilgan qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) MSIYUtK 23-bobida belgilangan tartibda ko‘rib chiqilmaydi.
Xususan, ma’muriy organlar mansabdor shaxslarining jinoyat ishi yoxud ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ish yuritish bilan bog‘liq qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan, tegishlicha, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan tartibda shikoyat qilinadi.
Shu bilan birga, sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari mansabdor shaxslarining ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlar, ozodlikdan mahrum qilingan mahkumlarga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash haqidagi qarorlari va harakatlari MSIYUtK 23-bobida nazarda tutilgan tartibda nizolashilishi mumkin, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 542-moddasida nazarda tutilgan tartibda hal qilinadigan masalalar bundan mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, ma’muriy organlarning quyidagilar bilan bog‘liq qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan shikoyatlar ham MSIYUtKning 23-bobida nazarda tutilgan tartibda ko‘rib chiqiladi:
bino, inshoot va boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, foydalanishga topshirish, foydalanish va buzishga kelishish va ruxsat berish (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-sonli “Qurilish sohasiga oid yagona ma’muriy qurilish reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori);
jamoat birlashmalari, shu jumladan, siyosiy partiyalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish, shuningdek, davlat organining belgilangan muddatda bunday ro‘yxatdan o‘tkazishdan bo‘yin tovlashi (“O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 12-moddasining uchinchi qismi, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 9-moddasining uchinchi qismi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 23-moddasining ikkinchi qismi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 26-moddasi).
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Davlat ijrochisining qarori, harakatlari (harakatsizligi) ustidan MSIYUtKning 23-bobida nazarda tutilgan tartibda shikoyat qilinadi.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, davlat ijrochilarining ijro hujjatini O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuni va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatda ijro etmaslikda ifodalangan harakatsizligi ustidan nizolashishga doir ishlar ham ma’muriy sudga taalluqlidir.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
10. Sudlarga tushuntirilsinki, harbiy boshqaruv organlari va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi), shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar chaqiruv komissiyalarining qarorlari ustidan shikoyatlar harbiy sudlar tomonidan ko‘riladi (“Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 45-moddasi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 202-moddasining sakkizinchi qismi).
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
11. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, ma’muriy organning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan alohida bo‘linmasi yoki mansabdor shaxsga nisbatan talab qo‘yilganda, sud MSIYUtK 42-moddasi qoidalariga rioya qilgan holda, ish bo‘yicha javobgar sifatida tegishli organni jalb etish to‘g‘risidagi masalani hal qilishi kerak.
Sudga maxsus komissiyaning qarori ustidan shikoyat qilinganida, ish bo‘yicha javobgar sifatida maxsus komissiyaning ishchi organi bo‘lgan davlat organi jalb etilishi lozim.
Agar ish hal qilingunga qadar ma’muriy organ qayta tashkil etilgan yoxud tugatilgan bo‘lsa, sud uning huquqiy vorisini yoki arizachining buzilgan huquqlari va erkinliklarini tiklash vakolatiga ega bo‘lgan organni ishda ishtirok etishga jalb qiladi.
Agar ish ko‘rib chiqilayotgan vaqtga kelib qarori yoki harakatlari (harakatsizligi) shikoyat qilinayotgan shaxs mansabdor shaxs bo‘lmay qolgan bo‘lsa, sud ushbu mansabni egallab turgan shaxsni yoxud arizachining buzilgan huquqlar va erkinliklarini tiklash vakolatiga ega tegishli organni ishda ishtirok etish uchun jalb etish masalasini hal qiladi.
12. Arizachi ariza (shikoyat) bilan bevosita sudga yoki bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organ yoxud mansabdor shaxsga murojaat qilishga haqli. Yuqori turuvchi organ yoki mansabdor shaxsga dastlab murojaat qilmaslik, arizani (shikoyatni) qabul qilishni rad etish uchun asos bo‘lmaydi.
Shu bilan birga, shuni nazarda tutish lozimki, qonun hujjatlarida ayrim qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan majburiy ravishda sudgacha nizolashish tartibi nazarda tutilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Ma’muriy organlar va ular mansabdor shaxslari qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan ariza (shikoyat) qarori, harakati (harakatsizligi) nizolashilayotgan organ joylashgan yoxud mansabdor shaxs ishlaydigan joydagi tumanlararo ma’muriy sudiga beriladi.
(13-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 20-aprelrdagi 19-sonli qarori tahririda)
Turli joylarda bo‘lgan bir nechta javobgarga nisbatan talab qo‘yilganda, ariza (shikoyat) arizachining tanlovi bo‘yicha javobgarlardan biri joylashgan joydagi sudga taqdim etiladi.
Agar ma’muriy organ joylashgan joy uning vakolati amalga oshiriladigan hududga to‘g‘ri kelmasa, ariza o‘sha organ o‘z majburiyatlarini bajarayotgan joyda faoliyat ko‘rsatayotgan sudga beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yirik investor bo‘lmagan investorning investitsiya faoliyati bilan bog‘liq arizalari (shikoyatlari) javobgar joylashgan yerdagi tumanlararo ma’muriy sudga yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlariga taqdim etilishi mumkin.
Yirik investorning investitsiya faoliyati bilan bog‘liq arizalari (shikoyatlari), shuningdek, tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasidagi munosabatlardan kelib chiqadigan arizalar tumanlararo ma’muriy sudga yoki O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga taqdim etilishi mumkin.
(13-bandning to‘rtinchi va beshinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi birinchi instansiya sudi sifatida qonun bilan uning vakolatiga kiritilgan ishlarni ko‘rib chiqadi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Qarorni haqiqiy emas deb topish, harakatni (harakatsizlikni) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi ariza (shikoyat) MSIYUtK 128, 187-moddalariga muvofiq rasmiylashtirilishi hamda qonunda belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji va pochta xarajati to‘langan bo‘lishi lozim.
(14-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Ariza (shikoyat) shakli va mazmuniga nisbatan MSIYUtK 187-moddasida belgilangan talablarni inobatga olib, unda jumladan, quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
qanday qaror, harakat (harakatsizlik) ustidan shikoyat qilinayotganligi;
ma’muriy organning nomi;
mansabdor shaxsning familiyasi va ism-sharifining bosh harflari;
qarorning rekvizitlari;
arizachining aniq qanday huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi;
arizachining fikriga ko‘ra, ustidan shikoyat qilinayotgan qaror, harakat (harakatsizlik) qaysi qonun hujjatiga zid ekanligi;
shunga o‘xshash shikoyat buysunuv tartibida yuqori turuvchi organ yoki mansabdor shaxsga berilgan-berilmaganligi va agar berilgan bo‘lsa, qanday javob olinganligi.
15. Arizaga (shikoyatga) MSIYUtK 130-moddasida ko‘rsatilgan hujjatlar, shuningdek, nizolashilayotgan qaror nusxasi ilova qilinadi.
Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, MSIYUtK 134-moddasining birinchi qismiga muvofiq, arizaga qarorni ilova qilmaslik arizani qaytarishga asos bo‘lmaydi. Sud nizolashilayotgan qarorni arizachining iltimosnomasiga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bilan ma’muriy organdan talab qilib olishga haqli.
16. MSIYUtK 92-moddasiga ko‘ra, sud arizachining yoki manfaati borasida ariza berilgan shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishining aniq xavfi mavjud bo‘lsa va bunday choralarni ko‘rmay turib, ularni himoya qilish mumkin bo‘lmagan yoxud qiyin bo‘lgan hollarda dastlabki himoya choralarini ko‘rishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar nizolashilgan qaror ijrosining majburiy to‘xtatib turilishi qonunda nazarda tutilgan bo‘lsa (masalan, “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 19-moddasining uchinchi qismi, “Raqobat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 40-moddasining uchinchi qismi), sudya arizachi sudga murojaat qilganligi munosabati bilan nizolashilayotgan qarorning bajarilishi ma’muriy organ yoki mansabdor shaxs tomonidan to‘xtatilgan- to‘xtatilmaganligini tekshirishi shart. Agar bu amalga oshirilmagan bo‘lsa, sud sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar mazkur qarorning harakatini to‘xtatib turish haqida ajrim chiqarishi lozim.
(16-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
Shuni nazarda tutish lozimki, qonunda nazarda tutilgan hollarda ma’muriy organ mansabdor shaxsining favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar va aholi hayoti va sog‘lig‘iga real xavf soladigan boshqa holatlarning oldini olish bilan bog‘liq qarorlari, harakatlarini to‘xtatib turishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. MSIYUtK 67-moddasining uchinchi qismiga muvofiq, mazkur toifaga oid ishlar bo‘yicha nizolashilayotgan qarorning, harakatning (harakatsizlikning) qonuniyligini isbotlash majburiyati hujjatni qabul qilgan yoki nizolashilayotgan harakatni (harakatsizlikni) sodir etgan organ yoki mansabdor shaxs zimmasiga yuklatiladi.
(17-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Ishni to‘g‘ri hal qilish maqsadida, sud o‘z tashabbusi bilan dalillarni talab qilib olishga haqli. Sudning hujjatlarni taqdim etish to‘g‘risidagi talabini bajarmaganligi uchun tegishli organ mansabdor shaxsi sud tomonidan jarimaga tortilishi mumkin (MSIYUtK 122-moddasi).
18. Shuni nazarda tutish lozimki, ma’muriy organlar va ular mansabdor shaxslari qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda, sud O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining da’vo muddati to‘g‘risidagi normalarini qo‘llashga haqli emas va faqat MSIYUtK hamda tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarda nazarda tutilgan muddatlargagina asoslanishi kerak.
19. Arizaning qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarni o‘tkazib berilishi uni qaytarish uchun asos bo‘lmaydi. Bunday hollarda ariza ish yuritishga qabul qilinib, mazmunan ko‘rib chiqilishi lozim.
Sud har bir ish bo‘yicha arizachi tomonidan qonun bilan belgilangan sudga murojaat qilish muddatlariga rioya qilinganligini aniqlashi, mazkur muddatlar buzilganda esa, manfaatdor shaxs ushbu holatga e’tibor qaratganligidan qat’i nazar ularning o‘tkazib yuborilishi sabablarini muhokama qilishi lozim.
Sudga murojaat qilish muddati arizachiga quyidagilar ma’lum bo‘lgan kunning ertasidan boshlanadi:
uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi;
uning huquqlari va erkinliklarini amalga oshirishga to‘siqlar vujudga keltirilganligi;
uning zimmasiga biror-bir majburiyat yuklanganligi.
Sudga murojaat qilish muddatiga rioya qilinishi masalasi ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega holat ekanligi sababli, uni tiklash yoki tiklashni rad etish to‘g‘risidagi xulosalar, MSIYUtK 156-moddasi birinchi qismining 2-bandiga ko‘ra, sudning hal qiluv qarorida asoslantirilishi lozim.
Agar sudga murojaat qilish muddati o‘tkazib yuborilgan yoki o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash sud tomonidan rad etilgan bo‘lsa, arizani qanoatlantirish rad qilinadi.
20. Ishni mazmunan ko‘rib chiqishda, sud ahamiyatga ega bo‘lgan barcha holatlarni, xususan, quyidagilarni sinchkovlik bilan tekshirishi lozim:
ma’muriy organ, mansabdor shaxs qaror qabul qilish yoki harakatni amalga oshirish vakolatiga ega yoki ega emasligini. Qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatga ko‘ra, qaror qabul qilish yoki qabul qilmaslik, harakatni amalga oshirish yoki amalga oshirmaslik ma’muriy organ yoki mansabdor shaxs ixtiyoriga berilgan holda, sud bunday qaror qabul qilish yoki qabul qilmaslik, harakatni amalga oshirish yoki amalga oshirmaslik maqsadga muvofiqligini baholashga haqli emas (masalan, muayyan shaxsni mukofotlash to‘g‘risida hujjat qabul qilmaganlikda ifodalangan harakatsizlik ustidan shikoyat qilinganda);
ma’muriy organ yoki mansabdor shaxs tomonidan qaror qabul qilish, harakatni amalga oshirish tartibiga rioya etilgan-etilmaganligini, basharti normativ-huquqiy hujjatlarda bunday talablar (shakl, muddatlar, asoslar, tartib-tamoyil va h.k.) belgilangan bo‘lsa. Bunda shuni nazarda tutish lozimki, qaror qabul qilish, harakatni amalga oshirish tartibiga rioya qilmaslik, faqat, basharti bu holat uning qonuniyligiga ta’sir qilgan holdagina, arizani (shikoyatni) qanoatlantirish uchun asos bo‘lishi mumkin;
nizolashilayotgan qaror, sodir etilgan harakat (harakatsizlik) mazmuni mazkur huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga mos kelish-kelmasligini.
Qabul qilingan qarorlar, sodir etilgan harakatlarning (harakatsizlikning) noqonuniyligi haqida dalolat beruvchi yuqorida ko‘rsatilgan holatlarning hech bo‘lmaganda bittasining mavjudligi arizani (shikoyatni) qanoatlantirishga asos bo‘lishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
21. MSIYUtK 189-moddasiga muvofiq, sud nizolashilayotgan qaror, harakat (harakatsizlik) qonunchilikka zid ekanligini va arizachining huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzayotganligini aniqlasa, ma’muriy organ, uning mansabdor shaxsi qarorini to‘liq yoki muayyan qismini haqiqiy emas, harakatini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
(21-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Arizani (shikoyatni) qanoatlantirish haqida qaror qabul qilishda, sud arz qilingan talablar doirasidan chetga chiqishga xaqli emas. Masalan, yozma murojaatni mansabdor shaxs tomonidan belgilangan muddatda ko‘rilmaganligida ifodalangan harakatsizlik ustidan shikoyat qilinganda, sud mazkur mansabdor shaxsning harakatsizligini qonunga xilof deb topishi va qanday qaror qabul qilinishi kerakligi haqidagi masalani oldindan hal etmasdan, unga sud tomonidan belgilangan muddatda arizachining murojaatini ko‘rib chiqish majburiyatini yuklashi lozim.
22. Ish bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilishda, sud MSIYUtK 189-moddasida mavjud xususiyatlarni inobatga olgan holda MSIYUtK 19-bobida nazarda tutilgan umumiy qoidalarga amal qilishi lozim.
23. Ariza (shikoyat) qanoatlantirilganda, hal qiluv qarorining xulosa qismida quyidagilar ko‘rsatilishi lozim:
nizolashilayotgan qarorni qabul qilgan yoki harakatni (harakatsizlikni) sodir etgan organning (mansabdor shaxsning) nomi, qarorning nomi, raqami, qabul qilingan sanasi;
qaror to‘liq yoki qisman haqiqiy emas deb topilganligi va zarur hollarda, arizachining huquqlari va erkinliklarini to‘liq hajmda tiklash yoki ularni amalga oshirishdagi to‘sqinliklarni bartaraf etish yuzasidan choralar ko‘rilishi;
harakat (harakatsizlik) qonunga xilof deb topilganligi va ma’muriy organ yoki mansabdor shaxsga arizachiga nisbatan aniq harakatlarni amalga oshirish majburiyati yuklatilishi.
Hal qiluv qarorida sud ishning xususiyati va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan harakatlarni inobatga olgan holda arizachining huquqlari va erkinliklari buzilishini to‘liq hajmda bartaraf etish uchun tegishli muddat belgilashi lozim (MSIYUtK 189-moddasining beshinchi qismi).
Oldingi tahrirga qarang.
(24-band O‘zbekiston Respublikasi sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
25. Sudlarga tushuntirilsinki, MSIYUtK 276-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq sud qarorining javobgar zimmasiga arizachining huquqlari va erkinliklarini tiklash yoki ularni amalga oshirishdagi to‘sqinliklarni bartaraf etishga oid majburiyat yuklangan qismining ijrosi ma’muriy organga ijro muddati ko‘rsatilgan holda yuboriladigan sudning hal qiluv qarori (qarori) asosida amalga oshiriladi.
(25-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
Pul mablag‘larini, shu jumladan, sud xarajatlarini undirish haqidagi hal qiluv qarorining majburiy ijrosi yuzasidan ijro varaqasi beriladi.
Sudlar hal qiluv qarorining o‘z vaqtida ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi va uning ijrosi to‘g‘risida ma’lumot mavjud bo‘lmaganda, axborot talab qilib olishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Sud hujjati unda ko‘rsatilgan muddatda ijro etilmagan taqdirda, tegishli organ mansabdor shaxsiga birinchi instansiya sudi tomonidan sud jarimasi solinadi va sud hujjatini ijro etish uchun bir oydan oshmaydigan takroriy muddat beriladi. Sud hujjatining takroran ijro etilmasligi dastlabki solingan jarimaning o‘n baravari miqdorida jarima solishga asos bo‘ladi (MSIYUtKning 122-moddasi).
(25-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
26. Agar ishni ko‘rishda ma’muriy organlar yoki mansabdor shaxslar faoliyatida qonun hujjatlari buzilganligi aniqlansa, sud bunga nisbatan xususiy ajrim chiqarish orqali munosabat bildirishi lozim.
27. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996-yil 19-iyuldagi “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan keltirilgan shikoyatlarni sudlarda ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi 18-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. KAMILOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2019-yil 24-dekabr,
24-son