Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
Qayta sugʻurta qilish xizmatlari koʻrsatishning yagona talablari va standartlari toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 16-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2190-2]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-avgustdagi PQ-4412-son “Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 5-bandiga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2010-yil 27-dekabrdagi 111-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2190, 2011-yil 29-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 4-5-son, 46-modda) bilan tasdiqlangan Qayta sugʻurta qilish xizmatlari koʻrsatishning yagona talablari va standartlari toʻgʻrisidagi nizom quyidagi mazmundagi 81-band bilan toʻldirilsin:
“81. Qayta sugʻurtalovchi (qayta sugʻurta brokeri) sugʻurta majburiyatlarini qayta sugʻurtalash uchun xorijiy sugʻurta tashkilotlariga berishdan avval beriladigan sugʻurta majburiyatlarining kamida 50 foizi miqdorida qayta sugʻurtalash boʻyicha ofertani (qayta sugʻurtalash shartnomalarini tuzish takliflarini) Oʻzbekiston Respublikasi hududida qayta sugʻurtalash faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan sugʻurta tashkilotlariga yuborishi shart. Bunda:
oferta shartlari sugʻurta majburiyatlarini xorijiy sugʻurta tashkilotlariga qayta sugʻurtalashga berish shartlariga muvofiq boʻlishi kerak;
oferta aksepti yoki akseptni rad etish qayta sugʻurtalovchilar — mahalliy sugʻurta tashkilotlari tomonidan, agar ofertada aksept uchun kechroq muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, ikki ish kunidan kechikmagan holda amalga oshiriladi;
sugʻurta majburiyatlari qayta sugʻurtalovchi — mahalliy sugʻurta tashkiloti tomonidan oʻzining ushlab qolish hajmi doirasida qabul qilinadi;
qayta sugʻurtalovchi — mahalliy sugʻurta tashkiloti sugʻurta hodisasi sodir boʻlgan taqdirda va asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta toʻlovini amalga oshirishda qayta sugʻurtalash shartnomasi shartlari doirasida qayta sugʻurta qildiruvchining qarorlariga amal qiladi.
Ushbu band talablari obligator qayta sugʻurtalashga tatbiq etilmaydi hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va investitsiya bitimlarida oʻzgacha tartib nazarda tutilgan boʻlsa, qoʻllanilmaydi.”.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vaziri D. KUChKAROV
Toshkent sh.,
2019-yil 30-sentabr,
101-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2019-y., 10/19/2190-2/3917-son)