Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 05.01.1998
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA TA’LIM MUASSASALARINI DARSLIKLAR VA O‘QUV QO‘LLANMALARI BILAN TA’MINLASh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Uzluksiz ta’lim tizimini darsliklar va o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlashni takomillashtirish to‘g‘risida”gi 1998-yil 5-yanvardagi 4-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ta’lim muassasalari uchun yangi darsliklar hamda o‘quv qo‘llanmalari tayyorlash va nashr etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Davlat matbuot qo‘mitasi bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2000-yilgacha respublika ta’lim muassasalari uchun darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari tayyorlash va nashr etish istiqbol rejasi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, o‘quv yurtlariga ega bo‘lgan vazirliklar va idoralar Fanlar akademiyasi, Fan va texnika davlat qo‘mitasi, Davlat Matbuot qo‘mitasi bilan birgalikda:
1996-yil 1-sentabrgacha yangi o‘quv adabiyotlari nashr etish istiqbol rejasini aniqlasinlar;
o‘quv adabiyotlarini yaratishga yuqori malakali mutaxassislarni, yetakchi pedagoglarni va taniqli olimlarni jalb etsinlar;
Yangi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar yaratganlik uchun mehnat haqi to‘lash to‘g‘risida Nizom loyihasini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar;
eng yaxshi darsliklar uchun har ikki yilda bir marta beriladigan, har birining miqdori 40 ta eng kam oylik ish haqidan iborat bo‘lgan ikkita respublika mukofotini, ularning bittasini gumanitar fanlar bo‘yicha va bittasini tabiiy fanlar bo‘yicha darsliklar uchun ta’sis etsinlar, bunda mukofotlarni darsliklar ko‘p marta qayta nashr etilgan taqdirda umumta’lim maktablari uchun darsliklarga hamda oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari uchun darsliklarga alohida-alohida bersinlar;
ko‘rsatib o‘tilgan mukofotlarni berish bo‘yicha respublika komissiyalarini bir oy muddatda tuzsinlar. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri tegishli ravishda komissiyalar raislari hisoblanadilar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
barcha turdagi ta’lim muassasalari uchun o‘z mablag‘lari hisobiga yaratiladigan yangi darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari va dasturlarini Ekspertizadan o‘tkazish idoralararo komissiyasini tuzsin;
Eng yaxshi darsliklarga respublika mukofotlari berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Davlat matbuot qo‘mitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda har yili 1-aprelgacha keyingi yil uchun o‘quv dasturlari, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari nashr etish bo‘yicha buyurtmani aniqlasinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi:
ikki oy muddatda respublika hududida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qitish rus, qozoq, qirg‘iz, tojik va turkman tillarida olib boriladigan maktablar uchun o‘quv adabiyotlari tayyorlash tahririyatlarini tashkil etsin;
o‘quv adabiyotlari nashr etish bo‘yicha buyurtmaning har yili 1-iyungacha to‘liq hajmda bajarilishini ta’minlash.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ta’lim muassasalariga darsliklar va boshqa o‘quv adabiyotlari yetkazib berganlik uchun hisob-kitob qilishga budjetda nazarda tutilgan maqsadli mablag‘larning o‘z vaqtida ajratilishini ta’minlasinlar.
7. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va vakolatli banklar o‘quv adabiyotlari nashr etish uchun talab qilinadigan qog‘oz, matbaachilik materiallari va asbob-uskunalari sotib olishga, shuningdek respublika tashqarisidan olinadigan ayrim darsliklar turlariga Davlat matbuot qo‘mitasi tomonidan sarflanadigan valyutaning birinchi navbatda konvertatsiya qilinishini ta’minlasinlar.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi budjet prognozlarini ishlab chiqishda eng yaxshi darsliklar uchun respublika mukofotlari to‘lashga mablag‘larni nazarda tutsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari S.S. Saidqosimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
1996-yil 15-iyul,
252-son