Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
JIZZAX VILOYATI TARKIBIDA YANGIOBOD MAʼMURIY-HUDUDIY TUMANI TUZISH TOʻGʻRISIDA
Sirdaryo viloyatining Jizzax viloyatiga tutash Xovos va Boyovut tumanlarining janubiy hududlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojini jadallashtirish, rahbarlik samaradorligini oshirish, aholiga transport va boshqa xizmatlar koʻrsatishni yaxshilash, fuqarolarning kundalik ehtiyojlarini qondirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadlarida, Vazirlar Mahkamasining tegishli taklifini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. Jizzax viloyati tarkibida Sirdaryo viloyati Xovos va Boyovut tumanlari hududlarining bir qismi hisobiga umumiy maydoni 717,4 kvadrat kilometrga teng, hokimiyat ijroiya organlarining alohida oʻziga xos strukturasiga ega boʻlgan Yangiobod maʼmuriy-hududiy tumani tuzilsin (1-ilova).
2. Yangiobod maʼmuriy-hududiy tumani tarkibiga Xovos tumanidagi Balandchaqir, Pastkichaqir, Puchugʻoy, Parkent, Yangiobod, Saydon, Meliobod, Namingon, Chakand, Moʻgʻol, Varqin, Markaz, Bolgʻali, Pastkisarmich, Yuqorisarmich, Joʻlangar, Iskandar, Toʻqboy, Sohibkor, Sovot, Bayot, Xoʻjamushkent, Feruz, Erganakli, Uyuvli, Qoʻshqand, Changovul, Havotogʻ, Uchturgon aholi punktlari hamda Boyovut tumanidagi Qoʻriq aholi punkti oʻtkazilsin.
3. Yangiobod maʼmuriy-hududiy tumanining markazi deb Balandchaqir aholi punkti belgilansin.
4. Jizzax, Sirdaryo viloyatlari hamda Yangiobod maʼmuriy-hududiy tumanining chegaralari grafik chizmaga (2, 3, 4-ilovalar) muvofiq tasdiqlansin.
5. Jizzax viloyati doirasiga kiritilayotgan hududda joylashgan saylov okruglari boʻyicha saylangan Sirdaryo viloyati Kengashining deputatlari — xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining deputatlari ekanligi, yangi tuzilgan Yangiobod maʼmuriy-hududiy tumani hududida joylashgan saylov okruglari boʻyicha saylangan Xovos tumani Kengashining deputatlari esa — xalq deputatlari Yangiobod tumani Kengashining deputatlari ekanligi belgilab qoʻyilsin.
6. Xalq deputatlari Yangiobod tumanining Kengashi Yangiobod maʼmuriy-hududiy tumani davlat hokimiyatining vakolatli vakillik organi deb hisoblansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yangiobod maʼmuriy-hududiy tumani hokimiyat ijroiya organlarini tuzish va ular faoliyat koʻrsatishiga doir masalalarni koʻrib chiqsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1999-yil 15-aprel,
774-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 126-modda)